O’zbekiston. Norozilar ko’payib bormoqda?!( 2019).

Spread the love

O’zbekiston. G’ashlanganlar, g’azablanganlar va norozilik namoyishi qatnashchilari?! (2019).

O’zbekistonda 2018-yilning kuzidan 2019-yilning bugungi kunlarigacha norozilar soni keskin ko’payib bormoqda:

1.Obod qishloq, obod mahalla loyihasi bo’yicha qurib bitirilib, foydalanishga topshirilgan uylarning sifatidan, Toshkent shahrida esa ham sifatidan, ham topshirilgan uylarning to’lovlarini 40 foizgacha oshirib yuborilishidan norozi iste’molchilar;

2.Viloyat va tuman hokimlarining zo’ravonligi tufayli yerlaridan, biznesidan ayrilgan ko’plab fermerlarning noroziligi;

3.Toshkent City va shahar tumanlaridagi Citylar qurilishida uylari buzilayotgan vatandoshlarning va uy-joy qurilishi bilan shug’ullanayotgan tadbirkorlarning (developerlarning) Bosh vazir va shahar hokimi zo’ravonligidan norozilar.

Bu norozilarni Qozog’istonlik taniqli publisist va muxolifatchi Sergey Duvanov 3 toifaga bo’ladi, yani g’ashlanganlar, jig’i chiqqanlar (недовольные), g’azablanganlar, jahli chiqqanlar ( возмущенные), norozilik namoyishi qatnashchilari (публично протестующие). [1].

Norozilarning bu 3 toifasini O’zbekistondagi bo’layotgan noroziliklar misolida ko’rib chiqamiz.

1. G’ashlanganlar.

Qashqardaryo viloyatining Chiroqchi va G’uzor tumanida namunali uylarga ko’chib kirgan vatandoshlar uylarning sifatsiz qurilganidan, gaz yo’qligidan uylariga pechka qurib olib,pechkada o’tin, yarmi tuproq ko’mir yoqayotganlarini, buning natijasida xonalarning devorlari qorayib ketganligidan, svetning tez-tez o’chib turishidan, uylarning oldidagi yo’laklarning,yo’llarning asfaltlanmaganligidan noliydilar. Ular bunday sharoitda yashayotganliklaridan norozilik aktsiyasi o’tkazishni hayollariga keltirmaydilar. [2].

Dang’aralik fermer Murodjon Mamadaliyev esa shu tuman hokimi Saidmurod Aminjonov tomonidan 37,5 gektar yeridan mahrum qilinganligi, buning oqibatida pishloq tsexida ishlaydigan 30 ishchi ishsish qolgani va Germaniyadan keltirilgan 12 zotli mollari bugungi kunda 160 taga yetgani va bu mollarga yem hashak yetishmayotganidan Ozodlikka dardini to’kib soladi. [3].

Pskentlik fermerlar esa hokimning buyrug’i bilan ularning yerlari va texnikalari sud ajrimi qo’llariga yetib kelmasdan auktsionda arzonga klasterlarga sotib yuborilganidan ular ham Ozodlikka murojaat qiladilar. Bu sotib yuborishlar ularning 14 oyga olgan kreditlarining 6 oy o’tmasdan amalga oshirilganini aytadilar. [4].

Dang’aralik fermer Murodjon Mamadaliyev ham Pskentlik fermerlar ham norozilik aktsiyasi o’tkazishni hayollariga ham keltirmaydilar.

2. G’azablanganlar.

Ozodlikdan iqtibos:”Sergelida norozilik aksiyalari 9 aprel kuni boshlandi. Shu kuni qariyb 60 kishi Prezident devoniga uylar qimmatlab ketganidan shikoyat qilib bordi. Norozilarning iddaosicha, rasmiylar ularni aldab, 3 ta avtobusga solib, Prezident devoni oldidan olib ketgan. [5].

