O’zbekiston. Nega mamlakat iqtisodi o’ta qoloq?! (2019).

Spread the love

O’zbekistonning iqtisodi o’ta qoloqligiga mamlakatda gullab yashnayotgan korruptsiya ekanligi hammaga ayon bo’lib qoldi. Men BBCda O’zbekistonning birinchi va oxirgi davlat kotibi va yirik davlat arbobi Rahim Rajabov bilan jurnalist Komiljon Shamshiddinovning suhbati bilan tanishib qoldim.[1].

O’zbekiston milliy axborot agentligi web saytida bu interv’yu bilan tanishishingiz mumkin. [2].Youtubeda Hurshid Davronning kanalida ham intervyu qo’yilgan [3]. Rahim Rajabov bilan intervyuda o’zbek oltini,mashinasozlik, og’ir sanoat,Aviatsiya zavodi, Algoritm zavodi, pritsep ishlab chiqaridigan korxona (zavod), avtomobil zavodi (Asakadagi avtomobil zavodi), chinni zavodi va Safar Bekjon Urganjiyning “Hokimiyatdagi 45 rahbar Shveytsariyada bloklandi” (“Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди” videosi bilan [4] tanishsangiz mamlakatdagi korruptsiyaga oid ko’p narsa sizga ayon bo’ladi.

1. Avval Rahim Rajabov bilan suhbatdan iqtibosni keltiraman. [2].

O’zAdan iqtibos:”– Mustaqil boʻlgach, Oʻzbekistonning yer osti boyliklari, yaʼni oltin, neft va gazning hisobi olingan edimi?

Bir voqeani aytay. Mustaqilikka endigina bir yarim-ikki yil chamasi boʻlgan edi. Men Zarafshonga bordim: 10 oyda 10-15 tonna oltin kam qazib olingan ekan. Ular (yaʼni kon rahbarlari) “otdan tushsayam, egardan tushmagan” vaqtlar. Bizga boʻysunmaslik holatlariyam bor edi, hammasi sabotaj qiluvchi, quloqlari ana u yoqqa (Moskva tomonga) qaragan edi. Shular bilan masalani qattiq muhokama qildik. Men “Oltin bizniki, u avval bizning xazinaga tushadi. Shundoq boʻlgach, uning hisob-kitobini ham toʻgʻrilab qoʻyinglar. Agar sizlar – biz ketib, oʻzbeklar oltinni qanday qilib qazib oladi, konlarni qandoq ishlatadi, desangiz, adashasiz. U chirimaydi. Qachon qazib olishga qurbimiz yetsa, oʻz kadrlarimiz yetishib chiqsa – qazib olamiz. Unga qadar yer ostida yotaveradi”, deya qatʼiy aytganman.

Qancha oltin qazib olinardi?

Boshlanish davrlarida yiliga 50-60 tonna olinardi. Hozir 2-3 marta koʻpayib ketgan. U paytda bittagina zavod, yaʼni “GMZ-1” bor edi, hozir shunaqa zavoddan uchtasi ishlaydi.

Oʻsha davrda Oʻzbekiston oltinlari kafolat sifatida, jahon banklariga qoʻyilgan, degan gap bor. Shu ishlarning boshida turgan odamlardan biri sifatida, qayerga va qancha oltin qoʻyilganini ayta olmaymizmi?

Bilasizmi, shunday sirlar borki, uni 20 yilda, baʼzilarini esa 25 yilda ochish mumkin. Ularni vaqtidan oldin gapirib qoʻyish – qonun oldida javobgarlik. Toʻgʻri, bilaman, lekin ularni oshkor etish vaqti kelgani yoʻq. Bir narsani ayta olamanki, Oʻzbekiston oltinlari – Angliyada ham, Shveysariyada ham, hatto Amerika banklarida ham bor…

Boya, oʻzaro gaplashib oʻtirganimizda, “Bizda aviatsiya sanoati taraqqiy qilgandi, afsuski, toʻxtab qoldi”, degandek gap qiluvdingiz. Soʻramoqchi boʻlganim – bugungi ogʻir sanoat ahvoli Sizni qoniqtiradimi?

