Ismoil Isakov, bugun Qirg’iziston Sotsial-Demokratik Partiyasi…

 Asosiy erkinliklar, Korruptsiya, Maqolalar  Comments Off on Ismoil Isakov, bugun Qirg’iziston Sotsial-Demokratik Partiyasi…
Feb 102011
 

Ismoil Isakov: Qirg’in haqida haqiqatni xalqning o’zi biladi

Navbahor Imamova | Vashington 09 fevral, 2011

Reuters/Muvaqqat hukumat, deydi Isakov, xunrezliklarning oldini olish va qirg’inga nuqta qo’yish uchun qo’ldan kelgan barcha ishni qildi. U fojiada asosan sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev va unga sodiq to’dalarni ayblaydi. Continue reading »

…qirg’izlar qirg’inni oldindan puxta rejalagan.

 Asosiy erkinliklar, Korruptsiya, Maqolalar, Qiynoqlar  Comments Off on …qirg’izlar qirg’inni oldindan puxta rejalagan.
Dec 192010
 
http://www.voanews.com/uzbek/news/Kyrgyz-Clashes-Investigation-112124609.html

YangiliklarRSS Feeds RSS

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Navbahor Imamova | Amerika Ovozi 18 dekabr, 2010

Foto AP

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

“Qasos olish yoki qayta urush qo’zg’ash bilan hech kim, hech bir taraf foyda ko’rmaydi. Sabr bilan harakat qilishdan boshqa yo’lni ko’rmayapman”.

Oktabr oyida O’zbekiston va Qirg’izistondagi fuqaro jamiyati faollari Ekspert Ishchi Guruhi bilan hamkorlikda O’sh Tashabussi degan loyiha boshlagan edi.

Undan maqsad hozirda Qirg’izistonda tekshiruv olib borayotgan xalqaro komissiyani shu yilning iyun oyida ro’y bergan qirg’in yuzasidan zarur ma’lumot va dalillar bilan ta’minlash.

Tekshiruv nima samara berishi mumkin?

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshida tuzilgan maxsus komissiyaga finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen raislik qilmoqda.

Kilyunen avgust oyida “Amerika Ovozi” ga interyu berganida, birinchi vazifa faktlarni yuzaga chiqarish bo’ladi degan edi.

“Haqiqatni aniqlash. Xunrezlikka yetaklagan sabablarni oydinlashtirish. Etnik mojaro ortidagi omillar, odamlarni bir-biriga nisbatan qayragan shaxslar, jinoiy kuchlar, bularning hammasini qog’ozga tushiramiz. Ikkinchidan, qirg’in qanchalik siyosiy, ijtimoiy va jinoiy xarakterga ega bo’lganini ko’rib chiqish. Uchinchidan esa kelajakda bunday mojaroning oldini olish uchun nima qilmoq zarurligi haqida konkret tavsiyalar berish”,- deya tushuntirgan edi Kilyunen.

Bu bir tahlil bo’ladi, deydi bu maxsus komissiya a’zolari, Qirg’iziston hukumati va xalqaro hamjamiyat bu hisobotga asoslangan holda chora ko’rishi kerak. Tekshiruv natijalari 2011 yilning yanvar oyi oxiri, fevral oyi boshlarida e’lon qilinadi.

Komissiya bilan hamkorlik qilish juda muhim, deydi Ekspert Ishchi Guruhi rahbari Suhrobjon Ismoilov.

“Qo’limizda hozir juda katta hajmda video, audio va foto materiallar yig’ilgan, mana shu voqealar bo’yicha. Komissiya ularni to’liqligicha isbot-dalildek qabul qilishi uchun, ularni sal tahlil qilib, topshirayapmiz”, – deydi ekspert.

Suhrobjon Ismoilov va boshqa faollar komissiya a’zolari bilan Toshkentda ikki bor uchrashib, o’z hisobotlarini bergan. Hozirgi kunda Qirg’iziston janubida davom etayotgan huquqbuzarlik hollari va ularning oldini olish yuzasidan ham tavsiyalar bildirilgan.

AP

“Iyun oyida besh kun xunrezlik qilingan bo’lsa, shundan beri o’zbeklarni siqib chiqarish, ularni kamsitish, to’qima jinoiy ayblovlar bilan jazoga tortish hollari davom etmoqda. Bu xalqaro komissiya va boshqa tashkilotlar jarayonga aralashib, ularni to’xtatishi mumkin. Iyun voqealari bo’lib o’tdi, ularga tarixan baho beriladi va aybdorlarni topib jazolash kerak. Lekin hozirgi kundagi huquqbuzarliklarni darhol to’xtatish kerak. Shu bois biz komissiya bilan uchrashganimizda bu boradagi xulosa va fikrlarimizni ham bildirdik”,- deydi Suhrobjon Ismoilov.

