Vladimir ZelenskiyVladimir Zelenskiy Ukraina prezidenti etib saylandi. Nasrullo Sayyid esa O’zbekistonga kiritilmadi.(2019).

Spread the love

Ukrainada 2019- yilning 21-aprelida bo’lib o’tgan prezidentlik saylovlarining 2-bosqichida Vladimir Zelenskiy saylovchilarning qariyb 75 foiz ovozini olib joriy prezident Petr Poroshenkoni mag’lub etdi.Vladimir Zelenskiyning kasbi professional siyosatchi emas, aktyor, sstenariy yozuvchi,rejissyor, prodyuser ekanligini hisobga olsak bu voqeaning postsovet respublikalari uchun odatdan tashqari ekanligi yaqqol bilinadi. O’zingiz o’ylab ko’ring marhum diktator Islom Karimov O’zbekistonni 27 yil boshqargan edi.Nursulton Nazarboyev Qozog’istonni 30 yil boshqardi, Vladimir Putin Rossiyani 19 yildan beri boshqarib kelyabdi. Vladimir Zelenskiy esa Ukrainani faqat bir muddat 5 yil boshqarishini aytdi.

Yana Vladimir Zelenskiyning Ukrainaning yettinchi prezidentiligini hisobga olsak, bu prezidentlardan Leonid Kuchmagina (1994-1999, 1999-2005) ikki muddat ya’ni 10 yil Ukrainani boshqargan.   Aleksandr Turchinov esa (2014-yil 23- fevralidan 7-iyungacha) ya’ni to’rt oycha Ukrainani boshqargan. Leonid Kravchuk (1991-94), Viktor Yushenko (2005-2010), Viktor Yanukovich (2010-2014) va Pyotr Poroshenko (2014-2019) lar bir muddatgina Ukrainani boshqarganlar.  Vladimir Zelenskiy ham bir muddat , besh yil Ukrainani boshqarmoqchi. [1,2].

Vladimir Zelenskiy prezident etib saylanishigacha aktyor, stsenariy yozuvchi, prodyusser, KVN ishtirokchisi sifatida tanilib ulgurgan edi.  Ayniqsa “Sluga naroda” (“Xalq xizmatkori”) teleseriali uni butun dunyoga mashhur qildi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Men 51 seriyadan iborat “Sluga naroda” teleserialining 27 ta seriyasini tomosha qildim.  Teleserialda Vladimir Zelenskiy Vasiliy Petrovich Goloborodko ya’ni Ukrainaning prezidenti rolini ijro etgan. Teleserialda Vasiliy Petrovich Goloborodko tarix o’qituvchisidan Ukraina prezidenti darajasiga ko’tariladi.  U prezident sifatida nafaqat yuqori davlat organlaridagi korruptsionerlarga, hattoki, oila darajasida maishiy korruptsiayaga qarshi kurashishiga to’g’ri keladi. Filmning 27-seriyasida Premyer ministr (Bosh vazir) korruptsionerlarning yetakchisi sifatida hibsga olinadi.  Bu film Vladimir Zelenskiyni korruptsiyaga qarshi kurashuvchi sifatida Ukraina xalqi orasida juda mashhur qildi va uning Ukraina prezidenti etib saylanishiga olib keldi. [3].

Shunday film O’zbekistonliklar uchun ham judayam zarur, chunki, O’zbekistonda korruptsiya darajasi Ukrainaga nisbatan ancha yuqori.  Transparency International tashkilotining 2019-yilgi hisobotiga ko’ra, Ukraina 32 ball bilan 180 mamlakat ichida 120-o’rinni egallagan bo’lsa, O’zbekiston 23 ball bilan 158-o’rinni egallagan. [4]. Ukraina xalqi korruptsiyaning taraqqiyotga qanchalik to’sqinlik qilishini anglagan holda, korruptsionerlarga keskin kurashuvchi Vladimir Zelenskiyni prezident etib sayladi.

O’zbekiston xalqi esa korruptsiyaning taraqqiyotga to’siq ekanligini to’liq anglamaganligi uchun ham prezident Shavkat Mirziyoyevni olqishlashda davom etmoqda, korruptsionerlarga qulligidan ozod bo’lishga kurash olib bormayabdi.

O’z-o’zidan shunday savol tug’iladi, nega Ukraina xalqi korruptsionerlarga qarshi kurashuvchi Vladimir Zelenskiyni prezident etib saylashga erishdiyu, O’zbekiston xalqi esa korruptsionerlarga qarshi  kurashuvchi O’zbekiston vatandoshini prezident etib saylashni xayollariga ham keltirmaydi. Sababi, Ukrainada 120 ta siyosiy partiyalar [5], O’zbekistonda esa atigi 5 ta qo’g’irchoq partiya faoliyat ko’rsatadi.

Zero, Freedom House xalqaro tashkilotining Freedom in the World. 2019. hisobotiga ko’ra, Ukraina 60 ball bilan erkin mamlakatlar, O’zbekiston esa 9 ball bilan erkinmas [6], yomonlarning eng yomoniga kiruvchi 13 mamlakatlar qatorida.[7].

