O’zbekiston. Mulk daxlsizligi?! Bosh vazir va tuman hokimining zo’ravonligi.(2019).

Spread the love

O’zbekistonda Bosh vazir va tuman hokimi zo’ravonligini ko’rsatuvchi 2 voqea bo’lib o’tmoqda. Bu voqealar prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy va siyosiy islohotlarining xo’jako’rsinga, yuzaki ekanligini ko’rsatadi.

1-voqea. Dang’ara tumani hokimi Saidmurod Aminov zo’ravonligi. [1].

Ozodlikdan iqtibos: “Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashtirilgan “To‘lqin Dang‘ara Ravnaqi” fermer xo‘jaligining 37,5 gektar yeri¸ “100 gektardan kam”¸ degan asosda boshqa fermerga qo‘shib berildi.

Fermer xo‘jaligi rahbari 69 yashar Murodjon Mamadalievning Ozodlikka aytishicha¸ buning ortidan dalasi va pishloq ishlab chiqarish sexidagi 30 nafar odam ishsiz qolgan¸ Germaniyadan keltirib, 160 boshga yetkazgan zotli mollari taqdiri xavf ostida qolgan.

Ozodlik bog‘langan Dang‘ara tuman hokimi Saidmurod Aminjonov bu muammo o‘rganilib, ijobiy hal qilinishini bildirdi.

Murodjon Mamadaliev 1994 yilda o‘zi boshqargan sovxoz fermasini auksionda yutib olib, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan “Zilola” xususiy fermer xo‘jaligi tashkil qilgan va unga chorva ozuqasi uchun 61 gektar yer berilgan.

2009 yilda fermer sutni qayta ishlab, pishloq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va o‘ndan ortiq odamni ish bilan ta’minlagan.

2016 yilda 150 bosh qoramoli borligiga qaramasdan o‘sha paytdagi Dang‘ara tumani hokimi Sh. Abdusalomov qarori bilan qisqarib-qisqarib 37,5 gektarga tushib qolgan yer paxta, g‘alla ekish uchun davlat zaxirasiga qaytarilgan.

Mamadaliev yana tenderda o‘z yerini yutib olib, “To‘lqin Dang‘ara ravnaqi” fermer xo‘jaligini tashkil qilgan va g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekin ekib, chorvachiligini rivojlantirgan.

“Planlar doim 100 bo‘lgan!”

Ozodlik bilan suhbatda Murodjon Mamadaliev ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tashkil etib, g‘alla va paxta rejasini ham doim ortig‘i bilan bajarib kelganini aytadi.

Mamadaliev ta’kidicha¸ 2019 yil yanvar oyidagi maqbullashtirishga oid hukumat qarori chiqishi ortidan o‘z yeri biror rasmiy hujjat taqdim qilmasdan¸ ogohlantiruvsiz boshqa fermerga qo‘shib berilgan:

– G‘alladan chiqqan somoniyu makka ekib mollarni eplab turgan edik. Maqbullashtirishga kelganida, bilmay qoldik gunohimiz nima ekanligini? Eng ilg‘or fermer bo‘lsam, mablag‘im ham bor, texnikam ham bor, fermam ham bor, 160 bosh qoramolim bor, hech bir joyda oqsab qolgan joyimiz yo‘q. Paxta va g‘allani doim 130-140 qilib bajarib kelgan bo‘lsam. Hokim bir marta fermaga bosh suqib ko‘rmadiyam, o‘zlaricha qaror chiqarib, boshqa fermerga berib yuboribdi.

Fermerning aytishicha, uning viloyat hokimiga yozgan arizasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan vakil ham kelib ko‘rgan:

– Hozir boshqarmadan javob xati keldi, hammasi to‘g‘ri, e’tirozingiz bo‘lsa boshqa joyga arz qilavering, debdi. Bular menga mana bu yerda noto‘g‘ri ish qilibsan, bu planni bajarmabsan, deb dangal aytib qo‘ya qolsa ekan, men taqdirga tan bersam. Men nima gunoh ish qildim. Men obod qilgan yerlar butunlay sho‘r bosgan edi. Ilgari u joyga sovxoz paxta ekmas edi. Paxta bo‘lmasdi u yerda. Men go‘ng solaverib, u yerni odam qildim. Hozir 50 sentnerdan paxta beradi o‘sha yerlar. 25 yil davomida yetti hokimni ko‘rdim. Birortasiga pand berganim yo‘q. Mana bu hokim esa indamay yerni tortib olayapti.