Shunisi aniqki, maxsus komissiya biror yuridik kuchga ega emas. Xalqaro hamjamiyatga hisobot berish, xususan Qirg’iziston hukumatini adolatni ta’minlashga chaqirish va maslahat berish bilan cheklanadi.

Lekin Suhrobjon Ismoilov singari mutaxassislar umidsizlanish o’rinsiz deydi.

“Xalqaro qonunlarni o’rgangan huquqshunos, yurist sifatida men yaxshi tushunaman: komissiya bu davlat tizimida ish olib boradigan sudga o’xshagan organ emas. Xalqaro Jinoyat Sudi bor, lekin unga Qirg’iziston a’zo emas. Qirg’iziston hukumati bu xalqaro komissiya bilan hamkorlikda ishlashga qanchalik tayyor bo’lsa, tekshiruv shunchalik samarali bo’ladi. Buni biz va komissiya a’zolari, bizdan ham tajribali mutaxassislar, juda yaxshi tushunadi. Ular bu borada o’z fikrlarini yashirmaydi. Ular Qirg’iziston hukumati bilan diplomatik tilda gaplashayotganini aytishadi”.

Ammo ko’pchilikni qiynayotgan savol shuki, agar komissiya jinoyatchilar kim ekani haqida aniq dalillarga ega bo’lsa, ularni hukumatga ko’rsatib, mana shu shaxslarni ushlab, sudga tortish kerak degan talab bilan chiqa olmaydimi?  Xalqaro guruh a’zolari bu ehtimoldan xoli emas deb javob qiladi.

Suhrobjon Ismoilov shu sabab ham komissiya bilan ishlash kerak deydi.

“Hammamiz hozir bu komissiyaga obyektiv ma’lumot yetkazib berishga harakat qilishimiz kerak, toki uning ishiga ijobiy ta’sir ko’rsata olaylik”, – deydi u.

AP

“Bizga ko’p odam telefon qilayapti, ma’lumot uzatayapti. Kim bilan gaplashmaylik, mana shu jabr chekkanlar bilan, ularning savollari juda oddiy va kuchli savollar: Bu voqealar va bizga yetkazilgan jabr bo’yicha adolat ta’minlanadimi? Lekin na komissiya, na yirik davlatlar, na biz, na Qirg’iziston hukumati bu savolga javob bera olmoqda. Chunki bu voqealar birdaniga bo’lmagan. Sabablari ko’p va ularning tagiga yetish ko’p vaqt oladi. O’zbek xalqi mana shunga tayyor bo’lishi kerak, boshqacha yo’l yo’q. Qasos olish yoki qayta urush qo’zg’ash bilan hech kim, hech bir taraf foyda ko’rmaydi. Sabr bilan harakat qilishdan boshqa yo’lni ko’rmayapman”,- deydi Suhrob Ismoilov.

O’shda huquq himoyasi bilan mashg’ul Ravshan Gapirov xalqaro tashkilotlardan hafsalasi pir bo’lganini aytadi. Maslahatni-ku berishadi, ammo hech kim real bir harakat qilmayapti, deydi u.

Mahalliy advokatlar, davlat idoralari xodimlari ham qo’rqib qolgan, jabrdiydalar uchun qayg’urayotganlar juda kam, deydi Ravshan Gapirov. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining maxsus komissiyasi guvohlar bilan uchrashib, gaplashayotgani rost, deydi faol.

“Materiallar olishayapti, biz bilan ham gaplashishdi. Video syomkalar, foto syomkalar olishayapti. Bundan tashqari BMT inson huquqlari komissiyasi a’zolari ham yuribdi. Lekin buning ta’siri bo’lmayapti”.

Shu kunlarda O’shning Amir Temur va Turon shaharchalarida, O’sh shahar markazi, O’n Adir tumani, shuningdek, Qashqar qishlog’i va Tojikobodda, o’zbeklar katta sonni tashkil etadigan hududlarda, maxsus operatsiyalar olib borilib, o’ziga to’q yashagan o’zbeklar nishonga olinmoqda. Ulardan qurol topildi, terrorizmga aralashgan degan gumon va ayblovlar bilan odamlarni olib ketishayapti, deydi Ravshan Gapirov.

AP

“Odamlarni olib ketib, ularni qo’rqitib… Maqsad o’zbeklarda hech narsa qoldirmaslik, pulini olish. Ularni och-nahor qilib qo’yish. Cho’ntagida puli bor o’zbekning o’zi qolmadi. Tizim o’zbeklarning pulini olish bilan ovora. 29 noyabrda imomning uyi portladi deb mer Melis Mirzakmatov oqsoqollarni yig’ib olib, “bizga ma’lumot keldi, islomiy ekstremistlar shaylanib, 10-20 dekabrlar orasida 14 ta joyda terakt o’tkazamiz degan, bizda shunday ma’lumot bor” deb odamlarni vahimaga solib, buyruqlar chiqarib, boy o’zbeklarning uylariga har narsa tashlab, pulini olish bilan ovora”.

Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, bunday informatsiya mavjud emas.

Ravshan Gapirov O’sh meri Melis Mirzakmatovni xalq orasida vahima va qo’rqinch urug’ini sochayotganlikda ayblaydi. Mer esa bu tanqidni inkor etib, hatto iyun oyidagi to’polonlarni ham to’xtatishga uringanini, xavfsizlik kuchlari unga bo’ysunmaganini aytib keladi. Ravshan Gapirov bu g’irt safsata deydi.

“Boshqacha qilib aytganda, mer Bishkekdagi hokimiyatga, prezident va boshqalarga tupurib qo’ygan. Bishkek buni biladi, lekin o’zini bilmaslikka olib o’tiribdi. Sababi Melis Mirzakmatov ularning buyruqlarini ochiqdan-ochiq tan olmayapti. Mer televizorga chiqib olib, “xalqning farovonligini o’ylayman” deb o’zini oqlayapti. U Bishkekni ochiqdan-ochiq inkor etib qo’ygan, allaqachon. Buni hamma biladi ham”,- deydi huquq faoli.

O’zbek aholi hech kimga ishonmay qo’ygan. O’n minglab odamlar xavfsiz boshpana izlab vatanni tark etar ekan, ularga hech kim “qol yurtingda, yasha shu yerda” demayapti. Janubda agar iyun oyigacha qariyb 800 ming o’zbek yashagan bo’lsa, huquq faollari hisobicha, ularning yarmi hozir qochqinga aylangan.

“Chiqib keta olmaganlar, imkoniyatini topa olmaganlar qoldi xolos. Topganlar chiqib ketdi, pul-mul degandek. Men masalan o’zim ko’rib yurgan xalqning uchdan ikki qismi yo’q endi desam adashmayman”.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan boshqa o’zbeklar ham bu fikrga qo’shiladi. Xavfsizlik organlari odamlarni noqonuniy yo’llar bilan olib ketib, qo’pol so’roq qilayotgan, qiynayotgan, mayib-majruh qilib qo’yayotgan, pora olib, qo’yib yuborayotgan yoki qo’rqitib qo’yayotgan hollar ko’p.

AP

Qirg’iziston markaziy hukumati a’zolaridan bu borada so’rasangiz, huquqbuzarlik hollarini rad etmaydi. Hukumat muammoga chora izlayapti deyish bilan cheklanadi.

Yaqinda “Amerika Ovozi” Qirg’izistonning Vashingtonga tayinlangan yangi elchisi Muxtor Jumaliyevdan bu borada so’raganida, tizim murakkab davrni boshdan kechirmoqda, lekin prezident Roza Otunbayeva va butun rahbariyat qo’ldan kelgan barcha harakatni qilib, fuqaro xavfsizligini ta’minlashga urinayapti degan javob oldi.

Ravshan Gapirov bunga ishonmaydi. U yaqinda kuzatilgan bir holatni gapirib beradi.

“9 dekabr kuni O’sh shahrida 16 ga kirgan yosh bir kelinchakni eshigining tagidan olib ketishgan. Mashinada kelishgan, bir ayol uni chaqirgan. Kelin borsa, betiga bir narsa tashlab, mashinaga tiqib olib ketishgan. To’rt kundan keyin Arag’onga tashlab ketishibdi. Qizning ahvoli rasvoi olam. Og’ir ahvolda kasalxonada. Bunday voqealar ko’p. Oilali, bola-chaqali ayollarni olib ketish hollari ko’p. Bu men yaqinda bilgan to’rtinchi holat. Kasalxonada yotgan mana shu kelinning oldiga borib, qirg’iz kuch organlari “Sen bizga tuhmat qilayapsan, ering urgan-u, bizni ayblayapsan. Eringni qamaymiz” deb qo’rqitishibdi. “Shikoyat arizangni qaytib olmasang, o’zingni olib ketib, so’roq qilamiz” deyishibdi. Oilasi majbur bo’ldi, arizani qaytib olishga. Boshqa iloj yo’q”.

Ravshan Gapirovning o’zi bu oilaga shuni maslahat bergan, chunki bu kelinning taqdiri haqida ma’lumotlar yetarli.

“Bundan xulosa shuki, jinoyatchi banditlarni himoya qilayapti bu hukumat, demak, ular bilan tili bir, qo’li bir. Iyun voqealarida ham shunday bo’ldi. Xavfsizlik kuchlari butun qurollari bilan o’zbeklarni otdi-ku. Hozirgi ishlarga ham hukumat boshliq bo’layapti”, – deydi huquq faoli.

Qirg’izistonni ko’zida yosh, qalbida afsus va anduh bilan tark etgan o’zbeklar turmushi bir zumda chilparchin bo’lganini aytadi.

