O’zbekiston. O’ta korruptsilashgan mamlakatda ta’lim sifatini yaxshilab bo’ladimi?! (2019).

Spread the love

2019-yilning 30-aprel kuni O’zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O’zbekiston Respublikasi xalq ta’limini 2030-yilgacha rivojlantirish konseptsiyasini tasdiqlash to’g’risida” farmoni chop etildi.  [1,2].

Ozodlikdan iqtibos: “Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konseptsiyasini tasdiqladi.  “O’zbekiston respublikasining 2030-yilga kelib, PISA (The Programme for Internataional Student Assessment) o’quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo’yicha xalqaro dastur reytingi bo’yicha jahonning birinchi 30ta ilg’or mamlakati qatoriga kirishga erishilsin”, deyiladi konseptsiyani tasdiqlash to’g’risidagi farmonda”. Iqtibos tugadi. [1]

Farmondan iqtibos: “30 – aprel 2019

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, oʻquv-tarbiya jarayoniga taʼlimning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5538-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Oʻquvchilarning taʼlim sohasidagi yutuqlarini baholash boʻyicha xalqaro dastur reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

uzluksiz taʼlim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

oʻqitish metodikasini takomillashtirish, taʼlim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish;

xalq taʼlimi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;

xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablagʻ bilan taʼminlashning samaradorligini oshirish;

yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini taʼminlashda maktabdan tashqari taʼlimning zamonaviy usullari va yoʻnalishlarini joriy etish;

davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat taʼlim tizimida raqobat muhitini kengaytirish;

yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;

xalq taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish”. Iqtibos tugadi. [2].

Men Ozodlikda prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim to’g’risidagi farmoni va farmonning o’zi bilan tanishganimdan keyin, hayron bo’ldim, ajablandim va keyin ensam qotdi.  Chunki, men shu paytgacha prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekistonni o’ta iqtisodiy qoloqlikdan olib chiqib ketish uchun, mamlakatda korruptsiya darajasini kamaytirish uchun iqtisodiy va siyosiy islohotlar o’tkazmayotganligini tanqid qilib kelayotgan edim.  Birdaniga kelajakda “kommunizm quramiz”, “O’zbekiston- kelajagi buyuk davlat” kabi shiorlarni eslatuvchi yangi shior paydo bo’libdi deb ensam qotdi.

Bir tomondan ta’lim ko’rsatkichi (Education Index 2015) bo’yicha O’zbekiston dunyoda 58- o’rinni egallagan.  [3]. Dunyoning 30 ta ilg’or mamlakatlari qatoriga qo’shilishga erishsa bo’ladi deb o’yladim.

Lekin, ikkinchi tomondan O’zbekiston 30 yillar davomida o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqib keta olmadi.  Mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilinishiga va korruptsiya darajasini kamaytirishga erisha olmadi. Fikrimning isboti uchun 5 ta dalil (fakt) keltiraman.

1-dalil.  Saida Mirziyoyeva Bo’kaga borishi ortidan o’qituvchilar uyma-uy yurishga majburlanmoqda.  [4].

Ozodlikdan iqtibos: “Prezident Mirziyoev 19 mart kuni o‘tkazgan videoselektorda yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish va ularni kitob o‘qishga qiziqtirishni topshirishi ortidan butun mamlakat bo‘ylab yangi kampaniyaga start berildi.

Turli davlat idoralari va hokimlik mutasaddilari maktablarga borib¸ kitob sovg‘a qilish¸ har xil sport musobaqalariyu kitobxonlar uchrashuvi tashkillashtirishga kirishib ketdi.

Ozodlikka kelgan xabarga ko‘ra¸ Toshkent viloyatida o‘qituvchilar prezident tashabbus ijrosi uchun “tajriba quyonchasi”ga aylangan Bo‘ka tumaniga yuborilib¸ bu yerda uyma-uy yurib ota-onalarni bolasini “o‘zi yo‘q” to‘garaklarga yozdirishga targ‘ib qilmoqda.

Ozodlik bog‘langan Xalq ta’limi vazirligi vakili hozircha bunday jarayondan bexabarligi¸ agar shunday holat bo‘lgan bo‘lsa¸ uning “noto‘g‘ri” ekanini bildirdi.

O‘qituvchilar yana uyma-uy yurishga haydaldi

Ozodlikka Yangiyo‘l shahridagi maktab o‘qituvchilari nomidan yuborilgan murojaatga ko‘ra¸ o‘tgan hafta yuzlab yangiyo‘llik o‘qituvchi asosiy ishi va dam olish kunini qo‘yib¸ 60 km masofadagi tumanga prezidentning yoshlar va xotin-qizlarga oid 5 tashabbusini tashviq qilishga yuborilgan.