Zotli mollarni Germaniyadan keltirgan edim

Murodjon Mamadaliev yeri tortib olinishi ortidan Germaniyadan keltirilgan zotli mollari taqdiri mavhum qolayotganini aytadi:

– Bundan o‘n yil oldin Germaniyadan 12ta bo‘g‘oz sigir olib kelgan edim. Hozir shular 160ta bo‘ldi. Hammasi bir zotdan, qora-ola. Ilgari bedapoyalarimiz bor edi, har bir sigir 15 litrgacha sut berardi. Hozir esa 7-8 litrga tushib qoldi. Chunki bedazorlar endi yo‘q, somonga kepak aralashtirib beryapmiz. Bu rahbarlar mollarning uvoliga qoladi.

Pishlog‘imiz “xodovoy” tovar

Fermer agar yeri qaytarib berilmasa, zotli mollarini sotishdan boshqa iloji qolmasligini aytadi:

– 2009 yilda pishloq ishlab chiqaradigan sex tashkil qildik. O‘zimizning va boshqa fermalardan sut keltirib qayta ishlaymiz. Butun viloyat bo‘yicha hamma do‘konlarda bizning pishloq bor. Eng xodovoy tovar. O‘ndan ortiq odam ham ishsiz qoladigan bo‘ldi. Boshim qotib qoldi, nima qilishga hayronman. Mollarni sotib yuborishdan boshqa choram qolmadi. Somon g‘aramimizning ham oxiri ko‘rinib qoldi. Eng ichim achigani, mollarga. Kimning qo‘liga tushadi, ahvoli nima bo‘ladi. Toza, bir xil zotli qilib, ko‘paytirayotgan edik. Ikki yilda 400 taga yetardi.

Hokimlardan ham, prokuraturadan ham najot yo‘q

Murodjon Mamadaliev hokimiyat va prokuraturaga qilgan murojaatlari hozirgacha natijasiz qolayotganini aytadi:

– Tumanda ham, viloyatda ham chorvachilik bo‘yicha nechta mutaxassislar o‘tiribdi. Maqbullashtirish komissiyasi a’zolari o‘shalar ham. Bittasi bir narsa demayapti. Tuman hokimi Saidmurod Aminjonovga o‘n martalab bordim. Yerlari olingan fermerlarning birortasini ham yaqinlashtirmaysan, deb aytib qo‘ygan ekan. Uchrashib bo‘lmaydi, u odam bilan. Tuman prokuraturasiga yozdim. Kelib ko‘rishdi, lekin hech narsa bo‘lmadi.

Orqasida tirgovichi bo‘lmaganlar yersiz qoldi”

Ismi sir qolishini so‘ragan dang‘aralik fermerlardan biri maqbullashtirish tadbiridan aksar fermer yersiz¸ ishsiz qolayotgani¸ jarayondan faqat hokim va uning o‘rinbosari manfaat ko‘rayotganini ta’kidladi.

Bizda maqbullashtirishni asosan tuman hokimining qishloq ho‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Mirsodiqov tuman hokimi bilan kelishib o‘tkazdi. Komissiya xo‘ja ko‘rsinga tuzilgandi, deputatlar ham shunaqa! Aziz Mirsodiqovning o‘zi va ko‘plab qarindoshlari, do‘stlari fermerlik qiladi. Maqbullashtirishda A.Mirsodiqovning bironta qarindoshi yerdan mahrum bo‘lmadi. Dang‘arada asosan orqasida tirgovichi yo‘qlarning yeri olindi. Kimniki ortida bironta rahbar, amaldor bo‘lsa, uning yeriga teginilmadi.

