O’zbekiston. Nahotki, Gulnora Karimova korruptsioner emas?! (2019).

Spread the love

Quyidagi 2 voqea O’zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari qanchalik hurmat qilinmasligi, korruptsiyaning naqadar chuqur ildiz otganligi va korruptsiyaga qarshi kurashish naqadar og’irligini ko’rsatadi.

1-voqea. Miromon Mirziyoev nomli tibbiyot birlashmasining o‘ttiz xodimi ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirdi. [1,2].

Ozodlikdan iqtibos: “Jizzax viloyati Zomin tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam shoxobchalarida ishlaydigan 30 nafardan ortiq hamshira, dori taxlovchi, sanitarka va dispetcher 18 iyun kuni tuman Xalq qabulxonasiga borib, ishdan noqonuniy bo‘shatilayotganiga qarshi norozilik bildirdi.

O‘tgan yilning noyabrida ish boshlagan bu tibbiyot xodimlari, birlashma rahbarlarini korrupsiyada ayblab, arizalarini xalq qabulxonasiga topshirgan.

Tibbiyot birlashmasi rahbari xodimlarning Xalq qabulxonasiga shikoyat qilib borganini tasdiqlar ekan, ularning yoppasiga qisqartirilayotganini inkor qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning otasi Miromon Mirziyoev nomiga qo‘yilgan Zomin tibbiyot birlashmasining o‘ttizdan ortiq xodimi 18 iyun kuni tuman xalq qabulxonasiga arz qilib borgani haqida, ismi sir qolishini so‘ragan shikoyatchilardan biri Ozodlikka xabar qildi:

O‘tgan yilning noyabr – dekabr oyida Zomin tumani qishloqlarida tez yordam shoxobchalari tashkil etilib, hamshira, sanitarka, dispetcher, dori taxlovchi shtatlariga 103 nafar odam ishga olingan edi. Endi esa shtat qisqaryapti deb, bizni ishdan bo‘shatishmoqchi. Hammaga ogohlantirish maktublari berilgan. Bu xodimlarning aksariyati ishga kirish uchun bir million so‘mdan uch million so‘mgacha pora berishga majbur bo‘lganini Xalq qabulxonasidagi mulozimlarga aytishdi. Ular bu gaplarning hammasini videoga olib Toshkentga yuborishlarini va u yerdan bu muammoni o‘rgangani maxsus komissiya kelishini aytgandan so‘ng, ayollar tarqadi”.

Ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgani haqida ogohlantirish xati olgan hamshira Hilola Kubaevaning Ozodlikka aytishicha, xalq qabulxonasida barcha ayollar o‘z haq-huquqlarini talab qilgan:

Seshanba kuni men ishda edim. Ishdan bo‘shatilayotgan xodimlar Xalq qabulxonasiga borishganda meni ham chaqirishdi. Borsam ishchilarimiz ishga kirish uchun pora berishga majbur bo‘lishganini, lekin besh-olti oy ishlamay ishdan bo‘shatilayotgani haqida kuyib gapirayotgan ekan. Biz ham gapirdik”

Hilola Kubaevaning aytishicha, norozilik bildirgan ayollarga tibbiyot birlashmasi mulozimlari qattiq bosim o‘tkazgan:

Kecha Xalq qabulxonasiga borib, olingan videodan nusxa berishni talab qildim, Toshkentga yuborganmiz deb, berishmadi. Ikki xodimning arizasidan nusxa olib keldim. Bugun esa o‘sha norozilik bildirgan hamkasblarim telefon qilib, bizni boshqa bezovta qilmang, ishdan haydasa ham rozimiz, tinch qo‘yishsa bo‘ldi, deyishyapti. Men esa oxirigacha boraman. Menku pora bermay xalq qabulxonasi orqali ishga kirganman, lekin o‘sha kuni o‘nlab ayollar korruptsiya tibbiyot birlashmasida chuqur ildiz otib ketgani haqida mulozimlarga aytishdi. Toshkentdan maxsus komissiya kelsin, adolatli tekshirsin, bularning hamma nayranglari fosh bo‘ladi”.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, xodimlar noroziligidan so‘ng birlashma kadrlar bo‘limi boshlig‘i, katta hamshira va boshqa mulozimlar norozilikka chiqqan har bir xodimning uyiga borib, uni da’volaridan voz kechishini talab qilgan:

Agar pora berganman desalaring, o‘zlaring ham qamalasizlar, yaxshisi arizalaringni qaytarib olinglar, deb erlarimiz, otalarimiz orqali bosim o‘tkazyapti”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan hamshiralardan biri.

Ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan birlashma shifokorlaridan birining aytishicha, agar haqiqatan ham xolis komissiya prezident otasi nomidagi tibbiyot birlashmasini tekshirib chiqsa, ko‘p adolatsizliklar namoyon bo‘ladi:

Bu birlashmadagi adolatsizliklarni sanab adog‘iga etolmaysiz. Kasallarning oziq-ovqat ta’minotidagi o‘g‘irliklar, “o‘lik shtatlar”, moddiy yordamlarning asl egalariga yetib bormayotgani, mukofotlarning faqat rahbarlarning yaqin odamlariga berilayotgani, bularning hammasi xolis reviziya qilinsa, ko‘p narsa chiqib keladi”.

Zomin tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Rustam Ibragimov Ozodlik bilan suhbatda xodimlarning Xalq qabulxonasiga arz qilib borganini tasdiqlar ekan, buni anglashilmovchilik deb atadi:

– Xodimlarning ishdan bo‘shatilishi degan gap yo‘q. Bularning qabulxonaga borgani, qandaydir noqonuniy agitatsiya bo‘lgan. Bir ayol agitatsiya qilgan. Bugun ham borib o‘sha ayollar bilan gaplashdik, ular o‘sha ayol aytgani uchun bordik, keyin videoga olib gapirtirmoqchi bo‘lganda biz ketdik, deyishdi. Hammasi oyligini olib, ishlab yuribdi. Tez tibbiy yordam shoxobchalarida faqat dori taxlovchi va dispetcher shtatlari masalasi bo‘lib turibdi. Masalan, dorini har kim ham taxlay oladiku. Biz tez tibbiy yordamni markazlashtirayotganimiz uchun dispetcher masalasi ham bor. Lekin bu xodimlarga boshqa joydan ish topib berishga harakat qilamiz.

Bosh vrach xodimlarning korrupsiya haqidagi iddaolariga mujmal javob berdi:

Har bir xodim mendan tashqari profsoyuz, tez yordam bo‘limi boshlig‘i, yurist, kadrlar bo‘limi boshlig‘i va o‘sha xodimning biror yaqini ishtirok etgan imtihonda tanlab olinadi. Masalan beshta da’vogar bo‘lsa, eng yaxshisi olinadi. Yana endi. Qanday o‘yinlar bo‘lgan, men bilmayman. Men o‘zimni oqlamoqchi emasman, lekin korrupsiya borligini kuzatmaganman”

Bosh vrach hech bir xodimga ogohlantirish maktubi yuborilmaganini aytdi”. Iqtibos tugadi. [1,2].

2-voqea. Uyushtirilgan kampaniya? Shou biznes vakillari Gulnoraga muhabbat izhor etishda yangi poyga boshladi. [3].

Ozodlikdan iqtibos: “24-25 iyun kunlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek shou biznesining ayrim taniqli namoyandalari marhum prezidentning qamoqdagi qizi Gulnora Karimovaning yaqin kunlarda ozodlikka chiqishini so‘rab duo qilish va madh etishga kirishdi.

Ozodlik gaplashgan Toshkentdagi blogerlardan biri¸ bloger va shou biznes vakillariga prezident administratsiyasining ayrim mutasaddilaridan maxsus buyruq bo‘lganini iddao qildi.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan bloger mazkur kampaniya jamoatchilikni Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqishiga tayyorlash va bu ehtimolga ijobiy munosabatni shakllantirish uchun uyushtirilganini bildirdi.

Qo‘shiqchi Rayhon Gulnora Karimovaga – Xalq sizni kechiradi!

