O’zbekiston. Korruptsionerlar uchun jannatmakon yurt. (2019).

Spread the love

O’zbekistonda korruptsiya, zo’ravonlik, inson huquq va erkinliklarini oyoq osti qilish mo’l ko’l. Yirik korruptsionerlar tuzoqqa tushishdi. Buyog’i nima bo’ladi?

Quyidagi 4-ma’lumot, dalil mamlakatdagi korruptsiyaning ko’lami, qama qamalar, ishdan bo’shatishlar, lavozimda pasayishlar, ko’tarilishlarga tuzoqqa tushgan korruptsiyanerlarning ta’siri haqida.

1-dalil. Andijon hokimi “o‘zi” uchun fermerlarga alohida bug‘doy solig‘i solgani iddao qilindi. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Andijon viloyati, Andijon tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning iddao qilishicha, ular rejani bajargan bo‘lsa-da, tuman hokimi “uning o‘zi uchun 2-3 tonnadan” bug‘doy berishni talab qilmoqda.

Fermerlarning aytishicha, bu bug‘doy qabul punktiga topshirilmasdan, hokim aytgan joyga olib borib to‘kilyapti.

Bu bug‘doyni qabul qilib olingani haqida fermerlarga hech qanday hujjat berilmagan.

Tuman fermerlar kengashining raisi bundan xabari yo‘qligini aytdi.

Andijon tumanining “O‘zbekiston” massivida ishlaydigan, hokim tomonidan tazyiq bo‘lishi mumkinligidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, u bug‘doy rejasini ortig‘i bilan bajargan bo‘lsa ham, tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov yana uning o‘ziga 3 tonna bug‘doy berishga majbur qilgan:

Tuman hokimi bug‘doy shtabida hamma fermerlarga nagliy, ochiq aytdi. Uch tonnadan yana berasan, dedi. Mana, “Haqiqat” ham olib borib to‘kyapti, “O‘zbekiston”, “Oydin buloq” massivlaridagi fermerlar ham olib boryapti. Majburiy. O‘zi har gektariga 37 sentnerdan majburiy shartnoma qildirgan edi. Keyin 45 sentnerdan topshirasan dedi. Buni ham topshirdik. Endi esa, “men uchun, tuman uchun 2-3 tonnadan berasan”, dedi. Fermerlarni qaqshatyapti, majbur olib borib to‘kyapmiz”. Iqtibos tugadi. [1].

2-dalil. Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi xalqaro pul yuvishda ayblangan shaxslarga aloqador. [2,3].

Britaniyalik tadqiqotchi, kriminalog Kristian Lasslett bundan oldingi chop qilgan maqolalarida Toshkent Cityning chet ellik 3 “investori” ofshor zonalarga ro’yxatga olingan kompaniyalarning ta’sischilari ekanligini aytgandi, lekin ularning nomlarini oshkor qilmagandi. Kristian Lasslett bu nomlarni oshkor qildi.

O’zodlikdan iqtibos: “Ozodlik: Siz suhbatimiz boshida Jahongir Ortiqxo‘jaevning Akfa-Artel guruhi tarkibiga kirgan “shirkatlar boshqaruvida pul yuvish bilan bog‘liq janjalga aloqador shaxslar ham bor”¸ dedingiz. Bu shaxslar kimligini ochiqlay olasizmi?

Kristian Lasslet: Albatta. Buyuk Britaniyadagi kompaniyalar registratsiya qilinadigan Company House saytida Dartlex Impex LLP haqida berilgan ma’lumotda Yuriy Vitman va Stan Gorinning shirkat ma’muriyatiga bevosita aloqador ekanini ko‘rsatadi. Matbuot xabarlariga ko‘ra¸ Dartlex Impex LLP shirkati Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashli yirik holdinglardan biri – J-United Groupning britaniyalik partnyori. J-United Group Dartlex Impex LLP bilan Navoiy erkin iqtisodiy zonasida alyuminiy mahsulotlari ishlab chiqaradigan umumiy kapitali 35.2 million dollarlik qo‘shma korxona tuzgan. Navoiy zonasi investorlarga juda katta soliq va boj imtiyozlari beradi.