Yangiyo‘l shahrida sektor rahbari hokim yana o‘qituvchilarni yakshanba kuni Bo‘ka tumaniga borib¸ uyma-uy yurib, aholini prezidentning 5ta tashabbusi bo‘yicha tashviqot qilishga majburlayapti. Mudir va direktorlar biz o‘qituvchilarni o‘z yonimizdan yo‘l kira qilib Yangiyuldan Bo‘kaga yubordi”¸ deyiladi 28 aprel kuni Ozodlikka yangiyo‘llik o‘qituvchilardan kelgan murojaatda.

Ozodlikka o‘zlari ishlaydigan maktab raqamlarini aytgan bu o‘qituvchilar¸ “hech qaerga chiqmasin¸ hech kimga aytilmasin” deb buyurilgan majburiy mehnat haqida matbuotga gapirgani bois rahbariyat tazyiqiga uchrashdan cho‘chib shaxslari sir qolishini so‘radi.

Ularga ko‘ra¸ 28 aprel – yakshanba kuni Yangiyo‘l shahridagi 11 ta maktabning har biridan kamida 7-8 nafar o‘qituvchi Bo‘kaga borishga majburlangan va bu voqea tepasida shaxsan shahar Xalq ta’limi bo‘limi rahbari Munisa Sultonova turgan”.  Iqtibos tugadi.

Yana Ozodlikdan iqtibos: “Mirziyoevning to‘ng‘ichi otasining 5 tashabbusi ijrosini Bo‘kada kuzatdi

Toshkent viloyati bo‘yicha prezident 5 tashabbusi ijrosi bo‘yicha asosiy e’tiborning shu kunlarda aynan Bo‘ka tumaniga qaratilganini Ozodlik suhbatdoshlari bu tumanga 20 aprel kuni prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoevaning borgani bilan izohladilar.

15 aprel kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining 1-o‘rinbosari sifatida ish boshlagan Saida Mirziyoeva 20 aprel kuni Facebook sahifasida “prezident Sh.M.Mirziyoevning 5 ta tashabbusini Bo‘ka tumanida joriy qilish bo‘yicha respublika va tuman sektorlari ishchi guruhlari bilan birgalikda belgilangan ishlarni amalga oshirish jarayonida bevosita ishtirok etdim”¸ deb yozdi.

Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar ijrosining o‘zagi sifatida men maktablarni belgilagan bo‘lar edim. Fikrimcha aynan maktablarni 5 ta tashabbus zamirida madaniyat, ma’rifat, sport va kompyuter texnologiyalari o‘chog‘i sifatida belgilab olsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi”¸ deb yozdi o‘z postida prezidentning to‘ng‘ich qizi jumladan”.  Iqtibos tugadi.

2-dalil.  Farg’onalik o’qituvchilar majburiy mehnatdan shikoyat qildi.  [5].

Ozodlikdan iqtibos: “Farg‘ona viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatining bir guruh o‘qituvchilari internat direktorini 27 aprel kuni maktabda o‘tkazilgan hasharda ularni ishlashga majburlanganini iddao qildi.

O‘qituvchilar da’vosiga ko‘ra, hashar bois dars soatlari o‘tilmay qolgan.

O‘sha kuni dam olishda bo‘lgan o‘qituvchilar ham hasharga majburan chaqirtirilganidan nolishdi.

Maktab-internat direktori Faxriddin Abdukarimov Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi o‘qituvchilarni hasharda majburiy ishlatish qonunga xilofligini ta’kidladi.

Ozodlikka maktab-internatning bir guruh xodimlari tomonidan bo‘lgan murojaatda ta’kidlanishicha, 27 aprel kuni internat o‘qituvchilari hasharga chiqishga majburlangan:

​“Internatimizda bizni majburiy mehnatga majburlashmoqda. 27 aprel kuni dars vaqtida o‘qituvchi va tarbiyachilar o‘t o‘rish, tuproq tashish, hovli supirish ishlariga jalb qilindi. Direktor Faxriddin Abdukarimov pedagoglarni o‘z vazifasiga kirmagan ishlarni qilishga majbur qildi. Prezidentimiz o‘qituvchilar obro‘sini ko‘tarishga bor imkoniyatlarini ishga solayotgan bir paytda direktorning bu ishini qanday baholash mumkin?”, deyiladi Ozodlikka kelgan murojaatda”.  Iqtibos tugadi. [5].

