Abdujalil Boymatov murojaatga imzo chekkan faollardan.

Spread the love

O’zbekistonlik faollar Qirg’iziston masalasida xalqaro jamiyatdan aniq qadamlar kutmoqda

Faollar BMT bosh kotibiga maktub yo’llab, Qirg’iziston janubiga zudlik bilan tinchlikparvar qo’shinlar kiritishni so’ragan.

Mahalliy o'zbeklarda qirg'iz militsiyasi, armiyasi va adliyasiga  ishonch yo'qolgan

Foto AP

Mahalliy o’zbeklarda qirg’iz militsiyasi, armiyasi va adliyasiga ishonch yo’qolgan

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

“Qirg’izistonning 100 mingga yaqin fuqarosi O’zbekiston hududida qochqin bo’lib turgan bir paytda yangi konstitutsiya bo’yicha 27 iyunga rejalangan referendumni o’tkazish to’g’ri emas”.

O’zbekistonlik huquq himoyachilari Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibiga murojaatnoma yo’llab, Qirg’iziston janubiga zudlik bilan tinchlikparvar kuchlarni safarbar etishni so’ragan. Faollar xunrezliklarni o’zbeklarga qarshi genotsid deb atab, mustaqil xalqaro tergov o’tkazilishini talab qilmoqda.

O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Abdujalil Boymatov murojaatga imzo chekkan faollardan. Uning aytishicha, Qirg’izistonda hozir boshqa millat vakillari ham tartibga chaqirilmoqda, bu esa mojaroni yangidan keltirib chiqarishi mumkin.

“Biz Qirg’iziston janubiga xalqaro qo’shinlar kiritilishini talab qilyapmiz. Agar bu bo’lmasa, u holda O’zbekiston armiyasi u yerga kirishi kerak”, – deydi Boymatov.

Parijda asoslangan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” deb nomlanuvchi uyushma rahbari Nadejda Otayeva ayni damda Bryusselda. U Yevropa Komissiyasi tomonidan mintaqada ayollar huquqlari mavzusiga bag’ishlangan anjumanda ishtirok etmoqda. Unda ham Qirg’izistondagi voqealar tilga olingan.

“Majlis davomidagi bahs-munozaralardan so’ng Qirg’izistonda o’zbeklarga qarshi genotsid alomatlari borligi tan olindi. Hozirgi vaziyatga baho berarkanmiz, Qirg’iziston janubida o’zbeklar muxtoriyatiga asos solish masalasi ertami-kech ko’ndalang qo’yilishini ta’kidlab o’tish kerak. Qirg’iziston armiyasi, ichki ishlar tizimi va davlat idoralarida o’zbek millatiga mansub vakillarning kamligi bois so’nggi yillarda o’zbeklar sistematik ravishda va keng ko’lamda kamsitilmoqda”, – deydi Otayeva.

Uning aytishicha, Qirg’izistonning 100 mingga yaqin fuqarosi O’zbekiston hududida qochqin bo’lib turgan bir paytda yangi konstitutsiya bo’yicha 27 iyunga rejalangan referendumni o’tkazish to’g’ri emas.

“Janubda xavfsizlik va barqarorlik o’rnatilmay turib, referendum o’tkazish yanada salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki muvaqqat hukumatga ishonch yo’qolgan. Referendumni zo’ravonliklar to’xtatilib, inson huquqlarining ta’minlanishi uchun sharoit yaratilgandan keyingina o’tkazgan ma’qul”, – deydi Nadejda Otayeva, Parijda asoslangan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasi rahbari.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Meyzi Vaysherdingning aytishicha, muvaqqat hukumatga ishonchni tiklash uchun xalqaro mustaqil tergov o’tkazish lozim.

“Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva tergov o’tkazishga va’da bergan, ammo hukumat, qurolli kuchlar va adliya tizimiga ishonch yo’qolgan bir paytda bunday tergov xolis deb qabul qilinmaydi”.

Qirg’iziston hukumati yangi konstitutsiya bo’yicha referendum qoldirilmaydi deganiga qaramay Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti mamlakat janubida xavfsizlik choralari ko’rilmagani bois 300 nafar kuzatuvchisini yubormaslikka qaror qilgan.

Qirg’izistondagi fuqarolik nazorati qo’mitasiga ko’ra, muvaqqat hukumat referendumdan so’ng iste’foga chiqishi, Otunbayeva esa oktyabrga belgilangan parlament saylovlarigacha mamlakatni partiyasiz arboblardan tuzilgan hukumat yordamida boshqarishi lozim.

http://www1.voanews.com/uzbek/news/activists-96904924.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.