Yoʻq. Bir vaqtlar bizning zavodlar SSSRning istalgan korxonasidan ham yaxshi edi. Keyinchalik, Islom Abdugʻaniyevich bitta menga achchiq qilib, ogʻir sanoatni ham, aviatsiya sanoatini ham yoʻqotib yuborgani yaxshi ish boʻlmadi. Ministrlar Sovetida mashinasozlik va ogʻir sanoat boʻlimi bor edi. Hatto shu boʻlimniyam yopib yubordi. Zavodlarni esa muttahamlarning qoʻliga berib, tugatdi. Hozir ham yaxshilab tekshirtirish mumkin: qani, ularni kim xususiylashtirib olgan ekan. Qonunda ham yozib qoʻyilgan – korxonar xususiylashgandan soʻng ham oʻz yoʻnalishida faoliyat yuritishi kerak edi. Masalan, “Algoritm” zavodi hozirgi valyutada 20-30 milliard dollarga baholanadi. U yerdagi murakkab texnika va texnologiyalar, binolar-u, oromgohlar – hammasini qoʻshsangiz, shunchaga borib qolardi. Uni kim, qaysi pulga sotib oldi, korxona ichidagi texnologiyalarni kim yoʻqotdi? Bu savollarga bugun javob yoʻq.

Bitta gap aytay, ogʻir sanoati yoʻq mamlakat – mamlakat emas. Nima, samolyotni faqat Amerikadan sotib olish kerakmi? Atrof mamlakatlarga, deylik, Xitoy, Hindiston, Pokistonga bizning samolyotimiz sotilsa, yomonmi? Biz boʻlsak, hammasini yopdik. Bugun bitta televizoringiz buzilsa, uni tuzatish uchun ketadigan uskunasi – oʻzidan ham qimmat…

Nega bunaqa boʻldi, sababi nimada, deb oʻylaysiz?

Rahmatli doʻstim bu korxonalarning hammasi kerakligini bilardi. Ammo… Anavi – dangʻillama uchastkalar, togʻdagi dam olish zonalari, milliard-milliard pullar qayerdan kelardi unda. Binolar-ku, koʻrinib turibdi, milliard dollarlarning ham bir qismini eshitayapmiz. Bu narsalarning hammasi – xalqni gadoy qilish evaziga keldi-ku. Shu ishlarni qilgan odamlar siyosatni olib bordi. Haliyam mamlakatimiz boy ekan, koʻp narsa bor ekan. Endi kelajakni, bolalarni oʻylashimiz kerak.

Siz mendan “Shuncha yil ishlab, biror korxonaning aksiyasini olganmisiz”, deb soʻrang. Yoʻq. Sotib olganlarning koʻpchiligi muttaham, oʻsha paytning oʻzida pulini chiqazib olishgan. Oʻsha zavodlardan keyinchalik birorta ogʻir mashina yoki traktor chiqibdimi? Hammasi oʻldi…

Siz hozir “Bizda mashinasozlik oʻldi” degan xulosa chiqarayapsiz. Lekin bizda avtomobil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi-ku…

Uka, siz hozir mashina ishlab chiqarilayapti, deyapsiz. Lekin uning deylik, bitta lampochkasi oʻchib qolsa, rasvo boʻladi. Chunki oʻzimizda ishlab chiqarilmaydi. Bunaqa “ishlab chiqarish” kimga kerak. Mayli, hamma narsani yuz foiz shu yerning oʻzida chiqarish qiyindir. Lekin hech boʻlmaganda, uning 60 foizini oʻzimizda ishlashimiz kerak…

Oʻshanda men hukumat raisi oʻrinbosari edim. Asakadagi hozirgi avtomobil zavodi oʻrnida traktorlarga pritsep ishlab chiqaradigan korxona boʻlardi. Ittifoqo Prezident Koreyaga bordi. U yerdan turib menga “Sening Asakadagi pritsep zavodingni koreyslarga sotdim”, deya telefon qildi. Vaholanki, zavodning oʻzi binoyidek ishlab turgan edi. Pritsep chiqarishning ham mashaqqatlari oz emas, chunki oddiy mashina toʻrtta odamni tashisa, u yuk tashiydi: tormozlari, gʻildiraklari, disklari mustahkam boʻlishi kerak. Men u kishiga, “Avtomobil zavodi kerak boʻlsa, ishlab turgan zavod orqasidan 45 gektar yer ajrataylik, yangidan qurishsin”, dedim. Lekin oʻzingiz bilasiz, davlat rahbari “Men vaʼda qildim” deb turgach, uning qaroriga qarshi chiqib boʻlmaydi.