10 aprel oqshomida esa, Sergelidagi Qurilish shtabi oldiga yana odamlar yig‘ildi. Aksiya ishtirokchilaridan birining Ozodlikka aytishicha:

150 dan ortiq kishi shtabning oldida kech soat 6 dan 8 gacha yig‘ilib turdi Hokimlikdan, qurilishinvestdan odamlar, Uy-joy bo‘limining boshlig‘i S. To‘laganov chiqdi oldimizga. Narxda o‘zgarish bo‘lmaydi, deyishdi”.

Sergelida norozilik nimadan chiqqanini Ozodlikning SizdanTelegram kanalida 20 martda e’lon qilingan mana bu qisqa xabardan tushunish mumkin:

Toshkent shahri, Sergeli tumani, 40-uy 63-xonadondan yozmoqdaman. Kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylardan birini boshlang‘ich 10 foiz to‘lov bilan oldik. Ammo ko‘chib kelganimizga 3 oy bo‘lmasdan uy narxi 40,1 foizga oshdi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi, lekin hech qanday o‘zgarish yo‘q. Ehtiyojmand oilalar uchun qurilgan uylar narxini qayta-qayta oshirish to‘g‘ri emas-ku!”

Narxlar nega oshib ketdi?

Sergelidan uy olganlar uchun o‘ta muhim bo‘lgan bu savolga Ozodlik Qurilish vazirligining ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan yetakchi mutaxasisidan javob oldi.

Uning aytishicha, narxlar oshishining uch omili mavjud:

birinchidan , 2017 yil 2 sentabrda Prezidentning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi va natijada qurilish materiallari narxi keskin – 200-300 foizga ko‘tarilib ketdi;

ikkinchidan, 2018 yil 1 yanvaridan boshlab ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurilishi uchun imtiyozli narxlarda ajratilgan sement va metall mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish tartibi joriy etildi va natijada qurilish materiallari qimmatlab ketdi;

uchinchidan, 2017 yil 1 dekabrdan oylik ish haqi miqdorlari o‘rtacha 15% ga oshdi, shuningdek, 2018 yilda 2017 yilga nisbatan gaz, elektr energiyasi tariflari oshdi, natijada yana qurilish mollari narxlari oshdi. Iqtibos tugadi.

Yana Ozodlikdan iqtibos:”10 aprel oqshomidagi voqealar aks etgan videolarda aholi bilan hokimlik vakillari o‘rtasidagi bahs-munozaralar aks etgan.

Sergeli hokimligida 11 aprel kuni o‘tkazilgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha vaziyatni o‘rganish uchun Hukumat komissiyasi tuzishga qaror qilindi.

Komissiyaga bir oy ichida Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda bank-kredit masalalarini o‘rganish; Qurilish vazirligi bilan esa, qurilgan uylar sifati darajasini o‘rganib, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini belgilash vazifasi yuklatildi”. Iqtibos tugadi. [5,6,7].

Toshkentlik uy-joy qurilishi bilan shug’ullanayotgan tadbirkor (developer) Muhammadbobir Xo’jayevning Mirzo Ulug’bek tumanida qurdirgan uch qavatli uylardan biri 2018-yilning 4-noyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov va shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevning og’zaki buyrug’i bilan buzib tashlangan edi.

 Tadbirkor bilan Bosh vazir Abdulla Aripov va shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev o’rtasidagi kelishmovchilik juda kuchayib, alangalanib ketdi. Ular o’rtasidagi kelishmovchilik sudlashishgacha va tadbirkor Muhammadbobir Xo’jayevning hokimiyatga tegishli ommaviy axborot vositalarida obro’sizlantirish kampaniyasining boshlanishiga va ya’ni 7-aprel kuni tadbirkorning mashinasini poytaxtning Chilonzor tumanida ikki oynalari qoraytirilgan, nomersiz mashinalar qo’qqisdan to’sishiga , mashinadan besh erkak chiqib kelib, tadbirkorga o’z biznesi uchun kurashni to’xtatishni va ommaviy axborot vositalariga boshqa murojaat qilmaslikni do’q-po’pisa bilan talab qilishgacha borishgan.  Agar tadbirkor talabga bo’ysunmasa, uni jismoniy yo’q qilishlarini aytishgan. [8,9].

