Ammo rangli inqiloblar bu jamiyatlar hayotiga erkinlik olib keldi.

Spread the love
Rangli inqilobdan kutilgan katta umidlar so’nib bormoqda


21/02/2010

[insert caption here]
Ukrainada saylovlar erkin va adolatli o’tgani 2004 yilgi inqilobning asosiy yutuqlaridan biri

Ukraina prezident saylovlarida Viktor Yanukovich g’alabasi ramziy ma’no ham kasb etadi. 

Rangli inqilobdan keyin siyosat maydoniga kelgan Viktor Yushenko, Yuliya Timoshenko kabi yetakchilarning mag’lubyatga uchrashi inqilobdan kutilgan umidlar oqlanmagani bilan izohlanmoqda.

So’nggi yillarda rangli inqilobni boshdan kechirgan davlatlar hayotida real o’zgarishlar kuzatilmagan. Demokratik qadriyatlar to’lqini ostida hokimiyatga kelgan yetakchilar siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy hayotda va’da qilgan o’zgarishlarni amalga oshira olmagan.

Ammo rangli inqiloblar bu jamiyatlar hayotiga erkinlik olib keldi. Ukraina misolida, prezident poygasi adolatli o’tganining o’zi inqilobning asosiy yutuqlaridan biri deb baholanmoqda.

Ukraina Markaziy saylov komissiyasi Viktor Yanukovich g’alabaga erishganini rasman tasdiqlagan. Yanukovichning raqibi Yuliya Timoshenko saylov natijalaridan norozi, komissiya qarori ustidan sudga murojaat qilgan. Timoshenkoga ko’ra saylov qallobliklardan xoli bo’lmagan. Ammo xalqaro kuzatuvchilar ovoz berish jarayoni demokratik tarzda o’tganini ta’kidlashdi.

O’zbekiston prezidenti Viktor Yanukovichni g’alaba bilan tabriklagan. MDH a’zolarining ko’pchiligi g’alaba tabrigi yo’llashgan. Kreml Yanukovichni Ukraina prezidenti sifatida Rossiyaga taklif qilishga ham ulgurdi.

Tahlillarga ko’ra, Ukraina saylovlarida Yanukovich g’alabaga erishgani sobiq ittifoq hududida kechgan rangli inqiloblar nuqtai nazaridan ramziy ahamiyatga ega.

[insert caption here]
Qirg’izistonda inqilobdan kutilgan aksar umidlar oqlanmadi, biroq qirg’iz xalqi mintaqada nisbatan faol

“Rangli inqiloblar juda og’ir davrlarga to’g’ri keldi. Ukrainda ham, Qirg’izistonda ham vaziyat og’ir. Demokratlar hokimyatga inqilob yo’li bilan chiqadimi yoki boshqami, baribir ular sehrgan emas, vaziyatni birdaniga o’nglay olmaydi. Bundan odamlarni ma’lum darajada hafsalasi pir bo’lishi mumkin. MDH miqyosida demokratik qadriyatlar inqirozga to’qnash keldi deyish mumkin. Buning sabablari ko’p, lekin asosiysi bu dunyo moliyaviy inqirozini yuzaga chiqishi deb hisoblayman. Odamlar iqtisod bilan o’ralashib, demokratik qadriyatlarni ma’lum ma’noda unutib qo’yishdi”, – deydi mahalliy faollardan biri Abdurahmon Tashanov.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov nazarida Ukrainada zarg’aldoq inqilobi yetakchilari mag’lubyatga uchrashi inqilobning samarasizligini ko’rsatgan.

“O’zini samarasizligini isbotladi. Lekin biz o’ylamasligimiz kerak, Ukraina xalqining ko’pchiligi Rossiya bilan yaqinlashmoqchi bo’lgan Yanukovich uchun ovoz berdi deb. Ular rangli inqilobning yetakchilaridan biri bo’lgan Timoshenkoga qarshi ovoz berishdi, Yanukovichni dasturlari uchun emas. Xorijdan turib rangli inqiloblarni moliyalash baribir uzoq kelajakda samarali bo’lmasligi oydinlashdi”, – deydi Soyibnazarov.

