O’zbekiston. Siyosiy firibgarlik davom etyabdi. (2019).

Spread the love

O’zbekistondagi siyosiy firibgarlik haqida 3 maqola va 3video chop qilganimdan keyin mana yana 4-maqola va 4-videoni chop qilishni lozim topdim, chunki prezident Shavkat Mirziyoyev rejimining asl mohiyatini ochib beruvchi voqealar bo’lib o’tdi. Bunga quyidagi 5 dalil yaqqol misol bo’la oladi.

1-dalil. DXX chegaradan kiritmagan O’zbekiston parlamentining sobiq deputati Nasrullo Sayyidni IIV qidiruvga berdi. [1].

BBCdan iqtibos: “O’zbekiston parlamentining sobiq deputati, muxolif siyosatchi Nasrullo Sayyid Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berildi. Shu yilning 20 aprel kuni Istanbuldan Toshkentga uchib borgan sobiq deputat DXX tomonidan Turkiyaga qaytarib yuborilgandi.

Toshkentdagi xalqaro aeroport va boshqa joylarga osilgan “Diqqat qidiruv” e’lonlarida Nasrullo Sayyidning ro’yxatning boshida turganini ko’rish mumkin.

E’tiborli tomoni qidiruvdagi deputatning hozirgi manzili va telefon raqamlarigacha berilgan. Bundan tashqari deputat “meni ushlanglar”, deb o’z oyog’i bilan uchib borgan.

Bi-Bi-Ci O’zbekiston kuch idoralari tomonidan qidirilayotgan Nasrullo Sayyidga, qidiruv e’lonida ko’rsatilgan raqamlarga qo’ng’iroq qilib bog’landi.

Masxarabozlikni qarand. Qidirilayotgan, qayerda ekanligi no’malum bo’lgani uchun qidirilmaydimi? Ular mening manzilim va telefon nomerimgacha aniq yozib qo’yishibdi. Kelib olib ketishmaydimi”, deydi u.

Nasrullo Sayyid O’zbekiston huquq-tartibot organlaridan qochib yurmagani, aksincha ularning oldiga borishga DXX xizmati to’sqinlik qilganini aytadi.

U shu yilning 20 aprel kuni Toshkent xalqaro aeroportiga kelgan vaqtida ham qidiruvda bo’lgan. Biroq DXX chegara xizmati uni O’zbekiston ichiga kiritmagan.

Toshkentga uchib borganimda DXX xizmatchisiga “meni Ichki ishlar va Bosh prokuratura qidiruvga bergan, ruxsat ber ularning oldiga o’tayin, meni ushlashsin”, dedim. Lekin gapimga quloq solmadi. Meni Istanbulga qaytarib yuborishdi”, deydi O’zbekiston parlamentining sobiq deputati.

Nasrullo Sayyid Jinoyat kodeksining 4 moddasi bo’yicha ayblanib qidiruvga berilgan:

O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, qonunga xilof ravishda jamoat birlashmalari tuzish, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish hamda diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish”. Iqtibos tugadi. [1].

2-dalil. O’zbekistonga boraolmayotgan muxolifat faoli Isoqjon Zokirov. [2].

Amerika ovozidan iqtibos: “O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsulligi ma’lumotiga ko’ra,shu yilning yanvar-aprel oylarida 3,5 mingga yaqin amerikalik elektron viza olib, O’zbekistonga borgan. Bu o’tgan yilgiga nisbatan 145 foiz. Biroq viza ololmayotganlar ham yo’q emas. Ulardan biri asli o’zbekistonlik Isoqjon Zokirov”. Iqtibos tugadi.[2].

3-dalil. Faxriddin Tillayev: qamoqdagi yillarim uchun 25 mln so’m kommunal to’lovni to’la, deyishyapti. [3].

BBCdan iqtibos:”Muxolifat va inson haqlari faoli Faxriddin Tillayevga ko’ra, Majburiy Ijro byurosi o’zidan 32 milliondan ortiq so’mni noqonuniy undirishga harakat qilayapti, shundan 25 millioni qamoqdaligida to’planib qolgani aytilayotgan kommunal to’lovlar.

Men 2018 yil 12-may kuni ozodlikka chiqqanimdan keyin O’zbekiston Respublikasining Bosh Prokuraturasi qoshida tashkil etilgan “ Majburiy Ijro Bo’limi” bir guruh xodimlari tomonidan meni ta’qib va tazyiqqa olish boshlandi”, deyiladi Faxriddin Tillayev murojaatida.

Majburiy Ijro byurosi Faxriddin Tillayevdan 7 million 235 ming 500 so’mni undirishni xohlamoqda.

