O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev gaz taqchilligiga barham bera oladimi?! (2020).

Spread the love

O’zbekistonliklarni qariyb 30 yildan beri svet,gaz, metan gazi, toza ichimlik suvi taqchilligi qiynab kelyabdi desak aslo mubolag’a bo’lmaydi.

Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining 4-yilida gaz taqchilligiga barham berish haqida dastlabki jiddiy qadamlar tashlana boshlanganga o’xshaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev gaz taqchilligiga barham bera oladimi?

Ozodlikdan iqtibos: [1]. “03 mart 2020

Hujjat: O‘zbekiston iqtisodi va aholisi o‘z ehtiyojidan 20 mlrd kub metr kam gaz bilan kun ko‘rmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan maxsus yig‘inda keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ “joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun 60¸8 milliard kubometr tabiiy gaz kerak”.

Bu esa¸ tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyoj haqida rasmiylar hozirga qadar aytib kelgan raqamdan 20 milliard kub metrga ko‘pdir.

Yig‘ilishning 20 fevral kuni imzolangan rasmiy Bayoni nusxasi XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun – tahr.) deb tasniflangan va uni hujjatga qo‘li yetadigan Toshkent mulozimi shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka taqdim etdi.

Prezident o‘tkazgan yig‘ilish Bayonida¸ ta’minotdagi barqarorlikni ta’minlash maqsadida tabiiy gaz qazib olishdan to iste’molchiga yetkazilgunga qadar zanjirda bo‘layotgan yo‘qotish va o‘g‘riliklarni kamaytirish¸ korrupsiyaga qarshi kurash tizimini joriy qilish¸ soha boshqaruviga xorijiy ekspertlarni jalb etish kabi 20 dan oshiq chora-tadbirlar taklif etilgan.

Ozodlik so‘rovi bilan bu hujjatni o‘qib chiqqan mutaxassislar¸ Bayon mohiyatini tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlarning iqtisodiyot va aholi hayotiga ko‘rsatayotgan ziyonidan ogohlik va vaziyatni o‘zgartirish urinishi sifatida olqishladi. Ayni paytda ular¸ iqtisodiyotda tub islohotlar qilish o‘rniga bitta sohani mikromenejment qilish urinishining samara berishiga shubha bildirdi.

Ichki ehtiyoj uchun 60¸8 milliard kub metr gaz kerak bo‘lgani holda¸ O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholisi 40 milliard kub metr gaz bilan yashamoqda.

Bayoni 20 fevral kuni rasmiylashtirilgan Mirziyoyv huzuridagi 8-sonli yig‘ilishda ana shu ahvol va tabiiy gaz ta’minotidagi barqarorlikni qanday ta’minlash yo‘l-yo‘riqlari muhokama qilingan”. Iqtibos tugadi.

Ozodlikning shu maqolasidan yana iqtibos: “Raqamlardagi nomutanosiblik sababi nima?

Ozodlik so‘roviga ko‘ra¸ Bayon mazmuni bilan tanishib chiqqan “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarlaridan biri Anvar Husainov¸ ichki ehtiyoj qondirilmay kelayotganining asosiy sabablaridan biri tabiiy gaz eksportiga oid Karimov davrida imzolangan uzoq muddatli eksport kelishuvlari ekanini aytadi.

– Sanoat korxonalari soni oshib¸ ularning quvvati ham oshib borayapti. Boshqa tomondan¸ aholi soni ham 34 milliondan oshdi. Ichki ehtiyojning o‘zi 60¸8 milliard kub metrga yetdi¸ degani O‘zbekistonda bugun qazib olinayotgan jami tabiiy gazning hammasi O‘zbekistonda qolgan taqdirda ham o‘z ehtiyojimizga bazo‘r yetishini anglatadi. Bu vaziyatni tan olgan hukumat¸ zudlik bilan tabiiy gaz eksportiga oid Xitoy va Rossiya bilan imzolangan kelishuvlarni bekor etish¸ yoki ular ijrosini uzoq muddatga kechiktirish yo‘llarini qidirib topishi lozim. Aks holda¸ o‘zimizning iqtisodiyot rivojlanmaydi¸ aholi orasidagi norozilik esa¸ kuchayib boradi. Afsuski¸ Bayonda eksport¸ uni to‘xtatish haqida lom-mim deyilmagan”. Iqtibos tugadi.

1. Markaziy Osiyo mamlakatlari gaz, neft, ko’mir, uran, suv, quyosh va shamol kabi energiya manbalariga juda boy. Bu mamlakatlarda energiya taqchilligi umuman bo’lmasligi kerak.

2. Biroq, bu mamlakatlarda diktatura, avtoritar rejimlar hukmron. Korruptsiya, zo’ravonlik, umuman inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilmaslik odatiy hol. Shu sababli, bu mamlakatlarda investitsiya jozibardorligi juda past. Faqat, Qozog’istonda birmuncha yaxshi.

3. O’zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining 4-yilida ham mamlakatda o’rta sinf, fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan.

4. Mamlakatda davlat mulki, monopoliyalar hukmron. Xususiy mulk, raqobatning ro’li past.

5. Siyosiy raqobatga, siyosiy muxolifatga yo’l berilmagan. So’z erkinligi yo’q.Mustaqil sud tizimi, mustaqil parlament yo’q.

6. Zero, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi, monopoliyalar hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi. O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan. [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

6-mart, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Hujjat: O‘zbekiston iqtisodi va aholisi o‘z ehtiyojidan 20 mlrd kub metr kam gaz bilan kun ko‘rmoqda. 03.03.2020. (https://www.ozodlik.org/a/30466852.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.