Dartlex Impex LLP shirkatining Jahongir Ortiqxo‘jaev ta’sis qilgan kompaniyalar guruhi bilan munosabatlari shunchaki xorijiy partnyordan ko‘ra murakkabroqdir. Masalan¸ Dartlex Impex LLP shirkati White Machine Technology shirkati aksiyalarining 95.7 foiziga egalik qilgan. White Machine Technology esa Artelning changyutgich va mikroto‘lqinli pechlar ishlab chiqaruvchi brendi. Bu esa¸ Dartlex Impex LLP ning Ortiqxo‘jaevning Akfa-Artel korporatsiyasi strukturasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilib ketganini ko‘rsatadi.

Jahongir Ortiqxo‘jaevning “britaniyalik partnyori” deb qayd etilgan Dartlex Impex LLP hisobotlariga qo‘l qo‘yib kelgan Yuriy Vitman va Stan Gorin nomini o‘zbekistonliklar bilmasligi mumkin. Ammo ular xalqaro surishtiruv jurnalistlariga ancha tanish nomlar.

Bu ikkala shaxs Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich davridagi korrupsiyalashgan shartnomalar¸ qurol-yarog‘ kontrabandasi va pul yuvish amaliyotlarida gumonlanayotgan “Latviya mafiyasi” deb atalgan guruhga aloqador deb ko‘riladi. Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi va Ukraina surishtiruv jurnalistlari bu shaxslarni International Overseas Services (IOS) deb nomlangan offshor kompaniyalarining transmilliy tarmog‘ining yetakchi menejerlari deb e’lon qilgan.

Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi tarkibidagi yana bir shirkat aksiyalarining yana bir “tanilgan egasi” xalqaro maydonda pul yuvish amaliyotlariga gumonlanib¸ oldi-berdi qilish taqiqlangan shaxsdir.

Worldpoint Sales Limited shirkati yaqinlargacha Eko Elektron shirkati aksiyalarining 100 foiz egasi bo‘lgan. Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi xalqaro tadqiqot markaziga aylanganidan so‘ng bu aksiyalar Akfa-Artel menejerlaridan biri Ismoil Isroilov nomiga o‘tkazildi. Eko Elektron esa Ortiqxo‘jaevning Artel brendi tomonidan elektr texnika mahsulotlari uchun ishlatilayotgan mahalliy shirkatdir.

Worldpoint Sales Limited shirkatining direktori Danny Banger bo‘lgan. Bu odam kimligini bilasizmi? Danny Banger – BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekistonda o‘ta og‘ir holatlarda firibgarlik sodir etgan shaxs deb topilgan va 2023 yilga qadar BMT qora ro‘yxatiga kiritilgan. Korrupsiya va pul yuvish kabi amaliyotlarda gumonlangan bu odam Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi tarkibiga kiruvchi shirkatga rahbarlik qilib kelgan”. Iqtibos tugadi. [2,3].

3-dalil. Imon Karimova Shveysariyadagi millionlarni qaytarish to‘xtatilganini bildirdi. [4].

Ozodlikdan iqtibos: “Bitta odam – Gulruh Rasulovna Karimovaning hatti-harakatlari bois¸ O‘zbekiston xalqi va’da qilingan pullarni ololmaydi. Bu esa birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Bundan bir oycha oldin onam bu pullarni qaytarish uchun mavjud to‘siqlarni aylanib o‘tish va olib tashlash jarayonini boshlagan edi”¸ deb boshlanadi Imon Karimovaning navbatdagi maktubi.

Xatda yozilishicha¸ onasi saqlanayotgan qamoqxona noziri Gulruh Karimova o‘z nazoratidagi koloniyadagi tuganmas janjallar¸ besh ayolning har xil sabab bilan o‘lgani ortidan o‘tgan yil ishdan chetlatilgan; besh ayol va 21-koloniya qoshidagi bolalar uyida saqlangan bir bola o’limi Gulnora Karimova 2018 yili jazoni o‘tash davrida ro‘y bergan.​

Imon Karimova¸ bunday iddaosiga biror-bir dalil keltirmagan.

