Jan 202011
 

Yevropa Ittifoqi, Karimov tashrifi oldidan, irodasizlikda ayblanmoqda

Navbahor Imamova | Vashington 20 yanvar, 2011

Foto AP/Yevropa Komissiyasi, ittifoq ijroiya organi, raisi Joze Manuel Barroso Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton bilan, Strasburg
Shu mavzuda

Kelasi hafta O’zbekiston prezidenti Islom Karimov Bryusselga safar qilib, Yevropa Ittifoqi ijroiya organi, ya’ni komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso va Belgiya qiroli Albert II bilan uchrashadi.

24 yanvar kuni tomonlar o’zaro manfaatlarni tan olib, energetik hamkorlikni kuchaytirish haqida memorandum imzolashi kutilmoqda.

2005 yilda Andijon fojiasi ketidan O’zbekiston bilan aloqalari sovuqlashgan Yevropa Ittifoqi bugun “murosa yo’lini” tanlagan. Maqsad Islom Karimov va uning ma’muriyati bilan konstruktiv muloqot qilish.

Afg’onistonda tinchlikka erishish, NATO bilan hamkorlik va O’zbekiston tabiiy boyliklarini Yevropa bozorlariga olib chiqish bobida muzokaralar ancha oldin boshlanib ketgan.

AP/Islom Karimov 24 yanvar kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan muloqot qiladi

Inson huquqlari himoyachilari O’zbekistondagi ahvolni ayanchli deb tasvirlab, Yevropa Ittifoqini subutsizlikda ayblamoqda.

Yevropa rasmiylarining aytishicha, Barroso prezident Karimov bilan ko’rishganida inson huquqlari haqida albatta gap ochib, matbuot erkinligi, siyosiy mahbuslar taqdiri, demokratik talablar va fuqaro jamiyati xususida blok pozitsiyasini tushuntiradi.

Parijda Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti “O’zbekiston hukumatidek beshafqat tuzum bilan hamkorlik qilish qarorini tushunish qiyin” deya bayonot tarqatgan.

Muzokaralar ketidan matbuot anjumani o’tkazmaslikka kelishib olingani ham Yevropa Ittifoqi Karimovni jamoatchilik oldida uyaltirmaslikka, jurnalistlarning noqulay savollaridan asrashga harakat qilayotganidan dalolat, deyiladi unda.

AP/Yevropa Ittifoqi rahbarlari

Nyu-Yorkda asoslangan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti nazarida Yevropa Ittifoqi o’z prinsiplariga sodiq qolgan holda O’zbekistonni quyidagi qadamlarni tashlashga undashi lozim: huquq talabi va muxolif fikri uchun qamalganlar ozod etilsin; nohukumat tashkilotlar bemalol ishlay olishi uchun imkon yaratilsin; BMT maxsus vakillari bilan hamkorlik qilinsin; so’z va matbuot erkinligi amalda kafolatlansin; bolalarni majburiy mehnatga jalb etishni taqiqlovchi qonunlar amalda o’z aksini topishi uchun harakat qilinsin va saylovlar xalqaro me’yorlarga mufoviq ravishda o’tkazilsin.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ham Barrosoga yo’llagan ochiq xatida, “Islom Karimovga Yevropa bilan aloqalar ravnaqi matbuot erkinligi bilan bog’liq ekanini baralla ayting” deya undamoqda.

Axborot erkinligi uchun yo’l ochilmasa va Yevropa Ittifoqi O’zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirsa, deyiladi maktubda, blok Markaziy Osiyo bo’yicha 2009 yilda tuzgan rejasiga zid ravishda qadam qo’yayotgan bo’ladi. Bu loyihaga ko’ra, mintaqada erkinlikka diqqat qaratish asosiy vazifalardan biri.

VOA Uzbek/Huquq faoli Mo’tabar Tojiboyeva O’zbekistonda uch yil qamoqda o’tirgan. O’zbekiston hukumati uni Andijon voqealari ortida turganlikda ayblagan.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan Yevropa Ittifoqi va AQSh pozitsiyasi bir-biriga hamohang, ya’ni huquq va demokratiya aloqalarda muhim faktor, ammo bu boradagi siyosat talab va tanqidlarga emas, dialogga asoslanadi. G’arb erkinlikni o’zaro muloqotni shakllantirgan holda targ’ib qilishga bel bog’lagan.

2008 yilda qamoqdan ozod etilgach, vatanni tark etgan va hozirda Fransiyada yashab, O’tyuraklar klubi nomli huquq tashkilotini Parijdan turib boshqarayotgan Mo’tabar Tojiboyeva fikricha, Yevropa Ittifoqi Islom Karimovga iltifot ko’rsatib, o’z tamoyillariga ko’z yummoqda.

“Ikkiyoqlama siyosat ish bermaydi”,- deydi u.