Shundan keyin oʻzim delegatsiyaga rahbarlik qilib, Koreyaga bordik,bu yerda ham muhokama qildik. Men, ishlab chiqariladigan avtomobilning soni yiliga 80-100 mingta boʻlsin, narxi arzon, hamyonbop boʻlsin, degan taklifni bildirganman. Boshida 3-4 ming dollar, deb kelishdik. U paytlarda bu – uch-toʻrtta buqaning puliga teng edi…

Keyinchalik narxlar nimaning hisobiga oshib ketdi?

Chunki eng boshda imzo chekilgan hujjatlarni koʻtarib koʻradigan odam yoʻq, shekilli. Oʻsha yerda narx masalasi qatʼiy qilib yozib qoʻyilgan edi. Narx oshishidan – oʻzimizdagilarning ham manfaati boʻlsa kerakdir-da, unisini bilmayman. Koreya bilan boʻladimi, AQSH bilanmi, avvalo oʻz xalqimiz manfaatini koʻzlab, muzokara qilish mumkinmi? Yo faqat xalqdan shilib olib, byudjetni toʻlgʻazish kerakmi?.. E, oʻlsin unaqa byudjet, kimga kerak u…

Joyi jannatdan boʻlsin-u, lekin doʻstimdan xafaligim shundaki, u shu ishlarni nazorat qilmadi. Mamlakatga har tarafdan “och boʻrilar” yopishib, talab, bor narsaniyam yoʻq qildi. Esingizda boʻlsa, zoʻr chinni zavodimiz bor edi. U yerda ishlab chiqarilgan chinnilarni men G.Kissenjer (AQSHning sobiq davlat kotibi- tahr.)ga, Saddam Husaynga sovgʻa qilganman. Shu zavod ham sotilib ketdi. Sotib olgan odam bilan keyinchalik ogʻayni boʻlib qoldim. Oʻsha inson bir kuni, “Bilasizmi, Rahim aka, zavodni buzganimizda, undan chiqqan metall va gʻishtdan yana beshta zavod qursam boʻlarkan”, deb qoldi. Shunaqa gaplar. Endi yana qaytadan chinni zavod qurilayotgan emish…

Oddiy xalqni – bojxonachimiz talasa, transportchimiz talasa, boshqasi Xitoydan bir soʻmlik narsa olib kelib, oʻzimizda 5 soʻmga sotsa… Bu ishlar – maxsus qilingan edi. Lekin men unda ketib boʻlgandim…”. Iqtibos tugadi.

2. Safar Bekjon Urganjiyning “Hokimiyatdagi 45 rahbar Shveytsariyada bloklandi” (“Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди” videosi. [4].

Videoda muxolifatchi Safar Bekjon Urganjiy O’zbekistonning 45 rahbar, korruptsionerlariining Shveytsariyadagi bloklangan, muzlatilgan bank hisoblari, molk mulklari haqida hikoya qilinadi. 45 korruptsionerdan 5 tasining ismi familiyalari ham birma bir sanab o’tiladi.

Yuqorida keltirilgan O’zA muxbiri Komiljon Shamsiddinovninig Rahim Rajabov bilan suhbatidan diktator Islom Karimovning O’zbekistondagi mashinasozlik va og’ir sanoatga tegishli zavodlarni, jumladan Aviatsiya zavodi,Algoritm zavodi, pritseplar ishlab chiqariladigan zavod, chinni zavodi va boshqa korxonalarning korruptsiya yo’li bilan boyish uchun qanday xonavayron qilinishi ochib berilgan bo’lsa, Safar Bekjon Urganjiyning “Hokimiyatdagi 45 rahbar Shveytsariyada bloklandi” videosidan O’zbekistonning eng yirik 90 korruptsionerlaridan 45 tasining bank hisoblari va mol mulklari muzlatilgani ochiqlanadi.

