Sardoba suv ombori ning Bosh tashabbuskori, Bosh buyurtmachisi, Bosh pudratchisi, Qabul komissiyasing rahbari kim bo’lgan? (2020).

Spread the love

Sardoba suv omborida o’pirilish ro’y berganidan beri bu suv omborining asosiy Tashabbuskori kim bo’lgan?

Bosh buyurtmachi qaysi tashkilot bo’lgan?

Bosh pudratchi tashkilot qanday tanlangan?

Bosh pudratchidan qurib bitkazilgan suv omborini qabul qilib olgan komissiyaning boshlig’i kim bo’lgan kabi savollarga jamoatchilik qiziqib kelmoqda, keng jamoatchilik muhokama qilmoqda, bahs munozoralarga sabab bo’lmoqda.

Ozodlikning maqolasida [1] bu savollarning ko’piga javob topishingiz mumkin.

Ozodlikdan iqtibos: ”Sardoba suv omborida 1 may kuni ro‘y bergan texnogen falokat ortidan jamoatchilik foydalanishga topshirilganidan uch yil o‘tib-o‘tmay yemirilib¸ davlat va xalqqa millionlab dollar ziyon yetkazgan¸ odamlar hayotiga zomin bo‘lgan bu fojia uchun kim mas’uliyatni zimmasiga oladi¸ degan savolni kun tartibiga qo‘ydi.

Ozodlik bu qurilish tepasida hozirda “O‘zbekgidroenergo” AK boshqaruvi raisi va senator Abdug‘ani Sanginov ham davlat buyurtmachisi maqomida¸ ham uni qurgan xususiy pudratchi sifatida qatnashganini xabar qilishi ortidan¸ “O‘zbekgidroenergo” bu ma’lumotga raddiya berishga urindi.

Ayni paytda¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar¸ qolaversa¸ Sardoba suv ombori qurilishidan bevosita xabardor bo‘lgan mulozimlar bergan ma’lumotlar¸ to‘g‘oni yorilgan suv ombori qurilishiga Abdug‘ani Sanginovning ikki xil maqomda yetakchilik qilganini tasdiqlaydi.

O‘zbekgidroenergo” AJsi falokat ortidan o‘z rahbarining Sardoba suv ombori qurilishidagi rolini yo‘q darajaga tushirishga urindi.

Ammo 2017 yil dekabrida Abdug‘ani Sanginovga Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni berilganini tabriklagan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati jamoasi buning teskarisini bildirgan edi.

Kompaniya “Markaziy Osiyoda eng uzun to‘g‘onga ega – “Sardoba” suv omborining foydalanishga topshirilganligi, jahonning eng baland 10 ta suv ombori toifasiga kirgan 187 metr balandlikka ega bo‘lgan -“To‘palang”suv omborining qurib bitkazilganligi”ni aynan Sanginovning “buyuk xizmatlari” sifatida taqdim etgan edi.

Ozodlik gaplashgan suv xo‘jaligiga aloqador mulozimlarga ko‘ra¸ Mirziyoyev Sanginovni aynan Karimov davrida cho‘zilib ketgan Sardoba suv omborini o‘zi prezidentlikka kelganidan keyin tezlikda bitirgani uchun taqdirlagan.

Sanginov – buyurtmachi

O‘zbekistonning asosan cho‘l hududida joylashgan Sirdaryo va Jizzaxda paxtachilikni rivojlantirish maqsadida Sardoba suv ombori qurish tashabbusi¸ prezident matbuot xizmatining ta’kidicha¸ o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga oid.

2010 yili jamoatchilikka biror shaklda e’lon qilinmay turib boshlangan yangi suv omborining buyurtmachisi O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli “O‘zsuvenergo” birlashmasidir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ bu birlashmani 2008 yildan to u “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga aylangan 2017 yilgacha Abdug‘ani Sanginov boshqargan.

Ozodlik gaplashgan Suv xo‘jaligi vazirligi mulozimlari ham¸ davlat nomidan Sardoba suv ombori qurilishiga buyurtmani “O‘zsuvenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov berganini tasdiqladi.

Bu ob’ekt qurilishi uchun bosh pudratchi yetib¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi tanlangan.

2002 yildan to 2019 yil fevraliga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari”aksiyadorlik jamiyati raisi hozirgi Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov bo‘lgan.