Imon Karimova ta’kidicha¸ 2019 yilning mart oyida onasi “uydirma ayblar” bilan qayta 21-koloniyaga tashlanganidan so‘ng¸ prokuratura xodimlari¸ xususan Ilyos Muhammedov Gulruh Karimovani yana qamoqxona nozirligiga tayinlagan.

Ko‘p o‘tmay¸ Gulruh Rasulovnaning bu amalga maxsus vazifa bilan – onamga bosim o‘tkazish uchun qaytarilgani ayon bo‘ldi. Prokuratura xodimlari onam bilan muvaffaqiyatsiz tugagan kelishuvda o‘zlari qilgan qonun buzishlarini bekitish¸ onamni hamkorlik qilmagandek ko‘rsatish va shu orqali uning qamoqdan chiqish ehtimolini butunlay yo‘q qilishni istashdi”¸ deb yozadi Imon Karimova.

O‘zbekiston marhum prezidentining Londonda yashayotgan nevarasi¸ onasi joriy yilning mart oyida 21-koloniyaga qaytarilgandan beri yana ikki odamning o‘lganini aytadi. Ozodlik bu iddaoni hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlata olmadi.

O‘tgan oy Imon Karimova va Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokati Greguar Manja (Grégoire Mangeat) marhum prezident to‘ng‘ichining Zangiota qamoqxonasida o‘ta og‘ir ahvolda saqlanayotgani¸ salomatligi yomonlashib borayotgani¸ tez-tez hushdan ketishiga qaramay¸ unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani haqida yozgan edi”. Iqtibos tugadi. [5].

Bundan oldingi maqolam va videoda jurnalist Komiljon Shamshiddinovning birinchi va oxirgi davlat kotibi Rahim Rajabov bilan suhbatida [6] mamlakatda zavod va korxonalar korruptsiya yo’li bilan qanday qilib xonavayron qilingani bayon etilgan bo’lsa, muxolifatchi siyosatchi Safar Bekjon Urganjiyning “Hokimiyatdagi 45 rahbar Shveytsariyada bloklandi” (Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди) videosida O’zbekistonning 45 yuqori lavozimdagi rahbarlarining korruptsiya yo’li bilan orttirgan mablag’larining, pullarining Shveytsariya banklarida muzlatilganligi oshkora qilingandi. [7].

Marhum diktator Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimovaning 1 milliard AQSH dollariga yaqin pul mablag’lari va mol mulklari ham Shveytsariyada muzlatilgan edi. Shu muzlatilgan pullardan 133 million AQSH dollari miqdoridagi pullari O’zbekistonga qaytariladigan bo’ldi. [4]. Gulnora Karimova hammasi bo’lib 15 milliard AQSH dollari o’margan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarliginig dastlabki yillarida prokurorlarni “Hammang o’g’risan. Bularning go’dayganini ko’ring” kabi iboralar bilan siylagan edi. Bu gaplardan keyingi qama qamalar katta shov shuvlarga sabab bo’lgan edi. Lekin, bu qama qamalarning asl sababi mavhumligicha qolgan edi. Muxolifatchi Safar Bekjon Urganjiyning bir qator videolaridan ma’lum bo’ldiki O’zbekistonlik yuqori lavozimdagi 90 yirik amaldordan 45 tasining Shveytsariyadagi bank hisoblari, mol mulklari muzlatilgan. Qolgan 45 tasiniki ham muzlatilishi mumkin. 90 yirik korruptsionerlarning pullari, mol mulklari muzlatilsa, korruptsionerlar o’margan pullaridan mahrum bo’lib qolishlari mumkin. O’zbekistonda esa ijtimoiy iqtisodiy ahvol juda og’ir. O’zbekiston bu pullarga juda muhtoj.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bularning hammasidan oldindan xabardor bo’lgan. Balkim, uning o’zi ham 90 yirik korruptsioner qatoridadir. Nima bo’lgandayam, tuzoqqa tushgan 90 yirik korruptsionerlarning pullarini mamlakatga qaytarish kerak, shu jumladan balkim, o’zining pullarini, mol mulklarini ham.Obrazli qilib aytganda prezident Shavkat Mirziyoyevning bir oyog’i qopqonda, bir oyog’i erkin.

