O’zbekiston. “Togri.uz” (“To’g’ri so’z”) yopildi, kim yopti? (2019).

Spread the love

O’zbekistonda so’z erkinligi, ommaviy axborot vositalarining erkinligi qanchalik abgor holatda ekanligini quyidagi dalil (fakt) yaqqol namoyon qilyabdi.

Ozodlik maqolasi to’laligicha:[1].”O‘zbekiston siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti yangiliklarini yoritib kelayotgan togri.uz sayti faoliyati 14 oktabrda to‘xtatildi. Bu haqda Ozodlikka sayt jurnalisti Sardor Salim ma’lum qildi.

Biroq 14 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17.00 da togri.uz sayti Pragada ochildi. Saytda shu kuni e’lon qilingan bir necha materialni, jumladan “QQSning ortiqcha summasini qaytarishning avtomatlashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yiladi” sarlavhasi ostidagi maqolani ko‘rish mumkin edi.​

Sayt jurnalisti Sardor Salimning Ozodlikka aytishicha¸ 14 oktabr Toshkent vaqti bilan soat 13 dan keyin kontent yangilanmagan:

– Sayt maksimum yana ikki-uch soat texnik mavjud bo‘lib turadi. Lekin ijodiy jamoa 14 oktabr kuni peshindan keyin tarqaldi.

Suhbatdoshga ko‘ra sayt xodimlari 14 oktabr ertalab ham jurnalistik ish rejalarni muhokama qilgan va ular uchun yopilish qarori kutilmagan bo‘lgan:

– Bugun peshinda yopildik. Rasman sayt muassisining moliyaviy qiyinchiliklari sababli yopildi. Bugun ertalabdan maqolalar mundarijasini muhokama qildik.Yopilamiz degan gap yo‘q edi.

Saytning yetakchi jurnalistlaridan biri Xurshid Yo‘ldoshev o‘zining facebookdagi sahifasida “Togri.uz yahshi ishladi va yaxshi ishlagani uchun ham yopildi. Qish yaqin o‘rtoqlar” deb yozdi.

Nashr muassislariga yaqin manbaning aytishicha¸ Togri.uz sayti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarafidan joriy yilning iyun oyida OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

Suhbatdoshga ko‘ra, nashr egasi “True Press Network” MChJ rahbari Nodir Ibragimov 14 oktabr kuni taxririyatga kelib sayt moliyalashi to‘xtatilganini bildirgan.

Nashr muassislariga yaqin manbaning yana aytishicha¸ sayt so‘nggi kunlarda Toshkent hokimiyati¸ O‘zbekiston Moliya vazirligi va Markaziy bank e’tirozlariga nishon bo‘lgan. Shuningdek, saytda e’lon qilingan dori-darmonlar sifati haqidagi maqola Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimlari tarafidan asabiy kutib olingan.

Saytning yetakchi jurnalistlaridan biri Xurshid Yo‘ldoshev o‘zining facebookdagi sahifasida 2 oktabr kuni Togri.uz sahifasidan AOKA tarafidan bitta maqola olib tashlattirilgani haqida yozgan edi.

O‘sha maqola Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienko tashrifi haqida edi. Maqola oldirib tashlangani sabablari haqida Togri.uz sayti muassisligiga yaqin xodim aniq ma’lumot berishni istamadi va qisqa qilib “siyosiy sabab” deb qo‘ya qoldi.

Nashr jurnalistlaridan birining Ozodlikka bildirishicha, e’tiroz AOKA rahbari Komil Allamjonov tarafidan bildirilgan. E’tiroz maqolaga biriktirilgan rasmda prezidentning katta qizi Saida Mirziyoyeva qiyofasining “go‘zal” ko‘rinmagani bilan izohlangan.

Togri.uz sayti yopilishidan bir oy oldin – sentabrda Minbar.uz sayti ham moliyaviy sabablar bois yopilgan edi. Minbar.uz sayti yopilgani ortidan ushbu sayt asoschisi Sardor Salim Togri.uz nashriga ishga o‘tgan edi.

Togri.uz ijodiy jamoasi asosini o‘tgan yili yopilgan Turon24 axborot agentligining jurnalistlari tashkil qilgan edi.