O’z-o’zidan shunday savol tug’iladi, o’qituvchilarning huquqlarini himoya qilish uchun 2018-yilning iyulida tuzilgan maxsus komissiyaning faoliyati qayerda?  [6].

3-dalil.  3 oyda maktablarda deyarli 11,5 milliard so’m o’g’irlandi.  [7].

Ozodlikdan iqtibos: “Joriy yilning 1-choragida xalq ta’limi vazirligi 1444 ta maktabni tekshirdi va 11 milliard 400 million so’m pul noqonuniy ishlatilganini aniqladi.  Vazirlikning bildirishicha, bu pulning 2 milliard 71 million 700 ming so’mini maktabda ishlamaydigan odamlarga, ortiqcha saqlangan shtat birliklari hamda ishchi xodimlar tomonidan bajarilgan ish hajmlari uchun amalga oshirilgan to’lovlar tashkil qiladi.

4 milliard 276 million 900 ming so’m esa, ortiqcha va qo’shimcha rejalashtirish orqali noqonuniy o’zlashtirilgan.  2 milliarddan ortiq pul noqonuniy tarzda ustama va mukofot tariqasida berilgan.

Vazirlik mazkur holatlar bo’yicha jinoyat alomatlari bo’lgan 190 ta ish huquq-tartibot organlariga topshirilgani va 279 nafar mas’ul shaxsga nisbatan intizomiy chora ko’rilgani, 3 milliard 23 million 400 ming so’m pul davlat byudjetiga qaytarilganini ma’lum qildi.  

2018-yilda Xalq ta’limi vazirligi maktablarda 325 milliard so’m ya’ni 40 million dollardan ko’proq mablag’ noqonuniy o’zlashtirlganini bildirgan edi”.  Iqtibos tugadi. [7].

4-dalil.Kollejdagi korruptsiya.  [8].

Ozodlikdan iqtibos: “Farg’ona.”Biz Farg’ona neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida o’qiymiz. Qandaydir sport jamiyati uchun har bir o’quvchi 14 500 so’mdan pul berishga majburlanayapti. Jismoniy tarbiya o’qituvchisining aytishicha, pul bermasak kollej direktori o’qishdan haydarkan. O’zi yaqindagina majburiy obuna uchun 8 000 so’mdan yig’ib bergandik.

Tadbirga, ko’chatga, yana bir balolarga deb doim pul yig’ishadi. “Yig’di-yig’di” jonga tegdi!”.

( Bu xabar Ozodlikka 5 fevral kuni kelgan.)”. Iqtibos tugadi.  [8].

5-dalil.Surxondaryodagi ko’mir briketi tsexidagi korruptsiya.  [9].

Ozodlikdan iqtibos: “Surxondaryoda mavjud oltita ko‘mir briketi tsexi mahsulot ishlab chiqarmasdan, xomashyoni elab qoplarga joylab maktab¸ bog‘cha va kasalxonalarga briket narxida soxta faktura yozib tarqatgan.

Bu iddao “O‘zbekko‘mir” AJning Surxondaryo viloyatidagi olti omborida ishlagan 71 nafar sobiq ishchi nomidan 12 fevral kuni Ozodlik bilan gaplashgan vakillar murojaatida yangradi.

Bu iddaolarni quvvatlovchi dalil-hujjatlar bilan Surxondaryo viloyat prokuraturasi¸ respublika Transport prokuraturasi¸ prezident portaliga murojaat qilgan “Surxonko‘mir” sobiq ishchilarining o‘zi¸ ularning aytishicha¸ pirovardida jinoyatchiga chiqarilib¸ jazolangan.

Ozodlik gaplashgan ishchilar vakillari¸ “O‘zbekko‘mir”ning birgina viloyatda milliardlab so‘mni tashkil qiluvchi o‘g‘irlik sxemasi tepasida turganlarning jazolanishi¸ o‘zlariga uyushtirilgan tuhmat kampaniyasi to‘xtatilib¸ ishga qayta tiklanishini talab qilmoqda.

Ozodlik bu iddaolarga “O‘zbekko‘mir” rahbariyati va prokuraturadan hozircha rasmiy ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

O‘zbekko‘mir”dagi kuldan pul qilish sxemasi

12 fevral kuni Ozodlik suhbatlashgan surxonlik sobiq ko‘mirchilar¸ o‘zlarini “O‘zbekko‘mir” ning yangi mahalliy rahbarlari tomonidan 2018 yil yanvarida birvarakayiga ishdan haydalgan 71 nafar ombor rahbari va xizmatchilari vakillari deb tanishtirdi.

