O’zbekiston. Hokimlar nega prezidentga “xizmat” qiladi, xalqqa emas?! (2019).

Spread the love

O’zbekistonda hokimlarning xalqdan, prezidentdan, xalqaro jamoatchilikdan, bloggerlardan, ijtimoiy tarmoq faollaridan kechirim so’rashi mamlakatda qonun ustivorligi, mamlakat prezidentidan tortib oddiy vatandoshgacha ( tuman,viloyat hokimlari ham) qonun oldida teng degan konstitutsiya moddalarining muntazam, sistematik ravishda oyoq osti qilinib kelayotganligini ko’rsatadi.

Ozodlikdan iqtibos: [1].“Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyati hokimlari prezident Mirziyoyev topshirig‘i bilan xalq, prezident, xalqaro jamoatchilik, blogerlardan uzr so‘radi. 2 avgust kungi videoselektorda prezident Mirziyoyev Bosh vazir va o‘z devoni rahbariga Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyati hokimlarini ishdan olish masalasini ko‘rib chiqish hamda ularning xalqdan kechirim so‘rashini tashkil qilishga topshiriq bergandi.

2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘inda prezident uch hokimdan Internet orqali chiqish qilib, ahmoqligini tan olish va xalqdan kechirim so‘rashi haqida topshiriq berdi.

Ana shu yig‘indan ikki kun o‘tib, 3 hokim oddiy aholi, hokimlik rasmiylari va mahalliy blogerlar qarshisida noqonuniy buzilishlar hamda to‘lanmagan tovon pullari uchun, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, uzr so‘radi.

Farg‘ona viloyat hokimidan kechirim

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 4 avgust kuni Rishton tumanidagi uchrashuvda tumandagi buzilishlarni “xato”, deb tan oldi va uzr so‘radi.

“Men ochiq aytaman, albatta bu – xato bo‘ldi. Rishton tumanida kim xato qilgan bo‘lsa aytib o‘taman, ularga nima bo‘lganini ham aytib o‘taman. Albatta, birinchi navbatda, o‘zim viloyat hokimi lavozimida ishlayotgan odam sifatida bu xatoda mening ham aybim bor. Mening juda katta aybim bor. Bizning qilgan xatoimiz jonajon, aziz davlatimiz obro‘siga, ayniqsa O‘zbekiston prezidentining bugungi kunda olib borayotgan mana shunday islohotlari – qanday qilib bo‘lsa ham, odamlarni rozi qilish, xalq davlatimiz idoralariga emas, davlatimiz idoralari xalqqa xizmat qilsin, degan ezgu g‘oyaga hech qanday obro‘ylariga putur yetkazmasligi kerak. Mana hozir bizlarni ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rishayapti. Hammadan uzr so‘rab, kechirim so‘rayman, shaxsan viloyat hokimi sifatida”, dedi viloyat hokimi.

G‘aniyev uzr so‘rarkan, bu jarayonni kuzatib borayotgan “ijtimoiy tarmoqlar”, degan jumlani qayta-qayta tilga oldi va “Hamma-hammaning oldida bo‘yin egib, ta’zim qilib, uzr so‘rayman”, dedi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyat hokimi viloyat Qurilish boshqarmasi rahbari, Rishton tumani hokimi va uning o‘rinbosaridan iborat jami 14 rahbar ishdan olinganini ma’lum qildi.

G‘aniyev Rishtonda avvalgi 25 sotixlik bozor o‘rniga 2 gektarga yaqin bozor qurilishi hamda 200 atrofida savdo shohobchasi ochib berilishini va’da qildi.

Qashqadaryo viloyat hokimidan kechirim

4 avgust kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ham Yakkabog‘ tumaniga borib, aholi va jamoatchilik faollari davrasida prezident va xalqdan kechirim so‘radi.

