O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev yo’lini tanladimi?! (2020).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekistonni boshqaruvining 4-yili boshlanishida uning faoliyatida Qozog’istonni 30 yillardan beri boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev yo’lidan ketayotganligiga ko’proq dalillarni ko’ramiz.

1.a. O’zbekiston Turk kengashiga a’zo bo’ldi;

1.b. O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lmoqchi;

1.c. Prezident Shavkat Mirziyoyev qo’shni mamlakatlar, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaraviy nizolarni ijobiy hal qilib,siyosiy,savdo-iqtisodiy, ijtimoiy aloqalarni keskin yaxshiladi;

1.d. Valyuta almashinuvi erkinlashdi.

Yuqorida keltirilgan prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar ( O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lishini men ijobiy baholaymayman) allaqachonlar Nursulton Nazarboyev tomonidan amalga oshirilgan edi.

Nursulton Nazarboyev o’zining 30 yillik faoliyatida Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Turk kengashiga a’zo mamlakatlar bilan yaxshi, do’stona, o’zaro manfaatli munosobatlarni o’rnatishga erishgan edi.

2. Natija Qozog’iston iqtisodi uchun juda yaxshi bo’ldi. Bugungi kunda Qozog’istonda aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan mahsulotlar va ko’rsatilgan xizmatlar bo’yicha (GDP per capita) $10, 447 , sotib olish pariteti bo’yicha (PPP per capita) $28,536 va dunyo bo’yicha o’rtacha GDP per capita $11,673, dunyo bo’yicha o’rtacha PPP per capita $18,961 ga tengligini hisobga olsak, Qozog’istonning PPP per capita bo’yicha rivojlangan mamlakatlarga yaqinlashib qolganini ko’ramiz.

3. Qozog’iston iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik va korruptsiya ko’rsatkichlari bo’yicha ham O’zbekistonga o’rnak bo’larlik:

Qozog’istonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 65,4 ballga, O’zbekistonniki esa 53,3 ballga teng.

Qozog’istonning siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 22 ballga, O’zbekistonniki esa 9 ballga teng.

Qozog’istonning korruptsiya ko’rsatkichi 31 ballga, O’zbekistonniki esa 23 ballga teng.

Yuqoridagi iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik va korruptsiya ko’rsatkichlaridan ko’rinib turibdiki O’zbekistonning ko’rsatkichlari Qozog’istonnikidan ancha past.

Biroq, Qozog’istonda ham siyosiy erkinlik ko’rsatkichi dunyoning ilg’or mamlakatlariga nisbatan juda past, ayniqsa korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha achinarli holatda. Albatta, Nursulton Nazarboyev ham diktatorlar qatoriga kiradi. Diktatura hukmronlik qilgan mamlakatlarda siyosiy erkinlik va korruptsiya ko’rsatkichi past bo’ladi. Qozog’istonda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichining O’zbekistonga nisbatan yuqoriligi Nursulton Nazarboyevning diktator Islom Karimovga nisbatan ilg’orligini ko’rsatadi.

4. Qozog’istonning yuqoridagi ko’rsatkichlarining yuqoriligi va neft, gaz, uran, ko’mir va boshqa foydali qazilmalarga boyligini hisobga olsak Qozog’istonning chet ellik sarmoyadorlar (investorlar) uchun O’zbekistonga nisbatan jozibadorligini tan olamiz.

5. O’zbekistonda foydali qazilmalar Qozog’istonga nisbatan juda kamligini e’tiborga olsak, O’zbekiston sarmoyadorlar uchun jozibadorlikni oshirish uchun iqtisodiy, siyosiy va korruptsiya ko’rsatkichlarini Qozog’istonga nisbatan yuqori bo’lishiga erishishi kerak.

Afsuski, prezident Shavkat Mirziyoyevda bunday intilish yo’q. O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha ko’proq erkin bo’lmagan (mostly unfree) mamlakatlar qatorida, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida.

Shu sababli ham O’zbekistonga Yevropa Ittifoqi, AQSH va boshqa erkin,demokratik, rivojlangan mamlakatlardan sarmoyadorlar juda kam sarmoya yotqizishyabdi.

6. Zero, hozirgi Shavkat Mirziytoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[1].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [2].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[3].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [4].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [5,6].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [5,6].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [5,6].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [7].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

3yanvar, 2020-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

2. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

3. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

4.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

5. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

6. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

7. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197

Leave a Reply

Your email address will not be published.