AP/Belgiya qiroli Albert II rafiqasi, malika Paola bilan

“Bu diktatorlar aniq biladiki, Yevropa Ittifoqi ham, BMT ham, G’arb davlatlari mulozimlari ham turtib-surtib qo’yishi mumkin, o’z hisobotlarida tanqid qilishi mumkin, demokratiya haqida gapirishi mumkin… Lekin O’zbekiston hukumati oldidagi majburiyat va talablar bajarilishi nazorat qilinmas ekan, bu hech qanday natija bermaydi”.

Mo’tabar Tojiboyeva va uning safdoshlari Yevropa ahliga o’tgan ikki yilda O’zbekistonda o’nlab insonlar siyosiy tazyiqqa uchrab qamalgani, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar davom etayotgani, muammolarni ko’tarib chiqqan jurnalistlar bosimga olinib sudlangani va bugun mamlakatda biror bir mustaqil tashkilot qolmaganini eslatmoqda.

Human Rights Watch tashkiloti hatto AQSh hukumati harakati-quvvatlovi bilan ham O’zbekistonda ro’yxatga olinmadi. “Amerika Ovozi” muxbiri Abdumalik Bobayev tanqidiy maqolalari uchun millionlab so’m jarima to’ladi.

Yevropa Ittifoqi O’zbekiston hukumati bilan muloqot qilmoqchi bo’lsa, ochiq, dangal gaplashsin, deydi Mo’tabar Tojiboyeva, aks holda bu yaqinlashuvdan mamlakat xalqiga biror naf yo’q.

Repressiya kuchayishi mumkin, deydi u.

HRW/Human Rights Watch, inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot, Amerika quvvatlovi va harakati bilan ham O’zbekistonga kiritilmayapti

“Bu O’zbekiston hukumati uchun foyda-da? Bu uchrashuvda juda katta moliyaviy ko’makka yoki shartnomaga imzo chekilmas, biror katta bir masalani hal etishga kelishib olinmas balki, lekin har qanday hamkorlik bilan O’zbekiston hukumati battar quturadi. Karimov Toshkentga qaytib borganidan keyin, mana Yevropa Ittifoqi tan oldi bizni, biz demokratik yo’ldan ketayotganimizni tan oldi deb childirma qilib tashlaydi-ku hammayoqqa”.

O’zbekistonlik yana bir huquq himoyachisi Hazratqul Xudoyberdi sharhicha, hamma narsa allaqachon aniq va ravshan: Yevropa Ittifoqidan tortib Qo’shma Shtatlar, Yaponiya-yu Turkiya, barcha davlatlar eng avvalo o’z manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritadi. Ular avvalo o’z oldilaridagi dolzarb muammolar, o’z aholisi yuzlashayotgan muammolarni hal etish ilinjida.

CPJ/Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Yevropa Ittifoqidan O’zbekiston bilan aloqalarda matbuot va so’z erkinligiga ko’proq ahamiyat qaratishni so’ramoqda

“Siyosati jaholat va zo’ravonlikka asoslangan diktaturalarga qarshi yakdillik bilan qarshi turish, ularga qarshi sobitqadamlik bilan qattiqqo’l munosabatda bo’lish Sovet Ittifoqi va Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lager yakson qilinishi bilan birga yerga ko’mildilar”,- deya yozadi u, “Yangi zamon, yangi siyosat” deya nomlangan veb-maqolasida.

“Bu achchiq haqiqatni tushunmaslik bizga faqat zarar keltiradi xolos. Bu haqiqatni tushunganlar esa o’zining real, ya’ni asl siyosatini to’g’riroq olib borishga, uni zamona zayliga qarab korrektirovka qilishga majbur bo’ladi”, – deydi Hazratqul Xudoyberdi.

Mo’tabar Tojiboyeva deydiki, Yevropa Ittifoqi o’zining bugungi pozitsiyasini ommaga aniq qilib tushuntirib berishi kerak.

RSF/“Chegara Bilmas Muxbirlar” uyushmasi Yevropa Ittifoqining O’zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga bel bog’laganidan afsusda

“Yevropa Ittifoqi demokratik prinsiplarni qo’llab-quvvatlab, ularni targ’ib qilib kelgan bir holatda, bugungi kunda diktator bilan yuzma-yuz o’tirishga majbur bo’lishayotganining sababi birgina xolos: bu o’zbek xalqining o’zi yetib bormaydigan, aholisi qishning sovuq kunlarida dirdirab o’tirgan taqdirda xorijga sotiladigan gaz, bolalari o’zi qorong’ida o’tirib dars qilayotgan bir holatda, chetga sotiladigan elektr energiya, Afg’oniston masalasi… Bugun bular O’zbekiston hukumati qo’lidagi, qo’pol qilib aytganda, “kozir kartalari” bilan Yevropa Ittifoqi hamkori bo’lib turibdi. G’arb davlatlarini qo’g’irchoq qilib o’ynayapti bu diktator”,- deydi Tojiboyeva.

