Prezident Shavkat Mirziyoyev majburiy mehnatga barham bera oladimi?  Diana Yenikeeva o’limi.

Spread the love

2018-yilning 14-mart kuni Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on tumanida baxtsiz hodisa ro’y berdi.[1]  Kattaqo’rg’on tuman markazidagi 42-umumta’lim maktabining mehnat o’qituvchisi Diana Yenikeevani Suv ombori qishlog’idan o’tuvchi avtomobil yo’lini tozalashga olib chiqilgan paytda KamAZ yuk mashinasi urib yuborgan.

Bu haqda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka xabar bergan o’qituvchilardan birining aytishicha, og’ir tan jarohati olgan Diananing joni kasalxonada uzilgan:

Voqea guvohi bo’lgan hamkasbimning aytishicha, o’qituvchilar yo’l chetini tozalash ishlari bilan mashg’ul bo’lgan. Dianani katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi urib yuborgan. Darhol bir mashinaga yuklab, kasalxonaga olib borishgan. Lekin borganda uning joni uzilib bo’lgan ekan”, dedi o’qituvchi.

Diana Enikeevaning onasi Oksana Enikeevaning Ozodlik radiosiga aytishicha, uning qizini dars o’tayotgan joyidan ko’cha supurishga haydashgan:

Qizim darsdan qaytib kelib, kiyimini almashtirdi va ularni ko’cha tozalashga majburlashayotganini aytib ketdi. 42-maktabdan o’n nafar o’qituvchi prezidentning kelishiga trassani tozalashga majburan chiqarilgan ekan.

Qizim bilan birga bo’lgan o’qituvchilarning aytishlaricha, ular mashinalar g’izillab o’tib turgan trassada ishlashgan. Hech qanday ogohlantiruvchi belgilar qo’yilmagan, hatto GAI inspektorlari ham bo’lmagan. Bordyurni supirib turgan qizimni o’tayotgan KamAZlardan biri urib yuborgan. Nahotki, prezidentga yaxshi ko’rinish uchun qaynab yotgan yo’lning o’rtasiga himoyasiz o’qituvchilarni olib chiqishga ishlatishsa. Men buni shunday qo’ymayman, prezidentgacha boraman!”, deydi Oksana Yenikeeva.

Onaning aytishicha, qizi vafotidan keyin tuman hokimligidan unga 3 million so’m olib kelishgan:

 “Mening bolam uchun uch million so’m taklif qilishdi. Men yolg’iz farzandimni sotish uchun tug’magandim. Uning o’rnini pul bilan to’ldirib bo’ladimi.

O’qituvchini o’z ishidan boshqa ishga majbur qilgan va qizim o’limiga bevosita sababchi bo’lgan hokim va xalq ta’limi bo’limi javob bersin”, deydi marhuma o’qituvchi onasi.

Oksana Enikeevaning aytishicha, qizi turmushga chiqqan va uning 2 yashar bolasi yetim qolgan.[1].

Har bir vatandosh voqealarning rivojini osongina tasavvur qila oladi, Diana Yenikeevaning o’limi bo’yicha tergov ishlari olib boriladi va aybdorlar sud hukmi bo’yicha jazolanadi.

 Lekin kutilmagan voqea ro’y berdi. 18-mart kuni Kattaqo’rg’on tuman hokimligi va Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Diana Yenikeeva yo’l tozalashga chiqarilganini inkor qildi.[2]. 19-mart kuni esa, hokim o’rinbosari, “inkor xatini imzolagan Musaxon Muzaffarov, Ozodlik savollariga javob berarkan, “hozircha Diananing ish paytida tozalash ishlariga chiqarilgani masalasi o’rganilayotgani va uning natijasi hali ma’lum emasligini” bildirdi.

Shu kuni kechga yaqin esa, viloyat hokimi Turobjon Jo’rayev o’qituvchilar yo’l tozalashga hech qachon chiqarilmagani to’g’risida bayonot berdi. [2].

Yana shu yerda xalq ta’limi vazirining o’rinbosari 23 yoshli Alisher Sa’dullayev ro’y bergan fojeaga facebookdagi sahifasida jasurona, ajoyib o’z munosabatini bildirdi:

Bas, yetar! O’qituvchilarni tinch qo’ying. Hamma o’z ishini qilsin. Parlament a’zolari, deputatlar va boshqa davlat organlari kelinglar birlashaylik. Millat taqdiri-ku axir!”.

Majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan Berlindagi O’zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova Diana Enikeevaning o’limiga aybdor rahbarlar ham jazolanishi lozimligini ta’kidlaydi:

Umida Niyozovadan iqtibos:-”O’zbekiston Mehnat Kodeksining 7-moddasida majburiy mehnatni ta’qiqlash ko’zda tutilgan.  Unda aytilishicha, qandaydir jazo tahdidi bilan kimnidir mehnat qilishga majbur qilish ma’n etiladi. Iqtibos tugadi.[2].

Nega endi tergov ishlari tugashini va sud hukmini kutmasdan Kattaqo’rg’on tuman hokimi va Samarqand viloyat hokimi o’qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilinmagan deb bayonot berishdi?

 Buning menimcha ikkita sababi bor, birinchidan Diana Enikeeva o’limi O’zbekistondagi mahalliy nashrlarda yoritildi, Ozodlik, BBC, Amerika ovozi va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Ikkinchi sabab, asosiy sabab O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qilgan nutqida O’zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish haqida shunday degan edi.[3].

Nutqdan iqtibos: “ Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo’yicha ta’sirchan choralar ko’rildi”. Iqtibos tugadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo’yicha O’zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabriklagan nutqida [4] ( 7-dekabr, 2017-yil) quyidagilarni ta’kidlab aytgan edi.

Nutqdan iqtibos:

Hurmatli yurtdoshlar!

Konstitutsiyamizning 37-moddasida belgilangan majburiy mehnatni taqiqlash to’g’risidagi qoidaga qat’iy amal qilish uchun yil davomida bir qator ishlar bajarildi.

Xususan, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazorati o’rnatildi. Fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo’yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Deputat va senatorlardan iborat ishchi guruhlar respublikamizning barcha hududlariga chiqib, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo’l qo’ymaslik bo’yicha parlament nazoratini amalga oshirmoqda.

Mana, bu yil hammangiz ko’rdingiz, eshitdingiz, biz byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalarni majburiy ravishda paxta terimiga chaqirishni qat’iyan taqiqladik.

Paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish bo’yicha tizimli monitoring yo’lga qo’yildi.

Bu muhim masalani avvalo o’zimiz qattiq nazoratga olganimiz tufayli bironta salbiy holat aniqlanmadi. Amalga oshirilgan ishlar samarasi xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda”. Iqtibos tugadi. [4].

Kattaqo’rg’on tuman hokimi va Samarqand viloyat hokimining o’qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilmagani sababi “siri” shu yerda.

 Ya’ni bu yerda tergovchilarga, prokurorga,sud’yaga majburiy mehnat O’zbekistonda yo’q, Diana Enikeeva majburiy mehnat paytida o’lmagan degan mujda jo’natilyapti.  Ya’ni boshqacha aytganda, O’zbekistonda oliy darajadagi rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari tomonidan sodir etilgan jinoyat xaspo’shlanyapti.

Bundoq o’ylab qaralganda, marhum diktator Islom karimov davrida bolalar mehnatiga barham berilgan edi, prezident Shavkat Mirziyoyev davrida majburiy mehnatga barham berilgani katta ijobiy voqea bo’lib tuyuladi.  O’zbekistonda majburiy mehnatga barham berildi, faqat bu barham berilish og’izda, qog’ozda amalga oshirildi, amalda esa majburiy mehnat marhum diktator Islom Karimov davridagiga qaraganda ham ko’proq va shavqatsizlarcha qo’llanilyapti.

Bunga misol, Andijon, Namangan, Farg’ona va Surxondaryo viloyatlaridagi O’zbekiston vatandoshlari birinchi marta poezdlarda Qoraqalpog’iston respublikasi, Xorazm , Jizzah va Toshkent viloyatlariga paxta terimiga majburan jo’natildi.

Ozodlik radiosi 2017 yil paxta terish mavsumida Farg’ona viloyatidan qariyb 17 ming, Namangan viloyatidan 1900 va Surxondaryo viloyatidan 14 900 nafar hasharchi paxta terish uchun ixtiyoriy majburiy tarzda Qoraqalpog’iston, Xorazm, Jizzah viloyatlariga maxsus poezdlarda yuborilgani, Toshkent viloyat paxtazorlarida esa Andijondan olib kelingan xasharchilar paxta terayotgani haqida xabarlarni tarqatgan edi.[5].

O’zbekistonda o’qituvchilar, shifokorlar ko’cha tozalash, maydonlarni tozalash, gaz, svet uchun pul yig’ish va turli tuman qishloq xo’jaligi va qurilish ishlariga jalb etilish hamon davom etmoqda.

