O’zbekiston. Koronovirusdan, amaldorlardan dod! (2020).

Spread the love

O’zbekistonda koronovirusdan kasal bo’lganlar atigi 75taligi test bilan aniqlangan bo’lsada (Xitoy, Eron, Janubiy Korea, Italiya, Ispaniya, AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda esa bir necha o’n minglab) vatandoshlar, ayniqsa kichik biznes vakillari koronovirusdan, amaldorlardan dod deyishmoqda. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Tadbirkorlar: Prezident farmoniga qaramay¸ banklar kredit ta’tili berish so‘rovini rad qilmoqda

mart 24, 2020

Hurmat Bobojon/Ozodlik

Dunyoning aksar davlatlari qatori O‘zbekistonda ham koronavirus bilan bog‘liq keskin cheklovlar va karantin oqibatida bankrotlik yoqasida qolgan tadbirkorlardan tortib o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqarilgan oddiy ishchilarga qadar bankdan olgan krediti to‘lovlarini qanday qaytarish muammosi oldida qolmoqda.

24 mart kuni Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik tadbirkorlar kredit to‘lovlarini kechiktirib turishni so‘rab banklarga murojaat qilgani¸ ammo rad javobi olganini bildirdi.

O‘zbekiston Markaziy bankining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi kredit to‘lovlarni to‘lashga qiynalib qolganlarga 2020 yilning 1 oktabrigacha to‘lov ta’tili berish va kredit muddatini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yashovchi fermer Shodiqul Matkarimov 2018 yilda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida “Xalq banki” tuman bo‘limidan uch yilga 30 million so‘mlik kredit olgan.

Tadbirkor koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar kredit to‘lovlarini to‘lash imkonidan maxrum qilganini aytadi.

– Kredit olganmiz, sakkiz foizlik. Oyda 1 million 150 ming so‘m to‘lovi bor. Shu paytgacha to‘lab keldik. Hozir ishimiz to‘xtab qolgan. Koronavirus sabab hech qayerga qimirlay olmayapmiz. Ko‘chaga chiqmanglar deyapti, shunga pul kelishi to‘xtagan. Karantin davrida to‘lovlarni muzlatib tursa yaxshi bo‘lar edi, lekin banklar to‘lamasalaring peniya minadi, deb ogohlantiryapti, – deydi sardobalik fermer.

Toshkentdagi “Vatanparvar” tashkiloti qoshida tashkil etilgan haydovchilik maktabi xodimi 24 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va o‘nlab hamkasbi oyliksiz mehnat ta’tiliga chiqarilgani sabab bank to‘lovlari tugul¸ kommunal xizmatlar haqlarini to‘lashga qiynalayotganini aytdi.

– Hali karantin bo‘lmasidan hamma avtoshkola xodimlarini o‘z hisobidan ta’tilga chiqarishdi. Ertadan boshqa tashkilotlarning xodimlari ham bessoderjaniyaga chiqarilyapti. Bir so‘msiz qoldik. Mayli¸ o‘z hisobimizdan bo‘la qolsin, lekin uyga olgan ipoteka kredit to‘lovlarini, kommunal to‘lovlarni karantin tugaguncha to‘xtatib turishsa yaxshi bo‘lardi. Boshqa davlatlarda shunaqa qilishyapti, bizda yo‘q, – deydi haydovchilik maktabi xodimi.

Ozodlik kredit to‘lovlarini to‘lashga qiynalayotganlarning arzi yuzasidan Markaziy bank rasmiylari bilan bog‘landi.

Markaziy bankining 24 mart kuni Ozodlik suhbatlashgan mulozimi kredit to‘lovlarni to‘lashga qiynalib qolganlarga 2020 yilning 1 oktabrigacha to‘lov ta’tili berish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

– Mijozlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularga to‘lovlar bo‘yicha 2020 yil 1 oktabriga qadar imtiyoz berish va shuni evaziga kredit shartnoma muddatini uzaytirish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Joylardagi tijoriy banklarga bu bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Har bir mijoz vaziyati o‘rganilib, ularga imtiyozlar, jumladan to‘lov ta’tili berish kerakligi aytilgan, – dedi Markaziy bank mulozimi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lganlar Markaziy bank tavsiyasi tijorat banklarida qabul qilinmayotgani¸ o‘zlari borgan mahalliy bank bo‘limlari to‘lovlarni kechiktirib turish so‘rovini rad qilayotganini aytishdi.