“G’arb rasmiylari har ikki gapning birida janob Karimovga o’xshab inson huquqlari va demokratiyani tilga olmasinda, birinchi o’rinda o’z manfaatini qo’yayotganini yashirmasin. Jamoatchilikka ochiq aytsin, tan olsin. Ana o’shanda bizga o’xshagan huquq himoyachilari va muxolifat vakillari umid bilan ko’z tikmaydi Yevropa Ittifoqi-yu butun G’arb davlatlariga. Demak, o’zing uchun o’l yetim. Demak, Yevropa Ittifoqi uchun, G’arb uchun demokratiya, oshkoralik kerak emas ekan”.

AP/Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka erishish O’zbekiston rahbari uchun katta siyosiy yutuq

Yevropa Ittifoqi rasmiylari, xususan blokning Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Pier Morel O’zbekiston bilan har jihatdan ochiq muloqot ketayotganini ta’kidlab, davlatlar gaplashishga majbur ekanini aytadi.

Tushunarli, deydi Mo’tabar Tojiboyeva, lekin faol fikricha bu yerda gap strategiyada.

“O’zbekiston hukumati bilan dialog olib borish kerakligi va buning juda muhim ekanini ta’kidlab kelganman. Lekin bugungi kunda ular O’zbekiston prezidentini hamkor sifatida chaqirishayapti. Diktator bilan dialog qilish boshqa narsa, lekin diktatorni hamkor sifatida tan olib, u bilan qandaydir masalalar haqida gaplashish Yevropa Ittifoqi uchun sharmandali hol”.

http://www.voanews.com/uzbek/news/Karimov-EU-Visit-Calls-For-Openness-114282994.html

…oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.

 Asosiy erkinliklar, Bolalar mehnati, Huquqbon, Korruptsiya, Maqolalar, Qash'shoqliq  Comments Off on …oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.
Sep 212010
 

AQSh sobiq senatori fikricha, Qirg’iziston hali ham Markaziy Osiyoda erkinlik namunasi bo’lishi mumkin

Foto AP

Amerikada region bilan shug’ullanuvchi mutaxassislardan so’rasangiz, deydi Tom Deshl, sizga Qirg’iziston birinchi navbatda AQSh bazasiga mezbon davlat sifatida ahamiyatli ekanini eslatishadi.

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

“Qirg’izistonga safarim davomida Bishkek va janubda rahbarlar va oddiy fuqarolar bilan suhbatlashdim”, deydi Tom Deshl. “Ular mamlakatda tartib bo’lsin, Qirg’iziston barqaror bir jamiyatga aylansin, rahbarlar xalqqa g’amxo’rlik qilsin deydi”.

Amerikada ko’zga ko’ringan arboblardan biri, sobiq senator Tom Deshl yaqinda, avgust o’rtalarida Qirg’izistonga safar qilib, u yerdagi ahvol bilan tanishgan. “Qirg’izistonda kechayotgan voqealar Amerikada ko’p yoritilmaydi”, deydi u.

Bu davlat haqida gap ketganda ham, mavzu doimo Afg’onistondagi urushga bog’lanib ketadi. Tom Deshl fikricha, diktaturalar hukmron Markaziy Osiyoda Qirg’iziston erkinlik namunasi bo’lishi mumkin. AQSh va xalqaro hamjamiyat uni bu yo’lda qo’llab-quvvatlashi lozim.

“Afg’oniston biqinidagi demokratiya” sarlavhali maqolasida, sobiq senator Qirg’izistondagi bugungi manzara, saylovlar va yurt kelajagi haqida mulohaza yuritadi.

Amerikada region bilan shug’ullanuvchi mutaxassislardan so’rasangiz, deydi Tom Deshl, sizga Qirg’iziston birinchi navbatda AQSh bazasiga mezbon davlat sifatida ahamiyatli ekanini eslatishadi.

Manas aerodromi Afg’onistonda jang qilayotgan Amerika askarlari uchun muhim tranzit nuqtasi. U orqali minglab qo’shin olib o’tiladi. Keng tarqalgan qarash shuki, Bakiyev davrida Manas ijarasi hal qilingan masala edi, hozir esa baza taqdiri noma’lum.

Qurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketgach, hokimiyatga kelgan muxolifat nazoratni qo’lga ololmayapti. Zaif hukumat iyun oyidagi qirg’inni to’xtata olmadi. Janubdagi rahbarlar o’ziga xon bo’lib qolgan.

Yaqinlashayotgan saylovlar nima olib kelishi noma’lum. Xullas, Amerika rahbariyatiga Bakiyev bilan ishlash osonroq edi, degan xulosaga keladi kishi.

