O’zbekiston.Shavkat Mirziyoyevning liberallashtirish siyosati tugadimi?! (2019).

Spread the love

O’zbekistonda 2 ta dahshatli hodisa bo’lib o’tdi. Hokimiyatdagilar iloji boricha bu hodisalar haqida jamoatchilik bilmasligi va muhokama qilmasligini istaydilar. Bu dahshatli hodisalarning jamoatchilikka ta’sirchanligi shunchalik kuchliki, hattoki prezident Shavkat Mirziyoyev o’zining ozgina iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy liberallashtirish siyosatini to’xtatib qo’yishi mumkin.

1-dahshatli hodisa. Prezident oilasi tushgan suratdagiday mashinaning halokati jiddiy iddaolarni urchitdi.[1].

Ozodlikdan iqtibos: “O‘zbekiston prezidenti oilasi tushgan suratda aks etgan avtomobil bilan bir xil markadagi sportkarning avariyasi bilan bog‘liq jiddiy iddaolar urchimoqda

Xalq orasida “Prezident trassasi” nomini olgan Toshkentning Pushkin metro stansiyasi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida 6 avgust, kech soat 21:15 da yuz bergan avtoavariya rasman qurbonlarsiz yakun topdi.

Uchta avtomobil to‘qnashgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalar ekan, Internet foydalanuvchilarining e’tiborini bir mashina – Nissan GT-R R35 rusumli oq rangli sportkar o‘ziga tortdi.

Ko‘plab guvohlarning aytishicha, avtohalokat yuz bergan joy zudlik bilan o‘rab olingan va tezda tozalangan.

Avtohalokat yuz bergan joyda qora rangli Mercedes SUV avtomobili ham ko‘ringan.

Avtomobil narxlari arzon bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarda narxi 115 ming dollardan boshlanuvchi Nissan GT-R R35 sportkari Toshkent ko‘chalarida kamdan kam uchraydi.

Fotoda oq rangli Nissan GT-R R35 yonida Prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, prezidentning kuyovi Otabek Umarov, yosh bolalar orasida Otabek Umarovning o‘g‘li va prezident Mirziyoyevning o‘g‘lini ko‘rish mumkin.

Otabekning o‘ng tomonida turgan shaxs esa uning do‘sti, Londonda istiqomat qiluvchi asli buxorolik tadbirkor, 36 yashar Umid Mavlonovdir.

Fotodagi avtomobil avtohalokatga uchragan avtomobilmi-yo‘qligini mustaqil ravishda tasdiqlatishning imkoni yo‘q.

Avtohalokatning rasmiy izohi

Toshkent shahar IIBB o‘xshash avtohalokatlar haqida kamdan-kam holatlarda izoh beradi.

Ammo bu gal aksi bo‘lganday. Ba’zi mahalliy nashrlarning xabar qilishicha, IIBB matbuot xizmati avtoavariyadan bir soat o‘tiboq haydovchi Sh. J. boshqaruvni yo‘qotib, ikkita yengil avtomobil bilan to‘qnashgani to‘g‘risida bayonot bergan.

Xabarga ko‘ra, jiddiy yo‘l-transport hodisasida “inomarkada” ketayotgan Sh. J. boshqaruvni yo‘qotib, ikkita yengil avtomobil – Spark va Matiz bilan to‘qnashgan.

Mahalliy matbuot uch kishi, jumladan huquqni muhofaza qilish organlarining ikki xodimi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Xabarlarda avtohalokat tafsilotiga to‘xtalmaganlar, faqat Matiz haydovchisining ahvoli og‘ir ekani va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganini aytish bilan cheklangan.

Ozodlik Nissan sport avtomobilini boshqargan sirli haydovchi haqida keng tarqalgan da’volarni o‘rganishga harakat qildi.

O‘zbekistonda bloklangan, xorijdan turib faoliyat yurituvchi mustaqil El-Tuz.com nashri avtomobil egasi prezident Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarov ekanini iddao qilib chiqdi”. Iqtibos tugadi.