Ayrim tahlilchilar esa Ukraina saylovlari demokratik qadriyatlar emas, geosiyosiy ambitsiyalar ostida kechganini ta’kidlashadi.

“Bir tomondan Yevropa, ikkinchi tomondan Rossiya manfaatlari to’qnash kelib turgan joy. O’tgan yili Rossiya turli bahonalar bilan Yevropaga gaz bermay, ularga buning qanday oqibatlari bo’lishi bilan qo’rqitib qo’ygach, Yevropa ham chekinishni boshladi. Zarg’aldoqchilarga nisbatan avvalgi yon bosishlarni bekor qilgach bugungi vaziyat yuzaga keldi. Inqilobchilarni hech qanday ishonchi oqlanmadi. Yevropadan kutilayotgan umidi ham, prezident sifatida tanlagan yetakchisi Yushenko bergan va’dalar ham amalga oshmadi”, – deydi sharhlovchi Alimardon Hoshimov.

Rangli inqiloblar natijasida Ukraina, Gruziya va Qirg’izistonda hukumat almashdi, siyosat maydoniga yangi yetakchilar kirib keldi. Ukrainadagi zarg’aldoq inqilobi yetakchisi, prezident Viktor Yushenko saylovda eng kam ovoz yiqqan nomzodlardan biri bo’ldi.

“Rangli inqilob yetakchilari hokimiyatga kelgach korrupsiyaga qarshi kurash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish shiorlari bilan chiqishdi”, – deydi Soyibnazarov.

Rangli inqiloblar MDH hududida demokratlar, aksariyat jamoatchilik tomonidan umid bilan kutib olingan jarayon edi. Biroq bu umidlar Ukrainadagi bugungi natijalar, ayniqsa O’zbekistonning yon qo’shnisi Qirg’iziston misolida bir qadar so’nib borayotgani kuzatiladi.

“Albatta rangli inqilob qorin to’ydirmaydi, lekin odamlarni o’z huquqlariga, erkinliklariga yaqinlashtiradi. Shaxsan men uchun demokratik qadriyatlar uchun biror harakat bo’lsa, buni ochiqlikka, oshkoralikka intilish deb hisoblayman”, – deydi Abdurahmon Tashanov.

Rangli inqiloblardan keyin Gruziya, Qirg’iziston, Ukrainada ham navbatdagi prezident saylovlari o’tdi. Qirg’iziston va Gruziyada inqilob qahramonlari hozir hokimiyatda. Biroq saylovlar ayniqsa Qirg’izistonda qanchalik adolatli o’tgani shubha ostida.

“Gruziyada saylovlar adolatli o’tganiga ishonsa bo’ladi, chunki hozirgacha ko’plab gruzinlar Saakashivilli tomonida. U gruzinlar ko’nglidagi masalani gapiryapti. Abxaziya va Jabuniy Osetiya Gruziyaning hududi, ularni ajratib olish mamlakat yaxlitligiga tahdid deyapti. Qirg’iziston esa boshqa masala. Bu yerda ham saylovlardan keyin yangi hokimiyat keldi, lekin kutilgan umidlar oqlanmadi. Aksincha vaziyat yomonlashdi, jurnalistlar o’ldirildi, huquq himoyachilari ta’qibga olindi, huquq tartibot organlarini zo’ravonligi ko’paydi”, – deydi Alimardon Hoshimov.

Ukrainada mustaqil va adolatli saylov tizimi shakllangani rangli inqilobning asosiy yutug’i sifatida e’tirof etiladi.