“Vashington Post” gazetasida yozgan maqolasida, Tom Deshl, AQSh Demokratik Instituti vitse-prezidenti deydiki, Qirg’iziston nafaqat Amerikaga afg’on urushida sherik, balki mintaqada demokratik potensiali eng yuqori davlat ekanini ham unutmaslik kerak.

AP

“Vashington Post” gazetasida yozgan maqolasida, Tom Deshl, AQSh Demokratik Instituti vitse-prezidenti deydiki, Qirg’iziston nafaqat Amerikaga afg’on urushida sherik, balki mintaqada demokratik potensiali eng yuqori davlat ekanini ham unutmaslik kerak.

Respublika hozir tarixiy chorrahada, burilish yoqasida turibdi. Roza Otunbayeva demokratiya ravnaqi yo’lida aniq qadamlar tashlashga ulgurdi: muvaqqat rahbarlarning vakolati cheklangan, yangi konstitutsiya bo’yicha referendum o’tkazildi, oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.

Sobiq senator nazarida Qirg’izistonni bu mashaqqatli davrda qo’llab-quvvatlash AQSh va xalqaro jamoatchilikning burchi. “Qirg’izistonga safarim davomida Bishkek va janubda rahbarlar va oddiy fuqarolar bilan suhbatlashdim”, deydi Tom Deshl.

“Ular mamlakatda tartib bo’lsin, Qirg’iziston barqaror bir jamiyatga aylansin, rahbarlar xalqqa g’amxo’rlik qilsin deydi”.

http://www.voanews.com/uzbek/news/kyrgyzstan-tom-daschle-central-asia-103294999.html

Aug 102010
 

Jalol-Oboddagi hibsxonadan Bishkekka ko’chirilgan o’zbek faoli sudga tortilishi mumkin

Foto © 2010 Nurbek Toktakunov

Azimjon Asqarov qamoqda qiynoqqa solinayotgani haqida aniq ma’lumotlar bor, deydi huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyev

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston huquq himoyachilarining mintaqaviy tarmog’i Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayevadan hibsdagi huquq faoli Azimjon Asqarovga nisbatan qiynoqlar to’xtalishini, uning ishi yuzasidan shaffoflik ta’minlanishini talab qilmoqda.

Azimjon Asqarov O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlarga oid ma’lumotlar yig’ayotgan paytda qamoqqa olingan edi. U “Vozdux” inson huquqlari tashkiloti rahbari. Huquq-tartibot organlari Azimjon Asqarovni etnik nizo qo’zg’atganlikda ayblamoqda.

Jalol-Obod viloyati Bozorqo’rg’on tumanidagi hisbxonada saqlanayotgan faol, so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Bishkek qamoqxonasiga ko’chirilgan.

Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston huquq himoyachilaridan iborat guruh Azimjon Asqarov ishi bo’yicha Qirg’iziston prezidenti va Bosh prokuroriga yo’llagan murojaatini boshqa ko’plab davlatlar va xalqaro miqyosdagi inson huquqlari tashkilotlari yoqlab chiqqan va bu harakatga qo’shilgan.

O’zbekistonlik huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyevning aytishicha, murojaatdan asosiy maqsad Asqarov ishini oydinlashtirish va unga nisbatan qo’llanilayotgan qiynoqlarni to’xtatishdir.

“Birinchi ko’rsatmoqchi bo’lgan yordamimiz bu ishni fosh etish, jarayonda ochiqlikka, shaffoflikka erishish. Uni ikki oydan buyon hibsxonada saqlashadi. Oldiga biror himoyachini kirishi ham qiyin bo’ldi. Bir iloj qilib kirgan advokatning aytishicha, Asqarov badanida aniq va ravshan ko’rinib turgan qiynoq izlari juda ko’p. Avval uni tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblashdi, keyinchalik esa uning bu voqealarga daxli yo’qligi aniqlandi”, – deydi Shuhrat G’aniyev.

Azimjon Asqarov O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlar paytida o’ldirilgan odamlar, zo’ravonlik qurbonlari, yoqib yuborilgan uylar haqida ma’lumot to’plagan kam sonli faollardan biri.

Huquq himoyachilarining aniqlashicha, Asqarov Bozorqo’rg’ondagi hibsxonadan Bishkekka ko’chirilib, u yerda sud jarayoni o’tkazish rejalanmoqda. Maxsus sudyalar tanlanayotgani haqida xabarlar bor.

“Bizdagi ma’lumotga ko’ra, uni O’sh va Jalol-Oboddagi tartibsizliklar ortida turgan asosiy shaxs, buzg’unchi sifatida sud qilishmoqchi”, – deydi Shuhrat G’aniyev.

Markaziy Osiyo huquq himoyachilari Asqarov ishi bo’yicha  o’z kengashini tuzib, unga yurist va advokatlar jalb qilingan.

Roza Otunbayevaga qilingan murojaatda bu mutaxassislar Asqarov ishi bilan tanishish imkoniyatini talab qilmoqda.