Menimcha, O’zbekistonlik yirik korruptsionerlarning Shveytsariyaga o’tkaziyotgan pullarinig iflosligi, kirligi Yevropaning, AQSHning rahbarlariga ma’lum bo’lgan. Lekin, Afg’oniston, Iroq va Suriyadagi terroristlarga qarshi urushda ular marhum diktator Islom Karimovning hamkorligiga,yordamiga muhtoj bo’lishgani uchun bu korruptsion ishlarga ko’z yumishgan. Terroristlar umuman olganda yanchildi. Endi O’zbekistondagi yirik korruptsionerlarni jazolasa bo’laveradi.

O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasiga ko’ra:

118-modda.

O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.

Afsuski, O’zbekistonda vatandoshlarning huquq va erkinliklari har qadamda oyoq osti qilinadi, zo’ravonlik va korruptsiya gullab yashnayabdi. Bunda prokuraturaning hissasi ham ulkan.

4-dalil. Manbalar: Otabek Murodov hibsga olinishi ortidan Bosh prokuraturada yangi “tozalash” boshlandi. [8].

Ozodlikdan iqtibos:”Otabek Murodov 20 iyun kuni prezident farmoni bilan O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimidan olingani ortidan tizimdagi o‘nlab yuqori lavozimli mulozim ishdan olingan.

Bu mulozimlarning ko‘pchiligi¸ guvoh yoki jinoyat ishi figuranti sifatida so‘roq qilinmoqda. Hibsda qolayotgan Otabek Murodov esa¸ jarayonga yaqin rasmiyning aytishicha¸ advokat bilan uchrashtirilmayapti.

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridagi bir-biridan mustaqil ikkita mulozim iddaosiga ko‘ra¸ sobiq Bosh prokurorga yaqin bo‘lgan prokuratura xodimlaridan kattagina qismi ishdan olingan. Ulardan o‘nga yaqini jinoyat ishi figuranti sifatida tergovga tortilgan.

Borayotgan tergov¸ shuningdek kadrlar almashinuviga oid matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi bois¸ bu mulozimlar shaxsi sir qolishini so‘radi.

Ozodlik gaplashgan huquq tizimi rasmiysiga ko‘ra¸ viloyat prokurorlarining 70 foizidan ishdan ketish haqida ariza olingan va bu arizalar qondirilgan. Hozircha bu ma’lumot Bosh prokuratura tomonidan rasman tasdiqlanmadi.

Ozodlik gaplashgan bu mulozimlar ishdan chetlashtirilgan prokuratura xodimlari o‘z sobiq rahbari Murodov ustidan ko‘rsatma yozib berishganini bildirdi. Suhbatdosh iddaosicha¸ bu xodimlar o‘z ko‘rsatmasida Bosh prokurorga katta summada pora berishga majburlanganini yozib bergan.

Prokuraturadagi kadr o‘zgarishlardan xabardor mulozim Ozodlikka Otabek Murodov qamalishi ortidan lavozimidan ajragan amaldorlar ro‘yxatini taqdim qildi.

Bu ro‘yxatda Bosh prokuraturaning Ichki ishlar vazirligi organlaridagi qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Toshtemirov¸ Qoraqalpog‘iston prokurori Xidir Karimov¸ Bosh prokuratura Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Mirsafoev nomlari bor.

Ozodlikka taqdim etilgan ma’lumotlarda shuningdek¸ Ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi¸ Sud qarorlarini ijro etishda va qamoqqa olinganlarni saqlashda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat boshqarmasi¸ Qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlarini himoya qilish bo‘limi¸ Jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi rahbarlarining lavozimidan olingani aytiladi

Bosh prokuraturada boshlangan yangi tozalash to‘lqinidan xabardor ikkinchi Toshkent mulozimi¸ aksariyat boshqarma va bo‘lim rahbarlari¸ shuningdek viloyat prokurorlarining ishdan ketishini tasdiqladi.

Ozodlik hozircha bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlatishga muvaffaq bo‘la olmadi.

