O’zbekiston.  Qancha oltin? Tashqi qarz?  Mehnat muhojirlarining pullari? (2019).

Spread the love

O’zbekiston Markaziy Banki mamlakat tarixida 1-marta 2018-yilda qancha oltin qazib chiqarilgani, 2019-yilda qancha qazib chiqarilishi va necha tonna eksport qilinishi va oltin zahiralari (qazib olinmagan) to’g’risida ma’lumotlarni ochiqladi.  Bu haqda fergana.agency va Ozodlik radiolari Markaziy Bank ma’lumotlari asosida xabarlar berishdi. [1,2].

Ozodlikdan iqtibos: “Markaziy bank 2019 yilda xorijga 80 tonna oltin eksport qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu o’tgan yilga nisbatan 10 tonnaga ko’pdir.

Markaziy bank hisobotida aytilishicha, 2019 yilda oltin narxining ko’tarilishi kutilmoqda. 2018 yilda oltin untsiyasining o’rtacha narxi 1268 dollar bo’lgan, joriy yilda esa bu narx 1320 dollar bo’lishi kutilmoqda.

Markaziy bank, oltin bu narxda sotiladigan bo’lsa, davlat xazinasiga 80 tonna oltindan 3 milliard 400 million daromad tushishini bildirdi.

Markaziy bank hisobotida O’zbekiston 2016 yilda 70 tonna, 2017 yilda 80 tonna, 2018 yilda 70 tonna oltin eksport qilgani qayd etilgan. Hujjatda bildirilishicha, o’zbek oltinining asosiy xaridori Shveytsariyadir. O’tgan yili sotilgan oltin qiymati 2 milliard 900 million dollarni tashkil qilgan.

Geologiya va mineral zahiralar davlat agentligining ma’lum qilishicha, 2017 yilda O’zbekistonda 90 tonna oltin qazib olingan edi. Ayni paytda bu ko’rsatkichni yiliga 120 tonnaga yetkazish rejalashtirilayotgani to’g’risida xabarlar berilgan. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O’zbekistonda oltin zahirasi 6 ming tonnani tashkil etadi.

Markaziy bank 2019 yilning 1 fevral holatiga ko’ra, mamlakat oltin-valyuta zahirasi 27,3 milliard dollar ekanini, uning 14,57 milliard dollarini monetar oltin tashkil qilishini bildirgan”. Iqtibos tugadi.

O’zbekiston hududida Buxoro amirligi davrlarida, SSSR davrida oltin qazib chiqarilgan, O’zbekiston mustaqil bo’lganidan beri ham oltin qazib chiqarilmoqda.  Menda O’zbekistonning oltin qazib chiqarish bo’yicha dunyodagi o’rni, oltin zahirasi bo’yicha (gold reserves) dunyodagi o’rnini bilishga qiziqish uyg’ondi.

Men Google orqali bu qiziqishimga javob topdim.

Wikipediyada “Gold reserve. 2019” [3] maqolasida dunyodagi oltin zahiralari (gold reserves), quyma oltin bo’yicha eng ko’p oltin zahirasiga ega bo’lgan 20 ta mamlakat keltirilgan.  Bu keltirilgan ma’lumotlar 2019-yilning martiga tegishli. Bu ma’lumotlarga ko’ra O’zbekiston 342,1 tonna oltin zahirasiga ega bo’lib dunyoda 14-o’rinni egallagan.

1.AQSh, 8,133.5 tonna;

2.Germaniya, 3,369.7 tonna;

3.Italiya, 2,451.8 tonna;

10.Hindiston, 607.0 tonna;

13.Qozog’iston, 353.3 tonna;

14.O’zbekiston, 342,1 tonna;

20.Belgiya, 227.4 tonna. [4].

LAWRIEONGOLD websaytining “World Top 20 Gold 2018-Countries, Companies and Mines” maqolasida (bu maqola 2019-yilning 1-aprelida chop etilgan) O’zbekiston 2018-yilda 92 tonna oltin qazib chiqarib, dunyoda 12-o’rinni egallagan.  [5].

1.Xitoy, 404 tonna;

2.Avstraliya, 315 tonna;

3.Rossiya, 297 tonna;

..

11.Braziliya, 97 tonna;

12.O’zbekiston, 92 tonna;

15.Qozog’iston, 68 tonna;

20.Kongo Demokratik respublikasi, 45 tonna.[5].

Qolgan mamlakatlar 728 tonna.

Dunyo bo’yicha 2018-yilda 3503 tonna oltin qazib chiqarilgan.  [5].

Shu maqolaning 2-jadvalida (table 2) Top 20 Mining Companies 2017/2018 (tonnes) jahonda eng ko’p oltin qazib chiqargan 20 ta kompaniyalarning ro’yxati keltirilgan.  Ro’yxatda Navoiy kon metallurgiya kombinati 2018-yilda 64,7 tonna oltin qazib olib dunyodagi 20 ta kompaniya orasida 9-o’rinni egallagan.

1.Newmont mining, 158,7 tonna;

2.Barrick Gold, 140,8 tonna;

3.AngloGold Ashanti, 105,8 tonna;

9.Navoi MMC, 64,7 tonna;

20.Glencore, 31,2 tonna.