Dang‘aradagi maq’bullashtirish davlat foydasiga bo‘lmadi. Bu tadbirda hokimiyat rahbarlarining shaxsiy manfaati aralashgani bois davlat ham, yaxshi fermerlar ham zarar ko‘rdi! Eng qiziq joyi, maqbullashtirishda hokimiyatning o‘zi bir qator fermerlar nomidan yerni zaxiraga qaytarish haqida soxta ariza yozgani bo‘ldi. Bu fakt! Keyin, yana bir qiziq holat bo‘ldi. Avval yeri olib qo‘yilgan ayrim fermerlar, garchi yeri kam bo‘lsa ham, keyinroq yerlarini qaytarib olishdi. Fermerlarning aytishicha, ma’lum haq evaziga ularga yerlarini qaytarib berishgan!”

“Mening qabulimga kelmagan”

Dang‘ara tumani hokimi Saidmurod Aminjonov Ozodlik bilan suhbatda, “To‘lqin Dang‘ara ravnaqi” fermer xo‘jaligi rahbari o‘ziga biror marta murojaat qilmaganini iddao qildi:

– Fermerlar mening oldimga kelishsa, har bittasini qabul qilaman. Iltimos, men bir shug‘ullanay, agar hal qilmasam, keyin boshqa narsa deng. U fermer meni oldimga kelsin. Qabul qilaman. Hammasini gaplashib, aniqlashtirib olamiz, muammo bo‘lmaydi, dedi tuman hokimi Saidmurod Aminjonov.

Ozodlik bu va’da ijrosini kuzatishda davom etadi”. Iqtibos tugadi. [1].

2-voqea.  Bosh vazir Abdulla Aripov zo’ravonligi.  [2].

Ozodlikdan iqtibos:”28 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida toshkentlik investor Muhammadbobur Xo‘jaev qurdirgan yana ikkita uy taqdiri ko‘rib chiqiladi – tuman hokimligi 600 odam yashayotgan ikkita uch qavatli uyni noqonuniy qurilgan degan iddao bilan buzishni so‘ramoqda.

Xo‘jaevning mazkur tumanda qurdirgan 3 qavatli uylaridan biri 2018 yilning 4 noyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov va shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning og‘zaki buyrug‘i bilan buzib tashlangan edi.

Xo‘jaevning Ozodlikka aytishicha¸ bu noqonuniy hatti-harakat haqida matbuotga gapirib¸ DXXga arz qilgani ortidan uning Toshkent shahrida qurdirgan yana besh ob’ekti shahar hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan buzishga berilgan.

28 mart kungi sudgacha bo‘lgan jarayonning ma’muriy bosim ostida kechganini ta’kidlagan developer¸ Toshkentdagi qurilish bozorini monopoliyasiga aylantirgan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevni arzon uy qurayotgani uchun o‘zini bu bozordan siqib chiqarayotganlikda aybladi.

Ozodlik gaplashgan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi bu iddaoni rad qilishga urindi¸ Ortiqxo‘jaev matbuot xizmati esa¸ ish sudda ko‘rilayotgani bois¸ bu haqda izoh berilmasligini bildirdi.

Sudsiz buzishdan sud qarori bilan buzishga o‘tildi.

28 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi tuman hokimligi da’vo arizasini ko‘rib chiqadi.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi Rishton ko‘chasida qurilgan 76- va 97- uylarni “o‘zboshimchalik bilan qurilganlik”da ayblab¸ suddan ularni buzish haqida ajrim chiqarishni so‘ragan.

Bu uylarni qurdirgan xususiy investor Muhammadbobur Xo‘jaev esa¸ uylarning aynan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi va poytaxtdagi qurilish uchun mas’ul davlat tizimlari ruxsati bilan qurilganini aytadi.

– Bu uylarga 600 odam ko‘chib kirgan¸ hozir ularni ko‘chaga haydab¸ uylarni buzishmoqchi. Bu uylar shaharsozlik qoidalariga mos ravishda qurilgan. Yer¸ loyihalashtirish va qurilish bilan bog‘liq hamma hujjatlarim bor¸ hammasi qonuniy¸hammasiga davlat idoralari qo‘l qo‘ygan¸ tasdiqlagan. Lekin hech kim bunga qaramayapti. Maqsad¸ bu uylarni buzish! Hokimiyat¸ prokuratura va sud ana shu maqsad uchun til biriktirib birga ishlayapti¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Muhammadbobur Xo‘jaev.