O’sh va Jalol-Obod qirg’inida yuz mingdan oshiq o’zbek Qirg’izistondan qochib chiqishga majbur bo’ldi. Ular O’zbekistonda vaqtinchalik boshpana topib, 27 iyundagi referendum arafasida yana vataniga qaytdi.

Shundan keyin, deydi ular, Qirg’izistonda huquq-tartibot organlari tomonidan o’zbek aholiga nisbatan tazyiqlarning yangi to’lqini boshlandi.

Jamoatchilik nazarida qirg’iz hukumati qirg’inda o’zbeklarning o’zi aybdor deb chiqib, ularni javobgarlikka tortish harakatida. Hozirgacha 800 ga yaqin jinoiy ish ochilgan, aksariyatida o’zbeklar – ayblanuvchilar.

“Yagona bir millatda iborat bo’lgan tergov komissiyasi hech qanchon bu voqealar yuzasidan adolatli, xolis xulosa chiqarmaydi. Bu yerda xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi kerak. Aks holda, bundan yigirma yil avval bo’lgani kabi aybning hammasi o’zbeklarga qo’yiladi. Ular yordamsiz qoladi, hech kim jazolanmaydi. O’zbeklarga nisbatan tazyiqlar hamon davom etayapti ”, – deydi mahalliy jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Qirg’iz hukumati O’sh va Jalol -Obodda komendantlik soatini bekor qilgach, o’zbek aholi orasida xavotir yanada kuchaygan. Ular nafaqat qirg’iz millatchilari, balki hukumat tomonidan ham bosim o’tkazilayotganini, tinimsiz tintuvlardan to’yganini aytadi. Xavfsizlik kuchlari to’satdan bostirib kirib, xonadonlarni ag’dar-to’ntar qilayotgan, yigitlarning qo’lini bog’lab hech qanday hujjat ko’rsatmay olib ketayotgan hollar juda ko’p.

Qirg’izistonda shu yilning 10 oktabrida parlament saylovlari o’tishi e’lon qilingan.

Ta’qib va tazyiq ostida yashayotgan o’zbeklar siyosiy hayotdan chetlatilgani va hukumatga nisbatan ishonchi butunlay yo’qolgani, imkoniyat topsa  Qirg’izistondan chiqib ketishga tayyor ekanini yashirmaydi.

http://www1.voanews.com/uzbek/news/Azimjon-Asqarov-Kyrgyzstan-International-Appeal-100344809.html

Mar 262010
 
O’zbekistonlik muhojirlar Rossiyada noiloj ahvolda


25/03/2010
O'zbek mehnat muhojirlari
Rossiya ish izlab borgan o’zbekistonliklar

Rossiya muhojirlar federatsiyasi Kremlni hujjatsiz migrantlarga qo’yilgan taqiqlarni olib tashlashga chaqirmoqda.

Tashkilotga ko’ra bir necha million mehnat muhojirlari noqoqonuniy tarzda mehnat qilishga majbur. O’zbekistondan Rossiyaga borib tirikchilik qilayotganlarning aksariyati ham shu toifaga kiradi.

Rossiya muhojirlar federatsiyasining bildirishicha Rossiyadagi muhojirlar soni bugun 16 millionga yaqinlashgan. Ularning bir necha millioni ishlash uchun zarur hujjatlarga ega emas.

Tashkilot pozitsiyasi shuki, rasmiy qog’oz berilmagani muhojirlarning aybi emas. Ular biror bir jinoyat qilmagan. Shu bois ham ularga qo’yilgan cheklovlar olib tashlanishi kerak.

Rossiya migratsiya xizmati
Rossiya migratsiya xizmati (???)

“Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov bir muddat Rossiyada bo’lib o’zbekistonlik muhojirlar to’qnashayotgan muammolarni o’rgangan.

“Birinchi navbatda ularga byurokratik to’siqlar qo’yilmoqda. Hujjat olish jarayonini ataylab cho’zishayapti. Bu asosan mehnat ruxsatnomasini olish va registratsiya qilish. Bu bilan shug’ullnadigan tashkilotlar ham yo’q. Hammasi o’z manfaatini ko’zlaydi. Ular ichida o’zimizning fuqarolar ham bor. Yordam beraman deb aldash yo’liga o’tib ketgan. Keyin ishlab oylik maoshini ololmaganlar ham ko’pchilikni tashkil etadi”, – deydi Hayitboy Yoqubov.

Rossiya
Rossiyada millatchilik nafaqat siyosiy doiralarda balki axborot vositalarida ham targ’ib qilinadi. Jamoatchilik orasida kelgindilarga nafrat tobora kuchayib bormoqda, deydi o’zbek muhojirlari.

Faolning kuzatishicha Rossiya jamoatchiligida muhojirlarga munosabat keskinlashib bormoqda. Millatchilik siyosiy kuchlar va axborot vositalari tomonidan targ’ib qilinayotgani seziladi.