Yana shu Ozodlikning maqolasidan iqtibos: “Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar xavfsizlik xodimiga ko‘ra, avtohalokat boshqa bir “nufuzli xavfsizlik xodimi” tufayli yuz bergan.

Ularning avtohalokat qurbonlari haqidagi iddaolari ham rasmiy xabarlardan tubdan farq qiladi.

Hamma narsa zudlik bilan tozalab tashlandi va bu odamlarga eltuvchi izlar yo‘qoldi” dedi Ozodlik manbalardan biri.

Biroq uning bu iddaolarini mustaqil ravishda tasdiqlatish imkonsiz”. Iqtibos tugadi.

Londonda yashovchi, vatandoshimiz tadqiqotchi, olim Alisher Ilhomov facebookdagi sahifasida xabar berishicha:” 6 avgust kuni Nissan avtomobilining bosib ketishi natijasida 3 kishi o’lgan. Bir erkak kishi va uning 2 farzandi. Nissanning rulida prezident oilasining a’zolaridan biri bo’lgan. Oldin 3 kishi jarohat olgani va bittasining axvoli o’ta og’irligi xabar qilingandi. Axvolning yanada dahshatligi ayon bo’lib qoldi.

Shu sababli, barcha izlar yo’q qilinmoqda.Bu haqda xabar bergan yagona sayt “Aziya Terra” xakerlar hujumiga uchragan va to’la uzilgan. Boshqa mahalliy ommaviy axborot vositalariga bu haqda churq etmaslik to’g’risida jiddiy yo’riqnoma berilgan.

Biroq, haqiqatni yashirib bo’lmaydi. Baribir, bundan ertami kechmi hamma xabar topadi. Shu sababli janob prezident haqiqatni hammaga oshkor qilish kerak. Shunda o’zingizning obro’yingizni saqlab qolasiz.

To’g’ri, qarindoshingizning qilmishi hammaga ayon bo’ladi. Bu ishni qilmasangiz bu voqea sizni butun prezidentligingiz davomida ta’qib etadi. Siz tushunishingiz kerak, bu voqeani yashirish bilan Siz ham jinoyatga sherik bo’lib qolasiz. Bunday xatarli yo’ldan yurishdan o’zingizni tiying”. [2].

2-dahshatli hodisa. O’zbekiston: Dollar ko’tarilmoqda, nima bo’ladi? ( Ўзбекистон: Доллар кўтарилмоқда, нима бўлади?). [3].To’g’rirog’i buni dahshatli ma’lumot desak aniqroq bo’lar.

BBCdan iqtibos: “13 avgust kuni O’zbekistonning qator banklari 1 AQSH dollarini 8 940 so’mdan olib, 9 000 so’mdan sotmoqda.

Oxirgi bir haftada ichki valyuta bozorida so’mning keskin qadrsizlanishi kuzatilgan”. Iqtibos tugadi.

TransferWise xalqaro pul almashtirish bo’yicha tashkilot ma’lumotiga ko’ra: 1 USD → 8704.16 UZS . 14.08. 2019. [4].

O’zbekiston Markaziy banki kursi bo’yicha 1 AQSH dollari 8 882 so’m. Bu 15 avgustdagi ma’lumot.

O’zbekistondagi rasmiy axborot vositalari yuqorida keltirilgan dahshatli 2 hodisa haqida lom mim demayabdi. Ularni tushunsa bo’ladi. Yaqinda 2 haftadan keyin 1 sentyabr-mustaqillik kuni. O’zbekiston mustaqilligining 28 yilligi nishonlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining qariyb 3 yilligida uning ozgina liberallashtirish, erkinlashtirish siyosatining natijalari aniqroq, tiniqroq ko’rina boshladi.

Prezident oilasi va qarindoshlari korruptsiyaga mukkasidan ketgan. Prezident oilasiga tegishli kishilar qonundan yuqorida. Ular jinoyat qilsalar jinoiy ish ochilmaydi. Ular jazolanmaydi. Hokimiyatdagilar korruptsiyani gullab yashnatishyabdi. Oqibatda, vatandoshlarning noroziligi kuchayib bormoqda.

