O’zbekiston. Urganchdagi norozilar siyosiy talablar ham qo’ya oladilarmi?! (2019).

Spread the love

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan buzdi-buzdilar, buzilgan uylarga, do’konlarga, binolarga tovon puli to’lamaslik yoki qisman to’lashlik hokimiyatdan jabrlangan vatandoshlarning ommaviy noroziligiga olib keldi. [1,2].

Ozodlikdan iqtibos:”Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan minglab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aytildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, odamlar hokimlik uyi buzilganlarga tovon pulini bermayotganiga, qurilish materiallari narxi haddan ortiq oshib ketganiga norozilik bildirgan.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 27 iyul tushdan keyin voqea sodir bo‘lgan joyga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kelgan.

Bu haqda Ozodlikka 27 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan norozilik namoyishida qatnashganlar xabar qildi.

Suhbatdoshlar tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismlari sir qolishini iltimos qildi.

Namoyish qatnashchilaridan birining aytishicha, Urganch tumanining Ashxobod ko‘chasidagi buzilgan 400 ta uydan Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lining yoqasidagi dalaga ko‘chirilgan aholi tovon puli to‘la berilmayotganidan va qurilish materiallari narxi oshib ketganidan arz qilib, 26 iyul kuni viloyat hokimi qabuliga borgan.

Viloyat hokimi ularni qabul qilmagan va yordamchisi orqali o‘zi kechqurun mahallaga borishini aytgan.

Nega odamlar hokim kirgan palatkani yiqitdi?

Urganchlikka ko‘ra, viloyat hokimi kechqurun odamlar palatkalarda yashab turgan joyga kelib, norozilik bildirayotganlar bilan gaplashmay, anchayin sharoit yaratilgan ko‘rgazmali palatkaga kirgan:

Mahallada odatda “shukronachilar” bo‘ladiku, hokim xalq bilan gaplashmay o‘shalarning palatkasiga kirdi. Buni ko‘rib xalqning jahli chiqdi. Nega biz bilan gaplashmay, u palatkaga kirib ketdi deb, odamlar palatkani ushlab turgan arqonlarni kesib tashladi. Palatka hokim va uning mulozimlari boshiga yiqildi. Bir amallab palatkadan chiqqan hokim mashinasiga o‘tirib qochib ketdi. Odamlar uning mashinasini quvib, katta magistral yo‘lgacha borishdi va yo‘lni yopib olishdi. Bu taxminan soat 11 larda bo‘ldi. Minglab yoshu-qari, erkagu ayol avtomobil yo‘liga o‘tirib oldi. Kelgan mashinalar to‘xtab qoldi. Bir-ikkitasi yo‘lni ochinglar deb janjal qilgan edi, odamlar ularga tosh otib derazalarini sindirib tashladi”

Milliy gvardiya va organ xodimlari xalqni zanjir qilib o‘rab oldi

Boshqa bir urganchlikning aytishicha, shundan so‘ng Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning yuzlab xodimlari, o‘t o‘chiruvchi mashinalar yetib kelgan:

Milliy gvardiya faol yigitlardan bir-ikkisini ushlab olib ketmoqchi edi. Xalq yopishib qo‘lidan ajratib oldi. Keyin ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hech kimga tegma deb buyruq berdi. 27 iyul soat 1 gacha odamlar yo‘lni to‘sib turdi. Keyin milliy gvardiya va militsiyaning bosimi bilan avvalgi joyi, qurilish bo‘ladigan joyga qaytishdi. Xalqning atrofini milliy gvardiya va militsiya qo‘lini qo‘lga berib o‘rab oldi. Hech kimni tashqariga chiqartirmadi, kirgizmadi ham”.

Xalqning sabri tugadi

Norozilik namoyishida qatnashgan boshqa bir urganchlikning aytishicha, kompensatsiya pullarining to‘xtatib qo‘yilgani, qurilish materiallarining narxi oshib ketgani, aholining xoru-zorlikda yashayotgani ularning sabr kosasini to‘ldirib yuborgan:

400dan ortiq oilaga qop-qop va’dalar berib, uylarini buzib, Chandirqiyot qishlog‘idagi dalaga ko‘chirib tashlashdi. Suv yo‘q, changu tuproqda aholi bir necha oydan buyon azob bilan yashayapti. Bir oy avval xom g‘isht 180 so‘m edi hozir 250 so‘mga chiqib ketdi, pishgan g‘isht 650 so‘m edi, endi 850-900 so‘mga chiqdi. Ustalarning ish haqi ikki baravarga oshdi. Uylarni buzishdan oldin 50 foiz pulini berib, chaylaga borsang qolgan 50 foizini beraman, dedi. Xalq bunga ham rozi bo‘ldi. Hammani chaylaga 100 foiz chiqarib olganidan so‘ng, pul berish to‘xtatildi”

Uning aytishicha, tovon pulini to‘lig‘icha, uyi buzilganlarning bor-yo‘g‘i 10 foizi olgan xolos:

O‘zi baholashda bular g‘irromlik qildi. Masalan shahardagi mening uyim narxi 500 million so‘mlik edi. Bular esa 200 million so‘mga baholadi. Baholovchiga nega haqiqiy qiymatini baholamayapsan desam, men agar seni uyingni shunday baholasam, qolganlar ham talab qiladi. Kam qilib baholash haqida yuqoridan topshiriq bo‘lgan, bo‘lmasa meni ishdan bo‘shatishadi, dedi. Xalq arosatda qoldi. Bu yoqdan kuz kelyapti, hademay yog‘ingarchilik boshlanadi. Ba’zi odamlar hali uylarining fundamentini quyib tugatgani yo‘q”.

Viloyat hokimi xalqni tinchlantirishga harakat qilib, va’da beryapti

Voqea guvohlaridan birining aytishicha, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining yuzlab xodimlari 27 iyul kuni ham norozilik namoyishida qatnashgan aholini hali ham o‘rab turibdi:

“Odamdan milisa ko‘p, mahbus tashiydigan mashinalarni, avtobuslarni, o‘t o‘chiruvchi mashinalarni olib kelib qo‘yishgan. Hozir ham qorovullik qilib turishibdi. Bugun ertalab viloyat hokimi bir necha muovinlari bilan birga keldi. Har bir palatkaga kirib, odamlar bilan gaplashdi. Milisalar bir joyga to‘planib gaplashishga qo‘ymadi. Hokim har bir oilaga bir moshinadan qum beradigan bo‘ldi tekinga, toshni arzonlatadigan bo‘ldi. Gaz yo‘qligi uchun xumdonlar ishlamay ohak qimmatlab ketgan edi, ohakni ham narxini tushiramiz dedi. G‘ishtni narxini 10 foiz arzonlab beramiz, dedi. Xullas, shunaqa va’dalar berdi, xalqni tinchlantirishga harakat qilyapti. Qani ko‘ramiz, bu ham va’dasiligicha qolib ketsa, yana yo‘lni to‘samiz”

Ozodlik Xorazm viloyati hokimligidan hozircha bu voqeaga munosabat ololmadi”. Iqtibos tugadi. [1].

Bosh vazir Urganchda yo‘l to‘sgan aholi bilan uchrashib, tovon puli ertalabgacha to‘lanishini va’da qildi.[3,4].

Yana Ozodlikdan iqtibos:[4].”O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 27 iyul kuni soat 17 da Urganch tumanida buzilgan uylari uchun tovon puli ololmaganidan norozilik bildirib, 27 iyulga o‘tar kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini ikki soatga to‘sib qo‘ygan aholi bilan uchrashdi.

27 iyulga o‘tar tunda bo‘lgan voqea to‘g‘risida Ozodlik “Urganchda uyi buzilib, tovon puli ololmagan minglab odam norozilik bildirib avtomobil yo‘lini to‘sdi” maqolasida xabar bergan edi.

26 iyul kungi norozilik namoyishida ishtirok etgan urganchiliklardan birining aytishicha, Bosh vazir 27 iyul kuni bir qancha rahbarlar bilan kelgan:

“Abdulla Aripov boshchiligidagi rahbarlar bir necha mashinada kelishdi. Xalq bilan ochiq muloqot bo‘ldi. Odamlar tovon pulini to‘la ololmayotgani, yoz o‘tib ketayotgani, qurilishlari bitmay yomg‘irli kunlarga qolishini, eski uylarining qurilish materiallarini o‘zlari bilan olib ketishgani uchun tovon pulining 10 foizi ushlab qolinayotgani haqida shikoyat qilishdi. Bosh vazir hammani diqqat bilan tinglab, bugun ertalabgacha hammaning hisob raqamiga tovon puli 100 foiz tushishini, bir foiz ham ushlab qolinmasligi haqida va’da berdi. Uchrashuv yarim soatcha davom etdi. Keyin Bosh vazir ketdi”.