“Hech narsamiz qolgani yo’q. Kuyib ketdi. Mol-mulkimizni o’g’irlab olib ketishdi. Hamma yoqda vahshiylik…”

O’shning Furqat mikrorayonida o’z mahallasini himoya qilgan bu kishi ism-sharifini aytmaydi. Iyun voqealarida jarohat olib, kasalxonada yotgan.

Bu o’zbek ko’rgan-bilganlariga asoslanib shunday xulosa qiladi: qirg’izlar qirg’inni oldindan puxta rejalagan. Qonli janjal chiqarish uchun elatlarni bir-biriga qarshi qayrashgan. Qirg’in ketidan esa birma-bir yurib, odamlarni xo’rlashgan, ko’plab aybsiz insonlar nobud bo’ldi xalqning ko’z oldida, deydi u. Zo’ravonliklarda yana qancha odam invalid bo’lib qoldi.

“Qo’lga tushgan odam kamida 2-3 ming dollar bilan qutulib chiqdi. Undan keyin boylarga navbat keldi. Biror aybi yo’q, faqat boy. Ulardan 5, 10, 15 ming dollargacha olib, buning ustiga ularni qattiq urib, majruh qilib qo’yib yuborishdi. Mening bir tanishim bor edi. Uning ham uyi kuyib ketdi, bu bir azob. Bir bolasi o’ldi, bu bir azob. Buning ustiga uni olib ketib, invalid qilib qo’yishdi. Bilmayman, bu inson hozir bormi, yo’qmi, xabarim yo’q”.

Qirg’in ketidan tashqi dunyo, qo’shni davlatlar kelib, konkret yordam beradi deb kutilgan edi, deydi suhbatdoshimiz, ammo ular juda sust harakat qildi. Odamlar vahima ichra yashashda davom etdi.

“Hayot burungi holiga qaytmaydi, tiklanmaydi. Bu aniq. Agar aybdorlarni topib, jazolasa ham ko’p narsa hal bo’lmaydi, chunki o’zbeklar hamma narsasini yo’qotdi. Aynan mening o’zimning barcha ishlarim, tirikchiligim tag-tugi bilan yo’q bo’lib ketdi”, – deydi bu qirg’izistonlik.

“O’zbek maktablari yopilishni boshladi. Bolalarim maktabda yaxshi o’qishar edi. Maqsadim ularni o’qitish, yaxshi joylarga joylashtirish. Mamlakatdan chiqib ketishimning sababi ham shu bo’ldi. U yerda o’zbeklarning kelajagi yo’q”.

Bu o’zbek xalqaro komissiya tekshiruvidan hech qanday natija kutmaydi, lekin o’zi guvoh bo’lgan dahshatli damlarni gapirib berishga tayyor.

“Aslida uzoqdan kelishning, bir narsani tushuntirishning ham hojati yo’q. O’zbeklar to’polon chiqargani yo’q. Biz qirg’iz mahallasiga yoki qirg’iz qishlog’iga bostirib borganimiz yo’q. O’zbeklar o’zini himoya qildi, birinchidan. Ikkinchidan, urushmi urush. Erkak kishi o’ladi. Militsiya o’ladi, harbiy o’ladi. Qirg’izlar orasidan shular o’ldirildi. Bo’ldi o’lganlar. Yosh bolalar va ayollarimizni chiqarib yuborganmiz. Mahallalarimizda hech kim qolmagan. Qirg’izlar bemalol, shoshilmay uylarimizga kirib, mol-mulkimizni o’g’irlashib, kamazlarga yuklab, orqasidan o’t qo’yib chiqib ketishgan”.

Hozir Qirg’iziston hukumati jabr ko’rgan oilalarga moddiy yordam bera boshlagan. Yangi turar-joylar qurilmoqda. Lekin vatandan chiqib ketgan o’zbeklar ulardan bebahra qolmoqda.

Qirg’izistondagi yaqinlari orqali ko’mak olish uchun ishonch qog’ozi yozib yuborsa, davlat idoralari yo’q, bu odamlarning o’zi kelsin deyapti. Qochqinlarning esa qaytishga na uyi, na imkoniyati bor. O’shda qolgan qarindoshlar so’roq qilinmasin deb, ortiqcha biror so’z aytishga ham haddi sig’maydi.

Nazarboyev diktator emas, balki Qozog’istonda zamonaviy davlat…

 Asosiy erkinliklar, Korruptsiya, Maqolalar  Comments Off on Nazarboyev diktator emas, balki Qozog’istonda zamonaviy davlat…
Oct 302010
 

Nazarboyevning maslahatchisi: Biz tutgan yo’l to’g’ri, Qozog’iston mintaqadagi eng ilg’or mamlakat

Friday, 29 October, 2010, 11:30 PM
From:
To:
undisclosed-recipients
Message contains attachments
1 File (323b)

Nazarboyevning maslahatchisi: Biz tutgan yo’l to’g’ri, Qozog’iston mintaqadagi eng ilg’or mamlakat

Navbahor Imamova | Amerika Ovozi, Vashington 29 oktabr, 2010

Foto AP/”Markaziy Osiyo biz tanlagan iqtisodiy taraqqiyot yo’lidan ketsa, mintaqa ravnaq topadi”, – deydi Yermuxamet Yertisbayev.

