Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonni korruptsiya botqog’idan olib chiqa oladimi?! (2019).

Spread the love

2019 yilning iyun oylarigacha menda prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda korruptsiya darajasini keskin kamaytirishga harakat qilsa kerak degan umid bor edi. Lekin bu umid juda kuchsiz edi. Chunki prezidentning siyosiy muxolifatga yo’l bermasligi aniqlashgan, ayon bo’lgan edi.

O’zbekistondagi korruptsiya bo’yicha Professor Kristian Lasslet tadqiqotlari va muxolifatchi Safar Bekjon Urganjiyning videosi bilan tanishganimdan keyin prezident Shavkat Mirziyoyevning katta korruptsioner ekanligi menga ma’lum bo’ldi.

1-ma’lumot. Kristian Lasslet tadqiqotlari. [1,2].

Ozodlikdan iqtibos:”Kristian Lasslet (Kristian Lasslett) Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori¸ Markaziy Osiyo va Yevropadagi korrupsiya va kleptokratiya (yunonchadan tarjimasi o‘g‘rilar hukmronligi -tahr.) bo‘yicha kitoblar muallifi.

Xalqaro maydondagi davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuvini tadqiq qilib kelayotgan professor Lasslet Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri O‘zbekiston biznes iqlimidagi o‘zgarishlarni yaqindan kuzatib kelmoqda.

Joriy yili bu vaziyatga oid qator maqolalarini e’lon qilgan Lasslett 30 may kuni O‘zbekistondagi bugungi biznes amaliyotining Karimov davridan qanchalik uzoqlashgani mavzuiga bag‘ishlangan yangi tadqiqoti xulosasini e’lon qildi.

Ozodlik: O‘zbekistonda katta tadbirkorlar¸ qudratli hukumat arboblari ko‘p. Lekin siz surishtiruvingiz ob’ekti qilib Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevni tanladingiz? Nega?

Kristian Lasslet: Aslida¸ surishtiruv O‘zbekistonda borayotgan islohotlar jarayoni haqida. O‘zbekiston hukumati bu jarayonda o‘tmishdagi yomon amaliyotlardan qanchalik uzoqqa ketganini o‘rganish uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevni tadqiqot ob’ekti qilib tanladik. Nega aynan Ortiqxo‘jaev? Chunki qudratli siyosiy shaxs bo‘lgan Toshkent hokimi O‘zbekistondagi ulkan biznes imperiyasi egasi hamdir.

Ortiqxo‘jaev misolida biz joriy hukumatning siyosiy va biznes manfaatlari chatishib ketgan murakkab vaziyatda qanday yo‘l tutishini o‘rgandik. Hukumat davlat va shaxs manfaatlari to‘qnashuvi oldini olishga harakat qilayaptimi? Olinayotgan qarorlarning ochiq va shaffofligi ta’minlanayaptimi? Biznes gullab-yashnashini uning egalarining siyosiy aloqalari va siyosiy ta’siri belgilashi oldi olindimi? Bu surishtiruvda Ortiqxo‘jaev biznesi misolida shu savollarga javob topishga urindik.

Ozodlik: Maqolangizda Jahongir Ortiqxo‘jaevga aloqadorligi hujjatlar bilan dalillangan o‘nlab shirkat nomi keltirilgan. Bu shirkatlarning o‘rgimchak to‘ridek yoyilgan o‘zaro zanjiridian Ortiqxo‘jaev kirmagan serdaromad biznes qolmapti o‘zi¸ degan xulosa kelib chiqadi. Surishtiruv natijasida o‘zingiz ham shunday fikrga keldingizmi?

Kristian Lasslet: Bu savolga birgina Tashkent City misolida javob beray. Bu 1.3 milliard dollarlik loyiha va O‘zbekiston tarixida bunaqa qimmat qurilish bo‘lmagan. Bu megaloyiha boshlanganida¸ undagi Akfa Group ishtiroki deyarli ko‘zga tashlanmadi – Ortiqxo‘jaev shirkati sirtdan qaraganda loyihadagi 8 ta lotning faqat bittasining investori qilib ko‘rsatildi.

