O’zbekiston. Shavkat Mirziyoyevning qizil chiziqlari. (2019).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining 4 yilligi boshlarida uning fuqarolik jamiyatiga nisbatan 4 qizil chiziqlari ma’lum bo’lib qoldi.

Qizil chiziqlardan biri AsiaTerra nashrida jurnalist Aleksey Volosevich chop etgan (Ташкентца Амира Шарифуллина похитили и избили из-за комментариев в Фейсбуке. 16.12.2019.) maqolasida keltirilgan Amir Sharifullinning nomalum shaxslar tomonidan kaltaklanganidir. [1].

Ozodlikdan iqtibos: [2].”Ijtimoiy tarmoqlarda postlari uchun kaltaklanganini iddao qilgan shaxs yuzasidan tekshiruv ishlari boshlandi.

Dekabr 17, 2019

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqdagi postlari uchun kaltaklangan Amir Sharifullin murojaati yuzasidan tekshiruv ishlarini boshladi.

Tekshiruv ishlari boshlandi. Natijalar haqida alohida axborot beriladi. Tekshiruv yakunlanganiga qadar shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikka chaqiramiz”, deyiladi Ichki ishlar boshqarmasi xabarida.

16 dekabr kuni AsiaTerra nashri 1984 yilda tug’ilgan toshkentlik Amir Sharifullin 10 dekabr kuni ishga borish uchun uyidan chiqqanida notanish odamlar tomonidan o’g’irlab ketilgan va “qo’riqlanadigan joylardan biriga olib borilib, kaltaklangani” to’g’risida xabar bergan edi.

Noma’lum shaxslar Sharifulinga o’zlarini “Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari” sifatida tanishtirganlar. Ular Sharifulindan Facebook tarmog’idagi matnlari va sharxlari uchun kechirim so’rashni talab qilishgan hamda buni videokamera vositasida tasvirga tushirishgan.

Sharifullin “o’zini kimningdir buyrug’i bilan o’g’irlashganini, negaki,”DXX xodimlari” muntazam ravishda telefon orqali gaplashib, o’z harakatlarini muvofiqlashtirishganini”ni aytgan”. Iqtibos tugadi. [2].

Yuqoridagi dalildan va boshqa dalillardan prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat fuqarolik jamiyatiga nisbatan 4 ta qizil chiziq tortgani ma’lum bo’ldi.

1. Birinchi qizil chiziq. Muxolifatga, siyosiy raqobatga yo’l yo’q. Muxolifat faoli Nasrullo Sayyid, muxolifat yetakchisi Bahodir Choriyevning ukasi, tadbirkor Bobur Hasanning, huquqbonlar, muxolifat faollari Muhiddin Qurbonov, Rafiq G’aniyev, (Isoqjon Zokirovga O’zbekistonga kirishga viza berilmayabdi) va jurnalist Galima Buxorboyevalarning O’zbekistonga kiritilmagani va Birlik Xalq Harakati partiyasi, Erk demokratik partiyasi, Birdamlik Xalq demokratik partiyalarining mamlakatda legal faoliyat yuritishga yo’l qo’yilmaganligi buning yaqqol isbotidir.

O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi 34-moddasiga binoan muxolif partiyalar faoliyati kafolatlangan: [3].

34-modda.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

2. Ikkinchi qizil chiziq. So’z erkinligi va ommaviy axborot vositalariga erkinlikka yo’l yo’qligi. Minbar. uz, togri.uz veb saytlarining, nashrlarining bosimlar ostida yopilishi, Xorazm viloyatidagi norozilik chiqishlarini yoritgan jurnalist Davlatnazar Ro’zmetovning doimiy ta’qib va tayziqlarga duchor bo’lishi va avtohalokatda halok bo’lishi, jurnalist, blogger Nafosat Ollohshukurovaning soxta ayblar bilan avval 10 sutkaga qamalishi va qamoqdan chiqarilmasdan vrachlar komissiyasining soxta xulosasi bilan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilishi, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevning kun.uz jurnalistlariga gey qilish, yo’qolib qolish va o’lim bilan tahdid qilishi, Farg’ona viloyat hokimi Shuhrat G’aniyevning norozilik chiqishlarini videolar ko’rinishida ijtimoiy tarmoqlarda yoritgan jurnalist va vatandoshlarning janozasi o’qilishi bilan tahdid qilishlari va hokimlarning bu tahdidlar uchun hanuz jazolanmay qolishlari buning yaqqol isbotidir.

O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi 67-moddasiga binoan so’z erkinligi va ommaviy axborot vositalari erkinligi kafolatlangan:

67-modda.