Qadim “Turon”(24) elimizda “Minbar”ga chiqib, “To‘g‘ri”sini gapiraversang yopilib ketasan” deya mutoyiba qildi yana bitta nashr bilan jilmayib xayrlashgan Sardor Salim

“Erkin so‘z” tajribasi

Ozodlik bilan suhbatlashgan Togri.uz sayti jurnalisti Sardor Salimga ko‘ra, Togri.uz nashri ijtimoiy-siyosiy muammolar va asosan iqtisod va moliya haqida xolis va rasmiy Toshkent nuqtai nazaridan masofalangan axborot berishga “harakat qilgan”.

Uning yana aytishicha¸ bu nashrning qisqa umri O‘zbekistonda “erkin so‘z yaratish borasida tajribalardan biri sifatida tarixda qoldi”.

P.S. Ushbu xabarni e’lon qilishdan oldin, Toshkent vaqti bilan soat 17.52 da Togri.uz uf ga yana bir marta kirmoqchi bo‘ldik. Bu gal sayt ochilmadi”. Ozodlik maqolasi tugadi. [1].

Togri.uz veb saytining yopilishi O’zbekistonda so’z erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi qadriyat sifatida yuqori o’rinlarda turmasligini ko’rsatadi. Davlat so’z erkinligini ochiqdan ochiq oyoq osti qilayabdi, repressivligini ko’rsatayabdi. O’zbek jamiyati uchun ham erkinlik, demokratiya printsiplari oliy qadriyat emas.

Togri.uz (To’g’ri.uz) veb saytining yopilishiga albatta, davlatning, prezident hokimiyatining asosiy, katta rol o’ynagani yaqqol ko’rinib turibdi. Komil Allamjonovning e’tirozi, Toshkent hokimiyati, O’zbekiston Moliya vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi va Markaziy bank birgalikda, uyushib muvofiqlashtirilgan bosimlari Togri.uz veb sayti xodimlarining qarshiligisiz yopilishiga sabab bo’lgan.

Avvalambor, Togri.uz veb sayti sud qarori bilan yopilishi mumkin, qachonki O’zbekiston konstitutsiyasi va qonunlarini qo’pol ravishda buzib faoliyat olib borsa.

Veb sayt muassisining, xodimlarining hech qanday qarshiliksiz, prokurorga shikoyat yozmasdan, sudga murojaat qilmasdan, norozilik aktsiyasiz veb saytning yopishlari mamlakatda qonun ustivorligi hukm surmagan, huquqiy bo’lmagan jamiyatda yashayotganlarining yaqqol isbotidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2 kishini ish bilan ta’minlagan tadbirkorni boshimda ko’tarib yuraman deb aytgan gaplari balandparvoz gaplar bo’lib chiqdi. Chunki, togri.uz ning 15 xodimi, ko’pchiligi oliy ma’lumotli jurnalistlar ishsiz qoldi, ular boshqa joydan ish izlashga majburdirlar.

O’zbekistonda barcha ommaviy axborot vositalari Toshkent cityning qurib bitkazilgan Kongress Hall,Hilton mehmonxonasi binolarini, parlament majlisini online namoyish etilganini, mamlakatdagi bo’lishi kutilayotgan “erkin va demokratik saylovlar” kampaniyasini yoritish bilan ovoradirlar. Biroq, togri.uz veb saytining yopilgani haqida og’ziga talqon solib olganlar.

Qisqasi,so’z erkinligiga, ommaviy axborot vositalari erkinligiga yo’l yo’q, siyosiy erkinlikka yo’l yo’q, erkin va demokratik saylovlarga yo’l yo’q. Demak, korruptsionerlarning pichog’i moy ustida bo’ladi. O’zbekistonning iqtisodi o’ta qoloqlikdan chiqib keta olmaydi.

O’zbekistonda muxolifatga, erkin matbuotga, erkin internetga yo’l yo’q. Mamlakat vatandoshlarida huquqiy savodlilik,iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik uchun kurashish yo’q hisobi.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

18-oktyabr, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Togri.uz jurnalistlari: saytimiz yopildi, tongda ishga kelgan jamoa tushdan keyin tarqatildi. 14.10.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30216149.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.