Qolgan lotlar¸ go‘yoki boshqa investor va boshqa shaxslarga tegishlidek ko‘rindi. Ammo Tashkent Cityning qolgan investorlariga oid korporativ ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganishni boshlaganimizdan keyin Akfa-Artel guruhining yana uchta lotning investori ekani¸ yana to‘rtta lotning bosh pudratchisi ekanini ko‘rdik. Shuningdek¸ Akfa-Artelning Tashkent City loyihasining barcha muhim jihatlarida muhim rol o‘ynayotganini aniqladik.

Bu esa¸ asosiy aksiyalari Toshkent shahar hokimiga qarashli shirkatlarning u davlat nomidan boshqarayotgan shahardagi eng yirik loyihada juda katta manfaatlari borligini anglatadi.

Ozodlik: Surishtiruvingizda Tashkent City qurilishi va Toshkentdagi boshqa yirik loyihalarni olgan Ortiqxo‘jaevga aloqador o‘nlab shirkat aksiyalarining egalari nomlarini keltirgansiz. Bu aksiyadorlar orasida Jahongir Ortiqxo‘jaevdan tashqari Abror G‘aniev va Ismoil Isroilov degan yana ikki shaxs nomi juda ko‘p uchraydi. Bu odamlar kim¸ ularning Ortiqxo‘jaevga qanday aloqasi bor?

Kristian Lasslet: Biz O‘zbekistonda tashkil etilgan 67 ta shirkat hujjatlarini o‘rganish asosida ularning Akfa-Artel guruhiga bog‘langanini aniqladik.

O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan bu shirkatlardan kamida 18 tasi aksiyalarining egasi qilib offshor kompaniyalar ko‘rsatilganini aniqladik. Bu offshor shirkatlar Britaniya va Singapurda ro‘yxatga olingan. Bu offshor kompaniyalarini birlashtiruvchi jihat¸ ularning haqiqiy egasi kimligini jamoatchilikdan bekitishga imkon beruvchi legal vositadan foydalanayotganidir. Ya’ni¸O‘zbekiston iqtisodidan katta ulush olgan bu shirkatlarning asl egasi kimligini topishning iloji yo‘q. Bu shirkatlar o‘z asl egasini nega yashiradi – yo ular egasi siyosiy hokimiyatdagi odam, yoki biznes o‘tmishi shubhali shaxslardir. Surishtiruv davomida Akfa-Artelga aloqador 67 shirkatdagi kattagina aksiyalarning siz tilga olgan Abror G‘aniev va Ismoil Isroilov nomida ekani ko‘rindi. Abror G‘aniev Akfa guruh raisi¸ Ismoil Isroilov esa¸ uning menejeri. Jahongir Ortiqxo‘jaev shirkatlari boshqaruvchilari bir paytning o‘zida hokimga aloqador o‘nlab shirkatlar aksiyalariga ham egalik qiladi. Biz G‘aniev va Isroilovga xat yozib¸ aksiyalarning haqiqiy egasi sizmi¸ yoki boshqa odamga qarashli aksiyalarga ishonch asosida egalik qilayapsizlarmi¸ deb so‘radik. Lekin hech qanday javob olmadik. Shu bois¸ bu savolga aniq javob topolmadik. Buning xavotirga sabab jihati shundaki¸ u yoki bu shirkat menejerining uning katta qism aksiyalariga egalik qilishi kam uchraydigan hodisa. Bu shirkatlar o‘z haqiqiy egasi kimligini yashirish uchun offshor sxemalaridan foydalanmoqda. Shu bois biz¸ Abror G‘aniev va Ismoil Isroilov kabi shaxslar¸ O‘zbekistondagi yirik shirkatlar aksiyalarining asl egalari emas¸ ular asl mulkdor shaxsini bekitish uchun tanlangan odamlar¸ degan xavotirdamiz. Akfa-Artel O‘zbekistondagi eng daromadli shirkatligidan kelib chiqsak¸ uning tarkibidagi shirkat asl egalari nega bekinmoqda¸ degan savol yana kun tartibiga tushadi.