Qozog’iston prezident Nursulton Nazarboyevning bosh siyosiy maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev Vashingtonga tashrif buyurib, mamlakati o’tgan bir yil ichida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi sifatida nimaga erishganini tushuntirmoqda.

AQSh Qozog’istonni yaqindan quvvatlab keladi. Respublika 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri Amerika kompaniyalari  neftga boy bu davlatga 50 milliard dollardan ziyod investitsiya olib kirgan.

“AQShga sodiqmiz va undan minnatdormiz”, – deydi Yertisbayev.

Lekin Vashington siyosiy doiralarida Qozog’iston xavfsizlik va inson huquqlarini targ’ib qiluvchi yirik tashkilotni boshqarishga loyiq emas edi degan fikrlar tez-tez quloqqa chalinadi.

Xalqaro “Ozodlik Uyi” va boshqa ko’plab muassasalar tahlilicha, respublika erkin va demokratik jamiyat emas.

So’z va matbuot erkinligi amalda ta’minlanmagan. Nursulton Nazarboyev 20 yildan beri amalda o’tiribdi. Muxolifat har jihatdan bo’g’ilayotganini da’vo qiladi.

kz.gov/Yermuxamet Yertisbayev, Qozog’iston prezidentining bosh siyosiy maslahatchisi

Qozog’iston rasmiysi “oldimizda murakkab masalalar turgani hammaga ayon” deya, inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni tan oladi.

“Ularni ochiq muhokama qilishdan tortinmaymiz”, – deydi Yermuxamet Yertisbayev.

Lekin, deydi u, tashqi dunyo ishonadimi-yo’qmi, Qozog’istonda davlat organlari bir-biridan mustaqil ravishda ish yuritadi. Boshqaruv adliya tizimi ishiga aralasha olmaydi va shu bois ular chiqarayotgan hukmlar, masalan jurnalistlarning tuhmatda ayblanib qamalayotgani yuzasidan ma’muriyat biror narsa qila olmaydi, deydi prezident maslahatchisi.

Ommaviy axborot vositalari bugun amaldorlarni bemalol tanqid qila oladi, savolga tuta oladi, deydi rasmiy.

“Men o’zim, masalan, matbuotimizda har kuni qoralanaman. Hech kimni bosim ostiga olayotganim yo’q, aksincha, men jamoatchilik tomonidan bosim ostidaman va xulosa chiqarib ishlashga majburman”, – deydi Yertisbayev.

Prezident maslahatchisi bu yil qilingan ishlarni sanab beradi. Huquqqa e’tiborni oshirish uchun o’tkazilgan anjumanlar, tadbirlar va targ’ibot ishlari.

Siyosiy erkinliklarga kelganda esa Qozog’iston bir necha mayda, tarqoq guruhlar emas, ikki kuchli partiyaga ega bo’lishni istaydi, deydi maslahatchi.

Amerikada ham axir shunday, deya qo’shadi Qozog’istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrisov.

Nazarboyevning “Nur-Otan” partiyasi hokimiyatni boy bermoqchi emas.

“Xalq bizga ishonadi”, – deydi Yertisbayev.

AP/Oq O’rda, prezident saroyi

Rasmiylar yana bir narsani oydinlashtirishga urinadi: Nazarboyev diktator emas, balki Qozog’istonda zamonaviy davlatchilikka asos solgan daho. Shu bois u qancha istasa, shuncha amalda o’tirishga haqli.

Millat shuni istaydi, deydi elchi Idrisov, sobiq tashqi ishlar vaziri. Reytinglarga ko’ra, aholining 90 foizi u tomonda.

Xalqaro maydonda bu ko’rsatkichlar kinoya bilan qabul qilinadi. Nazarboyevdan keyin nima bo’ladi? U axir toabad liderlik qila olmaydi-ku degan savollarga esa javob shunday:

“Konstitutsiyaga binoan parlament spikeri muvaqqat rahbarga aylanadi va uch oy ichida saylovlar o’tishi shart”.

Nazarboyev merosxo’r tayinlab qo’ygan degan taxminlarga asos yo’q, deydi rasmiylar.

Nazarboyev, deydi uning maslahatchisi, iqtisodiy taraqqiyotni birinchi o’ringa qo’ygan va bu o’z mevasini berib kelmoqda.

AP/“To’q yashamagan xalq tinch yashamaydi deb hisoblaymiz”, – deydi u.