Rossiya federal migratsiya xizmatiga ko’ra, mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega bo’lganlar qayddan o’tgach 90 kun ichida chiqib ketishi kerak.

Ishlash uchun ruxsatnoma esa yangi qoidaga binoan ish beruvchi bilan tuzilgan shartnoma bo’lgan taqdirda bir yil muddatga beriladi.

Bu yangi qoidalar, deydi masala bilan yaqindan tanish mutaxassislar, muhojirlarni yashirinishga majbur etmoqda.

“Uralskiy dom” jamiyati rahbari Leonid Grishinning migratsiya bo’yicha yaqinda Rossiyda o’tgan konfenensiyada ta’kidlashicha ruxsatnoma olishni yangi qoidasi minglab muhojirlarni noqonuniy sharoitda qo’ygan.

[insert caption here]
Mehnat muhojirlari – Rossiya davlat idoralari uchun pul undirish manbai

Bunday migratsiya mavjudligi esa militsiya, migratsiya xizmati va boshqa tegishli idoralar xodimlari uchun korrupsiya, pul undirish vositasi bo’lib qolmoqda.

Rossiyada ishlab qaytgan fuqarolardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, unga ruxsatnoma olishda tanishlari ko’maklashgan. Aks holda buning iloji yo’q, deydi u.

“Tanishi bo’lmagan odam ko’chada qolib ketishi mumkin. Firibgarlarning qo’liga tushishi mumkin. Pasportini olib qo’yib, qul qilib ishlatishi mumkin”, – deydi u.

Mehnat muhojirlari soni jihatdan o’zbekistonliklar Rossiyada yetakchi o’rinda. Mahalliy faollar hisobicha ularning soni 3 million atrofida. Lekin ayrim manbalarga ko’ra bu son undanda yuqori bo’lishi mumkin.

O’zbekistonliklar son jihatdan ko’p bo’lishiga qarmasdan, deydi migrantlarning o’zi, ular Rossiyadagi eng tarqoq jamoalardan biri. Birdamlik ko’zga tashlanmaydi, o’zaro ishonch past.

“O’zbek muhojirlarida qo’rquv bor. O’zlari ham bilmaydi. Masalan o’n kishi yig’ilsa, boshqa odam noto’g’ri o’ylaydi deb bir-biridan xavfsiraydi”, – deydi yaqinda muhojirlikdan qaytgan fuqaro.

Aksariyat o’zbekistonliklar uchun mehnat muhojirligi tirikchilik qilishning yagona yo’li. Mamlakatdagi ishsizlik ularni turli yurtlarga tarqatgan. O’zbeklar chet elga chiqib har qanday o’g’ir ishlarga tayyor.

Mehnat muhojirlari
Mehnat muhojirlari orasida yoshlar ko’pchilik. Tanish-bilishingsiz bo’lmasa, hujjat ololmaysiz. Aldanib, firibgarlar qo’lida qul sifatida yashab yurganlar soni ham katta ekani aytiladi.

“Eng qora ishni faqat bizni odamlar qiladi. U yerdagilar bu ishlarni tan olmaydi. Kimlardir buni to’g’ri tushunadi, hurmat qiladi. Kimlardir esa buni tushunmaydi”, – deydi yana bir o’zbekistonlik.

Mahalliy aholisi kamayib borayotgan Rossiyada ishchi kuchiga talab oshib bormoqda. Hukumat bu boradagi siyosatini liberallashtirishi kerak.

Muhojirlikdan tushayotgan mablag’ O’zbekistonda iqtisodiy tayanch ekan, hukumat o’z fuqarolarini qadrlash uchun aniq harakatlar boshlashi lozim.

O’zbekiston va Rossiya hukumatlari o’rtasida mehnat muhojirlari, ular huquqlarini himoyalash to’g’risida bitim imzolangan. Lekin uning migrant ishchilar bu hujjat samarasini ko’rmayapti.

Mar 202010
 
O’zbek muhojirlari: Amerikadagi hayot quvonchlari va tashvishlari


20/03/2010
For  immigrants to the United States, learning English in a class like this  is key to assimilation

O’zga yurtda oyoqqa turish qattiq mehnat, sabr-toqat, keng dunyoqarash va optimizm talab qiladi

Bugungi manzara

Amerikada hozir O’zbekistondan aynan qancha odam yashayotgani haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.

Shunisi aniqki, minglab oilalar shu yerda tirikchilik qilib kun ko’rmoqda. Keyingi yillarda muhojirlar soni sezilarli darajada ko’paygan. Ayniqsa Ogayo, Missuri, Nyu-York, Florida, Virjiniya va Tennessi kabi shtatlarda.

Kimdir grin-karta, Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat orqali kelgan, yana kimdir esa siyosiy tazyiqqa uchrab, bu yerdan boshpana olgan.