Qo‘limizdagi hujjatlarga tayanib turib 100 foiz ishonch bilan aytishimiz mumkin bo‘lgan fakt¸ G‘aniev va Isroilov bir paytning o‘zida Jahongir Ortiqxo‘jaevning ishchilari¸ ayni paytda¸ unga aloqador shirkat aksiyadorlari va biznes sheriklaridir.

Ozodlik: Bu gapingiz butun O‘zbekiston Gulnora Karimovaniki ekanini ko‘rib¸ bilib turgan bir paytda¸ uning qog‘ozdagi egalari Gayana Avakyan¸ Nurmuhammad Sodiqov¸ Alisher Sobirov kabi uning qo‘l ostidagi odamlar bo‘lgan yaqin o‘tmishni eslatayapti.

Kristian Lasslet: To‘ppa-to‘g‘ri. Xuddi shuning uchun ham biz qizil bayroq ko‘tarib¸ har xil aylanma yo‘llar bilan O‘zbekistondagi katta biznes kompaniyalarining asl egalari bekitilganini yaqin o‘tmishda ko‘rdik. Ularning haqiqiy egalari siyosiy hokimiyatdagi o‘ta qudratli shaxslar ekani fosh bo‘lganini bugun bilamiz. Yana bilganimiz¸ ular o‘z vakolat va ta’siridan foydalanib¸ davlat va xalq boyligini o‘g‘irlaganini ham ko‘rdik. Shu bois biz Mirziyoev hukumati o‘tmishdagi bu amaliyotdan qanchalik uzoqlashgan-uzoqlashmaganini ko‘rmoqchimiz. Agar bugungi hokimiyat egalari Gulnora Karimova misolidagi kabi amaliyotni davom ettirayotgan bo‘lsa¸ bu narsa ertaga ular uchun ham¸ o‘zbek iqtisodi uchun ham xuddi shunday falokatli bo‘lishidan ogohlantirmoqchimiz.

Ozodlik: Surishtiruvingizda Jahongir Ortiqxo‘jaev oila a’zolari¸ xususan¸ xotini va aftidan o‘g‘lining nihoyatda katta imtiyozlar berilgan shirkatlar egasi ekanini aniqlabsiz. Hokim oilasining bu shirkatlar egasi ekanligida qanday muammo ko‘rasiz?

Kristian Lasslet: Hokimning xotini Nigora Ortiqxo‘jaeva O‘zbekistondagi eng yirik xususiy klinika – Akfa Medline shirkatining 61,64% aksiyasi egasidir. Bu shirkatga hukumat O‘zbekiston sog‘liq saqlash sektorida deyarli boshqa biror kompaniyaga berilmagan eksklyuziv imtiyozlar bergan. Joriy yil hukumat mamlakatdagi birinchi va hozircha yagona xususiy meditsina universiteti ochish huquqini ham aynan Akfa Medlinega berdi. O‘zbekistondagi boshqa biror shirkatga bu imkon hatto taklif ham etilmadi – ochiq tender o‘tkazilmay turib¸ xususiy universtitet haqqini Akfa Medline tarelkasiga solib berishdi. Bu universitetni tashkil etish jarayonining kattagina qismi Toshkent shahar hokimi vakolatidadir. Xotini ochayotgan universitet ish boshlashini hokim Ortiqxo‘jaev ta’minlab berishida ochiqdan-ochiq davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashmayaptimi¸ degan savolni shahar hokimi ma’muriyatiga yubordik. Ular buni mutlaq inkor qildi va hech qanday manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligini iddao qildi. Bu javobdan esa¸ O‘zbekistondagi amaldorlarning manfaatlar to‘qnashuvi konsepsiyasini yo yaxshi tushunmayotgani¸ yoki uni bir pulga olmayotgani ko‘riladi.