O’zbekistondagi majburiy mehnat bo’yicha men quyidagi 2ta ma’lumotni aytishni lozim ko’rdim:

1.Zamonaviy qullik ko’rsatkichi bo’yicha Ozbekiston Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o’rinni egallaydi. Dunyoning beshta mamlakati Hindiston, Xitoy, Pokiston, Bangladesh va O’zbekistonda zamonaviy qullar dunyo bo’yicha qullarning 58 foizni tashkil qiladi.  2016-yilda O’zbekistonda zamonaviy qullar soni 1.236.600 kishini tashkil qilgan va bu aholining 3.973 foizini, ya’ni qariyb 4 foizni tashkil qiladi.[6].

2.O’zbekistondagi yuqori sinf o’qituvchilarining maoshi bilan dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi o’qituvchilarning maoshlari bilan taqqoslasak:

O’zbekistonda yuqori sinf o’qituvchilari maoshi o’rtacha 125 AQSH dollariga teng, umuman olganda 100-200 AQSH dollari atrofida.[7,8].

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari;

1.Lyuksemburgda yangi ishni boshlagan o’qituvchi bir yilda 80.000 dollarga teng yillik maosh oladi.  15 yil ishlagandan keyin esa 140.000 AQSH dollaridan ham ko’proq yillik maosh olishi mumkin. Ya’ni bir oylik maoshi 6.600 dollardan boshlanib 12.000 dollardan ham ko’proq bo’lishi mumkin [9].

2.Frantsiyada yangi ish boshlagan o’qituvchi bir yilda 35.000 AQSH dollari, eng ko’pi bilan 60.000 AQSH dollarigacha yillik maosh olishi mumkin.  Bir oylik maosh 3.000 AQSH dollaridan 5.000 gacha olishi mumkin.

3.Janubiy Koreyada 30.000 AQSH dollari, ular eng ko’pi bilan 80.000-85.000 yillik maosh olishi mumkin.  Ya’ni oylik maoshi 2.500 dan 7.000 AQSH dollarigacha bo’ladi.

4.Yaponiyada 20.000-23.000 AQSH dollaridan 60.000 AQSH dollari yillik maosh olishi mumkin.  Ya’ni oylik maoshi 2.000 dan 5.000 AQSH dollarigacha.[9].

O’zbekistonning zamonaviy qullik ko’rsatkichi va yuqori sinf o’qituvchilarining oylik maoshidan ko’rinib turibdiki, O’zbekistonning iqtisodi va ta’lim sohasi nihoyatda ayanchli ahvolda.

 O’zbekiston vatandoshlari, O’zbekiston fuqarolik jamiyati, O’zbekiston hukumati bu ayanchli ahvoldan chiqish uchun tinmay izlanishlari kerak, tinmay qattiq mehnat qilishlari kerak.  Qisqacha mening fikrim, O’zbekiston vatandoshlariga iqtisodiy erkinlik, siyosiy erkinlik berilishi kerak.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

25-mart, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Мирзиёев келишига кўча тозалашга олиб чиқилган 23 яшар ўқитувчини машина босиб кетди. 15.03.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/kucha-tozalashga-olib-chiqilgan-uqituvchini-mashina-bosdi/29101801.html ).

2. Диананинг ўлими юзасидан вилоят ҳокими раддия берди. Туман ҳокимлиги “раддия”сини рад қилди. 19.03.2018. (https://www.ozodlik.org/a/uzbek-uzbekistan-diana-majburiy-mehnat-oqituvchi-hashar/29109161.html ).

3. Ўзбекистон Президенти Шавкат Мирзиёев БМТ Бош Ассамблеясининг 72-сессиясида нутқ сўзлади. 20.09.2017. (http://uza.uz/oz/politics/zbekiston-prezidenti-shavkat-mirziyeev-bmt-bosh-assambleyasi-20-09-2017 ).

4. Шавкат Мирзиёев Ўзбекистон халқини Конституция куни билан табриклади. Тўлиқ нутқ. 07.12.2017. ( https://kun.uz/news/2017/12/07/savkat-mirzieev-uzbekiston-halkini-konstitucia-kuni-bilan-tabrikladi-tulik-nutk ).

5. Мирзиёев мажбурий меҳнатга барҳам берилганини айтди.08.12.2017.

( https://www.ozodlik.org/a/28904582.html ).

6. Slavery index by countries. 2016. ( https://www.globalslaveryindex.org/findings/ ).

7. Педагогларнинг таътил пуллари қандай ҳисобланади? 13.05.2017. (http://idum.uz/archives/11394 ).

8. Average monthly salary in Uzbekistan is US$125- Statistics committee. 15.12.2017.

( http://tashkenttimes.uz/national/1814-average-monthly-salary-in-uzbekistan-is-us-125-statistics-committee ).

9. Different Teacher Salaries Around the World. 2017. (https://www.educationdegree.com/articles/teaching-salaries-around-the-world ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.