23 iyun kuni Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova Instagram sahifasida o‘z onasining O‘zbekiston xalqi va prezidentiga murojaatini e’lon qildi.

2014 yili hibsga olinganidan beri birinchi marta qilingan bu murojaatida Karimova “xalqdan kechirim” so‘ragan.

24 iyun kuni o‘zbek estradasi yulduzlaridan biri Rayhon G‘anieva o‘z Instagram sahifasida Gulnora Karimovaning olmoslarga burkangan suratini qo‘yib:

– Xalq sizni kechiradi. Hammamiz hamisha xudodan bularning hammasi o‘tib ketishini so‘raymiz¸ degan yozuv qoldirdi.

Bu yozuv ortidan Rayhon muxlislari “hamma ham xato qiladi¸ beayb parvardigor”¸ “bizning sevimli opajonimiz¸ sizni juda sog‘indik” degan mazmunda duoi fotiha qilishga kirishgani kuzatildi.

Gulnora Karimovaning qizi Imon Rayhon va muxlislarining bu yozuvlariga like tugmachasini bosgan.

Karimov o‘lganda “doda tirik” deb chiqqan Jahongir Poziljonov Gulnorani sog‘inganini yozdi

Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov Rayhon postidan bir necha soat o‘tib o‘zi va oilasining Gulnora Karimova bilan birga tushgan suratini qo‘yib:

– Sizni sog‘indik. Tezroq eson-omon oilangiz bag‘riga qaytishingizni tilab qolamiz¸ sihat salomatlik tilaymiz¸ deb yozdi.

Bu yozuvi oxirida Poziljonov Imon Karimova va Gulnora Karimovaning Instagram akkauntini belgiladi (tag).

Halima qiziqchi Gulnora Karimovaga – “Vi moy kumir!”

Qiziqchi Halima Ibragimova ham 25 iyun kuni Instagramda Karimova haqqiga duo qilayotganlar safiga qo‘shildi.

Karimovaning shuhrat va qudrat shohsupasida bo‘lgan paytidagi suratini qo‘ygan Halima Ibragimova:

– Ollohim qo‘llasin. Farzandlaringizga bosh bo‘ling¸ tanu joniz sog‘ bo‘lsin. Sizi duogo‘ylaringiz ko‘p¸ Vi moy kumir¸ – deb yozdi va bu yozuvida u ham Imon Karimova va Gulnora Karimova akkauntlarini belgilab qo‘ydi.

Halimaning Instagramdagi 1¸6 million folloveridan 10 mingdan oshig‘i “yoqdi” deb yozgan bu post¸ bir necha soatdan so‘ng g‘oyib bo‘ldi.

25 iyun kuni ijtimoiy tarmoq¸ xususan¸ Instagramdagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilarni “g‘uvillatgan” Gulnora Karimova haqidagi duogo‘ylikka shou biznesning Shahzoda Matchonova¸ Ziyoda¸ Daler Subhonov¸ Dilfuza Qodirova kabi qator boshqa vakillari¸ shuningdek¸ tanilmagan yuzerlar ham qo‘shildi.

Ulardan ayrimlari “Alhamdulillah, inshallah, Ollohim o‘zingga shukur duolar qabuli uchun Robbim”¸ deb yozgan bo‘lsa¸ boshqalari “U yaqinda qaytadi¸URA!” deb bayram boshladi.

Gulnoraga ozodlik!”

O‘zbekistonlik jurnalist va bloger Karimberdi To‘ramurodning Facebook sahifasida 24 iyun kuni paydo bo‘lgan murojaati shunday nomlandi.

Gulnoraning kuchi, bilimi, tashkilotchilik qobiliyati, qolaversa, pulidan O‘zbek xalqi manfaati yo‘lida foydalanish shart. Unga ozodlik berish, hech bo‘lmasa, Fond forum doirasida faoliyat yuritishiga imkon berish kerak.

Bir oygina oldin kechirilishi aqlimizga sig‘magan odamlar kechirilib, ularga uy-joy ham berilganda, nahotki, Gulnorani kechirmaslik kerak?