Biroq, Ukrainaning  siyosiy erkinlik ko’rsatkichi yuqori 60 ballga teng bo’lsada, uning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 52,3 ball bilan dunyoning 180 mamlakati cihida 147-o’rinni egallaydi.  O’zbekiston esa 53,3 ball bilan 140-o’rinni egallagan. Ya’ni Ukrainaning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichidan ham yomonroq. [8].

Yuqoridagi keltirilgan ko’rsatkichlardan ko’rinib turibdiki, Ukrainaning siyosiy erkinlik ko’rsatkichining O’zbekistonnikidan yuqoriligi Ukrainadagi korruptsiya ko’rsatkichining yuqoriligiga olib kelgan.

Ukrainaning siyosiy erkinligi ko’rsatkichining (60 ball) yuqoriligi Vladimir Zelenskiyni prezident etib saylanishiga olib kelgan bo’lsa, O’zbekistonning siyosiy erkinligining (9 ball) ko’rsatkichining pastligi muxolifatchi Nasrullo Sayyidning O’zbekistonga kiritilmasligiga sabab bo’ldi.

Muxolifatchi Nasrullo Sayyidning O’zbekistonga kiritilmagani [9,10].

Ozodlikdan iqtibos: ”20 aprel oqshomida Kanadaninng Edmonton shahridan Istanbul orqali Toshkentga uchib borgan O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati, muxolifatdagi “Erk” partiyasining faoli Nasrullo Sayyid Islom Karimov xalqaro aeroportida to‘xtatilib, 21 aprel tongida O‘zbekistondan chiqarib yuborildi.

Nasrullo Sayyid Kanada fuqarosidir.

O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 fevraldan 45 ta mamlakat, shu jumladan Kanada fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilangan.​

O‘zbekistonga kiritilmagani haqda Ozodlikka hozir Istanbulda bo‘lgan Nasrullo Sayyidning o‘zi ma’lum qildi.

Nasrullo Sayyid 13 yildan buyon Kanadada istiqomat qiladi.

12 soatga cho‘zilgan 15 daqiqa

61 yashar Nasrullo Sayyidning aytishicha, Istanbuldan parvoz qilgan samolyot Toshkentga qo‘ngach, uni Islom Karimov nomidagi aeroportning pasport nazoratidan ichkariga o‘tkazishmagan:

– O‘sha yerdagi ofitser pasportimni qo‘liga olganidan keyin, menga bir qaradida, stolidan bir narsalarni izlab, qandaydir ro‘yxatnimi, bilmadim, bir narsani ko‘rdi. Keyin menga qarab: “Chekkaga o‘tib turing”, dedi. Boshqalarni o‘tkazib yubordi. Chekkada turgandim ikki minut o‘tmasdan ikki kishi keldi-da qo‘limdan ushlab: “Aka bu yoqqa yuring, mana bu xonaga kiramiz, siz bilan 15 minutlik suhbat bor” dedi.

Nasrullo Sayyid va’da qilingan “15 daqiqalik suhbat” 12 soatga cho‘zilganini aytdi. Bir soatcha davom etgan dastlabki suhbatdan keyin chegara xodimlari uni aeroport yerto‘lasida joylashgan maxsus xonada tongga qadar ushlab turganlar:

– Bir sovuq xonaga olib kirdi. Xonada bir krovat qo‘yilgan. “Mana shu yerda o‘tirib turasiz, siz bilan suhbat bo‘ladi, dedi .

Nasrullo Sayyidga ko‘ra, xonada ekan, undan Kanadaga nima uchun borgani va nima uchun yana O‘zbekistonga qaytgani haqidagi “bachkana” savollar berilgan:

– Unisi kiradi shunaqa savollarni beradi, bunisi keladi, lekin kimligini ham aytmaydi. Qachon bu savollaringiz tugaydi desam, tepadan buyruq shunaqa, shu yerda o‘tirib turasiz, deydi, – dedi Nasrullo Sayyid.

“Tepadagilar biladi”

Nasrullo Sayyidga ko‘ra, xavfsizlik mulozimlari uni aeroport yerto‘lasida 12 soatdan ko‘proq vaqt davomida ushlab turganlar va so‘ngra yana Istanbulga parvoz qilayotgan samolyotga o‘tkazib, ortga qaytarib yuborganlar:

– Qaerdandir naryad olib kelgan. Milisalar qatooor turibdi. Qo‘llarida pistoletlari bor. Koridorni ichidan meni olib bordi-da meni samolyotga o‘tqazishdi.

Nasrullo Sayyidga ko‘ra, aeroport xodimlari uni O‘zbekistonga kiritmaslik to‘g‘risidagi qarorni “tepadagilar biladi” deya izohlaganlar va uning qo‘liga O‘zbekistonga kiritmaslik haqidagi aktni topshirganlar.

Rus tilida bitilgan aktda Nasrullo Sayyidni O‘zbekistonga kiritmaslik to‘g‘risidagi qaror “Xalqaro fuqaroviy aviatsiya haqidagi Konvensiya”ga 9-ilovaga asosan qabul qilingani aytilgan.