Urganchlikning aytishicha, Bosh vazirning atrofida qo‘riqchilari ko‘p bo‘lgani bois, uni videoga olish imkoni bo‘lmagan:

“Bosh vazir va’dasiga ishondik, shuncha katta odam Toshkentdan uchib kelib, bizdan hol so‘raganiga xursand bo‘ldik. Hokimlar xalqni so‘nggi sabri qolguncha qiynashni yaxshi ko‘radi, shekilli. Qop-qop va’dalarni berib, tinch yashayotgan uyimizdan ko‘chirdi. Keyin nima bo‘lsang bo‘l, deb o‘z holimizga tashlab qo‘ydi. Qani ko‘ramiz bu yog‘i nima bo‘ladi ekan?” Iqtibos tugadi. [4].

Urganchliklarning ommaviy noroziligiga korruptsiyaga mukkasidan ketgan amaldorlarning ularning mulk daxlsizliga tajovuz qilishlari, ularning huquq va erkinliklarini hurmat qilmasliklaridir. Norozilarning talablari faqat ijtimoiy iqtisodiy talablar bilan cheklanib qolmoqda.

Norozilar o’z huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun tashkilotlarga uyushib, masalan inson huquqi tashkilotlari, harakatlar, partiyalarga a’zo bo’lish darajasiga ko’tarila olmayabdilar.

Zero, O’zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarining oyoq osti qilinishi, hokimiyatning zo’ravonligi va korruptsiyaning gullab yashnashi o’rtasida to’g’ri bog’liqlik bor.

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li erkin, demokratik saylovlardir. Erkin, demokratik saylovlar o’tkazish esa hokimiyatdagi va muxolifatdagi partiyalar uchun bir hil, teng sharoit yaratilishini taqozo qilinadi. Biroq, O’zbekistonda hokimiyatda korruptsionerlar bo’lgani uchun, ular muxolifatni doim ta’qib va tayziqlarga duchor qilib uni siyosiy kuchga aylanishiga yo’l qo’ymaydi.

O’zbek jamiyati, o’zbek hokimiyati siyosiy raqobatsiz O’zbekistonni iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotga erishib bo’lmasligini qanchalik erta tushunib yetsa shunchalik yaxshi bo’lardi. Afsuski, mustaqillikning bu yilgi 28 yilligida ham O’zbekistonda ommaviy axborot vositalari va shu jumladan internet ham erkin emas. So’z erkinligi, tashkilotlarga uyushish erkinligi, yig’ilishlar erkinligi, harakatlanish erkinligi, e’tiqod erkinligi cheklangan. Iqtisodiy erkinlik yo’q. Mustaqil sud tizimi yo’q. Muxolifatga yo’l yo’q.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[5].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [6].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[7].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [8].

O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48). [9,10].

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43). [9,10].

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq, O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [9,10].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [11].

Norozilik namoyishlari, ijtimoiy iqtisodiy talablar, siyosiy talablar va iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik, korruptsiya hamda erkin, demokratik saylovlar bo’yicha mulohozalardan keyin mashhur, xushovoz hofiz Ortiq Otajonovning dunyoga tanilgan “Lazgi” sini tomosha qiling. [12].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

2-avgust, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Urganchda uyi buzilib, tovon puli ololmagan minglab odam norozilik bildirib avtomobil yo‘lini to‘sdi (VIDEO). 28.07.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30078868.html ).

2. Урганчда минглаб одам норозилик намойишига чиқди. Улар уйлари бузилишидан норози. 27.07.2019. видео. 1:27 минут. (https://www.ozodlik.org/a/30078466.html ).

3. Бош вазир Абдулла Арипов зудлик билан Урганчдаги намойишчилар билан учрашди. 27.07.2019. видео.1:42 минут. (https://www.ozodlik.org/a/30078735.html ).

4. Bosh vazir Urganchda yo‘l to‘sgan aholi bilan uchrashib, tovon puli ertalabgacha to‘lanishini va’da qildi. 28.07.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30078861.html ).

5. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

6. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

7. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

8.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

9. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

10. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

11. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

12. Ortiq Otajonov – Lazgi. 30.09.2008. ( https://www.youtube.com/watch?v=WEIz6lE9k0o&list=RDY6fIC6BuXDY&index=25 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.