Bundan kelib chiqib¸ O‘zbekistonda biznes qilish uchun halol va adolatli maydon yo‘q deya olamiz. Bugungi daromadli biznes egalari ham zo‘r tadbirkor bo‘lgani uchun emas¸ balki hukumat va hokimiyatdagi qudratli shaxslarga aloqadorligi uchun gullab-yashnamoqda. Ular asl egalari qo‘lidagi qudrat vositasida davlat mablag‘i¸ soliq va boj imtiyozlari berilgani uchun kengayib¸ kuchayib bormoqda.

Ozodlik: Surishtiruvingiz markazidagi Jahongir Ortiqxo‘jaevning kun sayin kengayib¸ tarmoqlanib borayotgan biznes imperiyasi ortida bugungi hokimiyatdagi qudratli shaxslar borligini taxmin qilishga asos bormi?

Kristian Lasslet: Bunday xavotirga tushishga jiddiy asoslar bor.

Sababi – bugungi o‘zbek iqtisodining eng daromadli loyihalarini qo‘lga kiritgan va kiritayotgan shirkatlarning asl egalari sir tutilmoqda¸ ular ham offshor kompaniyalari¸ qobiq strukturalar ichiga bekinib olgan. O‘zbekistonliklar bugun yana egasi kimligini birov bilmaydigan kompaniyalarga boshqalarning tushiga ham kirmaydigan imtiyozlar berilayotganini ko‘rib turipti. O‘zbekistonliklar bugun kecha tuzilgan o‘tmishi yo‘q offshor shirkatlariga davlat va xalq mulkining hech bir tendersiz tekinga berilayotganini ko‘rib turipti. Buni ko‘rib-bilib turgan xalq¸ mutlaq xavotirga tushishga haqli. Ammo korporativ ma’lumotlar bazasidan hozircha Ortiqxo‘jaev kabi shaxslar biznesiga imtiyoz berayotganlar kim va ularning bu biznes strukturalarida qanday va qancha ulushi borligini topishning imkoni yo‘q. Qo‘limidagi hujjatlarga tayanib turib:

Ha¸ Akfa-Artel guruhining biznes ko‘lami nihoyatda ulkan; ha bu biznes imperiyasi markazida Jahongir Ortiqxo‘jaev turipti; ha bu biznesda asl egalari bekitilgan offshor kompaniyalar bor; ha bu biznes davlatdan katta miqdorda yordam olayapti¸ deya mutlaq ishonch bilan ayta olamiz. Ammo bu biznesning bizga ko‘rinmayotgan tarafida kimlar borligini aniq ayta olmaymiz.

Ozodlik: Bugungi biznes imperiyalarining asl egalari kimligi yozilgan qog‘ozlar yetti qavat qulf ostida qaerlardadir bekitilganini aytayapsiz. Bu hujjatlar ochiqlanishi uchun yana o‘n yillab Shveysariya politsiyasining yangi reydlarini kutamizmi?

Kristian Lasslet: Yo‘q. Biz bu bank qutilarining ochilishini 10 yil kutib o‘tirishimiz shart emas. Qilishimiz mumkin ish – ma’lumotlar bazasi bilan ishlash ilmidan foydalanishdir. Bu bizga qaysi shirkatlar egalarining yashiringanini aniqlashga yordam beradi. Biz gaplashayotgan misolda¸ Ortiqxo‘jaev qo‘l ostida ishlayotganlar u majoritar aksiyador bo‘lgan shirkatning qolgan aksiyalari egasi ekanini aniqlay oldik. Bu ochiqlanishi ortidan Ortiqxo‘jaev aksiyalarini boshqa shaxslar – xotini va har xil menejerlari nomiga o‘tkazishni boshladi. Biz buni ham isbotlay olamiz. Endi jamoatchilik¸ birinchi galda¸ jurnalistlar hokim Ortiqxo‘jaevdan quyidagi savollarni so‘rashi kerak:

Aprel-may oylarida to‘satdan Akfa-Artel guruhidagi aksiyalaringizdan qutulishga kirishdingiz¸ nomingiz to‘satdan aksiya egalari ro‘yxatidan yo‘qola boshladi.