Bu mamlakat oliygohlarini bitirib, shu yerda ish topgan yoshlar ham anchagina.

Zarur hujjatlarsiz tirikchilik qilib yurgan o’zbekistonliklarni Qo’shma Shtatlar bo’ylab har yerda uchratasiz.

Amerikada turli davlatlardan chiqqan 12 milliondan oshiq immigrant mana shunday noqonuniy yo’llar bilan hayot kechiradi.

Liberty

Ozodlik haykali, Nyu-York

Amerika jannat emas, deydi muhojirlar, lekin harakat qilgan odam uchun imkoniyatlar keng.

Muhojir oldidagi mashaqqatlar

“Amerika Ovozi”ning Vashingtondagi tahririyatiga tez-tez telefon qilib turishadi. Elektron pochta orqali ham har kuni qator maktublar olamiz.

Aksariyati Amerikaga kelishni istagan yoki bu yerga kelib qiyinchiliklar bilan yuzlashayotgan o’zbekistonliklar. Tabiiyki, yordam so’rashadi.

Javobimiz shuki, “Amerika Ovozi” – televideniye, radio va internet orqali axborot uzatadigan tashkilot ekan, vazifamiz – yangilikni yoritish, insonlarni qiynayotgan masalalarni ko’tarib chiqish, haqiqatning tagiga yetishga harakat qilish va shu orqali xalq og’irini yengil qilish.

Yaqinda Illinoys shtatida bir guruh o’zbekistonliklar bir kompaniya oldida namoyish qilayotgani haqida ma’lumot oldik.

“Ellikka yaqin vatandosh “Unlimited Carrier” degan yuk tashish korxonasiga ishlar edik”,- deyishdi.

Chikago yaqinida asoslangan bu firma shtatma-shtat, uzoq masofaga mahsulot yetkazib beradigan tizim ekan. Muhojirlarning aytishicha kompaniya maoshni to’liq bermay ularni ishdan haydagan.

“Amerika Ovozi” muammo nimada deb surishtirganida, “Unlimited Carrier” vakillaridan “bu bir tushunmovchilik” degan javob oldik.

Shundan so’ng kompaniya sobiq ishchilarining dardini tinglagan va masala hal etilgan. Talab qilinayotgan haq uchun chek yozib berilgan.

Kompaniyadan aniqlashimizcha haydovchilar qisqa muddatga yollanadi. Ish haqi, imtiyoz va boshqa muhim jihatlar shartnomada aks etgan.

Muhojirlar, immigrants
Til bilmasangiz, qiynalishingiz turgan gap. Yangi sharoit, yangi jamiyatga moslashish uning tilini o’rganishdan boshlanadi.

Til bilmaslik pand beradi, deydi Missuri shtatida yashayotgan Toshpo’lat Yo’ldoshev, o’zga davlat tizimi, mentaliteti va murakkab biznes muhitni tushunish oson emas.

“Ko’p narsaga o’zimiz aybdormizda… Kelganiga bir yil bo’lib ham ba’zilar tilni o’rganmagan. Hurmat til o’rganishdan boshlanadi”,- deydi u.

Amerikada hujjatlar joyida bo’lmasa, muhojir uchun ishlash imkoniyatlari cheklangan. Panada ishlab soatiga 7-8 dollar topish mumkin. Bu haftasiga nari borsa 350 dollar degani. Ijara, osh-ovqat, bolalarning o’qishi, sog’liq, kiyim-kechak uchun buning o’zi yetmaydi. 

Tirikchilik yomon emas

[insert  caption here]
Seynt-Luis, Missuri shtati

Toshpo’lat Yo’ldoshevdek Amerikaga ikki oy burun kelib, hozirda til markaziga qatnayotgan va yangi hayotidan mamnun ziyoli fikricha, ko’p narsa muhojirning o’ziga bog’liq.

“Katta yuk mashinalari haydaydigan odamlar 4000-5000 dollar oylik olar ekan. Ovqatiga oyiga nari borsa 500 dollar ketadi, eng yaxshi, qimmat va sifatli ovqat yeganda ham. Qolgani turarjoy va transportga bemalol yetadi. Bu jihatdan Amerika juda yaxshi. Inson haq-huquqlari va qonuniy himoya ham yaxshi. Hech qanday tahqirlashning o’zi yo’q”,- deydi ziyoli.

Boshga tushganni ko’z ko’radi deyishadi. Har bir muhojirning o’z qissasi bor. Vatanimga qaytaman, bu begona bir yurt deb yurganlar ko’p.

Toshpo’lat Yo’ldoshev esa Qo’shma Shtatlarda uningdek muhojirlarga beriladigan imtiyozlardan, ijtimoiy himoyadan rozi.