3-jadvalda jahondagi 20 ta eng katta oltin konlari keltirilgan.  (Table 3 World’s 20 largest gold mines 2018 (Production in tonnes)).

Bu jadvalda O’zbekistondagi Muruntov (Muruntau) 2018-yilda 61,5 tonna oltin qazib chiqarib dunyoda 2-o’rinni, Zarafshon oltin koni esa 30 tonna oltin qazib chiqarib 7-o’rinni va Qirg’izistondagi Qumtor oltin koni 16,6 tonna oltin qazib chiqarib 18-o’rinni egallagan.

Fergana.agency vebsaytining yozishi bo’yicha O’zbekistonning tashqi qarzi 2018-yilda 9,5 foizga oshgan, ya’ni, 1,5 milliard AQSh dollariga.  2019-yilning 1-yanvariga ko’ra tashqi qarzning umumiy miqdori 17,3 milliard AQSh dollari [6]. Tashqi qarzning oshishi asosan davlat sektoriga to’g’ri kelgan, xususiy sektorda esa aksincha $ 977 millionga kamaygan.

Keyingi muhim ma’lumot esa Rossiyadagi mehnat muhojirlarining O’zbekistonga yuborgan pul o’tkazmalari haqida. [7].

Ozodlikdan iqtibos: “Rossiyadan O’zbekistonga jismoniy shaxslar yuborgan pul o’tkazmalari miqdori 2018 yili 3 milliard 963 million AQSH dollarini tashkil etgan va bu ko’rsatkich 2017 yilga nisbatan 1,4 foizga ko’pdir.

Bu haqda O’zbekiston Markaziy banki ma’lumot tarqatdi.

Rossiya O’zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan yuborilayotgan pul miqdori bo’yicha hamon birinchilikda qolmoqda.

33 millionlik O’zbekistondagi mehnatga layoqatli aholining qariyb 20 foizi xorijda ishlayotgani va mehnat muhojirratidagi O’zbekistonliklar 85 foizining esa aynan Rossiyada ishlayotgani aytiladi”.Iqtibos tugadi. [7].

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston oltin zahirasi bo’yicha 342,1 tonna bilan dunyoda 14- o’rinni egallagan.  O’zbekistonning oltin zahirasi bo’yicha dunyoda 14- o’rinni egallaganligi menda faxrlanish tuyg’usini uyg’otadi, lekin millionlab o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiya, Qozog’iston, Janubiy Koreya, Turkiya va dunyoning boshqa mamlakatlarida ish izlab, sutkasiga 12 soatlab, dam olish kunlarisiz, og’ir sharoitlarda  ishlab Rossiyadan $ 4 milliard va dunyoning boshqa mamlakatlaridan $ 1 milliardan ko’proq, jami 2018- yilda $ 5 milliarddan ko’p pul jo’natganligi bu faxrlanish hissini yumshoq qilib aytganda yo’qqa chiqaradi.

O’zbekiston tashqi qarzining $ 17,3 milliard ekanligi, ya’ni, bu tashqi qarzni 33 million kishiga bo’lganda taxminan har bir kishiga $ 500 ga teng ekanligi har bir o’zbekistonlik vatandoshning kayfiyatini tushirib yuboradi. Xususiy sektorga tegishli 7,2 milliard tashqi qarzni hisobga olsak O’zbekiston vatandoshlari davlat sektoridagi 10,1 milliard tashqi qarzni to’lashi lozimligi kelib chiqadi. Faqat davlat sektoriga tegishli tashqi qarz har bir vatandoshga tahminan 300 AQSH dollari to’g’ri keladi.

Bu ma’lumotlarga yana O’zbekistonning YAIM (Yalpi Ichki Mahsuloti) 2018- yilda $51,339 milliard [10] bo’lganini qo’shsak, pastga tushib ketgan kayfiyat g’azabga aylanadi.

Chunki, O’zbekiston 30 yil davomida minglab tonna oltin eksport qilib, 20 yil davomida mehnat muhojirlari $100 milliardlab pul jo’natganini, yana gaz va uran eksport qilib, paxta tolasi va tekstil mahsulotlari eksportidan tushgan foydalar hisobiga va hamda Orol dengizining qariyb qurib bitishi, chinorlar va daraxtlarga qiron keltirilib, natijada bor-yo’g’i Yalpi ichki mahsulotning $51,339 milliard ekanligi insoniyat oldidagi kechirib bo’lmaydigan jinoyatdir.

Zero, O’zbekistonning 2018 yilda YAIM bor yo’g’i 51,339 milliard AQSH dollari [10], birgina Toyota kompaniyasiniki $ 265,172 milliard( dunyoda 6-o’rinda), Volkswagenniki $ 260,028 milliard (dunyoda 7-o’rinda), Appleniki $ 229,234 milliard(dunyoda 11-o’rinda), Samsung Electronicsniki esa $ 211,940 milliard (dunyoda 12-o’rinda) daromad ko’rganini hisobga olsak,ahvolning nihoyatda ayanchli ekanligi ayon bo’ladi.[11].