Bu Jinoyat ishlari bo’yicha Hamza tuman sudining 2012 yili inson huquqlari faoliga tayinlangan jarimasi bo’lgan.

2012 yil 22 sentyabrida Toshkent Shahridagi Qo’yliq bozorida “ Mustaqil mardikorlar kasaba uyushmasi” anketalarini yollanma ishchilar orasida tarqatayotgan Faxriddin Tillayev va Nuraddin Jumaniyoziv militsiya tomonidan hibsga olingan edilar.

Faollar mardikorlarni yig’ib ularning o’z huquqlari borasida tushuntirish ishlari olib borayotganlarini aytishgan.

23 sentyabr kuni Faxriddin Tillayev, Nuraddin Jumaniyozov va Abdulla Tojiboy o’g’lini O’zbekiston Ma’muriy Kodeksining 202-bandi-noqonuniy tashkilot, oqim yoki sektaga kirishga undashga aybdor deb topib, o’sha paytdagi eng kam ish haqining 100 baravariga jarima tortish haqida qaror chiqaradi.

O’sha paytdayoq faollar ushbu qarorning O’zbekiston Konstitutsiyasiga zid qarorligini ta’kidlagan edilar.

2014 yil yanvarida mahkama Faxriddin Tillayev va Nuraddin Jumaniyozovni “odam savdo”sida aybdor deb topib, uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etdi.

Mustaqil “Mardikorlar kasaba uyushmasi” marhum prezident Islom Karimovning 2013 yilda mehnat muhojirlarini “dangasa” deb atashini qoralab chiqqandi”. Iqtibos tugadi.

Yana BBCdan iqtibos:” Faxriddin Tillayevning shafqatsiz qiynoqlarga solingani xabarlari tarqaldi.

U tutqunlikda salomatligi yomonlashganini aytadi.

Faxriddin Tillayev 2018 yil may oyida ozod etilganidan so’ng o’zi propiskada turadigan Toshkentning Chilonzor tumanidagi kvartira kommunal to’lovlari uchun 25 million so’m qarzdorligi haqidagi qog’ozlarni olgan.

Nega endi men qamoqda bo’lsam ham,”kommunal to’lov”larni to’lashim kerak ekan…?” Bu-mantiqqa to’g’ri kelmaydi-ku?”, deydi sobiq siyosiy tutqun”. Iqtibos tugadi. [3].

4-dalil. Xalqaro tashkilotlar o’zbek hukumatini huquq himoyachilarini ta’qib qilishni to’xtatishga chaqirdi. [4].

Ozodlikdan iqtibos: “Amnesty International, Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiasi, Fuqarolik huquqlari himoyachilari, Inson huquqlari bo’yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti, Norvegiya va Polsha Xelsinki qo’mitasi O’zbekiston hukumatini huquq himoyachilari A’zam Turg’unov va Dilmurod Sayyidni ta’qib qilish va qo’rqitishni to’xtatishni chaqirdi.

Qo’shma bayonotda aytilishicha, bu ikki faol doimiy ravishda maxsus xizmatlarning kuzatuvi ostida yashamoqda, ular muntazam tarzda tahdidlarga uchramoqda.

Bayonotda Inson huquqlari bo’yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti xodimlari O’zbekistonga 2018 yilning oktyabrida borganlarida fuqarolik kiyimidagi shaxslar Turg’unovning uyini kuzatayotganliklarini ko’rganlarini aytiladi.

“Joriy yilning mart oyida maxsus xizmat xodimi Turg’unovga avtomobil avariyasiga uchrashi mumkinligi bilan tahdid qiladi. Saidovni esa huquqbonlik faoliyatini to’xtatmasa ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizish bilan qo’rqitishdi” deyiladi bayonotda.

Bayonotda A’zam Turg’unov, Dilmurod Said va A’zam Farmonov ta’sis etgan “adolatni tiklash” huquq tashkilotini hukumat ro’yxatga olishdan bosh tortgani ham tanqid qilindi. Faollar mazkur tashkilotni ro’yxatdan o’tkazish uchun 28 fevral kuni ariza bergan, 29 mart kuni esa hukumat bu tashkilotni ro’yxatga olishni rad etgan”. Iqtibos tugadi. [4].

5-dalil. Jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Malohat Eshonqulovaning prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaati. [5].

Murojaatdan iqtibos:

MALOHAT ESHONQULOVA: “MANZILGA YETIB KELDIKMI HURMATLI PREZIDENT?”