Bu ishni ikki oydan beri o‘rganayotgan Gumanitar huquqiy markazi rahbari Shuhrat G‘aniev¸ Muhammadbobur Xo‘jaev qurdirgan 3 qavatli uyning o‘tgan yil noyabrida buzib tashlanishi bilan boshlangan qonunsizlikning to‘xtovsiz davom etayotganini aytadi.

– Shaxsan bosh vazir Aripov va Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaevning mashina ichidan ko‘rsatib¸ mana shu uy yo‘qotilsin¸ degan og‘zaki farmonini bajarishda pulini berib¸ bu uyga kirib yashayotgan odamlarni sudsiz tashqariga chiqarayapti bular. Bu bir. Ikkinchisi¸ sud va ungacha bo‘lgan protsesslarda Muhammadbobur va uning quruvchilariga ham prokuratura¸ ham sud tizimi tomonidan bevosita tazyiq ko‘rsatilayapti va bu bizni xavotirga solayapti¸ deydi huquqshunos G‘aniev.

Xo‘jaev qurdirgan imoratlar nega buzdirilmoqda? Hokim javobi

Ozodlik bu savol bilan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashevga murojaat qildi.

– Bizga noqonuniy yoki o‘zini tartib-qoidasi bilan qurilmagan uylarni buzish haqida GlavAPU(Toshkent arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi nazarda tutilmoqda – tahr.) yoki qurilish bo‘limi tekshirib¸ xulosa beradi. Bizning tumanda faqat Xo‘jaev qurdirgan oltita uy emas¸ balki juda ko‘p boshqa uylar ham buzishga berilgan. Ular ichida xususiy xonadonlar ham¸ ko‘p qavatli uylar ham bor¸ dedi Irgashev.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi Xo‘jaevning¸ “hamma hujjatlarim hokimlik va boshqa davlat idoralari tomonidan qonuniy rasmiylashtirilgan¸ o‘zlari qurishga ruxsat berib¸ endi o‘zlari noqonuniy qurildi¸ deb iddao qilayapti”¸ degan e’tiroziga ham javob berdi:- Hozirgi tartib-qoidaga ko‘ra¸ qurilishlarni hokimiyat rasmiylashtirmaydi¸ bu Yagona darcha orqali o‘tiladi. Bu sporniy masala bo‘lgani uchun¸ faqat sud orqali hal qilinadigan bo‘layapti¸ dedi Ozodlik hokim Shavkatbek Irgashev.

Investor iddaosi

Muhammadbobur Xo‘jaev¸ uch qavatli yangi uyining 2018 yil noyabrida sud qarorisiz buzilishidan boshlanib¸ o‘zi qurdirgan barcha ob’ektlarning hokimiyat tomonidan buzishga berilganini maxsus kampaniyaning bir qismi deb bilishini aytadi.

– Toshkentda eng arzon va sifatli uy-joyni men qurdirayapman. Discover Invest, Murad Buildings uch xonali uyning faqat devorini 150 ming dollarga taklif qilayotgan bo‘lsa¸ men uch xonali uyni¸ remonti bilan¸ ko‘chib yashashga tappa-tayyor qilib¸ 30 ming dollarga sotayapman. Bu kvartiralarga xaridor juda ko‘p. Men nomlarini aytgan Toshkentdagi eng yirik developerlik shirkatlari¸ bilishimcha¸ shahar hokimi Jahongir Ortiqxjaevga qarashli¸ yoki u bilan sheriklikda ishlaydi. Bular uy-joy bozorini monopoliya qilib¸ menga o‘xshagan raqobatchilarni siqib chiqarishayapti. Bor gap shu¸ deydi Muhammadbobur Xo‘jaev. Iqtibos tugadi. [2].

Ц-1 websaytining [3], “Правозащитники – за диалог между бизнесменом и властью в Ташкенте.” nomli maqolada yozishi bo’yicha, Toshkentdagi xususiy quruvchi Muhammadbobir Xo’jayev va poytaxt amaldorlari o’rtasidagi o’zaro mojaroda o’zbekistonlik faollar muloqot o’rnatib yordam berishlari mumkin.