Siz o‘zingizni shaffof siyosatchiman¸ deyapmiz. Unda marhamat qilib¸ bu aksiyalarni qanchaga sotganingizni¸ bu oldi-sotdining qonuniy bo‘lganini ko‘rsatuvchi bank transaksiyalarni bizga ko‘rsating. Ko‘rsatingki¸ biz davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatlaringiz bilan qorishtirmayotganingizga ishonaylik”.

Qatma-qat offshor strukturalari qobig‘iga bekingan shirkat egalarining kimligini topish uchun jurnalistning bank qutisiga qo‘li yetmaydi. Ammo qo‘lidan keladigani¸ savol berish va shu ishni qilaverishimiz kerak.

Bu jarayonda eng muhim o‘yinchi O‘zbekiston hukumatidir. Bu shirkatlar asl egalarini ko‘rsatuvchi hujjatlar hukumatda bor. Gap o‘zini islohotchi qilib ko‘rsatishga harakat qilayotgan bu hukumatning mazkur hujjatlar saqlanadigan kompaniyalar reestrini jamoatchilikka ochiqlash-ochiqlamasligida qolgan”. Iqtibos tugadi. [2].

2-ma’lumot. Siyosatchi Safar Bekjon Urganjiyning “Islohot lag’moni” videosi.[3].

Kristian Lassletning “ Ammo bu biznesning bizga ko’rinmayotgan tarafida kimlar borligini aniq ayta olmaymiz” aytgan gapiga siyosatchi Safar Bekjon Urganjiy aniqlik kiritadi.

Siyosatchi Safar Bekjon Urganjiyning “Islohot lag’moni” videosini Kristian Lasslet Toshkent cityga kiritilayotgan investsiyalarning manbai qayerdan, kim kiritayotganligini aytmagan bo’lsa, men aytaman deb ularning nomlarini birma bir sanab o’tadi.

Bu “investorlar” Hayot va Javdat Sharifxo’jayevlar ( 1 milliard AQSH dollaricha), Gulnora Karimova (1 milliard AQSH dollaridan oshiq), Akbarali Abdullayev (1 milliard AQSH dollaricha), Rashidjon Qodirov (1 milliard AQSH dollaricha), Shuhrat G’ulomov (1 milliard AQSH dollaridan kamroq) va Jahongir Ortiqxo’jayevning bojasi general Tohir Mullajonovlardir.

Safar Bekjonning O’zbekistondan bu ma’lumotlarni yuborgan ishonchli manbalariga ko’ra “investor”larning o’margan molk mulk va pullari konfiskatsiya qilingan, lekin davlat hisobiga emas, balkim Toshkent cityga investsiya qilinyabdi. Bu investsiyalar kelajakda prezident Shavkat Mirziyoyev va uning qizlarining kuyovlariniki va Jahongir Ortiqxo’jayev va unga yaqinroq kishilarniki bo’lib chiqadi. [3].

3-ma’lumot. Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qiladi.[4].

Ozodlikdan iqtibos: “O’zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to’g’risida Prezident Farmoni qabul qilindi.

Bu haqda xabar qilgan Adliya vazirligiga ko’ra farmon bilan 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi;Korruptsiyaga qarshi kurashish bo’yicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.

Prezident Farmoniga ko’ra, tegishli sohada korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tag-tomiri bilan yo’qotish davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining birinchi darajadagi muhim vazifasi hisoblanadi. Muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich jorish etiladi”. Iqtibos tugadi. [4].

Yuqoridagi 1-chi va 2-chi ma’lumotdan prezident Shavkat Mirziyoyevning o’ta korruptsioner rahbar ekan degan,3-chi ma’lumot bo’yicha esa korruptsiyaga qarshi keskin kurashmoqchi bo’lgan rahbar degan xulosaga kelasiz.