Ikki sobiq Bosh prokuror – Rashitjon Qodirov va Ixtiër Abdullaevlar qamoqqa olinib¸ ular korrupsiya va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangani ortidan¸ prokuratura tizimida tozalash jarayoni boshlangan edi.

Bosh prokuratura joriy yilning apreliga qadar¸ “so‘nggi bir yil ichida tizimdagi barcha rahbarlik lavozimlarining 66 foizga yangilangani¸ 2016-2019 yillar ichida esa rahbar kadrlarni yangilashning 97 foizni tashkil etgani”ni ma’lum qilgan edi”. Iqtibos tugadi. [8].

Yuqorida keltirilgan dalillar bo’yicha, O’zbekiston ommaviy axborot vositalarida Kristian Lasslettning Jahongir Ortiqxojayevga tegishli bo’lgan korruptsion sxemalarni fosh qiluvchi tadqiqotlari, 3 chet ellik investorning nomlari, Safar Bekjon Urganjiyning 90 yirik korruptsionerga oid videolari yoritilmadi.

Bu dalillar bo’yicha Bosh prokuratura jinoiy ish ochmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hech qanday munosobat bildirmadi.

Qisqa xulosa shuki, mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurash sistematik olib borilmayabdi, faqat nuqtaviy (tochechniy) olib borilyabdi. O’rta sinf va fuqaroviy jamiyat oyoqqa turib olishi uchun sharoit yaratilmayabdi.

Zero, O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [9].

O’zbekistondagi inson huquqlari va erkinliklarining oyoq osti qilinishi, iqtisodiy va siyosiy erkinliklarning cheklanganligi, zo’ravonlik va korruptsiyaning bisyorligi mamlakat vatandoshlarida albatta faxrlanish hissi uyg’otmaydi. Bular 21 asrga tegishli qadriyatlardir. Bu qadriyatlar bizga notanishroq, begonaroqdir. Biroq, xalq biron narsadan faxrlanishi kerak-ku?!

O’rta asrlar tarihi, mashhur olimlari shoirlar, sarkardalar bizga tanishroq, tushunarliroq.

Shunday faxrlanish hissini marhum, mashhur shoirimiz Erkin Vohidovning “O’zbegim” she’rini o’qiganimizda [10] va mashhur hofiz Sherali Jo’rayev ijrosida eshitganimizda tuyamiz. [11].

O’zbegim [10]

Qasida

Tarixingdir ming asrlar

Ichra pinhon, o‘zbegim,

Senga tengdosh Pomiru

Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.

 

So‘ylasin Afrosiyobu

So‘ylasin O’rxun xati,

Ko‘hna tarix shodasida

Bitta marjon, o‘zbegim.

 

Al Beruniy, Al Xorazmiy,

Al Forob avlodidan,

Asli nasli balki O’zluq,

Balki Tarxon, o‘zbegim.

 

O’tdilar sho‘rlik boshingdan

O’ynatib shamshirlarin

Necha qoon, necha sulton,

Necha ming xon, o‘zbegim.

 

Tog‘laring tegrangda go‘yo

Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu,

Ikki daryo – ikki chashming,

Chashmi giryon, o‘zbegim.

 

Qaysari Rum nayzasidan

Bag‘rida dog‘ uzra dog‘,

Chingizu Botu tig‘iga

Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.

 

Yog‘di to‘rt yondin asrlar

Boshingta tiyri kamon,

Umri qurbon, mulki toroj,

Yurti vayron, o‘zbegim.

 

Davr zulmiga va lekin

Bir umr bosh egmading,

Sen – Muqanna, sarbador – sen,

Erksevar qon, o‘zbegim.

 

Sen na zardusht, sen na buddiy,

Senga na otash, sanam,

Odamiylik dini birla

Toza imon, o‘zbegim.

 

Ma’rifatning shu’lasiga

Talpinib zulmat aro,

Ko‘zlaringda okdi tunlar

Kavkabiston, o‘zbegim.

 

Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek

Ko‘ragoniy jadvalin,

Sirli osmon tokiga ilk –

Qo‘ydi narvon, o‘zbegim.