( Shavkat Mirziyoyevga Ochiq xat)

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Siz tayinlagan hokimlar orasida fuqaroning uyini, do’konini yoki korxonasini buzmagani, fermerning yerini tortib olmagani qoldimi? Qayerga qarama, hokim fuqaroning uyiga buldozer torttirgan, do’konini tekislagan yoki ekinini payxon qilgan. Siz tayinlagan hokimlar O’zbekiston tarixida “uybuzar”, “do’konbuzar” va “yerbuzar” nomini olib ulgurdi-ku!

Siz tayinlagan ayrim hokimlar makru hiyla ishlatmasdan, aldamasdan ishlay olmaydimi? Qay biriga qarama, oddiy odamlarni qaqshatgani qaqshatgan, ularning quloqlariga lag’mon ilgani ilgan!

Respublikadagi barcha hokimlarni shaxsan o’zingiz tayinlashingiz sir emas. Bu lavozimlarga ishonchingizga kirgan odamlarni qo’yishingizni ham bilamiz. Siz tug’ilib o’sgan Zomin tumaniga boshqalardan yaqinroq kishingizni hokim qilib qo’yganingizga ham shubham yo’q.

Shu yilning 18 may kuni Zomin tumani hokimi Alisher Abdug’aniyevich hokimiyat yuristi Akbar O’rolov hamda Ichki ishlar bo’limi terrorizmga qarshi kurash bo’linmasi boshlig’i Nuriddin Haydarovlarni yonimga jo’natib, meni o’z huzuriga chaqirtirdi.

Abdug’aniyevning choparlari menga:”Zominlik Nishonboy Xudoyberdiyevning uyi buzilishi bilan bog’liq masala yuzasidan hokimiyatda kelishuv bo’ladi. Hokim buva sizni kuzatuvchi sifatida ishtirok etishingizni so’rayapti. Hokim Nishonboy Xudoyberdiyevga yetkazilgan zararni beradi. Sizda adolat tiklangani haqida yangi lavha qilish imkoniyati paydo bo’ladi”,-deyishdi.

25 may kuni Zomin tumani hokimiyatiga borganimda, Abdug’aniyev tomonidan aldanganimni angladim. Chunki hech qanday kelishuv ham, yig’ilish ham bo’lmadi. Hokim esa qorasini ham ko’rsatmadi.

Tuman hokimiyatining xotin-qizlar qo’mitasi raisi Nodira Fayziyevaning xonasiniga kutayotganim hokimbuva o’rniga komuflyaj kiygan, yarmi fuqaro kiyimidagi, qolgan yarmi militsiya formasidagi 7-8 kishi qo’lida kishan va videokamera bilan bostirib kirdi. Vohid Eshbekov degan tergovchi hokimiyat binosida meni tergashni boshladi.

Qachondan beri tergovchilarning dastlabki surishtiruv ishlari tuman hokimiyatida olib boriladigan bo’ldi? Bu hol hokim Alisher Abdug’aniyevning innovatsion tashabbusimi? Dastlabki surishturuv ishlari voqea sodir bo’lgan joy, ya’ni Toshkentda o’tkazilishi kerakligi haqidagi qonun talabi qayerda qoladi unda? Yoki Zomin tumani hokimi, IIB va prokuratura rahbarlari qonunni sariq chaqaga ham olishmaydimi?

Emishki, men tumanda noqonuniy uy va do’konlar buzilishi haqida lavha tayyorlab, prezidentning ishonchli vakili bo’lmish Alisher Abdug’aniyevni el oldida obro’sizlantirgan emishman”. Iqtibos tugadi. [5].

Yuqoridagi keltirilgan dalillar shuni ko’rsatadiki, prezident Shavkat Mirziyoyev rejimi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini O’zbekiston Respublikasi konstituitsiyasi bo’yicha hurmat qilish o’rniga, aksincha ularning huquq va erkinliklarini oyoq osti qilayabdi, ta’qib qilayabdi, tayziq o’tkazyabdi. Nasrullo Sayyidni DXX mamlakatga kirgazmadi, IIV qidiruv e’lon qildi. Isoqjon Zokirovga esa Tashqi ishlar vazirligi va DXX kirish vizasi bermayabdi.

Faxriddin Tillayev esa Bosh prokuratura va MIB ( Majburiy ijro byurosi) tomonidan ta’qibga uchramoqda. Huquqbonlar Dilmurod Sayyid, A’zam Turg’unov va A’zam Farmonovlarning esa DXX va Adliya vazirligi tomonidan konstitutsion huquq va erkinliklari oyoq osti qilinmoqda.