Ochiq manbalarda bosh pudratchining qaysi mezonda tanlangani¸ buning uchun biror tender bo‘lgan-bo‘lmaganiga oid biror ma’lumot yo‘q.

Asosiy faoliyati temir yo‘llarni boshqarish bo‘lgan kompaniya suv omborlari qurilishiga nega bosh pudratchi qilib tanlandi¸ degan savolga Suv xo‘jaligi vazirligi mulozimi “tuproq bilan ishlashga kerak yirik texnika vositalarining” faqat Ramatov kompaniyasida borligi bilan izohlashga urindi.

O‘z navbatida¸ bosh pudratchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qurilish ishlarini bajarish uchun xususiy qurilish tashkilotlarini pudratchi qilib yollaydi. “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” korxonasining xususiy quruvchi tashkilotlarni qanday asosda tanlagani haqida ham¸ tanlangan shirkat nomlari va kimga oidligi haqida ham ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q.

Sanginov – quruvchi

Qurilishi 2010 yilda boshlanib¸ 2017 yil Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so‘ng bitirilgan Sardoba suv ombori qurilishida¸ “O‘zbekgidroenergo” AJ 3 may kuni bergan bayonotga ko‘ra¸ “10 dan ziyod yordamchi pudratchi tashkilotlar” ishtirok etgan.

Davlatga qarashli aksiyadorlik jamiyati 10 dan ziyod pudratchidan birortasining nomini e’lon qilmadi¸ ayni paytda¸ qurilishda Abdug‘ani Sanginovga qarashli “To’palang Water Construction” (oldingi nomi “Rezaksoy suv qurilish” MChJ) qatnashganini e’tirof etdi.

Ozodlik ixtiyoridagi rasmiy hujjatlarga ko‘ra¸ “To’palang HPD Water Construction” yoki o‘zbekchada “To‘palang suv qurilish” MChJsi 2008 yilning 2 avgustida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan. 2020 yil 14 apreliga qadar shirkat ustav kapitali 8 843 119 000 so‘m qilib ko‘rsatilgan”. Itibos tugadi.

Yana Ozodlikning shu maqolasidan iqtibos:”O‘zbekistondagi suv omborlari qurilishi “monopolisti”ga aylangan Sanginov kim?

O‘zbekgidroenergo” AJ rasmiy ma’lumotiga ko‘ra¸ Sariosiyoning Xufar qishlog‘idan chiqqan 61 yashar senator Sanginov mehnat faoliyatini “1982 yilda “To‘palangsuvqurilish” tresti laboratoriya muhandisligidan boshlab, 18 yil davomida master, prorab, uchastka boshlig‘i, trest Qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i, 2008 yil yanvardan “O‘zsuvenergo” birlashmasi bosh direktori lavozimlarida samarali ishladi. 2017 yil 18 maydan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda”.

Sanginovni shaxsan tanigan hamkasblari¸ uning prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bir paytda o‘qigani va hatto Darxonda bir kvartirada ijarada yashaganini aytmoqda. Ozodlikda bunday ma’lumotni bevosita tekshirish imkoni yo‘q.

U odam “O‘zbekgidroenergo»ga «O‘zsuvenergo» degan aksiyadorlik tashkilotidan kelgan. U yerda rahbar bo‘lgan. Undan oldin shu aksiyadorlik tashkilotinining «To‘polonsuvqurilish» degan korxonasining rahbari bo‘lgan. «To‘palang» GESini qurgan. «O‘zsuvenergo»ga o‘tganda «To‘palangsuvqurilish» tashkilotini xususiy qilib olgan va «To‘palang» so‘zi bilan boshlanadigan yana bir nechta korxona ochgan. Bu korxonalar «To‘palang» GESi qurilishida va ayniqsa Tollimarjondagi stansiya qurilishlarida, genpodryadchik bo‘lgan. Hundai va Samsung korxonalariga subpodryadchik bo‘lib hamma qurilishini qilgan. Davlatning 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘i shu odamning o‘nga yaqin korxonalarida aylangan. O‘g‘lini rahbar qilgan korxona qolgan hamma MChJlarining egasi. Sardobadagi suv omborini «To‘palangsuvqurilish» rahbari bo‘lgan davrida o‘zi qurishni boshlagan¸ «O‘zbeksuvenergo» davrida qurib bitirgan»¸ dedi Sanginovni bilgan suv xo‘jaligi tizimiga aloqador mulozim.