“Yakkabog‘da ro‘y bergan voqealar 100 foiz viloyat va tuman hokimliklarining xatosi. Buning uchun yuz bora, ming bora, hukumatimizdan, xalqimizdan, aziyat chekkan tadbirkorlarimizdan, hurmatli jurnalist va blogerlarimizdan, ta’zim qilib, yana bir marta iltifot qilib, kechirim so‘ramoqchimanki, mana shu masalada bizlar juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik. Agar bizga yana imkon bo‘lsa, agar shunga shart-sharoit yaratib berilsa, oldingiga o‘xshab, “Buzilsin, olib tashlansin, qo‘porilsin”, degan siyosatdan mutlaqo voz kechib, har bir kishi bilan, kerak bo‘lsa, individual ishlab, yordam berib, ishlaymiz”, dedi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev.

Xorazm viloyat hokimidan kechirim

Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov esa Urganchning Ashxobod mahallasidagi buzilishlar va to‘lanmagan tovon pullari uchun kechirim so‘radi.

“Biz sizlarning juda ko‘p aziyat chekishingizga va qiynalishingizga sababchi bo‘ldik. Albatta men bunda o‘zimni aybdor, deb bilaman. Sababi oldindan rejalashtirib, hamma hisob-kitoblarini qilib, sizlar bilan hisoblashim, so‘zlashib qilganimizda, bu voqealar kelmas edi. Sizlarning oldingizda turib, sizlardan kechirim so‘ramoqchiman”, dedi viloyat hokimi.

Hokim Urganch markazidan Chondirqiyot mahallasidagi bo‘sh yer maydonlariga ko‘chirib yuborilgan 400ga yaqin oilaning uy-joyini tezda bitirib berishni va’da qildi”. Iqtibos tugadi. [1].​

Yana Ozodlikning shu maqolasidan iqtibos: “Do‘stlikka xiyonat va siyosatga dushmanlik qilayotgan hokimlar

2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Mirziyoyev 3 viloyat hokimini “do‘stlikka xiyonat va siyosatga dushmanlik qilgan” deb tanqid qildi.

Mirziyoyev internet nashrlarida bu viloyatlardagi buzilishlarga fikr bildirgan o‘zbekistonliklarning yozganlarini dastak qilib keltirib, o‘zi ishongan hokimlar unga “katta dushmanlik” qilganini aytdi.

– Aripov bilan Nizomiddinovga topshiriq, qaysi viloyat hokimini ishdan olishni taklif bering. Menga kerak emas! Yana bir marta aytyapman, bu siyosat bilan biz uzoqqa bora olmaymiz — zo‘ravonlik siyosati bilan! Agar zo‘ravonlik siyosati zo‘r bo‘lganda, 30 yilda zo‘r bo‘lib ketardik”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident uylari buzilib ko‘chada qolgan, oylab tovon pulini ololmagan minglab odamlarning ko‘chaga chiqib avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun, Xorazm viloyati hokimi Ermanovni ham qattiq tanqid qildi:

– Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri – Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga o‘xshagan noinsoflaringga «tabrik» jo‘nataman. Urganch shahar hokimi [Shuhrat Abdullayev – tahr.]ni jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo‘lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan “do‘stliging”. Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi”, dedi Xorazm viloyat hokimni nazarda tutgan prezident.

Ozodlik Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida uyi buzilgan minglab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Honqa avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani, shu tariqa ular hokimlik tovon pulini bermayotgani, qurilish materiallari narxi haddan ortiq oshib ketganiga norozilik bildirgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan edi.

Bu voqeani eshitgan prezident Bosh vazirni shoshilinch tarzda Urganchga yuborgan, Abdulla Aripov norozi aholi bilan uchrashib, o‘sha kunning o‘zida tovon pulini to‘lattirgan edi”. Iqtibos tugadi.

O’zbekistonda tuman, viloyat hokimlari va oliy hokimiyatdagilar korruptsiya yo’li bilan boyishga mukkasidan ketganliklari vatandoshlarga sir emas. Hokimlar buzdi buzdiga berilib ketib xalqning ommaviy noroziligini keltirib chiqarishdi. Menimcha, hokimlar jabrlanganlardan ommaviy norozilikni kutmagan bo’lsalar kerak. Ularning zehniyatida inson huquqlari va erkinliklarini oyoq osti qilish odatiy holga aylanib qolgan.