Ushbu ilovaga ko‘ra, bir shaxs o‘zi safar qilgan o‘lka xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lsa, bu o‘lka uni o‘z hududiga kiritmaslik huquqiga egadir.

Nasrullo Sayyid O‘zbekiston parlamentining sobiq xalq deputatidir.

U 1990 yillar boshida muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasining Buxoro viloyat bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.

Nasrullo Sayyid 2017 yilda Prezident Mirziyoevdan O‘zbekistonga qaytishga izn berishni so‘ragandi.

O‘shanda Nasrullo Sayyid undan asossiz ravishda O‘zbekiston fuqaroligi olib qo‘yilganini aytgandi.

Uning Ozodlikka aytishicha, 2005 yilda O‘zbekistondan chiqib ketishiga hofiz Dadaxon Hasanning qo‘shiqlarini tarqatgani haqidagi ayblovlar sabab bo‘lgan.

U 2019 yil boshida Kanada fuqaroligini olganini aytadi.

Nasrullo Sayyid O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqani haqidagi maktub bilan Toshkentga safar qilganini bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 fevraldan 45 ta mamlakat, shu jumladan Kanada fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilangan”.Iqtibos tugadi. [9,10].

Nasrullo sayyid O’zbekiston mustaqilligi uchun, O’zbekistonda erkin, demokratik, farovon jamiyat uchun kurashgan, o’zbek muxolifatining eng ko’zga ko’ringan vakillaridan biridir.  Shunday taniqli insonning O’zbekistonga kiritilmasligi O’zbekistonni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi korruptsionerlar va maddohlar boshqarayotganini ko’rsatadi.

Zero, korruptsioner va maddohlarni vatan mustaqilligi, O’zbekiston xalqining erkin, demokratik va farovon jamiyatda yashashi mutlaqo qiziqtirmaydi.  Ular uchun korruptsiya yo’li bilan shaxsiy boylik orttirish, o’z boyliklarini chet ellarga olib chiqib ketish hamma narsadan ham ustundir.

Siyosatchi Nasrullo Sayyid,inson huquqi himoyachilari Mihiddin Qurbonov, Rafiq G’aniyev, jurnalist Galima Buxorboyeva, tadbirkor Bobir Hasanlarning O’zbekistonga kiritilmaganligi va adib,jurnalist,siyosatchi Jahongir Muhammadga O’zbekistonga borish uchun kirish vizasi berilmaganligi va boshqa men bilmagan ko’p viza bermasliklar, O’zbekistonga kiritmasliklar prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda fuqaroviy jamiyatning oyoqqa turishiga, siyosiy muxolifatga,siyosiy raqobatga yo’l berishni hoxlamayotganligini yaqqol, aniq tiniq ko’rsatadi.

Bularga Birdamlik xalq demokratik partiyasining qurultoyini 2018 yilning noyabr oyida Qozog’istonning Chimkent shahrida O’zbekiston va Qozog’iston havfsizlik idoralarining hamkorlikda o’tkazilishiga yo’l qo’ymaganligi va muxolifatchi Safar Bekjon Urganjiyning 2018 yilda O’zbekiston vatandoshligidan chiqarilishi prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy raqobatga,siyosiy muxolifatga toqati yo’qligini yanada ochiqroq,yanada tiniqroq ko’rsatadi.

Bu degani O’zbekistonda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jabhalarda raqobat bo’lmaydi, korruptsiya gullab yashnaydi, mamlakatning o’ta iqtisodiy qoloqlikdan chiqib keta olishi katta savol ostida qoladi???

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

26-aprel, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Volodymyr Zelensky. (https://en.wikipedia.org/wiki/Volodymyr_Zelensky).

2. Зеленский, Владимир Александрович. ( https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%97%D0%B5%D0%BB%D0%B5%D0%BD%D1%81%D0%BA%D0%B8%D0%B9,_%D0%92%D0%BB%D0%B0%D0%B4%D0%B8%D0%BC%D0%B8%D1%80_%D0%90%D0%BB%D0%B5%D0%BA%D1%81%D0%B0%D0%BD%D0%B4%D1%80%D0%BE%D0%B2%D0%B8%D1%87 ).

3. Слуга Народа – все серии подряд, 1-4 серии комедийного сериала. 02.06.2016. ( https://www.youtube.com/watch?v=_DXc_KyXdiU&fbclid=IwAR1Cw6rukXis7W1MkB5SnuNQlbtzjJJduoXVeZf1GMT9IAWoVaQWdwAjDOo ).

4. Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

5. Ukraine – Political parties. (https://www.nationsencyclopedia.com/Europe/Ukraine-POLITICAL-PARTIES.html).

6. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

7. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

8. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

9. Muxolifat faoli Nasrullo Sayyid O‘zbekistonga kiritilmadi. 23.04.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29897335.html ).

10. BBC Uzbek. Ўзбекистон: Собиқ парламент депутатига нега ватанига киритилмагани сабаби айтилмади. 22.04.2019. ( https://www.youtube.com/watch?v=hy0tbSpbHyA ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.