O’zbekiston. Davlat mulki hukmron, korruptsiya gullab yashnayabdi. ( 2019).

Spread the love

O’zbekistonda, davlat mulki hukmron bo’lgan mamlakatda, korruptsiyaning gullab yashnayotganligiga quyidagi Ozodlikda chop qilingan maqola judayam ajoyib misol bo’la oladi. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Andijon viloyat, Izboskan tumanida kamida yetmish fermerga tuman hokimligi va “Agrobank” filiali rahbarlari tomonidan zararli hasharotlarni o‘ldirishda foydalaniladigan zahar sepuvchi uskuna bozordagidan ikki baravar qimmat – 26 million so‘mdan 36 foizlik kredit evaziga sotilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan ayrim fermerlar pasportlari bank bo‘limi rahbari tomonidan yig‘ib olinib¸ o‘z nomlariga agregat olish uchun bir yilga 26 million so‘mlik kredit rasmiylashtirilganini aytishdi.

5 sentabr kuni Ozodlik fermerlar shikoyati yuzasidan izoh olish uchun “Agrobank”ning Izboskan tuman bo‘limi rahbari Azizbek Jalolov bilan uning uyali telefoni orqali bog‘landi.

Jalolov Ozodlik savolini eshitgach, band ekanini aytib, keyinroq telefon qilishni so‘radi. Ammo, keyin ham bir kun o‘tib ham Jalolovga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik suhbatlashgan izboskanlik fermerlar ularni “Agrobank”ning Izboskan tumani rahbari “chuv tushirgan”i, oqibatda katta miqdorda qarzga botganliklarini aytishdi.

Ismi sir qolishini istagan izboskanlik fermerning Ozodlikka aytishicha, “Agrobank” bo‘limi rahbari ularga imtiyozli kredit berilishini va’da qilgan.

Ammo, ular 26 million so‘mlik kreditning birinchi to‘lov qog‘ozi kelganda¸ uning ustamasi 36 foizligidan xabar topganlar.

– Qip-qizil firibgarlik bo‘ldi. Jalolov “70ta zahar sepadigan apparat keldi, shuni 26 million so‘m narxda olinglar, 3 yilga 24 million so‘mdan uzib yuborishga beramiz” dedi. “Paxta, g‘alla qilib uch yilda uzib yuborasizlar” dedi. “Xo‘p” deb hujjatlarni rasmiylashtiridik. “Bu bo‘lmaydi, bittadan pasport nusxalari va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni beringlar” dedi. Biz berdik. U esa hujjatlarni olib bizning nomimizga 26 million so‘mdan bir yilga 36 foizlik qilib mikrokredit urib qo‘yibdi. Apparat o‘zi bozorda 14 million so‘m turadi. O‘zining foydasini olivolib, bizni qarzga botirib qo‘ydi. 26 million so‘m ustiga 36 foiz. Bir yilga hisoblaganda 14 million so‘m turadigan agregat bizga 35 millionga tushyapti, – dedi izboskanlik fermer.

Agregat bozorda 14 million so‘m tursa fermerlarga uni bozordan olgan afzal emasmi edi? Bu savolga izboskanlik fermer shunday javob qildi:

– Uch yillik kredit deganiga sekin uzamiz deb o‘ylagan edik-da. Hozir tayyor pul bizda ham yo‘q-da. Lekin, bank rahbari bir yilga 36 foizlik kredit urib qo‘yibdi-da. Biz bunaqa foizda bir yilga deb o‘ylamagan edik-da. Bir so‘z bilan aytganda bank rahbari hokimlik bilan til biriktirib yetmishta fermerni chuv tushirdi. Muhtaram yurtboshimiz selektor yig‘ilishlarida fermerlarni qo‘llab-quvvatlash kerakligini takror-takror aytyapti, bu bankirlar fermerlani pullarini talon-toroj qilyapti.