Gulnoraga shans berilsa, xalqimiz uchun har birimizdan ko‘p nafi tegishiga men ishonaman.

U ham Ayol! U ham Ona!

Kechagina Prezidentimiz aytgan so‘zlar Gulnora haqida hamdir, unutmang!

Gulnoraga ozodlik berib, o‘zini el manfaati yo‘lida xizmat qilishini isbotlashi uchun shans berish shart!

Gulnoradagi bilim, salohiyat, qobiliyat, shijoat juda ko‘p erkakda ham yo‘q.

Gulnoraga ozodlik berilsin!”¸ deb yozdi samarqandlik jurnalist-bloger.

Bloger: kampaniyaga “tepadan” start berildi!

25 iyun kuni Ozodlikka bog‘langan blogerlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda foloverlari ko‘p bo‘lgan bloger va shou biznes namoyandalariga Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqishini so‘rab yozish haqida “tepadan” og‘zaki buyruq berilganini bildirdi.

Bu bloger “tepa” atamasiga aniqlik kiritib¸ prezident administratsiyasi tarkibidagi vakolatli idora va uning rahbari nomini tilga oldi.

(Bu iddaoni quvvatlovchi dalil ixtiyorida hozircha yo‘qligi bois¸ Ozodlik bu idora va uning rahbari nomini ochiqlamayotir.)

Blogerning aytishicha¸ topshiriq Gulnora Karimovaning yaqin orada ozodlikka chiqarilishiga ijtimoiy fikrni tayyorlash va uning xalqdan so‘ragan kechirimi ijobiy qabul qilingani “mujdasini yoyish” mazmunida bo‘lgan.

Ozodlik Karimberdi To‘ramuroddan o‘ziga boshqa bloger aytgan kabi “tepadan” maxsus ko‘rsatma berilgan-berilmaganini so‘rab murojaat qildi.

“Buni bir sotsiologik tadqiqot, so‘rovnoma desangiz ham bo‘ladi,” deya javob qaytardi Karimberdi To‘ramurod”. Iqtibos tugadi. [3].

Jurnalist Komiljon Shamshiddinovning birinchi va oxirgi davlat kotibi Rahim Rajabov bilan suhbatida [5] mamlakatda zavod va korxonalar korruptsiya yo’li bilan qanday qilib xonavayron qilingani bayon etilgan bo’lsa, muxolifatchi siyosatchi Safar Bekjon Urganjiyning “Hokimiyatdagi 45 rahbar Shveytsariyada bloklandi” (Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди) videosida O’zbekistonning 45 yuqori lavozimdagi rahbarlarining korruptsiya yo’li bilan orttirgan mablag’larining, pullarining Shveytsariya banklarida muzlatilganligi oshkora qilingandi. [6].

Marhum diktator Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimovaning 1 milliard AQSH dollariga yaqin pul mablag’lari va mol mulklari ham Shveytsariyada muzlatilgan edi. Shu muzlatilgan pullardan 133 million AQSH dollari miqdoridagi pullari O’zbekistonga qaytariladigan bo’ldi. [4]. Gulnora Karimova hammasi bo’lib 15 milliard AQSH dollari o’margan.

O’z o’zidan shunday savol tug’iladi, O’zbekistonda korruptsiyaga qarshi qanday kurashsa bo’ladi?

Korruptsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo’li-erkin, demokratik saylovlardir. Erkin, demokratik saylovlar o’tkazish uchun baquvvat o’rta sinf, kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi zarur.

Afsuski, O’zbekistonda baquvvat o’rta sinf va kuchli fuqaroviy jamiyat shakllanishi uchun iqtisodiy va siyosiy erkinliklar ta’minlangan bo’lishi kerak.

O’zbekistonda na muxolif siyosiy partiyalar ro’yxatga olingan, na erkin matbuot, na erkin internet, na mustaqil sud tizimi bor.

Mamlakatda mol mulk daxlsizligi ta’minlanmagan, hokimiyat zo’ravonligi va adolatsizlik gullab yashnamoqda.

Zero, O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [7].

O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[8].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [9].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[10].