Ozodlikning bir necha manbasi bir-biridan mustaqil ravishda Abdug‘ani Sanginovning prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov bilan bir hududdan ekani va yaqinligini aytmoqda.

Tepadagilar hammasi bir-biriga chirmovuqdek chirmashib ketgan. Sanginov va Nizomiddinov zemlyak. Administratsiya rahbariga yaqinlik¸ prezidentga yaqinlik demakdir”¸ dedi Ozodlikka Sanginov va oliy hokimiyat idoralaridagilar o‘rtasidagi aloqalarni tasvirlagan mulozimlardan biri.Sanginov & Co…

Ozodlikka Abdug‘ani Sanginov haqida shaxsi sir qolishini so‘rab ma’lumot bergan mulozimlar¸ quruvchi-senator o‘g‘illarining davlatning muhim idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlashi uning suv omborlari qurilishini o‘z monopoliyasiga aylantirishini yanada silliqlashtirganini aytadi.

Katta o‘g‘li bojxonada. Chet eldan bular opkeladigan texnika va boshqa import materiallarga istalgan payt “yashil chiroq”. Oddiy tadbirkor o‘n kunda ham rasmiylashtira olmaydigan yuklarni bular bir soatda opchiqib ketadi. Yana bir o‘g‘li Moliya vazirligining G‘aznachilik boshqarmasida ishladi¸ hozir Investitsiyalarga o‘tgan. Otasi rahbar bo‘lgan korxonaga davlat ajratadigan mablag‘ni tezlashtirishda yaxshigina rol o‘ynagan¸ keyin bu mablag‘ oilaning xususiy korxonasiga o‘tadi. Yana bittasi Bosh prokuraturada bo‘lim boshlig‘i. Biror muammo tug‘ilsa¸ joyida yechiladi¸ raqobatchilar o‘zini nima kutishini yaxshi biladi. Eng kichkinasi esa¸ Sanginov biznes holdingining qog‘ozdagi rasmiy egasidir”.

Ayni paytda Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Abdug‘ani Sanginovning to‘rt ukasi bor va ular ham “To‘palang” brendiga aloqador shirkatlar bilan ishlovchi “tadbirkorlar​dir”. Iqtibos tugadi. [1].

1. O’zbekistonda so’z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkin bo’lganida, jurnalistlar,bloggerlar, inson huquqi himoyachilari, ijtimoiy, siyosiy faollarlar prezident Shavkat Mirziyoyevni Sardoba suv ombori o’pirilishiga oid, Ochilboy Ramatov, Abdug’ani Sanginov faoliyatiga oid savollarga ko’mib tashlardi.

Afsuski, O’zbekistonda so’z erkinligi yo’q. Ommaviy axborot vositalariga erkinlik yo’q. Davlat mulki, monopoliyalar hukmron. Tikka hokimiyat hukmron.

2. Mustaqil parlament bo’lganida Sardoba suv ombori o’pirilishi bo’yicha parlament komissiyasi tuzilardi.

Afsuski, mamlakatda mustaqil parlament yo’q. Abdug’ani Sanginov va Jahongir Ortiqxo’jayevlar va ko’plab viloyat, tuman hokimlari parlamentga, ya’ni Oliy Majlisga “erkin va demokratik saylovlar” da deputat bo’lib saylanganlar.

3. Mustaqil sud tizimi bo’lganida Sardoba suv omborida ro’y bergan o’pirilishdan jabr topganlar sudga murojaat qilib o’z ko’rgan zararlarini undirib olgan, qoplagan bo’lardilar.

Afsuski, prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonni boshqarayotganiga 4-yil bo’lishiga qaramasdan hanuzgacha sud tizimida chuqur islohotlar o’tkazilmadi, sud tizimi modernizatsiya qilinmadi. Bir so’z bilan aytganda sud tizimi mustaqil emas.

4. Shavkat Mirziyoyevning 4-yil boshqaruvida mamlakatda siyosiy raqobat yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q.

Mustaqil sud tizimi yo’q. Mustaqil parlament yo’q. So’z erkinligi yo’q. Internet erkin emas, tezligi past, qimmat.

5.O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik yo’q, siyosiy erkinlik yo’q. O’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan. Fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada.

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

8- may, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Manfaatlar to‘qnashuvi: Sardoba suv omborining buyurtmachisi ham Sanginov¸ quruvchisi ham Sanginov! 05.05.2020. ( https://www.ozodlik.org/a/30594086.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.