Nega prezident Shavkat Mirziyoyev MXXni tanqid qiladiyu, diktator Islom Karimovni ulug’laydi?

Spread the love

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Buxoro viloyatining Peshku tumanida viloyat faollari bilan bo’lgan uchrashuvda Milliy Xavfsizlik Xizmatining (MXX) diktator Islom Karimov davridagi faoliyatini 1937-yildagi qatag’onga qiyosladi.[1].

Shavkat Mirziyoyev MXX raisi Rustam Inoyatovni 30-yanvar sanasida, (izoh meniki: 2018-yilida) vazifasidan ozod qilib, Oliy Majlis senatiga deputat qilib tayinladi.  Rustam Inoyatovni MXX raisligidan bo’shatishdan oldin uning 3 o’rinbosari va MXXning viloyatlardagi 11 rahbarini ham ishdan bo’shatgan edi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasidan iqtibos: “Mana 1-2 talari umrbod qamoqqa ketdi, ,hamma pogonini olib tashladik. Bularni ham shunday qilamiz, nega desangiz eng yomon illatli tashkilot Surxondaryo bilan Buxoroda bo’lib, bular juda quturgan edi.

Kechirasizlar, qo’polroq bo’lsa ham. O’tiribdi, mana, shu tashkilotning rahbarlari. Hech yoqqa bormaydi bular endi, shunday ishlaydiki, o’ho’o’ ko’rasiz,hali. Buxoroda boshlayabmiz tozalashni, Buxoroda bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamni nima qilsa,qilardi. Kerak bo’lsa, stolbani ham borib qamardi. Adolat baribir o’rnatamiz, mana uch-to’rttasini jilovini ushlab ichkariga kirgizuvdik, o’n kun bo’lgani yo’q, kim topshiriq bergan, nima qilgan, Buxoro to’g’risida, bulbulday sayrayabdi”. Iqtibos tugadi.[1]

Shavkat Mirziyoyevning viloyat faollari bilan bo’lgan uchrashuvda qilgan ma’ruzasi va uning MXX raisi Rustam Inoyatovni ishdan bo’shatishi,uning 3 o’rinbosari va MXXning 11 viloyat rahbarlarini ishdan olishi MXXda katta islohotlar boshlanganligini bildiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmati vazifalari va vakolatlarini tartibga soluvchi ”Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilishni taklif qilgandi [2].

 O’zbekiston vatandoshlarida MXXda jiddiy islohotlar boshlanganligidan ijobiy umidlar paydo bo’ldi.  Lekin, men vatandoshlarda ijobiy umid paydo bo’lganiga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan yondoshaman.

 Chunki, birinchidan: O’zbekistonda hokimiyat organlari, mustaqil parlament, mustaqil sud sistemasi yo’q, bu davlat organlari ijroiya hokimiyatga, prezidentga bo’ysundirilgan;

 

Ikkinchidan: O’zbekistonda fuqarolik jamiyati hihoyatda kuchsiz;

Uchinchidan:  Fuqarolik jamiyatining shakllanishi uchun o’ta muhim bo’lgan o’rta sinf shakllanmagan.

 O’z-o’zidan ma’lumki, o’rta sinf, fuqarolik jamiyati shakllanmagan jamiyatda davlat organlarining faoliyati ham zamonaviy talablarga javob bermaydi.  Ya’ni, qisqa qilib aytganda O’zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklari hurmat qilinmaydi, oyoq osti qilinadi.

MXX ni isloh qilinishiga o’ta ehtiyotkorlik bilan yondoshishga O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016 yilning 16 sentyabrida imzolangan “ Ichki ishlar organlari to’g’risida”gi qonun va bu qonunning 2017 yilning 17 martida kuchga kirganligi misol bo’la oladi [3]. Bu qonunning kuchga kirganligi bilan O’zbekiston vatandoshlari bu haqda biror marta ijobiy fikr bildirganliklarini eslay olmayman. Zero, iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichi bo’yicha 51,5 ball bilan dunyoda 180 mamlakat orasida 152 o’rinni egallagan, ko’proq erkin bo’lmagan (mostly unfree) [4], siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar ko’rsatkichi 7 ball, dunyoning eng 10 yomonlarning yomoni mamlakatlari qatorida bo’lgan O’zbekistondan boshqa ijobiy natijani kutish mumkin emas [5].

Shavkat Mirziyoyevning MXX faoliyatini qattiq salbiy baho berib, tanqid qilishida katta bir mantiqsizlik bor.  MXXni tanqid qilyaptiyu, lekin MXXga shuncha katta vakolatlar bergan marhum diktator Islom Karimov to’g’risida lom-mim demayapti.  Vaholanki, Islom Karimov O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasini oyoq osti qilib, O’zbekiston konstitutsiyasida belgilanganidek 10 yil vakolati tugaganidan keyin o’rnini erkin, demokratik saylovlarda saylangan prezidentga bo’shatib bermasdan, hokimiyatni uzurpatsiya qilib oldi.  SSSR davrida O’zbekistonni 2 yil boshqarganini hisobga olsak, diktator Islom Karimov O’zbekistonni 27 yil boshqardi.

 O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasini oyoq osti qilgan Islom Karimov va unga bo’ysundirilgan davlat organlari: Oliy Majlis, MXX, prokuratura, sud sistemasi, Ichki Ishlar Vazirligi va boshqa davlat organlari ham O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasini oyoq osti qilgan.  Nega O’zbekiston konstitutsiyasini, O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklarini oyoq osti qilgan davlat organlari qattiq tanqid qilinadiyu,  O’zbekiston konstitutsiyasini, O’zbekiston vatandoshlarining huquq va erkinliklarini oyoq osti qilgan marhum diktator Islom Karimov ulug’lanadi, uning nomi aeroportlarga, ko’chalarga qo’yiladi, muzeylar ochiladi va 80yillik yubileyi nishonlanadi?!


Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

18-fevral, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Мирзиёев МХХ фаолиятини 37-йилдаги қатағонга қиёслади. 17.02.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/prezident-miziyoyev-mxx-haqida/29045256.html ).

2. МХХ раиси Рустам Иноятов иcтеъфога чиқарилди. 31.01.2018.

(https://www.ozodlik.org/a/rustam-inoyatov-resigns/29008190.html ).

3. Ўзбекистонда “Ички ишлар органлари тўғрисида”ги қонун кучга кирди. 05.04.2017. ( https://sputniknews uz.com/news/20170405/5125658/Ozbekistonda-Ichki-ishlar-organlari-togrisidagi-qonun-kuchga-kirdi.html ).

4. 2018 Index of Economic Freedom. Country Rankings. (https://www.heritage.org/index/ranking).

5. Freedom in the World 2018 by Aggregate Score.

( https://freedomhouse.org/report/freedom-world/freedom-world-2018 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.