Ozodlikka gapirganlardan biri Rayhon Rahmonova o‘zi va sobiq hamkasblarining ishga tiklanishini talab qilish jarayonida yangi rahbariyat jinoyatlarini ham fosh qilgani uchun jazolanganini aytadi.

Bu jinoyat mohiyati esa nihoyatda jiddiy.

Surxondaryodagi oltita ko‘mir ombori Qarshi birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi tarkibiga qo‘shilgan. Bu olti omborda 2018 yil ijtimoiy soha ob’ektlari, maktab, bog‘cha, kasalxona, kollejlarning qish mavsumi uchun briket mahsulotlari ishlab chiqarilishi kerak edi. Ammo briket mahsulotlari ishlab chiqarish o‘rniga xom ashyoni elab qoplarga joylab maktab¸ bog‘cha va kasalxonalarga briket narxida soxta faktura yozib tarqatishgan.

1 kg xom ashyo 210 so‘m¸ tayyor mahsulot – briketning kilosi 375 so‘m. O‘rtadagi farq 165 so‘m. Buni bir vagon xomashyoga ko‘paytirsak¸ 165 × 69000 kg= 13 million 385 ming so‘m bo‘ladi. 2018 yili bu olti omborga Angrendan 335 ta vagon xom ashyo kelgan. Endi 13 385 000 ni 335 ko‘paytirsak¸ bitta viloyatda davlatning 4 milliard 483 million 975 ming so‘mi ko‘mir yetkazuvchi rahbarlarining cho‘ntagiga kirayapti. Buni butun O‘zbekiston miqyosiga ko‘chirsangiz¸ dahshatli o‘g‘irlik sxemasini ko‘rasiz”¸ deydi Ozodlik gaplashgan Termiz ko‘mir omborining sobiq mudirasi Rayhon Rahmonova.

Rahmonova va uning sobiq hamkasblari bu jinoyatni fosh etuvchi ma’lumot va dalillarni Surxondaryo viloyat prokurori va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti rahbariga taqdim qilgan.

Viloyat bo‘yicha hamma tuman ijtimoiy soha tashkilotlarining briket ta’minoti departament tezkor guruhi a’zolari bilan o‘rganildi va barcha vajlarimiz o‘z isbotini topdi. Ammo milliardlab byudjet pulini talon-taroj qilganlar ishi yana bosti-bosti bo‘ldi. Ular qolib¸ bizning o‘zimizni jinoyatchiga chiqarishdi»¸ deydi Rahmonova”. Iqtibos tugadi. [9].

Yuqoridagi 5 dalildan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston hokimiyati tomonidan o’qituvchilarning huquqlari hamon oyoq osti qilinmoqda, o’qituvchilar ham korruptsionerlarga qullikdan butun O’zbekiston fuqarolari kabi ozod bo’la olganlari yo’q.  Men shuni eslatib o’tishni lozim topdimki, O’zbekistonda bolalar mehnati, majburiy mehnat keskin kamaygan. Maktab o’quvchilari, oliy o’quv yurtlarining talabalari va tibbiyot xodimlarini paxta terimiga jalb qilish qariyb to’xtatildi.

O’zbekistonda ta’lim sifatini yaxshilash uchun eng katta to’siqlardan yana biri internetning erkin emasligi, tezligining pastligi va internet xizmatining qimmatligidir.  Yana yuqoridagilarga qo’shimcha sifatida, O’zbekistondagi maktabgacha tarbiya, boshlang’ich, o’rta maktab va oliy o’quv yurti o’qituvchilarining maoshlarining dunyoning 30 ta ta’lim tizimi eng ilg’or mamlakatlariga nisbatan juda ham kamligidir.

Xususan, O’zbekistondagi yuqori sinf o’qituvchilarining maoshi bilan dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi o’qituvchilarning maoshlari bilan taqqoslasak:

O’zbekistonda yuqori sinf o’qituvchilari maoshi o’rtacha 125 AQSH dollariga teng, umuman olganda 100-200 AQSH dollari atrofida.[10,11].

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari;

1.Lyuksemburgda yangi ishni boshlagan o’qituvchi bir yilda 80.000 dollarga teng yillik maosh oladi. 15 yil ishlagandan keyin esa 140.000 AQSH dollaridan ham ko’proq yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni bir oylik maoshi 6.600 dollardan boshlanib 12.000 dollardan ham ko’proq bo’lishi mumkin [12].