Ozodlikdan iqtibos:”15 aprel kuni G‘arb diplomatik vakolatxonalari¸ xalqaro va mahalliy fuqarolik jamiyati vakillari¸ tadbirkor va jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda keyingi yillarda o‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p e’tiroz va norozilikka sabab bo‘layotgan buzilish va qurilishlar jarayoni muhokama qilindi. [10].

Ishtirokchilarga ko‘ra¸ Mirziyoev davrida Qoraqalpog‘istondan to Andijonga qadar O‘zbekiston hududi ulkan qurilish maydoniga aylangan va bugungi O‘zbekistonda inson haqlari eng ko‘p shu maydonda toptalmoqda.

Oddiy mulkdor va tadbirkorlarning noqonuniy buzilishlar¸ kompensatsiyasiz uyidan haydalishlar haqidagi shikoyatlarini hokimiyat mas’ullari bilan muhokama qilish¸ xalq noroziligiga yechim topish mexanizmlarini birgalikda izlashni maqsad qilgan bu tadbirga birorta hokimiyat vakili kelmadi.

Tashabbuschilarning Ozodlikka aytishicha¸ 15 aprel kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev va Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva nomiga yozilgan taklifnoma rasmiy yo‘l bilan topshirilgan¸ ammo ulardan biror bir shaklda javob bo‘lmagan.

Ayni paytda¸ o‘zbek rasmiylari va aksar mahalliy nashrlar kelmagan bu tadbirda AQSh va Chet eI diplomatlari¸ BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti namoyandasi¸ Human Rights Watch xalqaro inson haqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili va ayrim xorij matbuoti vakillari ishtirok etdi.

15 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbir tashabbuschilaridan biri – Gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘anievning aytishicha¸ o‘z tashkilotiga tadbirkor va oddiy o‘zbekistonliklardan tushayotgan shikoyatlarning qariyb 80 foizi¸ aynan buzilishlar bilan bog‘liq:

15 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbir tashabbuschilaridan biri – Gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘anievning aytishicha¸ o‘z tashkilotiga tadbirkor va oddiy o‘zbekistonliklardan tushayotgan shikoyatlarning qariyb 80 foizi¸ aynan buzilishlar bilan bog‘liq:

– Keyingi uch yil davomida o‘tkazgan monitoring natijasida kelgan xulosamiz shuki¸ qonun buzilish holatlarining 78 foizi aynan buzilishlar bilan bog‘liq. ”Noqonuniy buzilishlar¸ buzilayotgan mulkka mutanosib kompensatsiya to‘lamay turib¸ odamlarni uyidan chiqarib yuborishlar xalq orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda. Biz fuqarolik jamiyati shu muammolarni hal qilish uchun mexanizm yaratish maqsadida davlat hokimiyati vakillariga muloqot taklif qildik. Lekin ular bu taklifimizni inobatga ham olmadi.

Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi tadqiqotchisi Stiv Sverdlov¸ O‘zbekistonda so‘z erkinligi maydoni kengayib borayotgan bir paytda¸ oddiy aholi¸ mulkdor va tadbirkorlar haqlarining buzilishi masalasida jiddiy gaplashish vaqti kelganini aytadi:

– Bizga kelayotgan shikoyatlarning ham aksariyati odamlar yashab turgan uy-joylarning ogohlantirishsiz¸ tegishli kompensatsiyasiz buzib tashlanayotgani haqida. Biz gaplashayotgan o‘zbekistonliklar prezidentning gaplari¸ xususan¸ mamlakatni rivojlantirish uchun xorij investitsiyalarini jalb qilish haqidagi bayonotlarini diqqat bilan eshitayotganlarini aytmoqda. Ular davlat hokimiyatidan ana shu gaplariga mas’ul bo‘lish¸ berilayotgan va’dalarini amalga oshirish¸ o‘z haqlari himoyalanishini kutmoqda. Biz bugun davlat hokimiyati¸ fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining xalq talab va istagiga e’tibor qaratishiga umid qilayapmiz. Biz bu borada muammoga echim bo‘lishi mumkin xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz.