U va elchining eslatishicha, prezident demokratiya tarafdori, lekin odamlar non topishga qiynalsa, erkinlik va demokratiyani tushunadimi?

Qozog’iston, deydi Yermuxamet Yertisbayev, ta’lim sohasini yanada rivojlantirib, ilmiy-innovatsion taraqqiyot uchun yirik sarmoya ajratmoqda. Maqsad kuchli kadrlarga ega bo’lish va ularni mamlakatning o’zida ishlatish. Nazarboyev iqtisodiyot faqat energetik boyliklarga tobe bo’lib qolmasin deb, boshqa sohalarga ham diqqat qaratmoqda.

Yermuxamet Yertisbayev deydiki, uning yurti bugun nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi eng barqaror jamiyat.

“Regional hamkorlikni  oshirishga vaqt yetdi va bu borada qo’shnilar bilan gaplashishga hozirmiz”,- deydi u.

AP

”Bilasizmi, shunday bir taxminlar borki, go’yoki bizning prezident Nursulton Nazarboyev va O’zbekiston prezidenti Islom Karimov mintaqaviy liderlikni talashmoqda. Bu g’irt safsata. Bu yerda biror kurash ketayotgani yo’q. Gap ularning bozor iqtisodiyotining turlicha modellarini tanlanganida. Ochiq jamiyat, liberal bozor iqtisodiyotiga o’tish, tub islohotlar, Nazarboyev o’tgan 20 yilda olib borgan iqtisodiy siyosat samara berdi”, – deydi maslahatchi.

Markaziy Osiyo Rossiya, Xitoy va G’arb uchun strategik mintaqa ekan, deydi Qozog’iston prezidenti maslahatchisi, iqtisodiyotni bir yo’lga solib, mustahkam bir kuchga aylanish kerak.

AP

”Agar butun Markaziy Osiyo Nazarboyev tutgan iqtisodiy taraqqiyot yo’lidan ketsa, mintaqa ravnaq topadi va dunyo u bilan hisoblashishni boshlaydi”,- deya ishonch bildiradi Yermuxamet Yertisbayev.

Nursulton Nazarboyev ikki yilcha avval bu borada gapirganida qo’shnilar, xususan O’zbekiston qiziqish bildirmagan. Har bir davlat o’z rivojlanish yo’lini tanlagan degan bayonotlar yangragan.

Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga rais sifatida bu yil qo’shni Qirg’izistondagi beqarorlikka barham berish uchun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’rdi, deydi Yertisbayev.

”Qirg’izistonga nafaqat moddiy yordam berdik, balki mojarolardan chiqish yo’llarini ham taklif qildik. Biz Markaziy Osiyoning barcha davlarlari bilan yaqin aloqadamiz. Xavfsizlikni mustahkamlash uchun qoradori, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda qo’shnilarimizga ko’mak berishga tayyormiz”.

OSCE/1-2 dekabr kunlari Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammiti bo’lib o’tadi. Markaziy Osiyo respublikalarining hammasi unga a’zo.

Mintaqa birgalikda qator muammolarga yechim qidirishga majbur, deydi Qozog’iston prezidenti maslahatchisi.

”Muammolar ko’p…Misol uchun migrantlar va qochqinlar taqdirini hal etish uchun qonun va normativlarni to’liq ko’rib chiqish kerak.  Chunki davlatlararo kelishuvlar yetishmaydi. Rahbarlarimiz buni tushunadi va uchrashishganida bu borada gaplashgan”, – deydi rasmiy.

1-2 dekabr kunlari Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammiti bo’lib o’tadi. Markaziy Osiyo respublikalarining hammasi unga a’zo.

…oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.

 Asosiy erkinliklar, Bolalar mehnati, Huquqbon, Korruptsiya, Maqolalar, Qash'shoqliq  Comments Off on …oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.
Sep 212010
 

AQSh sobiq senatori fikricha, Qirg’iziston hali ham Markaziy Osiyoda erkinlik namunasi bo’lishi mumkin

Foto AP

Amerikada region bilan shug’ullanuvchi mutaxassislardan so’rasangiz, deydi Tom Deshl, sizga Qirg’iziston birinchi navbatda AQSh bazasiga mezbon davlat sifatida ahamiyatli ekanini eslatishadi.

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

“Qirg’izistonga safarim davomida Bishkek va janubda rahbarlar va oddiy fuqarolar bilan suhbatlashdim”, deydi Tom Deshl. “Ular mamlakatda tartib bo’lsin, Qirg’iziston barqaror bir jamiyatga aylansin, rahbarlar xalqqa g’amxo’rlik qilsin deydi”.

Amerikada ko’zga ko’ringan arboblardan biri, sobiq senator Tom Deshl yaqinda, avgust o’rtalarida Qirg’izistonga safar qilib, u yerdagi ahvol bilan tanishgan. “Qirg’izistonda kechayotgan voqealar Amerikada ko’p yoritilmaydi”, deydi u.