Bunga yaqqol misol 26 iyul kuni kechqurun Urganchlik minglab norozilar tomonidan Urganch- Xonqa-Xazorasp yo’lining to’sib qo’yilishidir. Bundan oldinroq aprel oyida Toshkent shahrida Sergeli tumanidan yuzlab norozilar uylarning narxi qimmatlashib ketganidan qattiq norozi bo’lib prezident devoni va Sergelidagi qurilish shtabi oldida o’z noroziliklarini bildirgan edilar.

O’zbekiston ommaviy axborot vositalarida marhum diktator Islom Karimov davridagiday mamlakatda iqtisod tinmay o’sayotgani, ayniqsa sanoatda 6,9 foizga o’sganligi va mamlakatga chet el investitsiyalarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizga yetganligi ( o’tgan, 2018 yilda 25 foiz bo’lgan)

kabi yutuqlar bilan to’la.

Afsuski, o’zbek so’mining AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanib borayotganligi bu yutuqlarning asossizligini ko’rsatadi. Mamlakatda narxlar maoshlarga nisbatan tez o’sib bormoqda, qashshoqlashish davom etmoqda. O’zbekistonning tashqi qarzi o’sib bormoqda, 20 milliard AQSH dollariga yetib qoldi.

Bunday ijtimoiy, iqtisodiy axvolning yomonlashib borishi prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy va iqtisodiy erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirishni taqozo qiladi. Biroq, korruptsiyaga botqog’iga botgan prezident oilasi va qarindoshlarining hamda amaldorlarning manfaatiga bu erkinlashtirish siyosati ziddir, ayniqsa siyosiy liberallashtirish.

Mamlakatda iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik, korruptsiya ko’rsatkichlari juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[5].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [6].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[7].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [8].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [9,10].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [9,10].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [9,10].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [11].

O’zbekiston mustaqilligiga 28 yil bo’libdiki na iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichida, na siyosiy erkinlik ko’rsatkichida, na korruptsiya ko’rsatkichida sezilarli, salmoqli o’sish bor, progress bor. Mamlakatda korruptsiya gullab yashnayabdi. O’zbekiston vatandoshlari hanuzgacha korruptsionerlarning quli bo’lib qolmoqdalar. Mashhur dramaturg Sharof Boshbekovning asari va stsenariysi asosida suratga olingan “Temir xotin” filmidan progressga oid parchani ko’ring. [12].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

16-avgust, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Prezident oilasi tushgan suratdagiday mashinaning halokati jiddiy iddaolarni urchitdi (VIDEO). 08.08.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30098339.html ).

2. Alisher Ilkhamov. ВСЕ ГОРАЗДО СЕРЬЕЗНЕЕ. ПРЕЗИДЕНТСКИЕ ШУМАХЕРЫ СЕЮТ СМЕРТЬ.11.08.2019. (https://www.facebook.com/alisher.ilkhamov?fref=gs&__tn__=%2CdC-R-R&eid=ARB6cMtIpMoaEU1m69KNgAQQYFJB2icpyz4JN1YVQ6bkxWPxS3gikUhEjeZIgWlIscuuZGmN2ZxG5DBu&hc_ref=ARQrrj5Dfc48UzMFNNx43ze35gwiiDdGUAEVHmi0gDbX9PjARhONim6gvX2o20N03DY&dti=1702403539857772&hc_location=group_dialog ).

3. Ўзбекистон: Доллар кўтарилмоқда, нима бўлади? 13.08.2019.

( https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-49333842 ).

4. 1 USD → 8704.16 UZS . 14.08. 2019.

( https://transferwise.com/gb/currency-converter/usd-to-uzs-rate ).

5. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

6. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

7. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

8.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

9. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

10. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

11. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

12. O‘zbek film – (Talablarga binoan) – Temir Xotin. 28.12.2017. (https://www.youtube.com/watch?v=2N5XxKmqbJs ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.