Huquq faollari buzilishlar oqibatida mol-mulkidan ajragan oddiy aholi va tadbirkorlar soniga oid aniq raqamlarni to‘plash bilan shug‘ullanayotganlari¸ o‘z surishtiruvlari davomida bu jarayonda odamlarning yurak xuruji va insultdan vafot etganiga oid faktlarni ham o‘rganayotganini bildirdi.

Ozodlikdan iqtibos: “15 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston bo‘ylab qizg‘in borayotgan buzish va qurish jarayonida hokimiyat nomidan yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilishlariga yorqin misol tariqasida toshkentlik investor Muhammadbobur Xo‘jaevning Toshkent shahar¸ xususan¸ Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi bilan davom etayotgan kurashi tilga olindi.

O‘zining “hokimiyat tomonidan uyushtirilayotgan muttasil dezinformatsiya kampaniyasi qurboniga aylanganini” ta’kidlagan Xo‘jaev¸ o‘z muammolari haqida xorij axborot vositalari¸ xususan¸ Ozodlikka gapirganidan so‘ng tazyiq va tahdidlarning kuchayganini bildirdi:

– Toshkent shahar hokimi matbuot anjumani o‘tkazib¸ Xo‘jaevni tanimayman¸ lekin u bilan alohida uchrashib¸ gaplashishga tayyorman¸ deb bayonot qilayapti. Lekin meni hokimlik eshigidan ham kiritishmaydi. Men prezidentning chaqirig‘iga ishonib¸ qonun doirasida biznes qildim¸ qonun doirasida belgilandek uy qurdim. Ammo hozir bularning hammasini har xil yolg‘on va aldovlar bilan buzdirib¸ meni qurilish biznesidan chiqarishmoqchi. Janob Ortiqxo‘jaev gaplashishga tayyor bo‘lsa¸ bir tadbirkor va investorga yordam berish niyati bo‘lsa¸ marhamat¸ men saharda bo‘ladimi¸ yarim tundami¸ gaplashishga tayyorman. Lekin ko‘rib turganingizdek¸ shu niyatda uyushtirilgan tadbirga na Ortiqxo‘jaev va na uning vakili keldi.

Toshkent tadbiri ishtirokchilari¸ Muhammadbobur Xo‘jaev kabi mahalliy investorlar sarmoyasi havoga sovurilayotganini ko‘rib¸ qaysi xorij investori O‘zbekistonga pulini olib kiradi¸ degan savolni kun tartibiga qo‘ydi.

Ayni paytda¸ huquq faollari hokimiyat oldiga aholi noroziligini to‘xtatish uchun buzilish va qurilishlar loyihasini bunday hududda yashab-ishlab kelayotgan mulkdorlar bilan oldindan muhokama qilish¸ ular fikriga quloq solish kabi takliflarni qo‘ydi¸ ammo hozircha bu takliflarga ham biror shaklda munosabat bildirilmadi”.  Iqtibos tugadi. [10].

