O’zbekiston iqtisodiy, siyosiy erkinliklar va korruptsiya ko’rsatkichlari bo’yicha Xitoydan ham orqada. (2019).

Spread the love

Quyidagi voqea O’zbekistonning Xitoydan qanchalik iqtisodiy orqada qolganini yaqqol ko’rsatadi.

Ozodlikdan iqtibos: [1] “Navoiyazot” shirkatining Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikdagi yangi loyihasi qurilishida qatnashayotgan bir guruh ishchilar oylik oshirilishi talabi bilan 15 avgust kuni ish tashladi.

Aksiyada qatnashgan ishchilar vakillarining Ozodlikka xabar qilishicha, ular xorijliklarga nisbatan kam oylik olayotganiga norozilik bildirgan.

Shirkat mulozimlariga ko‘ra, ishchilar talabi inobatga olinib, ularning oyligi oshirilgan va ishchilar ishga qaytgan.

Xitoy kompaniyasiga yollanib ishlayotgan mahalliy ishchilarga kuniga 50 ming so‘mdan haq to‘langan, norozilikdan so‘ng ular maoshiga 10 ming so‘mdan qo‘shilgan.

Mahalliy ishchilarning aytishicha, ularning xitoylik hamkasblariga kuniga 80 dollardan haq to‘lanadi. Lekin Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Ishchilar noroziligi haqida Ozodlikka xabar yo‘llagan navoiylik ishchiga ko‘ra, voqea 15-16 avgust kunlari bo‘lgan.

15 avgust kuni obeddan keyin ishchilar ish tashlashdi. Kechqurun uyiga ketib, ertasiga kelib, obedgacha yana ishlamasdan o‘tirishdi. 60 tacha odam bor edi” deydi ismini ochiqlasa ishdan haydalish xavfi borligini aytgan“Navoiyazot” shirkati ishchisi.

U voqea joyida olingan suratlarni ham Ozodlikka yo‘lladi.

Ozodlik bilan anonim qolish istagida suhbatlashgan ishchilar so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, ular xitoylik ishchilarga nisbatan juda kam oylik olayotganliklaridan norozi bo‘lgan.

​“Bizga kunlik 50 ming so‘m pul berishadi. Ba’zilar 55 ming so‘mdan oladi. Xitoyliklar kuniga kamida 80 dollar oylik olishadi. Hatto ular “Nimaga buncha kam oylik olasizlar?”, deb bizning ustimizdan kulishadi.

Hamma og‘ir ishni o‘zbek ishchilari qilayapti. Qog‘ozda 7-8 soat deb belgilashadi. Aslida kuniga 10 soatlab ishlayapmiz. Xitoyliklar uchun hamma sharoitni qilib bergan. Obedi, transporti hamma narsani taxt qilishgan. Biz esa ovqatimizni o‘zimiz bilan olib kelamiz. Ba’zida obedgacha ovqatlarimiz issiqda achib ham qoladi. Juda alam qiladi, oyligimizni dollarda hisoblasangiz 5,5 dollar bo‘ladi. Xitoyliklar esa 80 dollar oladi”, deya nolidi ishchilardan biri.

Ozodlik bog‘langan “Navoiyazot” shirkati mulozimiga ko‘ra, norozilik bildirgan ishchilar shirkatning Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikdagi loyihasi qurilishida ishtirok etayotgan yollanma ishchilardir.

Bular Xitoyning «China CAMC Engineering CO. Ltd» kompaniyasiga yollanib ishlayotgan ishchilar. Ular kunlik mehnatiga haq olishadi. Xitoy kompaniyasi qurayotgan loyihamizni Mustaqillik bayramiga topshirishni rejalashtirganmiz. Ish to‘xtab qolmasligi uchun ishchilar bilan kelishildi. Ular oyligiga qo‘shib beradigan bo‘lishdi. Hozir ish to‘xtasa, sentabrga ulgurmasligimiz mumkin. Bilasiz, prezident ikki marta kelib, loyiha bilan tanishib ketdi. Loyiha vaqtida topshirilmasa, katta to‘polon bo‘ladi”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan “Navoiyazot” mulozimi.

Mulozim xitoylik ishchilar oyligiga oid savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Norozilik bildirgan ishchilardan olingan ma’lumotga ko‘ra, 16 avgust kuni ular bilan rahbariyat uchrashib, oylikni oshirishga va’da bergach, ishga chiqishgan.

Oyligimizga 10 ming so‘mdan qo‘shib beradigan bo‘lishdi. Bu hech qancha pul emas. Lekin bunga rozi bo‘lmasak, umuman ishsiz qolish xavfi bois ishga qaytdik. O‘tgan yili shunaqa norozilik bildirganlardan 10 kishini ishdan haydashgan edi. Shunga qo‘rqqanimizdan ishga chiqishga majbur bo‘ldik”, dedi navoiylik ishchi”. Iqtibos tugadi. [1].

Men bu voqeadan xabardor bo’lganimdan keyin, SSSRning parchalanmasdan oldingi 1988-1989 yillardagi O’zbekistonni esladim.

O’sha yillari men O’zbekiston SSR fanlar akademiyasining Yadro fizikasi ilmiy tadqiqot institutida ishlar edim. Bir kuni bizga Xitoydan keltirilgan tushenka (konservalangan mol go’shti) berishdi, menimcha tekinga. Aniq esimda yo’q. Biz tushenkani xursand bo’lib olib, Xitoy ham rivojlana boshlabdi deb o’zaro kulishgan edik.

