O’zbekiston. Bank xodimlari hokimlarning yugurdagi.(2019).

Spread the love

O’zbekistondagi bank xodimlarining mijozlarga sifatli xizmat ko’rsatish emas, hokimlarning yugurdagiga aylanib qolganini quyidagi 2 dalil (fakt) yaqqol namoyon qiladi.

1- dalil.

Tadbirkor: banklar turli bahonalar bilan kredit berishdan bosh tortmoqda. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Andijon. “Andijon shahridan maktub yo’llamoqdaman. Tadbirkor Rustam Sodiqovman. Faoliyatimni kengaytirish uchun 24 sotix yer olganman. Shu yerga aylanma mablag’imdan 2 qavatli bino qurdim. Bu yerda aholiga maishiy xizmat ko’rsatuvchi xonalar, choyxona va mahalla guzari tashkil qilmoqchiman. Mablag’ yetishmaganidan bir necha bankka kredit so’rab murojaat qildim. Lekin banklar turli bahonalar bilan hujjatlarimni qaytarmoqda. Axir, prezidentimiz tadbirkorlarni har taraflama qo’llab-quvvatlash kerakligini aytmoqda-ku!

Viloyat hokimi o’tkazgan yig’ilishida shu masaladsa murojaat qilganman. Bank rahbariga murojaatimizni ijobiy hal qilish tayinlangan. Lekin haligacha natija yo’q. Banklar biz kabi kichik biznes sub’ektlariga kredit ajratmasa kimga kredit ajratadi?!”

(Bu xabar Ozodlikka 12 sentyabr kuni kelgan.)”. Iqtibos tugadi. [1].

2-dalil.

Buxoroda banklarning 551 xodimi uyma-uy yurib soliq yig‘moqda.

Ozodlikdan iqtibos: “Buxoro viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan viloyatdagi aksar bank xodimlari shu kunlarda uyma-uy yurib¸ soliq yig‘moqda.

Bu haqda shaxsi sir qolishini so‘rab Ozodlikka xabar qilgan bank xodimlari fikricha¸ joriy hokimiyat ularni o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlarga majburlash orqali bank tizimining “pachavasini chiqarmoqda”

Ozodlik bog‘langan ayrim bank rasmiylari bu xabarni mutlaq rad etishga uringan bo‘lsa¸ ayrimlari ayni kunlarda MFY¸ bank va MIB xodimlaridan tuzilgan sayyor guruhning uyma-uy yurib¸ soliq yig‘ayotganini tasdiqladi.

Bank mijoz emas¸ hokimiyat va soliqchilar uchun xizmatchi bo‘lib qoldi”…

16 sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan Buxorodagi Xalq banki¸ Milliy bank va Qishloqqurilishbank xodimlari¸ 5 sentabrdan buyon o‘z asosiy ishlari qolib¸ uyma-uy soliq yig‘ishga majburlanayotganini bildirdi:

Biz bank xodimlari ertalab 9:00 dan 17:00 ga qadar soliq pulini terib yuribmiz. O‘z ishimizni qilolmayapmiz¸ mijozlarga hech qanday xizmat ko‘rsata olmayapmiz. Har kuni 2 marta svodka berishga majburlashayapti. Bank tizimining pachavasini chiqarib tashlashdi”.

Buxorolik bankirlar bilan suhbatlardan ayon bo‘lishicha¸ bank xodimlari viloyat¸ so‘ngra esa¸ tuman hokimlari bergan og‘zaki buyruq asosida uylarga kirib¸ mol-mulk va yer solig‘i yig‘moqda.

«Xar kuni kamida 25-30 ming yonimizdan xarajat qilamiz -yul kira va ovqatlanishga​¸10-15 kilometrga boramiz. Soliq tushumlari uchun hech qanday rag‘batlantirish yoki ustama haq to‘lashmayapti. Aksincha¸ agar tushumni qilmasak¸ ishdan olamiz deya qo‘rqitishyapti. Kuniga har bir bankir 1 million so‘mdan kam bo‘lmagan soliq tushumi tushirib berishi kerak. Aks holda¸ hokimiyatdan haqorat eshitayapmiz»¸ deydi Xalq banki xodimlaridan biri.

Ozodlikka bog‘langan buxorolik bank xodimlari¸ suhbat paytida ham o‘zlarining uyma-uy yurganlari¸ hokimlik va soliq idorasiga «tekin hammollik»ning 5 oktabrdan avval tugamasligini aytishganini bildirdilar.

Ayni paytda¸ ular «Buxoro viloyatidagi MFYlarga biriktirilgan bank xodimlari to‘g‘risida» deb nomlangan ichki hujjat nusxasini Ozodlikka taqdim etdilar. Bu hujjatdan viloyatdagi 551 ta MFY uchun bir nafardan bank xodimi biriktirilgani va ularning har biriga «mol-mulk va yer solig‘i» undirishning rejasi topshirilgani ko‘riladi.