Ajoyib shoirimiz, marhum Muhammad Yusufning qalblarni titratguvchi “Tavallo” [12] she’rini go’zal nom bilan “ Hech kimga bermaymiz seni O’zbekiston!” [13] deb mardonavor, qahromona ruhda kuylagan mashhur san’atkor Yulduz Usmonova qo’shig’ini jon qulog’imiz bilan tinglaymiz. Bu qo’shiq marhum diktator Islom Karimov davrida vatanni tashqi dushmanlar, ichki dushmanlar -terroristlardan himoya qilishga bag’ishlangan sifatida kuylangan,menimcha.

Lekin, real hayotda, bugunda O’zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilmaydigan, zo’ravonlar, korruptsionerlar tomonidan ishg’ol qilingan, boshqarilayabdi. Qisqasi, O’zbekiston vatandoshlari korrutsionerlarning, o’maruvchilarning qullari bo’lib qolishgan.

Ha, aytgancha Yulduz Usmonovaning Kun.uz kanali orqali “YULDUZ USMONOVA GULNORA KARIMOVANI «SOG‘INIB QOLGANLAR»DAN KO‘ZLARINI KATTA OCHISHNI SO‘RADI” san’atkorlarga murojaati, ularning xaddidan oshmasdan, Gulnora Karimovani “sog’inmasdan” o’z ijodlari bilan shug’ullanishlarini ta’lab qilgani, so’ragani men uchun juda kutilmagan voqea bo’ldi. [11].

Tavallo. [12].

Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni,

Ham oq yuvib-taragansan o`zing bizni.

Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib,

Kunimizga yaragansan o`zing bizni.

 

Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,

Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!..

Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,

Alpomishlar ruhi yor har o`g`loningga.

 

Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib,

Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oningga.

Adoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,

Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston.

 

Tuzing totib, unutganlar xor bo`ladi,

Ko`zlariga ikki dunyo tor bo`ladi.

Shodon daming ko`rolmagan yurtfurushlar

Bir kun bir kaft qumlog`ingga zor bo`ladi.

 

Yoningda turgaymiz seni, O`zbekiston,

Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!..

Gul ko`ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,

Soddadil-u ulug`vorlik senga xosdir.

 

Sevamizki, cho`llaring ham bizga jannat,

Tuprog`ing ham Makka misol muqaddasdir.

Onadek ko`rgaymiz seni, O`zbekiston,

Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!

 

Hech kimga bermaymiz seni O’zbekiston. [13].

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

28-iyun, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Miromon Mirziyoev nomli tibbiyot birlashmasining o‘ttiz xodimi ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirdi. 20.06.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30010860.html ).

2. Миромон Мирзиёев номли тиббиёт бирлашмасининг ўттиз ходими ишдан бўшатилаётганига норозилик билдирди. 21.06.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30012666.html ).

3. Uyushtirilgan kampaniya? Shou biznes vakillari Gulnoraga muhabbat izhor etishda yangi poyga boshladi (VIDEO). 25.06.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30020161.html ).

4. Shveysariya prokuraturasi Karimova pullaridan $133 millionini O‘zbekistonga qaytarishga qaror qildi. 24.06.2019. (https://www.ozodlik.org/a/30017678.html ).

5. Xurshid Davron Kutubxonasi.Sobiq davlat kotibi Rahim Rajabov bilan suhbat – Xurshid Davron kutubxonasi. 13.05.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=q3OOYrfxiGs ).

6. Safar Bekjon Urganjiy.Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди. 17. 03.2019. ( https://www.youtube.com/watch?v=Tk6SgEeABFY ).

7.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

8. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

9. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

10. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

11. YULDUZ USMONOVA GULNORA KARIMOVANI «SOG‘INIB QOLGANLAR»DAN KO‘ZLARINI KATTA OCHISHNI SO‘RADI. 27.06.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=7xiOAjfN_nI ).

12. Muhammad Yusuf. Tavallo. ( Manba http://tafakkur.net/tavallo/muhammad-yusuf.uz ).

13. Yulduz Usmonova.Hech kimga bermaymiz seni O’zbekiston.(https://www.youtube.com/watch?v=hAS-TYZn95A ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.