Shavkat Mirziyoyevning pullari shifokorlarga yetib bormagan?! Nima qilish kerak? (2020).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining 4-yilida, koronavirus balosi chiqqandan beri prezidentning 2 farmoni bilan avval 10 trillion so’m (1 milliard AQSH dollari), keyin 12 trillion so’m (1,2 milliard AQSH dollari) koronavirus tufayli iqtisodiy ahvoli qiyinlashib qolgan vatandoshlarga yordam sifatida pul ajratilgan edi.

Lekin, bu pullar xususiy tadbirkorlarga, kuniga yollanib pul topadigan vatandoshlarga yetib bormayabdi. Natijada, pulsizlik, naqd pulning yetishmasligi vujudga kelgan edi.

Men avvalgi maqolarimda va videolarimda bu haqda o’z fikrimni bildirgan edim.

Yana ma’lum bo’ldiki, prezident farmoni bilan ajratilgan yordam pullari, rag’bat pullari ham shifokorlarga yetib bormagan. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19 mart kungi farmoni bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya tizimi xodimlari maoshiga oyligining 6 foizi miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lov joriy etilgan.

Farmonga ko‘ra¸ koronavirus frontining old chizig‘ida ishlayotganlarga¸ bu qo‘shimcha to‘lov har besh kunda berilishi lozim.

Prezidentning 26 mart kungi qarori bilan esa koronavirusga chalinganlar bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga har 14 kunlik ishi uchun qo‘shimcha 5 milliondan 25 million so‘mgacha rag‘bat puli to‘lash buyurilgan edi.

13 aprel kuni Ozodlikka bog‘langan tibbiyot va sanitaniya-epidemiologiya tizimi xodimlari farmondan bir oycha¸ qarordan esa¸ 18 kun o‘tib ham prezident va’da qilgan bu to‘lovdan asar yo‘qligini bildirdi.

Farmon va qarorning to‘lovlar qismi ijrosi uchun mas’ul Moliya vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda hozirgacha koronavirusga qarshi kurashayotgan mutaxassislarga va’da qilingan pul berilmaganini e’tirof etdi.

27 martdan beri kasalxonadan chiqmadim…”

Ozodlik bilan suhbatda viloyatlardan birining yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi 27 martdan beri uyi va bolalarini ko‘rmasdan¸ koronavirusga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatayotganini aytdi.

Ismi ochiqlanishini istamagan bu ayol¸ prezident farmoni va qarori bilan har besh kunda oyligining 6 foizini qo‘shimcha to‘lov sifatida olish¸ 14 kunlik navbatchilikdan keyin esa¸ 10 million so‘m rag‘bat puli olishi kerak bo‘lgan tibbiyot xodimlaridan biri.

Lekin 13 aprelga qadar hamshira ayol na unisi¸ na bunisini olgan.

Kuniga kamida 12 soat ishlayapmiz. Kasalxonaning boshqa bo‘limidan bizga joy qilib bergan. Vrach¸ hamshira¸ sanitarka hammamiz shu yerda uxlab¸ shu yerda turyapmiz. Koronavirus kasallarga biz qarayapmiz. Ustimizga bittada kiyadigan zamokli ust-bosh kiyib¸ kirib-chiqib yuribmiz oldilariga. Kasalxonaning bo‘lkasi bilan makaronini yeyapmiz¸ ko‘chaga kirib-chiqish umuman mumkinmas. Bolalarimni ko‘rmaganimga mana 20 kuncha bo‘p qoldi. Endi yangi smena kelib¸ bizni boshqa joyga 14 kunlik karantinga qo‘yarkan. Bizdan test olishdi¸ hozircha kasal chiqmadi. Prezident qo‘shimcha to‘lov deganda xursand bo‘lgandik¸ lekin jim-jitlik. So‘rasak¸ kelsa beramizmi?! deyishdi¸ xolos”. Iqtibos tugadi. [1].

1. O’z o’zidan nega prezident Shavkat Mirziyoyevning yordam puli, rag’bat puli koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashning eng oldingi chiziqlarrida mardonavor kurashayotgan shifokorlarga yetib bormayabdi?

Nega karantin qoidalarini buzgan vatandoshlar jazolangan holda, yordam pulini, rag’bat pulini shifokorlarga yetkazishga mas’ul bo’lgan Bosh vazir Abdulla Aripov, moliya vaziri, sog’liqni saqlash vaziri jazolanmayabdi?

2. Dunyoning erkin, demokratik mamlakatlarida vazifalariga sovuqqonlik bilan qaragan, o’z xizmat vazifalarini uddalay olmagan prezident, Bosh vazir va boshqa yuqori lavozimdagi amaldorlar keyingi saylovlarda saylanmaydi, yani vatandoshlar tomonidan jazolanadi.

Prezident ham, Bosh vazir ham, hokimlar ham, ularning partiyalari ham erkin, demokratik saylovlarda yutqizadilar, jazolanadilar.

Biroq, O’zbekistonda siyosiy raqobatga yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q. Erkin, demokratik saylovlar yo’q.

Prezident Shavkat Mirziyoyev og’izda siyosiy raqobat, siyosiy muxolifat bo’lishi tarafdori, ammo amalda qarshi.

O’zbek jamiyati ham mamlakat siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyoti uchun siyosiy raqobat, siyosiy muxolifat o’ta zarurligini tushunib yetmagan.Vatandoshlarda siyosiy faollik juda past.

3. O’zbekistonda siyosiy erkinlik, iqtisodiy erkinlik yo’q. Jamoatchilik nazorati yo’q. O’rta sinf juda kuchsiz.

4. O’rta sinf, fuqaroviy jamiyat yaratilishi uchun sharoit yaratilmagan.

5. O’zbekistonda mustaqil parlament yo’q. Mustaqil sud tizimi yo’q. So’z erkinligi yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q. Amaldorlar asosan korruptsiya bilan, zo’ravonlik bilan, vatandoshlarning huquq va erkinliklarini oyoq osti qilish bilan band.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada.

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

17- aprel, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Koronavirus: Tibbiyot va SES xodimlariga Prezident va’dasi – qo‘shimcha to‘lov to‘lanmayapti. 13.04.2020. ( https://www.ozodlik.org/a/30551086.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.