 

Mir Alisher na’rasiga

Aks-sado berdi jahon,

She’riyat mulkida bo‘ldi

Shohu sulton, o‘zbegim.

 

Ilmu she’rda shohu sulton,

Lek taqdiriga qul,

O’z elida chekdi g‘urbat,

Zoru nolon, o‘zbegim.

 

Mirzo Bobur – sen, fig‘oning

Soldi olam uzra o‘t,

Shoh Mashrab qoni senda

Urdi tug‘yon, o‘zbegim.

 

She’riyatning gulshanida

So‘ldi mahzun Nodira,

Siym tanni yuvdi ko‘z yosh,

Ko‘mdi armon, o‘zbegim.

 

Yig‘ladi furqatda Furqat

Ham muqimliqda Muqiym,

Nolishingdan Hindu

Afg‘on Qildi afg‘on, o‘zbegim.

 

Tarixing bitmakka, xalqim,

Mingta Firdavsiy kerak,

Chunki bir bor chekkan ohing

Mingta doston, o‘zbegim.

 

Ortda qoldi ko‘hna tarix,

Ortda qoldi dard, sitam,

Ketdi vahming, bitdi zahming,

Topdi darmon, o‘zbegim.

 

Bo‘ldi osmoning charog‘on

Tole xurshidi bilan,

Bo‘ldi asriy tiyra shoming

Shu’la afshon, o‘zbegim.

 

Men Vatanni bog‘ deb aytsam,

Sensan unda bitta gul,

Men Vatanni ko‘z deb aytsam,

Bitta mujgon, o‘zbegim.

 

Faxr etarman, ona xalqim,

Ko‘kragimni tog‘ qilib,

Ko‘kragida tog‘ ko‘targan

Tanti dehqon, o‘zbegim.

 

O’zbegim deb keng jahonga

Ne uchun madh etmayin!

O’zligim bilmoqqa davrim

Berdi imkon, o‘zbegim.

 

Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,

Men bashar farzandiman,

Lek avval senga bo‘lsam

Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.

 

Menga Pushkin bir jahonu

Menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor,

Ko‘ksi osmon, o‘zbegim.

 

Qayga bormay boshda do‘ppim,

G’oz yurarman, gerdayib,

Olam uzra nomi ketgan

O’zbekiston, o‘zbegim.

 

Bu qasidam senga, xalqim,

Oq sutu tuz hurmati,

Erkin o‘g‘lingman, qabul et,

O’zbegim, jon o‘zbegim.

1968

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

5-iyul, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Andijon hokimi “o‘zi” uchun fermerlarga alohida bug‘doy solig‘i solgani iddao qilindi. 29.06.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30027652.html ).

2. Kristian Lasslett: Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi xalqaro pul yuvishda ayblangan shaxslarga aloqador! 01.07.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30031679.html ).

3. “Markaziy Osiyodagi biznes imperiyasi Britaniyadagi maxfiylikdan qanday foydalanmoqda”. 01.07.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30031630.html ).

4. Shveysariya prokuraturasi Karimova pullaridan $133 millionini O‘zbekistonga qaytarishga qaror qildi. 24.06.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30017678.html ).

5. Imon Karimova Shveysariyadagi millionlarni qaytarish to‘xtatilganini bildirdi. 03.07.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30033768.html ).

6. Xurshid Davron Kutubxonasi.Sobiq davlat kotibi Rahim Rajabov bilan suhbat – Xurshid Davron kutubxonasi. 13.05.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=q3OOYrfxiGs ).

7. Safar Bekjon Urganjiy.Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди. 17. 03.2019. ( https://www.youtube.com/watch?v=Tk6SgEeABFY ).

8. Manbalar: Otabek Murodov hibsga olinishi ortidan Bosh prokuraturada yangi “tozalash” boshlandi. 03.07.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/30033785.html ).

9.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

10. O’zbegim. Qasida. ( Manba http://tafakkur.net/ozbegim/erkin-vohidov.uz ).

11. Sherali Jo’rayev – O’zbegim | Шерали Жўраев – Ўзбегим (concert version 2018). ( https://www.youtube.com/watch?v=6CaqJFkL9Pk ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.