 Buxoro gumanitar huquqiy tashkiloti rahbari Shuhrat G’aniyevning ta’kidlashicha, mojaroda qatnashayotgan tomonlar bir-birlarini o’zaro ayblashdan to’xtab, dasturxon atrofida o’tirib muzokaralarni boshlashlari kerak. Huquqbon Shuhrat G’aniyev bir oydan ortiq vaqt davomida voqealarni rivojini kuzatib kelyapti. Mirzo Ulug’bek tuman hokimi Shavkat Ergashevning talabiga binoan tadbirkor Muhammadbobir Xo’jayev Toshkent shahrining Avayxon ko’chasida militsiya bo’limi uchun bino qurib beradi.  Bu binoning qurilishi uning kelajakda tinchgina ishlashi uchun edi.

Lekin bu bilan ta’magirlik tugamadi (vimogatelstva). Hokimning vositachilari militsiya binosi soxta kishilarning nomiga rasmiylashtirishni hoxlab qolishdi. Tadbirkor bunga rozi bo’lmadi va bino qurilishiga sarflangan 150 ming AQSh dollarini qaytarib berishni talab qildi, lekin pul qaytarib berilmadi.

Biroq 2018-yilning 4-noyabr kuni militsiya yangi qurilgan binosining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.  Tantanali marosimda tuman hokimi Shavkat Ergashev, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev va O’zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovlar qatnashishdi.

Keyinchalik, tadbirkor Muhammadbobir Xo’jayev va amaldorlar o’rtasidagi mojaro yanada yuqori pog’onaga ko’tarildi. Toshkent shahri hokimyatidagilar tadbirkorning sifatsiz qurilgan binolari haqida film olishyapti.  Filmda bu binolarda yashovchi kishilar gulqog’ozlarning ko’chib tushayotgani, devorlardagi yoriqlar, xonalarning kichikligidan shikoyat qilishmoqda.

Navbatdagi tasvirga olish 9-aprel kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug’bek tumani, Qorasuv massivi, Rishton ko’chasi 110-uyda bo’lib o’tgan.  Biroq, Xo’jayevning Ц-1ga aytishi bo’yicha, bu uyning unga hech qanday aloqasi yo’q. Tadbirkorning aytishi bo’yicha, bunday filmga olishlar 1-marta bo’layotgani yo’q.

Yana 7-aprel kuni tadbirkor Xo’jayevning mashinasini poytaxtning Chilonzor tumanida 2 oynalari qoraytirilgan nomersiz mashinalar qo’qqisdan to’sgan.  Mashinadan 5 erkak chiqib kelib, tadbirkorga o’z biznesi uchun kurashni to’xtatishni va ommaviy axborot vositalariga boshqa murojaat qilmaslikni do’q-po’pisa bilan talab qilishgan. Agar tadbirkor talabga bo’ysunmasa uni jismoniy yo’q qilishlarini aytgan.

Tadbirkor Muhammadbobir Xo’jayev bilan hokimiyat o’rtasidagi mojaroni faqat fuqaroviy jamiyat vakillarining aralashuvi bilan hal qilinishi mumkin.  Lekin, mojaroda qatnashuvchi tomonlar buni hoxlashadimi deydi Ц-1. [3].

Yuqoridagi 2 voqeadan, ya’ni Dang’ara tuman hokimi Saidmurod Aminjonov va O’zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning zo’ravonliklaridan menda 3 fikr tug’ildi.  

1-fikr.  Dang’ara tuman hokimi Saidmurod Aminjonov va O’zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining shaxs daxlsizligiga tegishli 19 va 25-moddalarini qo’pol ravishda oyoq osti qilishyapti.  [4].

19-modda

O’zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdirlar.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emas.

25-modda.

Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Yuqoridagi 2 voqealardan yana shu narsa ko’rinib turibdiki, O’zbekiston vatandoshlarining mulk daxlsizligi kafolatlanmagan.  Ularning O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 53-moddasida ko’rsatilgan mulkiy daxlsizligi huquqi ochiqdan-ochiq oyoq osti qilinyapti.

53-modda.