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

3. Uchinchi qizil chiziq. Tinch norozilik namoyishlari o’tkazish erkinligi huquqiga yo’l yo’q. Umuman olganda, xonliklar davrida ham, Chor Rossiyasi hukmronligi davrida ham, SSSR davrida ham tinch norozilik namoyishlari o’tkazishga ruxsat berilmagan. O’tkazganlar jazolanganlar. Faqat, Mixail Gorbachevning oshkoralik va qayta qurish yillarida Birlik xalq harakati ko’p ming kishilik mitinglar o’tkazishga erishgan. O’sha paytlari O’zbekistonni boshqargan Rafiq Nishonov va Islom Karimovlar (1989-1992 yillar), tishlarini g’ijirlatib bo’lsada mitinglar o’tkazishga ruhsat berishga majbur bo’lganlar.

O’zbekistonning mustaqillik yillarida diktator, qonxo’r Islom Karimov tinch norozilik namoyishlarini ayovsiz bostirgan. Bunga 1992 yildagi talabalarning norozilik namoyishini ayovsiz bostirishi natijasida 2 talabaning o’limi va 13 may, 2005 yili Andijonda 10 minglab namoyishchilarning o’qqa tutilishi natijasida minglab tinch namoyishchilarning halok bo’lishi tarixan kechirilmaydigan jinoyatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi yillarida ham tinch namoyish ishtirokchilari, ularni yoritgan jurnalist va bloggerlar jazolanayabdilar. Jurnalist Davlatnazar Ro’zmetov va jurnalist hamda blogger Nafosat Ollohshukurovalarga o’tkazilgan ta’qib va tayziqlar yuqorida aytib o’tganimdek misol bo’la oladi. Tinch namoyishchilarga nisbatan mahalliy tuman, viloyat hokimiyatlari ham ayovsiz ta’qib va tayziqlar o’tkazmoqdalar.

O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi 33-moddasiga binoan tinch norozilik namoyishlari o’tkazish erkinligi huquqi kafolatlangan:

33-modda

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

4. To’rtinchi qizil chiziq. Vatandoshlarga hokimiyatga nisbatan tanqidiy fikrlarni ijtimoiy tarmoqlar, facebook, youtube orqali ochiq ifoda etish, baxslashish, izoh yozish ham jazolanadi. Bunga Amir Sharifulinning DXX xodimlari tomonidan o’g’irlab ketishi va tahqirlanishi misol bo’la oladi.

O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi 29-moddasiga binoan har kim fikrlash, uni ifodalash, so’z va e’tiqod erkinligiga egaligi kafolatlangan:

29-modda.

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

5. O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasi 27-moddasiga binoan shaxs daxlsizligi kafolatlangan va 43-moddaga binoan “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”.:

27-modda.

Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.

Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.

43-modda.

Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizil chiziqlari mamlakatda kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishiga yo’l qo’ymaydi. Kuchli fuqaroviy jamiyat bo’lmasa, erkin,demokratik saylovlar o’tkazib bo’lmaydi.Oqibatda, mamlakatda korruptsiya gullab yashnayabdi. O’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqib ketishning iloji yo’qqa o’xshab qolyabdi.

6. Zero, hozirgi Shavkat Mirziytoyev prezidentligi davrida ham mamlakat investitsiya jozibardorligi juda past, chunki korruptsiya ko’rsatkichi juda past.

Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagilar hisobga olinmayabdi.

7. Korruptsiyaga qarshi kurashda quyidagi 2 holatni hisobga olish kerak:

Mamlakatda davlat mulki emas, xususiy mulk ko’proq, ustun bo’lishi kerak.

Lekin, O’zbekistonda davlat mulki hukmron. Davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir.

8. Mamlakatda diktator Islom Karimov davridagiday so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga, erkin internetga, muxolifatga yo’l yo’q.

Baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik yo’q.

Bunday sharoitda mamlakatda erkin, demokratik saylovlar mutlaqo o’tkazib bo’lmaydi.

9. Yana ta’kidlab o’tishni lozim topdim, O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[4].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreyadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [5].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[6].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [7].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [8,9].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [8,9].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [8,9].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [10].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

20-dekabr, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ташкентца Амира Шарифуллина похитили и избили из-за комментариев в Фейсбуке. 16.12.2019.

( http://www.asiaterra.info/zhurnalisty-smi/tashkenttsa-amira-sharifullina-pokhitili-i-izbili-iz-za-kommentariev-v-fejsbuke?fbclid=IwAR1IH2gNN5grF0bMgFxRE8zfQJ3n3IsSxiHD8inpvM7813ciLSo_MtGA_4U ).

2. Ижтимоий тармоқдаги постлари учун калтакланганини иддао қилган шахс юзасидан текширув бошланди. 17.12.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30329452.html ).

3. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

4. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

5. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

6. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

7.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

8. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

9. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

10. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197

Leave a Reply

Your email address will not be published.