O’zbekiston iqtisodining o’ta qoloqligi men avvalgi maqola va videolarimda ko’p marta ta’kidlab o’tganimdek mamlakatda korruptsiya ko’rsatkichiining o’ta past darajada ekanligidir.

Zero,O’zbekistonda korruptsiya ko’rsatkichi (Corruption Perceptibility Index) 2018-yilda 22 ball bilan dunyoning 180 mamlakati qatorida 157-o’rinni egallagan bo’lsa, 2019 – yilda 23 ball bilan 158 – o’rinni egalladi.  O’zbekistonning korruptsiya ko’rsatkichi 1 ballga yaxshilangani bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida korruptsiya ko’rsatkichi O’zbekistonga nisbatan ko’proq yaxshilangani uchun O’zbekiston 157 – o’rindan 158 – o’ringa tushib qolgan.  [8].

Korruptsiya gullab yashnayotgan mamlakatga halol chet ellik tadbirkorlar investitsiya, sarmoya kiritmaydi. Mamlakat iqtisodi rivojlanmaydi.

Darhaqiqat, O’zbekistonning AJB YAIMsi ($1,560) dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan ($11,673) qariyb 7 baravardan ko’proq kam (7,48).

O’zbekistonning AJB SOPsi ($7,810) dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan ($18,961) 2 baravardan ko’proq kam (2,43).

O’zbekistonning iqtisodiy ko’rsatkichlari dunyoning o’rtacha iqtisodiy ko’rsatkichlaridan 2 baravar kam bo’lsa, O’zbekistonning iqtisodini qoloq deyishimiz mumkin. Biroq O’zbekistonning AJB YIMsi dunyoning o’rtacha AJB YIMsidan 7 baravardan ko’proq, O’zbekistonning AJB SOPsi dunyoning o’rtacha AJB SOPsidan 2 baravardan ko’proq orqadaligini baralla o’ta iqtisodiy qoloq deyishga majbur bo’lamiz. [9,10].

2018-yilning dekabrida Xalqaro reyting agentliklari Fitch va Standard & Poor’slar O’zbekistonning AJB YIMsi $1,200ga tengligini aniqlashgan edi. Bu ko’rsatkich bo’yicha olganda O’zbekistonning iqtisodiy ahvoli yanada ayanchliligi ayonlashadi. [12,13].

AJB YIM 1,460 AQSH dollari bo’lgan O’zbekiston 10-20 yillar oldin juda qoloq bo’lgan Hindiston (AJB YIM 2,188), Nigeriya (2,244) va hattoki Bangladeshdan (1,882) ham orqada qolib ketdi.


O’zbekiston faqat 40 yildan beri urush bo’layotgan Afg’oniston (AJB YIM 577) va 5 yil fuqarolar urushi bo’lgan Tojikistondan ( AJB YIM 815) oldindaligi bilan faxrlana oladi. [10].

O’zbekistonda iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik ko’rsatkichlari ko’tarilmas ekan,korruptsiya ko’rsatkichi ko’tarilmaydi, mamlakat iqtisodiyoti o’ta qoloqlikdan chiqa olmaydi.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vitse prezidenti

5-aprel, 2019-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Хорижга ўтган йилга қараганда ўн тонна кўпроқ олтин сотиш режалаштирилмоқда. 02.04.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29856008.html ).

2. Узбекистан увеличит объем экспорта золота. 01.04.2019. (https://fergana.agency/news/106270/ ).

3. Gold reserve. 2019 ( https://en.wikipedia.org/wiki/Gold_reserve ).

4. Dr.Top.10. Top 20 Economies by Gold Reserves 2019.

( https://www.youtube.com/watch?v=osPDlcJqXCs ).

5. World Top 20 Gold 2018 – Countries, Companies and Mines. (https://lawrieongold.com/2019/04/01/world-top-20-gold-2018-countries-companies-and-mines/ ).

6. ЦБ Узбекистана отчитался о росте внешнего долга на $1,5 млрд. 21.03.2019. ( https://fergana.agency/news/106253/ ).

7. Россиядаги ўзбек муҳожирлари 2018 йили ватанига қарийб $4 миллиард пул жўнатди. 02.04.2019. (https://www.ozodlik.org/a/29856538.html ).

8.Transparency International. Corruption Perceptions Index 2018

( https://www.transparency.org/cpi2018 ).

9. International Monetary Fund. 2019.GDP per capita, current prices. U.S. dollars per capita(https://www.imf.org/external/datamapper/NGDPDPC@WEO/OEMDC/ADVEC/WEOWORLD ).

10. Statistics Times.GDP Indicators 2019

( http://statisticstimes.com/economy/gdp-indicators-2019.php ).

11. TOP 10 Most Profitable Companies in the World in 2019. (https://fxssi.com/top-10-profitable-companies-world ).

12. Fitch Assigns Uzbekistan ‘BB-‘ IDRs; Outlook Stable

20 Dec 2018. ( https://www.fitchratings.com/site/pr/10057197 ).

13. Первый суверенный кредитный рейтинг от Fitch оказался благосклонен к Узбекистану. 21.12.2018. (https://fergana.agency/news/103789/ ).

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.