O’zbekiston uchun eng katta muammo kuchli fuqaro jamiyati va o’rta sinf shakllanmaganligidir. Vladimir Zelenskiyning Ukraina prezidenti etib saylanishida uning mamlakatdagi korruptsiyaga qarshi kurashuvchi prezident rolini “Sluga naroda” nomli filmda o’ynagani katta hissa qo’shgan. Rossiyada esa muxolifatchi Aleksey Navalniy “Korruptsiyaga qarshi kurash jamg’armasi” tuzib mamlakatdagi yirik korruptsionerlarni fosh qilyabdi. Ukrainada Vladimir Zelenskiy korruptsiyaga qarshi hech qanday ta’qib, tayziqlarsiz filmlar yaratgan bo’lsa, Rossiyada Aleksey Navalniy ta’qib, tayziqlar uchrab bo’lsada faoliyat olib boryabdi. Aleksey Navalniyning partiyasi hanuzgacha ro’yxatga olinmayabdi.

O’zbekistonda esa korruptsiyaga qarshi kurashuvchi nodavlat, notijorat tashkiloti yo’q, bo’lishini ham tasavvur qilib bo’lmaydi. Muxolifatchi Safar Bekjon Shveytsariyadan turib O’zbekistondagi yirik korruptsionerlarni fosh qilayabdi. U muxolifatchilik faoliyati uchun ta’qib,tayziqlar tufayli O’zbekistonni 1995 yillarda tark etgan. 2018 yilning bahorida esa O’zbekiston konstitutsiyasini oyoq osti qilingan holda O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan vatandoshlikdan mahrum etilgan.

Jahon tajribasiga ko’ra O’zbekiston dunyoning eng korruptsiyalashgan 20ta mamlakatlari qatoridan chiqib ketib, hech bo’lmaganda ikkinchi 50talik mamlakatlar qatoriga qo’shilishi uchun islohotlar amalga oshirilib, quyidagilar barataf qilinishi kerak:

1. O’rta sinf shakllanmagan;

2. Erkin, demokratik saylovlar orqali xokimiyat almashishi yo’q;

Nobel mukofoti laureati Barak Obama, Nelson Mandela, Roza Otunbayeva.

3. Erkin matbuot yo’q;

4. Siyosiy raqobat, kuchli demokratik muxolifat yo’q;

5. Mustaqil sud tizimi yo’q;

6. Davlat lavozimida ishlayotgan amaldorlar uchun daromad va mol mulk dekleratsiyasi yo’q va hokazo.

Hamma gap prezident Shavkat Mirziyoyev bu islohotlarni amalga oshiradimi?!.

Afsuski,yuqoridagi 6 yo’nalish bo’yicha hech qanday ijobiy siljish yo’q.  Bu degani O’zbekiston vatandoshlari iqtisodiy, siyosiy erkinliklarga ega bo’lmaydi, yumshoq qilib aytganda ularning erkinliklari cheklangan bo’ladi.

Bir hovuch yuqori lavozimli mansabdorlar korruptsiyadan katta foyda ko’radi. O’zbekiston iqtisodi o’ta qoloq mamlakatlar qatoridan chiqib ketishi dargumonligicha qolaveradi.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[5].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va Ukraina (60 ball) hattoki Afg’oniston (27 ball), Rossiya (20 ball),Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [6].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[7].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [8]. Rossiya korruptsiya ko’rsatkichi bo’yicha 28 ball bilan 138-o’rinni egallagan bo’lsa, Ukraina 32 ball bilan 120-o’rinni egallagan.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

7-iyun, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Aylanma eshiklar, ko‘rinmas qo‘llar: yangi O‘zbekistonda davlat va xususiy sektor qanday birlashmoqda? 31.05.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29974973.html ).

2. Kristian Lasslet: Toshkent hokimi O‘zbekistonda eksklyuziv imtiyoz bilan ishlayotgan 67 ta shirkatga aloqador!(VIDEO). 01.06.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29974983.html ).

3. Safar Bekjon Urganjiy. “Ислоҳат” лағмони. 01.06.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=Cx2TGEiaR9A ).

4. Коррупцияга қарши фармон имзоланди. Энди давлат хизматчилари даромадларини декларация қилади. 29.05.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29969811.html ).

5. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

6. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

7. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

8.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.