Hujjatda¸ Buxoro viloyati bo‘yicha 551 nafar bank xodimiga jami 316 910 nafar fuqarodan 40 milliard so‘m yer va molk-mulk solig‘i yig‘ish topshirilgan”.

Iqtibos tugadi. [2].

Yuqoridagi 2 dalil, bank xodimlarining mijozlarga sifatli xizmat ko’rsatuvchi emas, hokimlarning yugurdagiga aylanib qolganini ko’rsatsa, men oldingi

O’zbekiston. Davlat mulki hukmron, korruptsiya gullab yashnayabdi. ( 2019).” maqolam va videoda banklarning hokimlar bilan kelishib, masalan Andijon viloyat, Izboskan tumanida kamida yetmish fermerga tuman hokimligi va “Agrobank” filiali rahbarlari tomonidan zararli hasharotlarni o‘ldirishda foydalaniladigan zahar sepuvchi uskuna bozordagidan ikki baravar qimmat – 26 million so‘mdan 36 foizlik kredit evaziga sotilgan. Bozorda 14 million so’m turadigan uskuna bir yilga foizlari bilan fermerlarga 35 million so’mga tushgan.

Ayni Agrobank”ning Izboskan filiali xalq ta’limi xodimlariga, 370 o’qituvchiga 3 million so‘mdan kredit berib¸ Lenovo noutbuklari oldirishgani va bu kredit summasi noutbuklarning bozordagi narxidan 2 baravar qimmatligi haqida aytilgan edi. [3].

Yuqorida keltirilgan dalillar yaqqol ko’rsatyabdiki, O’zbekistondagi banklarning faoliyati bozor iqtisodi talablariga mutlaqo javob bermaydi. Banklar o’rtasida sog’lom raqobat yo’q. Banklar faoliyati hokimlar izmiga bo’ysundirilgan.

Men oldingi maqola va videolarimda ta’kidlab o’tgan mulohozalarimni yana takrorlashga majburman.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmronligiga barham berilmas ekan, mamlakat o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqib ketishi dargumon. Mamlakatda xususiy banklar, davlat banklari o’rtasida sog’lom raqobat bo’lganida davlat banklari raqobatda albatta xususiy banklarga yutqazardi, hokimlar davlat banklari bilan korruptsion sxemalar orqali vatandoshlarni qaqshata olmasdilar.

Hozirgi paytda dunyoda ko’pchilikka ma’lum, 2× 2=4 bo’lganiday, davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda iqtisodiy samaradorlik xususiy mulk hukmron bo’lgan xolatdan samarasi pastdir. Lekin, marhum diktator Islom Karimov ham joriy prezident Shavkat Mirziyoyev ham bundan bexabardir, nahotki?!

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir. Erkin, demokratik saylovlar o’tkazish uchun siyosiy raqobat bo’lishi kerak, so’z erkinligi, mustaqil sud tizimi bo’lishi kerak. Afsuski, O’zbekistonda marhum diktator Islom Karimov davrida muxolifat doim ta’qib, tayziqlarga duchor qilindi, so’z erkinligiga yo’l berilmadi, mustaqil sud tizimi yaratilmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham muxolifatga yo’l bermayabdi. So’z erkinligi va mustaqil sud tizimi yo’nalishi bo’yicha kosmetik islohotlar bilan cheklanilmoqda.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[4].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [5].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[6].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [7].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [8,9].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [8,9].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [8,9].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [10].

Taniqli so’z ustasi, qiziqchi Iskandar Hamroqulovning “Uzuk taqish marosimlari” parchasini “Hayotiy hazillar nomli konsert dasturi 2019”dan. [11] tamosha qiling. O’zbeklarning erkin, demokratik jamiyat qurish fantaziyasiga emas, “Uzuk taqish marosimlari” fantaziyasiga qoyil qolasiz.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

20-sentyabr, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. 1. АНДИЖОН – “Тадбиркор: банклар турли баҳоналар билан кредит беришдан бош тортмоқда”. 17.09.2019. (https://www.sizdantelegram.org/a/30168728.html ).

2. Buxoroda banklarning 551 xodimi uyma-uy yurib soliq yig‘moqda. 16.09.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30167326.html ).

3. Izboskanlik fermerlar: “Agrobank” 14 mlnlik agregatni aldab sotib, bizni chuv tushirdi. 05.09.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30148153.html ).

4. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

5. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

6. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

7.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

8. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

9. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

10. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

11. Iskandar Hamroqulov – Hayotiy hazillar nomli konsert dasturi 2019. 06.09.2019. ( https://www.youtube.com/watch?v=z21pdCKH7qY).

Leave a Reply

Your email address will not be published.