Jurnalist va huquqbon Malohat Eshonqulovaning huquqlari tuman hokimi, tuman kuch ishlatar xodimlari va xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan oyoq osti qilinmoqda.

O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi bo’yicha: [6].

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

O’zbekistonda muxolifatchilar, huquqbonlar va mustaqil jurnalistlar ta’qib va tayziqlarga uchrar ekan, mamlakatda qonun ustivorligi haqida so’z yuritishning o’zi mantiqsiz.

Men avvalgi maqola va videolarimda ham muxolifatchilar, huquqbonlar va mustaqil jurnalistlarning prezident Shavkat Mirziyoyev rejimi tomonidan qanday ta’qib va tayziqlarga uchragani haqida misollarni keltirgan edim.

Xususan, siyosatchi Nasrullo Sayyid,inson huquqi himoyachilari Mihiddin Qurbonov, Rafiq G’aniyev, jurnalist Galima Buxorboyeva, tadbirkor Bobir Hasanlarning O’zbekistonga kiritilmaganligi va adib,jurnalist,siyosatchi Jahongir Muhammadga O’zbekistonga borish uchun kirish vizasi berilmaganligi va boshqa men bilmagan ko’p viza bermasliklar, O’zbekistonga kiritmasliklar prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda fuqaroviy jamiyatning oyoqqa turishiga, siyosiy muxolifatga,siyosiy raqobatga yo’l berishni hoxlamayotganligini yaqqol, aniq tiniq ko’rsatadi.

Bularga Birdamlik xalq demokratik partiyasining qurultoyini 2018 yilning noyabr oyida Qozog’istonning Chimkent shahrida O’zbekiston va Qozog’iston havfsizlik idoralarining hamkorlikda o’tkazilishiga yo’l qo’ymaganligi va muxolifatchi Safar Bekjon Urganjiyning 2018 yilda O’zbekiston vatandoshligidan chiqarilishi prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy raqobatga,siyosiy muxolifatga toqati yo’qligini yanada ochiqroq,yanada tiniqroq ko’rsatadi.

Bu degani O’zbekistonda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jabhalarda raqobat bo’lmaydi, korruptsiya gullab yashnaydi, mamlakatning o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqib keta olishi katta savol ostida qoladi???

Zero, O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [7].

Korruptsiya gullab yashnayotgan mamlakatga halol chet ellik tadbirkorlar investitsiya, sarmoya kiritmaydi. Mamlakat iqtisodi rivojlanmaydi.

Darhaqiqat, O’zbekistonning AJB YIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YIMsi dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [8,9].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [10,11].

AJB YIM 1,460 AQSH dollari bo’lgan O’zbekiston 10-20 yillar oldin juda qoloq bo’lgan Hindiston (AJB YIM 2,188), Nigeriya (2,244) va hattoki Bangladeshdan (1,882) ham orqada qolib ketdi.

O’zbekiston faqat 40 yildan beri urush bo’layotgan Afg’oniston (AJB YIM 577) va 5 yil fuqarolar urushi bo’lgan Tojikistondan ( AJB YIM 815) oldindaligi bilan faxrlana oladi. [9].

O’zbekiston mustaqil bo’lganiga 28 yil, qariyb 30 yil bo’lyabdi.

Hanuz mamlakatda inson huquqlari va erkinliklari hurmat qilinmaydi, jamiyat korruptsiya botqog’iga botgan, o’ta iqtisodiy qoloq, siyosiy firibgarliklarga, soxtagarchiliklarga to’la.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

31-may, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ўзбекистон: ДХХ чегарадан киритмаган парламент собиқ депутатини ИИВ қидирувга берди. 26.05.2019. ( https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-48415030 ).

2. Amerika ovozi. O’zbekistonga bora olmayotgan o’zbekistonliklar. 27.05.2019.(https://www.youtube.com/watch?v=9_ObhPaNxDE ).

3. Ўзбекистон: қамоқдаги йилларим учун 25 млн сўм коммунал тўловни тўла, дейишаяпти. 27.05.2019.( https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-48422976 ).

4. Халқаро ташкилотлар ўзбек ҳукуматини ҳуқуқ ҳимоячиларини таъқиб қилишни тўхтатишга чақирди. 14.05.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29943587.html ).

5. Малоҳат Эшонқулова: “Манзилга етиб келдикми, ҳурматли президент?”. 26.05.2019.( http://uzxalqharakati.com/archives/62846 ).

6. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

7.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

8. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

9. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

10. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

11. Первый суверенный кредитный рейтинг от Fitch оказался благосклонен к Узбекистану. 21.12.2018. (https://fergana.agency/news/103789/ ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.