SSSR tarqalib ketib, O’zbekiston mustaqil bo’lganiga qariyb 30 yil bo’ldi. Yuqoridagi voqea shuni ko’rsatadiki biz Xitoydan iqtisodiy, ayniqsa texnologiya sohasida juda orqada qolib ketibmiz.

Nega shunday bo’ldi?-degan savol o’z o’zidan paydo bo’ladi.

Albatta, ko’pchilikka ma’lum bo’lgan javob, Xitoyning 1,4 milliard aholisi, arzon ishchi kuchi, bozorning nihoyatda ulkanligi va chet el investsiyasi uchun jozibadorligi uchun AQSH va Yevropaning, Yaponiyaning yirik firmalari ulkan investsiyalar kiritib Xitoyning bugungi qadar rivojlanishida katta ro’l o’ynagan.

Lekin, shuni e’tiborga olish kerakki Xitoy inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishda O’zbekistonga o’rnak bo’la olmaydi. O’zbekistonda o’lim jazosi bekor qilingan, Xitoyda esa minglab fuqaro yiliga qatl etiladi, asosan odam o’ldirish va narkotik moddalar bilan savdo qilgani uchun.

O’zbekistonda kontslager “Jasliq” 2019 yilda yopilyabdi, Xitoyda esa millionlab Sharqiy Turkistonliklar “qayta tarbiyalash” kontslagerlarida hamon saqlanmoqdalar.

Biroq, shularni e’tiborga olgan holda O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik va korruptsiya ko’rsatkichlarini taqqoslash menimcha o’rinli bo’ladi.

O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 53,3 ball bilan dunyoning 180 mamlakati ichida 140-o’rinni egallagan bo’lsa, Xitoy esa 58,4 ball bilan 100-o’rinda. [2].

O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 9 ball bilan dunyoning eng yomonlarning yomoni 13 mamlakati qatorida bo’lsa, Xitoy 11 ballga ega. [3,4].

O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 158-o’rinni egallagan bo’lsa, Xitoy esa 39 ball bilan 87-o’rinda. [5].

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki O’zbekiston siyosiy erkinlik ko’rsatkichi 9 ball bilan Xitoyning 11 ballidan ozgina farq bilan orqada. Biroq, O’zbekiston iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 53,3 ball bilan Xitoyning 58,4 ballidan ancha orqada va O’zbekiston korruptsiya ko’rsatkichi 23 ball bilan Xitoyning 39 ballidan ancha ko’p orqada.

Endi yuqorida 3 ko’rsatkichning O’zbekiston va Xitoyning axoli jon boshiga ishlab chiqarilgan mahsulotlar va xizmatlar ko’rsatkichi (GDP per capita), aniqrog’i indikatorida qanday aks etganini ko’rib chiqamiz.

O’zbekiston uchun bu ko’rsatkich 1 560 AQSH dollariga teng bo’lib, dunyoda 154-o’rinda, Xitoyda esa 10 099 teng bo’lib dunyoda 72-o’rinda. [6,7].

Bu yerda ochiq ko’rinib turibdiki, Xitoy iqtisodiy rivojlanishda dunyoning 2-elliktalik mamlakatlari qatorida bo’lsa, O’zbekiston esa dunyoning 4-elliktalik mamlakatlari qatorida.

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

Mamlakatda iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik, korruptsiya ko’rsatkichlari juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Dunyo tashvishlaridan ozgina uzilingda, o’zbek klassik adabiyotining asoschisi,ulug’ mutafakkir, shoir Alisher Navoiyning “Kecha kelgumdir debon…” g’azalini betakror ovoz sohibasi, xushovoz xonanda Munojot Yo’lchiyeva ijrosida tomosha qiling. [9,10].

Kecha kelgumdur debon…

 

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,

Ko‘zlarimg‘a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

 

Lahza-lahza chiqdim-u, chektim yo‘lida intizor,

Keldi jon og‘zimg‘a-yu, ul sho‘xi badxo‘ kelmadi.

 

Orazidek oydin erkonda gar etti ehtiyot,

Ro‘zgorimdek ham o‘lg‘onda qorong‘u kelmadi.

 

Ul parivash hajridinkim, yig‘ladim devonavor,

Kimsa bormukim, anga ko‘rganda kulgu kelmadi.

 

Ko‘zlaringdin necha su(v) kelgay, deb o‘lturmang meni

Kim bori qon erdi kelgan, bu kecha su(v) kelmadi.

 

Tolibi sodiq topilmas, yo‘qsa kim qo‘ydi qadam,

Yo‘lg‘akim, avvalqadam ma’shuqe o‘tru kelmadi.

 

Ey Navoiy, boda birla xurram et ko‘nglung uyin,

Ne uchunkim, boda kelgan uyga qayg‘u kelmadi. [9].

 

Manba http://tafakkur.net/kecha-kelgumdur-debon/alisher-navoiy.uz

 

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

23-avgust, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. “Navoiyazot”ning ikki kun ish tashlagan ishchilari oyligi ko‘tarilgach ishga chiqdi. 19.08.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30117670.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

9. Alisher Navoiy. Kecha kelgumdur debon… ( Manba http://tafakkur.net/kecha-kelgumdur-debon/alisher-navoiy.uz ).

10. Munojot Yulchieva ”Munojot” gazal by Navoiy national music. Tashkent, concert hall Istiqlol. 11.09.2011. ( https://www.youtube.com/watch?v=glaLRQkS0zQ ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.