Bu davlat haqida gap ketganda ham, mavzu doimo Afg’onistondagi urushga bog’lanib ketadi. Tom Deshl fikricha, diktaturalar hukmron Markaziy Osiyoda Qirg’iziston erkinlik namunasi bo’lishi mumkin. AQSh va xalqaro hamjamiyat uni bu yo’lda qo’llab-quvvatlashi lozim.

“Afg’oniston biqinidagi demokratiya” sarlavhali maqolasida, sobiq senator Qirg’izistondagi bugungi manzara, saylovlar va yurt kelajagi haqida mulohaza yuritadi.

Amerikada region bilan shug’ullanuvchi mutaxassislardan so’rasangiz, deydi Tom Deshl, sizga Qirg’iziston birinchi navbatda AQSh bazasiga mezbon davlat sifatida ahamiyatli ekanini eslatishadi.

Manas aerodromi Afg’onistonda jang qilayotgan Amerika askarlari uchun muhim tranzit nuqtasi. U orqali minglab qo’shin olib o’tiladi. Keng tarqalgan qarash shuki, Bakiyev davrida Manas ijarasi hal qilingan masala edi, hozir esa baza taqdiri noma’lum.

Qurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketgach, hokimiyatga kelgan muxolifat nazoratni qo’lga ololmayapti. Zaif hukumat iyun oyidagi qirg’inni to’xtata olmadi. Janubdagi rahbarlar o’ziga xon bo’lib qolgan.

Yaqinlashayotgan saylovlar nima olib kelishi noma’lum. Xullas, Amerika rahbariyatiga Bakiyev bilan ishlash osonroq edi, degan xulosaga keladi kishi.

“Vashington Post” gazetasida yozgan maqolasida, Tom Deshl, AQSh Demokratik Instituti vitse-prezidenti deydiki, Qirg’iziston nafaqat Amerikaga afg’on urushida sherik, balki mintaqada demokratik potensiali eng yuqori davlat ekanini ham unutmaslik kerak.

AP

“Vashington Post” gazetasida yozgan maqolasida, Tom Deshl, AQSh Demokratik Instituti vitse-prezidenti deydiki, Qirg’iziston nafaqat Amerikaga afg’on urushida sherik, balki mintaqada demokratik potensiali eng yuqori davlat ekanini ham unutmaslik kerak.

Respublika hozir tarixiy chorrahada, burilish yoqasida turibdi. Roza Otunbayeva demokratiya ravnaqi yo’lida aniq qadamlar tashlashga ulgurdi: muvaqqat rahbarlarning vakolati cheklangan, yangi konstitutsiya bo’yicha referendum o’tkazildi, oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.

Sobiq senator nazarida Qirg’izistonni bu mashaqqatli davrda qo’llab-quvvatlash AQSh va xalqaro jamoatchilikning burchi. “Qirg’izistonga safarim davomida Bishkek va janubda rahbarlar va oddiy fuqarolar bilan suhbatlashdim”, deydi Tom Deshl.

“Ular mamlakatda tartib bo’lsin, Qirg’iziston barqaror bir jamiyatga aylansin, rahbarlar xalqqa g’amxo’rlik qilsin deydi”.

http://www.voanews.com/uzbek/news/kyrgyzstan-tom-daschle-central-asia-103294999.html

Mar 262010
 
O’zbekistonlik muhojirlar Rossiyada noiloj ahvolda


25/03/2010
O'zbek mehnat muhojirlari
Rossiya ish izlab borgan o’zbekistonliklar

Rossiya muhojirlar federatsiyasi Kremlni hujjatsiz migrantlarga qo’yilgan taqiqlarni olib tashlashga chaqirmoqda.

Tashkilotga ko’ra bir necha million mehnat muhojirlari noqoqonuniy tarzda mehnat qilishga majbur. O’zbekistondan Rossiyaga borib tirikchilik qilayotganlarning aksariyati ham shu toifaga kiradi.

Rossiya muhojirlar federatsiyasining bildirishicha Rossiyadagi muhojirlar soni bugun 16 millionga yaqinlashgan. Ularning bir necha millioni ishlash uchun zarur hujjatlarga ega emas.

Tashkilot pozitsiyasi shuki, rasmiy qog’oz berilmagani muhojirlarning aybi emas. Ular biror bir jinoyat qilmagan. Shu bois ham ularga qo’yilgan cheklovlar olib tashlanishi kerak.

Rossiya migratsiya xizmati
Rossiya migratsiya xizmati (???)

“Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov bir muddat Rossiyada bo’lib o’zbekistonlik muhojirlar to’qnashayotgan muammolarni o’rgangan.