– Juma kuni ham telefon qildim, bugun ham telefon qildim. “Xalq banki” xodimi “to‘laysan, to‘lamasang qo‘shimcha qiymat minadi ustiga”, deydi. To‘lovdan qochayotganimiz yo‘q. Davlat uydan chiqmanglar deyotgan ekan¸ bu yog‘ini ham qilsin, – deydi sardobalik tadbirkor Shodiqul Matkarimov”. Iqtibos tugadi.

1. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni “Koronovirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida” farmonga imzo chekdi va 19 mart kungi O’zbekiston xalqiga murojaatida “Mening topshirig’imga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo’llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko’rmoqda” dedi.

Farmonga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi 10 trillion so’m (1 milliard AQSH dollari) hajmdagi jamg’arma tuzildi.

2. Prezident farmoni bo’yicha Oliy Majlisda (parlamentda) ko’rib chiqilib, bahs va munozoralardan so’ng qonun qabul qilinishi kerak edi yoki farmondan oldin koronovirus bo’yicha bahs va munozoralar o’tkazilishi, qonun qabul qilinishi va qonun asosida farmon yoki vazirlar mahkamasining qarori qabul qilinishi kerak edi. Biroq, O’zbekistonda tikka hokimiyat. Mustaqil parlament yo’q. Mustaqil sud tizimi yo’q. Qonun ustivorligi yo’q.

3. O’zbekistonda o’rta sinf va fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

4. Mamlakatda konstitutsiya va qonunlar ishlamaydi.

5. O’zbekistonda so’z erkinligi yo’q. Siyosiy muxolifatga yo’l yo’q. Siyosiy, iqtisodiy erkinliklar cheklangan.

Vatandoshlarning aksariyati o’z iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquqlari erkinliklari uchun kurashmaydi. Mamlakatda korruptsiya, zo’ravonlik va inson huquq va erkinliklarini hurmat qilmaslik gullab yashnayabdi.

6. Zero, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 bilan Ukraina (54,9), Tojikiston (52,2), Turkmanistondan (46,5) oldinda. Biroq, Singapur (89,4), Estoniya (77,7), Qozog’iston (69,6), Qirg’iziston (62,9) Rossiyadan(61,0) ancha orqada.

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 2020 yilda 57,2 ball bilan 2019 yildagi 53,3 ballga nisbatan 3,9 ballga o’sgan. Bu o’sish sarmoyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball), moliyaviy erkinlik bo’yicha 20 ball (2019-yilda 10 ball) va mulk daxlsizligi bo’yicha 59,1 ballga (2019-yilda 49,8 ball) teng.

O’zbekiston 2020-yilda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 57,2 ball va 2019 yilga nisbatan 3,9 ballga oshganiga qaramasdan dunyoning o’rtacha iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan, 61,6 balldan ancha orqada.

Kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’tariladi degan umid bor.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

Transparency International tashkilotining 2020 yilgi hisobotidan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston 25 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 153-o’rinni egallab turibdi, 87 ball bilan 1-o’rinni egallagan Daniyadan, 74 ball bilan 18-o’rinni Estoniyadan qariyb 50 ballcha orqada va 19 ball bilan 165-o’rinni egallagan Turkmanistondan 6 ball oldinda. Ya’ni, O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi post sovet mamlakatlari orasida eng oxirgi o’rinlarda, faqat Turkmanistondan oldinda. O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan 180 mamlakat qatorida 153 o’rinni egalladi. 2018 yilgi korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan 158 o’rinni egallagan edi.

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 25 ball bilan o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa oladimi?

Dunyo bo’yicha o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichi 43 ballga teng. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi dunyoning o’rtacha korruptsiya ko’rsatkichidan yuqori bo’lsa, o’ta iqtisodiy qoloqlikdan nisbatan osonroq chiqib ketishi mumkin. Buning uchun Shavkat Mirziyoyev mamlakat korruptsiya ko’rsatkichini kamida 50 ballga ko’tarishga harakat qilishi kerak. Afsuski, Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

27-mart, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Tadbirkorlar: Prezident farmoniga qaramay¸ banklar kredit ta’tili berish so‘rovini rad qilmoqda. 24.03.2020. ( https://www.ozodlik.org/a/30507003.html ).

2. Index of economic freedom. 2020.

(https://www.heritage.org/index/ranking?version=555).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5. Transparency International. 2019 Corruption Perceptions Index. 23.01.2020. (https://www.transparency.org/files/content/pages/2019_CPI_Report_EN.pdf ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.