2.Frantsiyada yangi ish boshlagan o’qituvchi bir yilda 35.000 AQSH dollari, eng ko’pi bilan 60.000 AQSH dollarigacha yillik maosh olishi mumkin. Bir oylik maosh 3.000 AQSH dollaridan 5.000 gacha olishi mumkin.

3.Janubiy Koreyada 30.000 AQSH dollari, ular eng ko’pi bilan 80.000-85.000 yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni oylik maoshi 2.500 dan 7.000 AQSH dollarigacha bo’ladi.

4.Yaponiyada 20.000-23.000 AQSH dollaridan 60.000 AQSH dollari yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni oylik maoshi 2.000 dan 5.000 AQSH dollarigacha.[12].

Bir yil davomida o’qituvchilarning maoshlari oshirildi. O’qituvchilarning maoshlarini 2 baravar oshirildi deb olsak ham ($200), O’zbekistonlik o’qituvchilarning rivojlangan mamlakatlardagidek, o’rta sinf (yillik daromadi $10,000-100,000) darajasiga yetish uchun ularning maoshlari yana 4 baravar oshirilishi kerak.

Biroq, O’zbekistonning iqtisodi qariyb 30 yil davomida o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqa olmadi. Darhaqiqat, O’zbekiston iqtisodining o’ta qoloqligi men avvalgi maqola va videolarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek mamlakatda korruptsiya ko’rsatkichiining o’ta past darajada ekanligidir.

Zero,O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [13].

Korruptsiya gullab yashnayotgan mamlakatga halol chet ellik tadbirkorlar investitsiya, sarmoya kiritmaydi. Mamlakat iqtisodi rivojlanmaydi.

Darhaqiqat, O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YAIMsi dunyoning o’rtacha AJB YAIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [14,15].

O’zbekistonda shu paytgacha korruptsiya gullab-yashnamoqda, o’rta sinf va fuqarolik jamiyatining shakllanishi uchun hech qanday sharoit yaratilmagan.  Mamlakat vatandoshlariga iqtisodiy, siyosiy erkinliklar berilmayapti. Shu sababli mening fikrimcha, O’zbekiston ta’lim tizimini dunyoning eng ilg’or 30 mamlakati darajasiga ko’tarish oddiygina shiordir.  Bu shiorning taqdiri ham, “kelajakda kommunizmda yashaymiz”, “O’zbekiston- kelajagi buyuk davlat” kabi shiorlarday yakun topadi deb o’ylayman.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

3-may, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Президент Ўзбекистонни таълим сифати бўйича жаҳоннинг илғор давлатига айлантиришга кўрсатма берди. 01.05.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29913773.html ).

2. Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni. 30.04.2019. ( https://mfa.uz/uz/press/library/2019/04/18800/ ).

3. 2015 Education Index. ( https://en.wikipedia.org/wiki/Education_Index ).

4. Saida Mirziyoeva Bo‘kaga borishi ortidan o‘qituvchilar uyma-uy yurishga majburlanmoqda. 29.04.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29910997.html ).

5. Farg‘onalik o‘qituvchilar majburiy mehnatdan shikoyat qildi. 29.04.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29911001.html ).

6. O‘qituvchilarning huquqlarini maxsus komissiya himoya qiladi. 18.07.2018.

( https://www.ozodlik.org/a/29374407.html ).

7. Уч ойда мактабларда деярли 11,5 миллиард сўм ўғирланди. 24.04.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29900017.html ).

8. ФАРҒОНА – “Коллеж ўқувчилари: “йиғди-йиғди” жонга тегди!” 11.02.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/sizdan-telegram-kollej/29763635.html ).

9. “O‘zbekko‘mir”dagi jinoiy sxemani fosh qilgan sobiq ishchilarning o‘zi jinoyatchiga chiqarildi. 12.02.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29766311.html ).

10. Педагогларнинг таътил пуллари қандай ҳисобланади? 13.05.2017. (http://idum.uz/archives/11394 ).

11. Average monthly salary in Uzbekistan is US$125- Statistics committee. 15.12.2017.

( http://tashkenttimes.uz/national/1814-average-monthly-salary-in-uzbekistan-is-us-125-statistics-committee ).

12. Different Teacher Salaries Around the World. 2017. (https://www.educationdegree.com/articles/teaching-salaries-around-the-world ).

13. Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

14. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

15. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.