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

2-fikr.  Dang’ara tuman hokimi Saidmurod Aminjonov va O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning zo’ravonligi,mamlakatda ijroiya hokimiyati, qonun chiqaruvchi hokimiyat, sud hokimiyatining mustaqil emasligini ko’rsatadi.  Shu jumladan mamlakatda ommaviy axborot vositalari erkin emasligini, kuchli fuqaroviy jamiyat va baquvvat o’rta sinf shakllanishi uchun sharoit yaratilmaganligini ko’rsatadi.

3-fikr.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy, siyosiy islohotlari xo’jako’rsinga, yuzakiligini ko’rsatadi.  Ya’ni, Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy, siyosiy islohotlari mamlakatda iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik va korruptsiya ko’rsatkichlarining sezilarli oshishiga olib kelmaydi.

Zero, O’zbekistonning iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi 152-o’rinda bo’lgan paytda 51.5 ballga teng edi, 2019-yilda esa 140-o’rindalagida 53.3 ballga teng.[5].

Dunyo mamlakatlari orasida 12 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsada iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi atigi 1.8 ballga yaxshilangan bo’lib hamon iqtisodi ko’proq erkin bo’lmagan (Mostly Unfree) mamlakatlar qatorida.

Siyosiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha O’zbekiston 9 ball bilan Tojikiston ( 9 ball ) darajasiga erishgan va albatta Shimoliy Koreadan ( 3 ball ), Turkmanistondan ( 2 ball ) ancha uzoqlashgan. Biroq, dunyoning eng erkin mamlakatlari Finlandiya ( 100 ball ), Norvegiya ( 100 ball ), Shvetsiyalardan ( 100 ball ) juda keyinda va hattoki Afg’oniston (27 ball), Erondan (18 ball) ham siyosiy erkinliklar bo’yicha orqada. [6].

Umuman olganda O’zbekiston yomonlarning eng yomonlari bo’lgan 13 mamlakat qatorida.[7].

O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [8].

Korruptsiya gullab yashnayotgan mamlakatga halol chet ellik tadbirkorlar investitsiya, sarmoya kiritmaydi. Mamlakat iqtisodi rivojlanmaydi.

Darhaqiqat, O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YIMsi dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [9,10].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [12,13].

AJB YIM 1,460 AQSH dollari bo’lgan O’zbekiston 10-20 yillar oldin juda qoloq bo’lgan Hindiston (AJB YIM 2,188), Nigeriya (2,244) va hattoki Bangladeshdan (1,882) ham orqada qolib ketdi.


O’zbekiston faqat 40 yildan beri urush bo’layotgan Afg’oniston (AJB YIM 577) va 5 yil fuqarolar urushi bo’lgan Tojikistondan ( AJB YIM 815) oldindaligi bilan faxrlana oladi. [10].

O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik ko’rsatkichlari ko’tarilmas ekan,korruptsiya ko’rsatkichi ko’tarilmaydi, mamlakat iqtisodiyoti o’ta qoloqlikdan chiqa olmaydi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

12-aprel, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Dang‘ara hokimligi Germaniyadan qoramol keltirgan ilg‘or chorvadorni sindirdi (VIDEO). 02.04.2019. ( https://www.ozodlik.org/a/29857302.html ).

2. Investor Toshkent hokimini o‘zini qurilish bozoridan siqib chiqarayotganlikda ayblamoqda. 28.03.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29848158.html ).

3. Правозащитники – за диалог между бизнесменом и властью в Ташкенте. 10.04.2019. ( https://centre1.com/uzbekistan/pravozashhitniki-za-dialog-mezhdu-biznesmenom-i-vlastyu-v-tashkente/ ).

4. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

5. 2019. Index of Economic Freedom.

( https://www.heritage.org/index/ranking ).

6. Freedom in the World 2019.

( https://freedomhouse.org/report/countries-world-freedom-2019).

7. Worst of the worst. 2019. ( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2019/democracy-in-retreat ).

8.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

9. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

10. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

11. TOP 10 Most Profitable Companies in the World in 2019. (https://fxssi.com/top-10-profitable-companies-world ).

12. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

13. Первый суверенный кредитный рейтинг от Fitch оказался благосклонен к Узбекистану. 21.12.2018. (https://fergana.agency/news/103789/ ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.