Diktator Islom Karimovning mamlakatda 27 yil rahbarlik qilgan yillarda korruptsiya gullab yashnadi. Uning qizlari Gulnora Karimova (15 milliard AQSH dollari miqdorida) va Lola Karimova-Tillayevalar (bir necha milliard AQSH dollari) O’zbekiston xalqining boyligini o’marishdi. Buning oqibatida millionlab vatandoshlar mardikorlarga aylanishdi, 10 minglab ayollar fohishalik bilan shug’ullanishga majbur bo’lishdi.

Zero, O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan. Rossiya korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha 28 ball bilan 138-o’rinni egallagan bo’lsa, Ukraina 32 ball bilan 120-o’rinni egallagan. [5].

Korruptsiya gullab yashnayotgan mamlakatga halol chet ellik tadbirkorlar investitsiya, sarmoya kiritmaydi. Mamlakat iqtisodi rivojlanmaydi.

Darhaqiqat, O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [6,7].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YAIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [8,9].

AJB YAIM 1,460 AQSH dollari bo’lgan O’zbekiston 10-20 yillar oldin juda qoloq bo’lgan Hindiston (AJB YAIM 2,188), Nigeriya (2,244) va hattoki Bangladeshdan (1,882) ham orqada qolib ketdi.

O’zbekiston faqat 40 yildan beri urush bo’layotgan Afg’oniston (AJB YAIM 577) va 5 yil fuqarolar urushi bo’lgan Tojikistondan ( AJB YAIM 815) oldindaligi bilan faxrlana oladi. [7].

Dunyoning erkin, demokratik va iqtisodi rivojlangan mamlakatlarida ta’lim tizimi rivojlangan bo’ladi. O’qituvchilar o’rta sinfga kiradi. Iqtisodi o’ta qoloq,korruptsiya botqog’iga botgan O’zbekistonda o’qituvchilarning diktator Islom Karimov rahbarligi davridagi ayanchli ahvolini ajoyib qiziqchimiz,marhum Hojiboy Tojiboyev o’zining “Traktorchilar : Rais buva sigaretdan oling endi” nomli nomerida juda qiziqarli,kulgili qilib tasvirlagan.[10]. Men yana shuni ta’kidlab o’tishni lozim topdimki, bugungi kunda dunyoning eng zo’r, top 1000 universitetlari ro’yxatida O’zbekistondan bitta ham oliy o’quv yurti yo’q.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

21-iyun, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ўзбекистон: Каримов халқни гадой қилди – собиқ мулозим. 24.05.2019. (https://www.bbc.com/uzbek/world-48398686 ).

2. Rahim RAJABOV: “Xalqni gadoy qilish evaziga kelgan hashamat kimga kerak?!.” 13.05.2019. ( http://uza.uz/uz/society/rahim-rajabov-xalqni-gadoy-qilish-evaziga-kelgan-hashamat-ki-13-05-2019?sphrase_id=4325001 ).

3. Xurshid Davron Kutubxonasi.Sobiq davlat kotibi Rahim Rajabov bilan suhbat – Xurshid Davron kutubxonasi. 13.05.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=q3OOYrfxiGs ).

4. Safar Bekjon Urganjiy.Ҳокимиятдаги 45 рахбар Швейцарияда блокланди. 17. 03.2019. ( https://www.youtube.com/watch?v=Tk6SgEeABFY ).

5.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

6. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

7. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

8. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

9. Первый суверенный кредитный рейтинг от Fitch оказался благосклонен к Узбекистану. 21.12.2018. (https://fergana.agency/news/103789/ ).

10. Hojiboy Tojiboyev – Traktorchilar : Rais buva sigaretdan oling endi.

( https://www.youtube.com/watch?v=lHHi9h6aFQQ ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.