Izboskan tuman hokimligining qishloq xo‘jalik masalalariga mas’ul mulozimi fermerlarni “Agrobank”dan kreditga agregat olishga hech kim majburlamaganini aytdi.

– Bilishimizcha, ularga bu agregatni hech kim majburlab sotmagan. O‘zlari shu narxga rozi bo‘lib olishgan. Lekin biz buni o‘rganib chiqyapmiz, agar bank tomonidan aldov yoki fitnakorlik bo‘lgan bo‘lsa aniqlab, chora ko‘riladi, – dedi hokimlik mulozimi.

Ayni sxema bo‘yicha o‘qituvchilarga noutbuk sotilgan

Asosiy vazifasi aholiga moliyaviy xizmat ko‘rsatish bo‘lgan “Agrobank”ning Izboskan filiali bundan oldin Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati bilan “til biriktirgan holda” o‘zlari olib kelgan noutbuklarni o‘qituvchilarga ikki baravar qimmatga “o‘tkazgani” haqida o‘qituvchilar Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

Agrobank”ning Izboskan filiali xalq ta’limi xodimlariga 3 million so‘mdan kredit berib¸ Lenovo noutbuklari oldirishdi. O‘z nomiga bunday kredit ochilganidan xabari yo‘q o‘qituvchilar ham ko‘p. Bank kompyuter sotadigan do‘kon emasku! Kredit so‘rab borganlar qolib¸ bunaqa kreditni umuman istamagan o‘qituvchilarga 3 milliondan berib¸ noutbuk sotishgan. Bankdagilarning o‘zlari bizga may oyidan beri tumanda 370 o‘qituvchiga shunday kredit berilganini aytdi”¸ deb xabar yuborgan edi izboskanlik o‘qituvchilardan biri 2 sentabr kuni Ozodlikka”. Iqtibos tugadi.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmronligiga barham berilmas ekan, mamlakat o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqib ketishi dargumon. Mamlakatda xususiy banklar, davlat banklari o’rtasida sog’lom raqobat bo’lganida davlat banklari raqobatda albatta xususiy banklarga yutqazardi, hokimlar davlat banklari bilan korruptsion sxemalar orqali vatandoshlarni qaqshata olmasdilar.

Hozirgi paytda dunyoda ko’pchilikka ma’lum, 2× 2=4 bo’lganiday, davlat mulki hukmron bo’lgan jamiyatda iqtisodiy samaradorlik xususiy mulk hukmron bo’lgan xolatdan samarasi pastdir. Lekin, marhum diktator Islom Karimov ham joriy prezident Shavkat Mirziyoyev ham bundan bexabardir, nahotki?!

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir. Erkin, demokratik saylovlar o’tkazish uchun siyosiy raqobat bo’lishi kerak, so’z erkinligi, mustaqil sud tizimi bo’lishi kerak. Afsuski, O’zbekistonda marhum diktator Islom Karimov davrida muxolifat doim ta’qib, tayziqlarga duchor qilindi, so’z erkinligiga yo’l berilmadi, mustaqil sud tizimi yaratilmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham muxolifatga yo’l bermayabdi. So’z erkinligi va mustaqil sud tizimi yo’nalishi bo’yicha kosmetik islohotlar bilan cheklanilmoqda.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Taniqli, xushovoz xonanda Ahror Usmonov ijrosida “Ikki ko’z” qo’shig’ini tinglang, tamosha qiling. Qo’shiq xikmatli so’zlarga, maqollarga to’la. Lekin, bu xikmatlar, maqollarda oshkoralik, demokratiya, iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik, korruptsiya va erkin, demokratik saylovlar kabi iboralarni, so’zlarni uchratmaysiz. [9].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

13-sentyabr, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Izboskanlik fermerlar: “Agrobank” 14 mlnlik agregatni aldab sotib, bizni chuv tushirdi. 05.09.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30148153.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

9. Ahror Usmonov – Ikki ko’z. 02.05.2016. ( https://www.youtube.com/watch?v=vkb_Qh3hkxU ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.