O’zbekiston “saylovlari” natijalari. Yig’lang, kuling, g’azablaning. (2020).

Spread the love

O’zbekistonda parlament va mahalliy kengashlarga 22 dekabr, 2019 yilda bo’lib o’tgan “saylovlarda” men avvalgi maqola va videolarimda aytib o’tganimdek o’ta siyosiy savodsizlik g’alaba qozondi.

Ozodlikdan iqtibos: [1]. “Adliya vazirligining xabar qilishicha, 5 yanvarda 25 ta saylov okrugida o‘tkazilgan takroriy ovoz berish natijalarini qo‘shganda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari to‘liq shakllandi. Unda siyosiy partiyalar quyidagi miqdorda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi:

1. O‘zLiDeP – 53 (35 %)

2. “Milliy tiklanish” – 36 (24 %)qo’g’irchoq

3. “Adolat” SDP – 24 (16%)

4. Xalq demokratik partiyasi – 22 (15%)

5. Ekologik partiya – 15 (10%).

Partiyalar parlamentdan egallagan o‘rinlar miqdori bundan 5 yil muqaddam o‘tkazilgan saylovdagi ko‘rsatkichlardan deyarli farq qilmaydi”. Iqtibos tugadi. [1].

1. O’zbekistonda bo’lib o’tgan “saylovlar” avvalgilardan farqli ravishda 5 ta

qo’g’irchoq partiyalar o’rtasida bo’lib o’tgan debatlar, jurnalistlarning, vatandoshlarning partiya raislariga berilgan savol javoblari mamlakat telekanallari orqali yoyinlangan. Biroq, bu saylovlarda ham muxolifat va mustaqil nomzodlarga yo’l berilmagan.

Besh qo’g’irchoq partiya yetakchilari ham O’zbekistonda siyosiy erkinlik, iqtisodiy erkinlik yo’qligi haqida lom mim deyishmagan. Yana shunisi achinarliki, kulgiliki Liberal Demokratik partiya erkinlik yo’q, demokratiya yo’q jamiyatda bo’lib o’tgan saylovlarda 53 o’rinni olib, 35 foiz bilan qo’g’irchoq parlamentda ko’pchilikni tashkil qilgan.

O’zbekiston Liberal Demokratik partiyasi 2003 yilda qonxo’r diktator Islom Karimov tomonidan tashkil qilingandi. Bu partiya 2007 va 2015 yillarda Islom Karimovni, 2016 yilda Shavkat Mirziyoyevni prezidentlikka nomzod etib ko’rsatgan edi.

Erkinlik uchun, demokratiya uchun kurashadigan partiya diktatorni prezidentlikka nomzod etib ko’rsatsa, mamlakatda siyosiy erkinlik, iqtisodiy erkinlik yo’q deb bayonot bermasa, men bu “saylovlarda” o’ta siyosiy savodsizlik g’alaba qozondi deb baralla ayta olaman.

2. 2019 yilda bo’lib o’tgan “saylovlar” shuni yaqqol ko’rsatdiki, prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvida mamlakatda muxolifatda yo’l yo’q, mustaqil tashkilotlarga uyushish erkinligi huququga, tinch norozilik namoyishlari o’tkazish erkinligi huquqiga, so’z erkinligi huquqiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, e’tiqod erkinligiga, o’z fikrini erkin ifodalash huquqiga yo’l berilmaydi.

Erkin harakatlanish va istagan joyda yashash erkinligini cheklovchi propiska tizimiga yana qo’shimcha qilib blok postlar qaytadan ochildi. Trollar fabrikasi 2019 yilda o’z faoliyatini boshladi. Fuqaroviy jamiyat shakllanishiga yo’l qo’yilmaydigan sharoit yaratildi.

3. O’zbekistonda fermerlar hanuzgacha yerning. hosilning egasi emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev yaratgan klaster tizimi tufayli ko’plab fermerlarning yerlari zo’ravonlarcha tortib olindi. Yerlaridan mahrum etilmaganlari klasterlarga majburan shartnoma asosida kiritildi. Bu fermerlarga klasterlar topshirgan hosillari uchun pullarini o’tkazib bermayabdi. Natijada fermerlar ishchilarga maoshlarini to’lay olmayabdilar. Fermerlar va ishchilarning haq huquqlari klasterlar tomonidan oyoq osti qilinmoqda.

Mamlakatda davlat mulki, monopoliyar hukmronligi davom etmoqda.

Bunday sharoitda o’rta sinf oyoqqa tura olmaydi.

4. O’zbekistonda mustaqil parlament yo’q, mustaqil sud tizimi yo’q.

5. Mamlakatda na iqtisodiy erkinlik, na baquvvat o’rta sinf, na siyosiy erkinlik, na kuchli fuqaroviy jamiyat bor. Korruptsiya, zo’ravonlik gullab yashnayabdi.

6. Zero, hozirgi Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

10yanvar, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. “Deputatlar hokimlar tizginidan chiqolsagina, Yangi Parlament bo‘lishi mumkin”. 06.01.2020. (https://www.ozodlik.org/a/30363025.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197

Leave a Reply

Your email address will not be published.