“Men o’zim Ukraina, Kiyevda bo’lib ularning siyosatchilari bilan gaplashgan paytimda aytishdiki, aholini asosiy qismi, yoshlar Yushenko va Timoshenko ittifoqiga ko’z tikishgan. Lekin Timoshenko tajribali siyosatchi emasligi, turli siyosiy o’yinlar natijasida o’z imidjini yo’qotgani bois demokratlar saylovda yutqazib qo’yishgan deyish mumkin”, – deydi Abdurahmon Tashanov.

MDH, mintaqadagi aksariyat davlatlar rangli inqilobdan chetda qolishgan bo’lsada, o’sha paytda bu davlatlarda ham inqilob ruhi sezila boshlagan edi. Mintaqa hukumatlari bunga javoban tazyiqlarni kuchyatirdi.

“Hukumatlar bu inqiloblarni tahlil qilib, biror xulosa chiqarishgani yo’q. Qaytaga prezident boshchiligidagi hukumat bunday progressiv inqiloblarga qarshi agressiyani kuchaytirmoqda”, – deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.

Mintaqada rangli inqilob natijasida hukumat almashgan yagona davlat bu Qirg’iziston. Inqilob yetakchilaridan biri Qurmanbek Bakiyev ikkinchi muddatga prezidentlikda qoldi.

Sharhlovchilar Qirg’iziston misolida inqilobdan kutilgan umidlar tobora yo’qolib borayotganini ta’kidlashadi.

“O’sha yillari qo’shni davlatlarda ham umid uyg’ongan. Demokratiya biz tomonga ham qadam tashlaydi degan ishonch hosil bo’lgandi, lekin bu ishonch bir yildan keyinroq so’na boshlagan. Bir yildan keyin qirg’izistonliklarni o’zi biz yaxshilikni istagan edik, lekin yana eski muammolarni qoldiribmiz deb gapirgan”, – deydi Alimardon Hoshimov.

Shunday bo’lsada, ayrimlar Qirg’iziston mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan bir qadar demokratik ekani, rangli inqilob qirg’iz jamiyati rivojlanishi uchun asos bo’lganini ta’kidlaydi.

“Qirg’iz xalqi mintaqada nisbatan faol. Misol uchun Qirg’iziston konstitusiyasiga yangi punkt kiritildi – bu impichment masalasi. Ya’ni prezident o’z vazifasini uddalay olmaganda, uni muddatdan oldin vazifasidan bo’shatish to’g’risida. Hozir deputatlari prezidentga impichment e’lon qilingan paytda mamlakatni vaqtincha kim boshqarib turishini muhokama qilyapti”, – deydi Akbar Aliyev.

Abduvali Soyibnazarovga ko’ra, rangli inqilob na siyosiy, na iqtisodiy sohada kutilgan umidlarni oqlay oldi. Mamlakat qarzlari Akayev davridagiga nisbatan bir necha baravar oshgan. Bir necha yil avval MDH hududida kechgan demokratik inqiloblar ruhi bugun inqirozga yuz tutayotgani aytiladi.

“Hozirgi vaziyat avval rangli inqilobchilarga nisbatan umidlar juda kattaligi, lekin bu umidlar oqlanmaganidan dalolat bermoqda. Shuning uchun hozir Ukraina, Qirg’iziston misolida ham inqiloblar barham topib, hokimiyatga yana avtoritar tuzumlar kelayotgandek,” – deydi Abdurahmon Tashanov.

Mintaqa davlatlarining barchasi rasman demokratik boshqaruv yo’lini tanlagan. Biroq siyosiy tuzumlar, hukumatlar 20 yildirki almashmay keladi.

O’zbekistonda bir necha bor prezident saylovlari o’tdi. Bu saylovlarda hamisha amaldagi prezident Islom Karimov g’alabasi ta’minlab kelindi. Muxolif partiyalar domiy tazyiq va ta’qiblarga mahkum. Demokratik qadriyatlardan uzoqlashish jamiyatda tanazzul kuchayishi, zo’ravonlik ortishi bilan kuzatilmoqda.

Leave a Reply

Your email address will not be published.