Sergeli tumanidagi norozilar va Muhammadbobir Xo’jayevning noroziligi viloyatlardagi iste’molchilar va fermerlarning noroziligidan keskin farq qiladi.  Iste’molchilar va fermerlarning noroziligini g’ashlanganlar, jig’iga tekkanlar toifasiga qo’shsak, Sergeli tumanidagi norozilar va Muhammadbobir Xo’jayevning noroziligini g’azablanganlar, jahli chiqqanlar toifasiga qo’shamiz.  G’ashlanganlar toifasi oyoq osti qilinayotgan o’z huquq va erkinliklari uchun kurashmaydilar, lekin noroziliklarini ochiq bildiradilar, g’azablanganlar esa oyoq isti qilingan o’z huquq va erkinliklari uchun jon-jahdi bilan kurashadilar.

3.Norozilik namoyishi qatnashchilari.

Uy sifatidan, narxining qimmatlashib ketishidan g’ashlangan, jig’i chiqqan is’temolchilar, Bosh vazir va viloyat, tuman hokimlarining zo’ravonligiga uchragan fermerlar va tadbirkorlar is’temolchilar huquqlarini, fermerlar huquqlarini, tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, sudga va xalq qabulxonalariga murojaat qilib o’z oyoq osti qilingan huquq va erkinliklarini tiklay olmasdan, huquq himoyachilariga, Ozodlikka, BBC, Amerika ovoziga murojaat qilmoqdalar.

O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklari mamlakat konstitutsiyasining 33 va 34 moddalarida kafolatlangan : [11].

33-modda

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

34-modda.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

O’zbekiston vatandoshlarining siyosiy ijtimoiy faolligi:

1. Kuchli mustaqil inson huquqi jamiyatilari yaratish;

2. Mustaqil kasaba uyushmalari tuzish;

3. Muxolifat partiyalar faoliyatida qizg’in, ommaviy ishtirok etish;

4. Yani vatandoshlar o’rtasida gorizontal aloqalarni mustahkamlovchi fuqaroviy jamiyat qurish uchun norozilik aktsiyalari uyushtirish, qatnashish darajasiga ko’tarishlari kerak.

Shundagina mamlakatda siyosiy,ijtimoiy va iqtisodiy jabhalarda raqobat paydo bo’ladi, rivojlanish bo’ladi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

19-aprel, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Сергей Дуванов. Работа над ошибками казахстанской оппозиции.15.11.2018. ( https://centre1.com/kazakhstan/sergej-duvanov-rabota-nad-oshibkami-kazahstanskoj-oppozitsii/ ).

2. KunUZ.NAMUNALI UYLAR HAQIDA QASHQADARYOLIKLAR HIKOYASI – CHIROQCHI VA G‘UZOR TUMANLARI MISOLIDA. 29.01.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=iGjWc4jWvwg ).

3. Dang‘ara hokimligi Germaniyadan qoramol keltirgan ilg‘or chorvadorni sindirdi (VIDEO). 02.04.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29857302.html ).

4. Tuman MIBi fermerlardan musodara qilingan 100 dan ortiq traktorni sottirib yubordi. 29.11.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29626746.html ).

5. Бир гуруҳ тошкентлик уйлар нархи ошганига норозилик билдириб, президент девони олдида акция қилди.10.04.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29872873.html ).

6. Norozilar Sergeli hokimligidagi majlisda Bosh vazir bilan murosaga keldi (VIDEO). 11.04.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29875368.html ).

7. АРЗОН УЙ ҚОПҚОНДА: Сергели хақиқатлари! 11.04.2019. (https://www.youtube.com/watch?v=bM2jR0v9Ark ).

8. Investor Toshkent hokimini o‘zini qurilish bozoridan siqib chiqarayotganlikda ayblamoqda. 28.03.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29848158.html ).

9. Правозащитники – за диалог между бизнесменом и властью в Ташкенте. 10.04.2019. ( https://centre1.com/uzbekistan/pravozashhitniki-za-dialog-mezhdu-biznesmenom-i-vlastyu-v-tashkente/ ).

10. Toshkent hokimi buzilishlar haqida xorij diplomatlari va huquq faollari o‘tkazgan tadbirga kelmadi. 16.04.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29884674.html ).

11. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.