“Birinchi navbatda ularga byurokratik to’siqlar qo’yilmoqda. Hujjat olish jarayonini ataylab cho’zishayapti. Bu asosan mehnat ruxsatnomasini olish va registratsiya qilish. Bu bilan shug’ullnadigan tashkilotlar ham yo’q. Hammasi o’z manfaatini ko’zlaydi. Ular ichida o’zimizning fuqarolar ham bor. Yordam beraman deb aldash yo’liga o’tib ketgan. Keyin ishlab oylik maoshini ololmaganlar ham ko’pchilikni tashkil etadi”, – deydi Hayitboy Yoqubov.

Rossiya
Rossiyada millatchilik nafaqat siyosiy doiralarda balki axborot vositalarida ham targ’ib qilinadi. Jamoatchilik orasida kelgindilarga nafrat tobora kuchayib bormoqda, deydi o’zbek muhojirlari.

Faolning kuzatishicha Rossiya jamoatchiligida muhojirlarga munosabat keskinlashib bormoqda. Millatchilik siyosiy kuchlar va axborot vositalari tomonidan targ’ib qilinayotgani seziladi.

Rossiya federal migratsiya xizmatiga ko’ra, mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega bo’lganlar qayddan o’tgach 90 kun ichida chiqib ketishi kerak.

Ishlash uchun ruxsatnoma esa yangi qoidaga binoan ish beruvchi bilan tuzilgan shartnoma bo’lgan taqdirda bir yil muddatga beriladi.

Bu yangi qoidalar, deydi masala bilan yaqindan tanish mutaxassislar, muhojirlarni yashirinishga majbur etmoqda.

“Uralskiy dom” jamiyati rahbari Leonid Grishinning migratsiya bo’yicha yaqinda Rossiyda o’tgan konfenensiyada ta’kidlashicha ruxsatnoma olishni yangi qoidasi minglab muhojirlarni noqonuniy sharoitda qo’ygan.

[insert caption here]
Mehnat muhojirlari – Rossiya davlat idoralari uchun pul undirish manbai

Bunday migratsiya mavjudligi esa militsiya, migratsiya xizmati va boshqa tegishli idoralar xodimlari uchun korrupsiya, pul undirish vositasi bo’lib qolmoqda.

Rossiyada ishlab qaytgan fuqarolardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, unga ruxsatnoma olishda tanishlari ko’maklashgan. Aks holda buning iloji yo’q, deydi u.

“Tanishi bo’lmagan odam ko’chada qolib ketishi mumkin. Firibgarlarning qo’liga tushishi mumkin. Pasportini olib qo’yib, qul qilib ishlatishi mumkin”, – deydi u.

Mehnat muhojirlari soni jihatdan o’zbekistonliklar Rossiyada yetakchi o’rinda. Mahalliy faollar hisobicha ularning soni 3 million atrofida. Lekin ayrim manbalarga ko’ra bu son undanda yuqori bo’lishi mumkin.

O’zbekistonliklar son jihatdan ko’p bo’lishiga qarmasdan, deydi migrantlarning o’zi, ular Rossiyadagi eng tarqoq jamoalardan biri. Birdamlik ko’zga tashlanmaydi, o’zaro ishonch past.

“O’zbek muhojirlarida qo’rquv bor. O’zlari ham bilmaydi. Masalan o’n kishi yig’ilsa, boshqa odam noto’g’ri o’ylaydi deb bir-biridan xavfsiraydi”, – deydi yaqinda muhojirlikdan qaytgan fuqaro.

Aksariyat o’zbekistonliklar uchun mehnat muhojirligi tirikchilik qilishning yagona yo’li. Mamlakatdagi ishsizlik ularni turli yurtlarga tarqatgan. O’zbeklar chet elga chiqib har qanday o’g’ir ishlarga tayyor.

Mehnat muhojirlari
Mehnat muhojirlari orasida yoshlar ko’pchilik. Tanish-bilishingsiz bo’lmasa, hujjat ololmaysiz. Aldanib, firibgarlar qo’lida qul sifatida yashab yurganlar soni ham katta ekani aytiladi.

“Eng qora ishni faqat bizni odamlar qiladi. U yerdagilar bu ishlarni tan olmaydi. Kimlardir buni to’g’ri tushunadi, hurmat qiladi. Kimlardir esa buni tushunmaydi”, – deydi yana bir o’zbekistonlik.

Mahalliy aholisi kamayib borayotgan Rossiyada ishchi kuchiga talab oshib bormoqda. Hukumat bu boradagi siyosatini liberallashtirishi kerak.

Muhojirlikdan tushayotgan mablag’ O’zbekistonda iqtisodiy tayanch ekan, hukumat o’z fuqarolarini qadrlash uchun aniq harakatlar boshlashi lozim.

O’zbekiston va Rossiya hukumatlari o’rtasida mehnat muhojirlari, ular huquqlarini himoyalash to’g’risida bitim imzolangan. Lekin uning migrant ishchilar bu hujjat samarasini ko’rmayapti.