Biroq, biz 21-asrda yashayabmiz. Hokimlarning zehniyati esa oldingi asrlarda, ko’proq o’rta asrlarda qolib ketgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa 21-asrda inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilmasdan mamlakatni iqtisodiy,ijtimoiy qoloqlikdan olib chiqa olmasligini tushunib yetgan ko’rinadi.

O’zbekiston marhum diktator Islom Karimov boshqaruvida, 27 yil davomida faqat Xitoy va Rossiya investitsiyalariga asoslanibgina dunyoning rivojlangan, erkin, demokratik mamlakatlari investitsiyalarisiz iqtisodiy, ijtimoiy rivojlana olmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari va erkinliklarini yaxshilash yo’lida birmuncha ishlar qilgani uchun ham Jahon bankidan 3,3 milliard AQSH dollari qarz olishga va 1 milliard AQSH dollari miqdorida Londonda obligatsilar chiqarishga erishdi.

Lekin, afsuski O’zbekistonda o’rta sinfning va fuqaroviy jamiyatning shakllanishi uchun sharoit yaratilmagan. Hanuzgacha, siyosiy muxolifatga, siyosiy raqobatga yo’l yo’q. Mustaqil sud tizimi yo’q.

O’zbekistonning tashqi qarzi o’sib bormoqda. Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish esa sust. O’zbek so’mi AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanib bormoqda. 2017 yilning sentyabrida 1 AQSH dollari 8 000 so’m atrofida edi. Bugungi kunda esa 8 700 so’m.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlarning xalqdan, jabrlanganlardan, bloggerlardan, ijtimoiy tarmoq faollaridan kechirim so’rashi bilan, Jasliq kontslagerini yopish bilan vaqtinchalik vatandoshlarning va jahon jamoatchiligining noroziligini bartaraf qilishga muvaffaq bo’ldi.

Biroq, mamlakatda iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik, korruptsiya ko’rsatkichlari juda past va buning oqibatida O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[2].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [3].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[4].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [5].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [6,7].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [6,7].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8].

O’zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev va korruptsiyaga mukkasidan ketgan hokimlarning boshqarish uslubi o’rta asrlarni, Bobur davrlarini eslatadi.

Zahiriddin Muhammad Bobirning “Yaxshilig’” radifli g’azali asosida Ma’murjon To’xtasinov ijrosidagi qo’shiqni tinglang.[9,10].

Ma’murjon To’xtasinov. Bobur. Yaxshilig’.

Yaxshilig‘” radifli g’azal

 

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul,

ahli jahondin yaxshilig‘,

 

Kimki, ondin yaxshi yo‘q,

ko‘z tutma ondin yaxshilig‘.

 

Gar zamonni nayf qilsam ayb qilma, ey rafiq,

Ko‘rmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshilig‘!

 

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma,

Kelmadi jonimg’a hech oromi jondin yaxshilig’.

 

Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yamonliq asru ko‘p,

Emdi ko‘z tutmoq ne ma’ni har yamondin yaxshilig’?

 

Bori elga yaxshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo‘q

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig!

 

Yaxshilig’ ahli jahonda istama Bobur kibi,

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig’? [9].

 

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

9-avgust, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Mirziyoyev topshirig‘i bilan 3 hokim xalq va prezidentdan uzr so‘radi (VIDEO). 04.08.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30091797.html ).

2. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

3. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

4. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

9. “Yaxshilig‘” radifli g’azal. ( Manba http://tafakkur.net/yaxshilig-radifli-gazal/zahiriddin-muhammad-bobur.uz ).

10. Ma’murjon To’xtasinov – Yaxshilig’ (Bobur g’azali). 28.10.2012. (https://www.youtube.com/watch?v=zJBuX6Rn2Wg ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.