O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev xavflimi yoki koronavirus?! (2020).

Spread the love

O’zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 205 taga yetdi. O’zbekistonliklar uchun koronavirus xavflimi yoki Shavkat Mirziyoyevmi?

Bu savolga quyidagi faktdan javob topiladi deb o’ylayman.

Ozodlikdan iqtibos: [1]. “Karantindagi Andijon prezident tashrifi oldidan yana bo‘yab-bezalmoqda

aprel 01, 2020

Mehribon/Ozodlik

Andijonning koronavirus infeksiyasi tarqashini to‘xtatish maqsadida yopilib¸ shaharda karantin rejimi o‘rnatilganiga qaramay¸ keyingi bir hafta ichida shahar va uning atrofida yuzlab odam keng ko‘lamli obodonlashtirish va tozalash ishlariga jalb etilmoqda.

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyat ahli prezident Mirziyoyevning payshanba kunga belgilangan tashrifiga hozirlanmoqda.

Ozodlikka kelgan xabar¸ surat va videolardan prezident borishi taxmin qilingan ob’ektlar va markaziy ko‘chalar, bozorlar hududlarida obodonlashtirish ishlari ketayotgani ko‘riladi.

Shuningdek, bir yil avval qurilishi boshlangan “Andijon farm” erkin iqtisodiy zonasida prezident tashrifiga kechayu kunduz tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Andijon viloyat hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi prezident Mirziyoyev “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasidagi ilk zavodning ochilishida qatnashish uchun kelayotganini bildirdi.

Andijon-farm” – Andijon tumani, Xortum qishlog‘i Jevachi mahallasi hududidagi 52 gektar maydonda bir yil avval tashkil qilingan.

O‘tgan yilning 14 yanvar kungi prezident farmonida loyihani amalga oshirishda hind investorlari ko‘magiga tayanilishi qayd qilingan.

Farmondan 3 kun o‘tib, Hindistonga shaxsan sayohat qilgan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Taj pharmaceuticals limited kompaniyasi bilan 10 million dollarlik shartnoma imzolanganini xabar qilgan edi.

Abdurahmonovning Feysbukdagi sahifasida 2019 yilning 17 yanvar kuni e’lon qilingan xabarda hind shirkati bilan hamkorlikda o‘tgan yilning o‘zidayoq qo‘shma korxona tashkil qilinishi va’da qilingan edi.

Shuningdek, “Andijon-farm” hududida 2019-2020 yillar ichida Gold Grown Pharma va Makro Farm Andijan firmalari umumiy qiymati 1 trln 20,6 mlrd so‘m miqdoridagi (xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga 84 mln dollarlik) yangi farmatsevtika loyihalarni ishga tushirishi rejalangan edi.

Viloyat hokimligiga yaqin va “Andijon-farm” zonasidagi qurilishlardan yaxshi xabardor tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda hozircha va’da qilingan loyihalardan faqat bitta laboratoriya qurilishi bitkazilganini bildirdi.

Farm zonada (“Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasining xalq tilida aytilishi. Tahr.) atigi bitta zavod bitdi. “Malika labaratorius” qurib bitkazildi. Lekin hali faoliyat boshlaganicha yo‘q. Ko‘pchilik zavodlarning qurilishi chala tashlab qo‘yilgan. Devorini ko‘tarib qo‘ygan, chala yotibdi. Hozir prezident kelishiga ura-sol qilib, tashqarisini to‘g‘rilashyapti. Karantinga qaramay¸ kechasi bilan shahar tinchimayapti. Farm zonaning hammayog‘ini tozalab, oqlayapti. Tashqi fasadni bezashyapti¸ xolos. O‘zi Farm zonani hokimning tanishlari bo‘lishib olgan”, dedi xavfsizlik bois o‘zini oshkor qilmaslikni so‘ragan andijonlik tadbirkor.

Prezidentning Andijonga tashrifi arafasida 30 mart kuni Bosh vazir Abdulla Aripov “Andijon-farm” bo‘yicha yangi qaror imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi 10 million dollarlik bo‘lib, uni ikki yil ichida amalga oshirish va 400 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalangan.

Mirziyoyevning Andijon safari mamlakatda koronavirus tarqashini to‘xtatish maqsadida karantin boshlanganidan beri prezidentning viloyatlarga ilk tashrifi bo‘ladi.