“Mening o’zimga faqatgina ovqatlanish uchun oyiga 200 dollar berishadi. Amerika uchun bir kun ishlamagan bo’lsamda pensiya berishdi. To’la tibbiy sug’urtaga o’tganman. Avtobusda yurish tekin, uning uchun kartochka berishgan. Imtiyozlar ko’p. Endi bir xil odamlar, ular “Amerika yoqmadi” deydi. Menimcha til bilmaganidan, zerikkanidan. Lekin hayoti saviyasidan ular hech xafa bo’lishga asosi yo’q. Keyin Amerikaning hech kimdan qarzi ham yo’q. Shukur qilmaydigan, tabiatan hayotdan norozi odamlar bu yerda ham bor”,- deydi u.

Amerikaliklar mehmondo’st xalq

[insert caption here]
Amerika bag’ri keng mamlakat, lekin dunyoning bu qismida ham turmush oson emas

Ayrim muhojirlar ularga yordam bergan oilalar “bizni o’z diniga da’vat etmoqda” deb shikoyat qiladi.

Toshpo’lat Yo’ldoshev bunga guvoh bo’lmagan. O’z millatingiz, urf-odat va e’tiqodingizga sodiq bo’lsangiz, barakalla.

Lekin sizni o’z bag’riga olgan bu jamiyatdan shubhalanmang, deya maslahat beradi u.

“Chetdan kelgan odamlarni bu mamlakatga o’rganishini osonlashtirish uchun mahalliy oilalar ularni homiylikka olar ekan. Menga ikki oila homiylik qilmoqda. Shtatni aylantirishdi; konsertlarga, restoranlarga olib borishdi. Xushmuomala, odamlar bilan chiqisha oladigan odam bu yerda chetda qolib ketmas ekan. Unga hamisha e’tibor bo’lar ekan”.

Hayot dunyoning bu qismida ham quvonchu-tashvishlarga to’la. Yaxshilik va yomonlik bu yurtda ham yonma-yon yuradi.

Amerika millionlab hujjatsiz muhojirlar taqdirini qanday hal etish ustida anchadan beri bosh qotirib keladi. Haqiqat shuki, bu insonlar bir amallab oilasini, vatanida qolgan yaqinlarini boqmoqda. Eng muhimi, shart-sharoitni tushunib, bor imkoniyatdan foydalanib qolish.


Sharh va izohlar:

1.

Salom Amerika Ovozi xodimlari. Man hozirda Ona yurtimni sog’inchini Sankt-Peterburgdan his qilib o’qib yashayapman. Man Mejdunarodniy Ekonomika Turizm va Gostinniy Servis Kollejda o’qiyapman. Man shu Yurt sog’inchini Amerikadan turib his qilib o’qimoqchiman. I need your helping. Please Help Me How I could continue my studying in America. Iltimos manga yordam bering. Man 1-kurs man nima qile yana ikki yil muhlatim manga maslahatingizni kutaman… Sizga Allohdan sabr-toqat tilayman. Hurmat bilan, Islombek Yusupov
Fikr bildiruvchi: Islombek (Sankt-Peterburg)
03-20-2010 – 23:29:23

2.

Assalom alaykum Amerika Ovozi ko’rsatuvi xodimlari. Men sizlarni muxlisingiz Sanjar bo’laman. Yuqorida qayd etilgan maqolaga men ham qo’shilaman. Menga ham yordam beringlar, iltimos. Oldindan rahmat.
Fikr bildiruvchi: Sanjar (O’zbekiston)
03-20-2010 – 18:34:53

3. Yordam

Assalomu alaykum hurmatli “Amerika Ovozi” xodimlari. Sog`liqlaringiz, kayfiyatlaringiz, ishlaringiz yaxshimi? Man Siz hurmatli xodimlarga sog`liq-salomatlik, a`lo kayfiyat, ishlaringizga omad tilayman. Sizlardan so`ramoqchi bo`lgan savol-maslahat quyidagicha: Allohga shukur man hozirgi hayotimdan juda mamnunman. Lekin oilamga moddiy yordam berish va kelajakdagi hayotimga mustahkam zamin yaratish uchun Amerikaga ketmoqchiman. Man Sizlardan iltimos qilb so`ramoqchi bo`lganim shuki, manga Amerikaga borishga yordam berishingizni lutfan iltimos qilaman. Amerikaga ketish uchun qanday tayyorgarlik ko`rish kerak, qanaqa hujjatlar tayyorlash kerak? Xullas manga umumiy ma`lumot berishingizni iltimos qilaman. Man Sizlardan mana shu savollarga javobni intizorlik bilan kutib qolaman. Sizlarga Allohdan barcha yaxshi va ezgu niyatlarni so`rab qolaman. Alloh Sizlardan rozi bo`lsin.
Fikr bildiruvchi: Dilshod (Uzbekistan)
03-20-2010 – 15:39:20

http://www.voanews.com/uzbek/2010-03-19-voa4.cfm