O’zbekiston. Oshkoralik yo’q, demokratiya yo’q. (2019).

Spread the love

Nega prezident Shavkat Mirziyoyev oshkoralik, demokratiya yo’q O’zbekistonda oshkoralik, demokratiya borday gapirib qoldi.

Ozodlikdan iqtibos: [1]. “Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston mustaqilligining 28 yilligiga bag’ishlangan nutqida rahbarlarni oshkoralik sharoitida ishlashni o’rganish va har kuni o’qishga chaqirdi.

Prezident matbuot xizmati Mirziyoyevning nutqi matnini chop etdi.

Bugun zamon o’zgardi. Endi hammamiz erkinlik, ochiqlik, oshkoralik sharoitida ishlashga o’rganishimiz lozim. Barcha rivojlangan davlatlar, dunyo hamjamiyati shunday yashamoqda”, dedi jumladan prezident.

U mamlakat rahbarlarining davrning “keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun” har kuni o’qib-o’rganishga chaqirdi.

Bugun bir fikrni qat’iyat bilan ta’kidlash zarur, deb bilaman: O’zbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi”, deb ta’kidladi prezident.

Prezident bu bayonoti arafasida Ozodlik va boshqa qator Internet nashrlarida yoritilgan voqealar ortidan jiddiy siyosiy qarorlar qabul qildi.

Xususan, Qashqadaryo, Xorazm va Farg’ona viloyatlarida noqonuniy buzilishlar ortidan aholi noroziligi aks etgan maqolalar Ozodlikda yoritilgach, hukumat buzilishlarni muayyan muddatga to’xtatishga majbur bo’ldi.

Bundan tashqari, 31 avgust kungi bayram nutqida prezident shu yil dekabr oyida bo’lib o’tadigan mamlakat parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlarda chet eldan qaytayotgan yoshlarga o’rin berish kerakligini ta’kidladi.

Bugungi kunda qancha-qancha bilimli, nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olgan, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda. Ular bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yo’l ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va iste’dodini ro’yobga chiqarish, hayotda o’z o’rnini topishiga yordam berish, ularga mas’ul lavozimlarni ishonib topshirish bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo’ladi”, dedi Mirziyoyev.

Mirziyoyev nutqida mamlakatdagi huquqiy islohotlarni ham sanab o’tdi.

Ma’lum qilishicha, keyingi 3 yilda e’lon qilingan afv natijasida 4 mingga yaqin mahbus jazoni o’tash joylaridan ozod etilgan.

Qoraqalpog’istondagi Jasliq koloniyasini tugatish haqidagi qarorini esa “insonparvar siyosatning yana bir ifodasi”, deb baholandi”. Iqtibos tugadi.[1].

SSSRda Mixail Gorbachev KPSSning Bosh kotibi sifatida hokimiyatga kelishi bilan oshkoralik va qayta qurish siyosatini amalga oshira boshladi. Bu siyosat SSSRda katta siyosiy o’zgarishlarga olib keldi. SSSRda birinchi marta nisbatan erkin, demokratik saylovlar bo’lib o’tdi. O’sha paytlar O’zbekistonda Birlik Xalq Harakati va Erk demokratik partiyasi tuzildi, Orolni qutqarish qo’mitasi faoliyatining davomi o’laroq.

Marhum diktator Islom Karimov davrida ham joriy prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham O’zbekistonda haqiqiy oshkoralik bo’lgani yo’q.

To’g’ri prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvidagi O’zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini oyoq osti qilinishi haqida ochiq, oshkora yozila, gapirila boshlandi. Masalan, majburiy mehnat, qiynoqlar, mulk daxlsizligi, hokimlarning, militsionerlarning zo’ravonligi va hokazo.

Lekin, bu oshkoralik prezident faoliyatini oshkora tanqid qilish darajasiga yetib borishiga yo’l qo’yilmayabdi. Muxolifatga yo’l berilmayabdi.

Aytmoqchimanki, marhum diktator Islom Karimov davrida 2005 yil, 13 maydagi Andijon qirg’ini va bolalar mehnati, majburiy mehnat tufayli O’zbekiston xalqaro sanktsiyalarga uchradi. Oqibatda, mamlakat iqtisodiyoti o’ta qoloq holda qolib ketdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilmasdan, inson huquqlari vaziyatini abgor holatdan olib chiqmasdan mamlakat iqtisodini o’ta qoloq holatdan olib chiqa olmasligini tushungan ko’rinadi.

Albatta, Amerika ovozi muxbiri Navbahor Imomova va BBC muxbiri Pahlavon Sodiqqa va xalqaro inson huquqi tashkilotlariga, HRW vakili Stiv Sverdlovga mamlakatda faoliyat yuritishga izn berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozodlik, BBC, Amerika ovozi va boshqa web saytlarda, facebookda va bloggerlar tomonidan yoritilgan tanqidiy fikrlarga e’tibor beryabdi.

Albatta bu kabi “oshkoralik” Jahon bankidan 3,3 milliard AQSH dollari miqdorida qarz olinishi, Londonda 1 milliard AQSH dollari miqdorida obligatsiyalar chiqarilishi bilan bog’liq.

Ko’rinib turibdiki, O’zbekistondagi “oshkoralik” dunyoda erkin,demokratik, rivojlangan mamlakatlarning mavqei oshganidan, internetning rivojlanganidan, ijtimoiy tarmoqlarning, xususan facebook va youtubelar tufayli bloggerlarning faoliyati natijasidir.

2019 yilning dekabrida bo’ladigan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarida marhum diktator Islom Karimov davridagiday faqat 5 qo’g’irchoq partiyalar ishtirok etadi, muxolifatga yo’l yo’q. Demakki, O’zbekistonda siyosiy raqobatga, erkinlikka, demokratiyaga yo’l yo’q.

O’zbekistonda davlat mulkchiligi hukmron. Korruptsiya gullab yashnayabdi. Iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi, siyosiy erkinlik ko’rsatkichi, korruptsiya ko’rsatkichi juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Umr o’tmoqda. O’zbekistonda na oshkoralik, na demokratiya, na iqtisodiy erkinlik, na siyosiy erkinlik bor. Xushovoz xonanda, taniqli san’atkor Fahriddin Umarov ijro etgan “Umr o’tmoqda” qo’shig’ini tamosha qiling, tinglang. [9].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

6-sentyabr, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Мирзиёев: замон ўзгарди, ошкоралик шароитида ишлашга ўрганишимиз лозим (ВИДЕО). 01.09.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30140472.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

9. FAHRIDDIN UMAROV UMR O’TMOQDA. 22.06.2017. (https://www.youtube.com/watch?v=3ISOunZcGWw ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.