O’zbekiston. Hanuz majburiy mehnat muntazamligicha qolmoqda. (2019).

Spread the love

Afsuski, O’zbekistonda majburiy mehnat muntazam (sistematik) qo’llanilmoqda.

Ozodlikdan iqtibos: [1]. “Ozodlikka 30 sentabr kuni O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bir-biridan mustaqil holda kelgan xabar¸ surat va videolardan yuzlab IIV xodimining o‘z asosiy ishini qo‘yib¸ paxtakorlikka majburlanayotgani ko‘riladi.

Bunday videolardan birida paxtaga ketishi buyurilgan formali xodimlar o‘z zobitining “hozir favqulodda holat” degan gapiga “Boshliq¸ favqulodda holat bilan bu holatning farqi bor judayam”¸ deb e’tiroz bildiradi.

Shaxsi sir qolishini so‘rab gapirgan ichki ishlar tizimi xodimlaridan ayrimlari Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan IIV xodimlari malakasini oshirish markaziga bir oylik o‘qishga kelganlarning ayni kunlarda Jizzaxda paxta terayotganini bildirsa¸ boshqalari Qashqadaryodagi profilaktika inspektorlariga 24 sentabrdan paxtaga yotarlik safarbarlik e’lon qilinganini aytdi.

IIV matbuot xizmati telefon raqamlariga kun davomida hech kim javob bermagani bois¸ vazirlikdan tizimdagi majburiy mehnatga oid shikoyatlarga munosabat so‘rashning imkoni bo‘lmadi.

Bir oyga malaka oshirishga kelib¸ ikki oylik paxtaga haydalish tahdidi

Ozodlik bilan 30 sentabr kuni gaplashgan IIV xodimlari¸ o‘zlarining turli viloyatlardan Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan markazga malaka oshirishga kelganini bildirdi.

Uch kun oldin yosh xodimlardan 300 tasi Jizzaxga ketdi. Ketganlar yaqinda ishga kirganlar¸ ularni 3 oyga chaqirishgan. Malakani endi paxtazorda oshirishadi. Katta xodimlardan 200 tachamiz¸ biz 1 oyga malaka oshirgani kelganmiz, ketishimizga 10 kun qolganda paxtaga yubormoqchi. Viloyatlardan¸ Qoraqalpog‘istondan o‘qishga deb kelgan odamni¸ to‘g‘ri dalaga haydayapti. Bunga na kiyim-kechagimiz¸ na pulimiz bor. Oilalarimiz kutyapti bizni viloyatlarda”¸ deydi Ozodlikka gapirgan IIV xodimlaridan biri”. Iqtibos tugadi. [1].

Men shuni eslatib o’tishni zarur deb topdim. O’zbekistonda bolalar mehnati, talabalarni, o’qituvchilarni, shifokorlarni paxta terimiga, majburiy mehnatga muntazam jalb qilishga barham berilgan. Bu juda quvonarli hol.

Biroq, yuqoridagi Ozodlikdan keltirilgan dalil, fakt shuni ko’rsatadiki mamlakatda hanuz vatandoshlar majburiy mehnatga muntazam jalb etilmoqda. Men buning 4 sababi bor deb hisoblayman:

1. Mamlakatda davlat mulki hukmronligi;

2. Tikka (vertikal) prezident hokimiyatining mavjudligi;

3. Ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi, sud hokimiyatlarining ajratilmaganligi, teng maqomga ega emasligi;

4. Baquvvat o’rta sinf va kuchli fuqaroviy jamiyatning shakllanmaganligi.

Darhaqiqat, O’zbekistonda fermerlar yerning va hosilning egasi emas. Yer davlatniki, hokimlar xohlagan paytda shartnoma va qonunlarni oyoq osti qilgan holda fermerning yerini tortib olishi mumkin. Davlat hosilni, mahsulotni bozor narxidan past narxda sotib oladi.

Fermerlar, tadbirkorlar yerdan, mol mulkidan noqonuniy mahrum qilinganda sudga, davlat organlariga, fermerlar, tadbirkorlar uyushmasiga murojaat qilib toptalgan huquqlarini tiklay olmaydilar.

O’zbekistonda muxolifatga, erkin matbuotga, erkin internetga yo’l yo’q. Mamlakat vatandoshlarida huquqiy savodlilik,iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik uchun kurashish yo’q hisobi.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

11-oktyabr, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ichki ishlarning minglab xodimlari “favqulodda holat”da paxta termoqda (VIDEO). 30.09.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30191709.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.