Prezident tashrifiga hozirlik

Andijon aeroportidan shaharga olib boruvchi yo‘l – Haqan qishlog‘i, Chem mahallasi hududidan o‘tuvchi markaziy ko‘chalarda bir necha kundirki, tozalash va obodonlashtirish ishlari ketyapti.

Ozodlikka voqea joyidan jo‘natilgan suratlarda belkurak va supurgi ushlagan o‘nlab odamning yo‘l yoqasida ishlayotgani aks etgan.

Suratlarga 30 mart sanasi muhrlangan, suratlar muallifi rasmlarni aynan Chem mahallasi hududida olganini aytdi.

Halqa yo‘li, Bog‘ishamol, Chem mahallasining aeroport yo‘lidagi ko‘chalarni tozalashmoqda. Obodonlashtirish xodimlari va oddiy odamlar ham bor. Karantin paytida ularni ishlatish mumkinmi o‘zi?”.

Bu andijonlikning aytishicha, 31 mart kuni ham ayni holatning guvohi bo‘lgan.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab anonim qolishni so‘ragan Andijon viloyat hokimligining Ozodlik bog‘langan xodimi prezident Mirziyoyevning Andijonga tashrifi joriy haftaning payshanba kuniga rejalanganini aytdi:

Agar biror o‘zgarish bo‘lmasa, prezidentimizning payshanba kuni kelishi aytildi. Aniq ma’lumotni hokim va uning o‘rinbosarlari biladi. Bizga tayyorgarlik ishlarini tezlashtirish aytildi”, dedi hokimlik xodimi.

Bu mulozim karantin paytida majlisbozliklar taqiqlanishiga qaramay¸ Andijonda majlislar to‘xtamayotganini ham prezident tashrifiga tayyorgarlik bilan bog‘ladi.

Prezident tashrifi haqida Telegramdagi “Andijon yangiliklari” kanali ham xabar qildi”. Iqtibos tugadi. [1].

1. Toshkent shahrida 24-martdan, Andijon shahrida 26-martdan boshlab karantin. Bu shaharlarga transport vositalarining kirish-chiqishi to’htatilgan. 25-martdan mamlakatda niqobsiz yurish taqiqlangan. Biroq, Andijon shahrida majlibozliklar davom etyabdi, obodonchilik ishlari karantin qoidalariga amal qilinmasdan olib borilyabdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning karantin sharoitida Andijon shahriga tashrif bilan kelishi, ko’plab mahalliy rahbarlar va vatandoshlar bilan uchrashishi, yana “Andijon-farm”ning tantanali ochilish ma’rosimida qatnashishi koronavirusning tarqalish ehtimolini kuchaytiradi.

2. Prezident shu paytgacha O’zbekiston konstitutsiyasini,mamlakat vatandoshlari huquq va erkinliklarini hurmat qilmasdi, endi o’z farmonlarini o’zi ham hurmat qilmasligini ochiqdan ochiq namoyon qilmoqda.

3.O’zbekistonning tashqi qarzi 2020 yilning apreligacha 24,4 milliard AQSH dollariga yetdi. Shundan 8 milliard AQSH dollari Xitoydan.3,7 milliard AQSH dollari Jahon bankidan, 4 milliard AQSH dollari 2019 yilda Osiyo taraqqiyot bankidan, 2 milliard AQSH dollari Yaponiyadan va hokazo. Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining 4 yilida qariyb 14 milliard AQSH dollarida qarz olingan. 2019 yilda 4,4 milliard AQSH dollariga teng oltin sotilgan. 4 yil davomida kami bilan 10 milliard AQSH dollarida oltin sotilgan deb olsak, 4 yil davomida 24 milliard AQSH dollaridagi pul nimaga sarflandi degan savol tug’iladi?

Bu savolga javob yo’q.

4. O’zbekistonda davlat mulki, monopoliyalar hukmron. Iqtisodiy erkinlik yo’q.

O’rta sinf, fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit mutlaqo yaratilmagan.

5. Mustaqil parlament yo’q. Mustaqil sud tizimi yo’q. So’z erkinligi yo’q. Muxolifatga yo’l yo’q. Siyosiy raqobat yo’q. Iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish yo’q hisobi.

6. Haqiqatda, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada.

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

3- aprel, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Karantindagi Andijon prezident tashrifi oldidan yana bo‘yab-bezalmoqda.01.04.2020. ( https://www.ozodlik.org/a/30521527.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.