Nahotki O’zbekistonda konstitutsiya ishlay boshladi?! Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasreddinov, Ravshan Salayev, Shavkat Olloyorovlarga soxta jinoiy ish ochganlar jazolanadimi???

Spread the love

2018-yilning 7-mart sanasida jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullayevning birinchi mahkama yig’ilishi bo’lib o’tdi.  Sud’ya Zafar Nurmatov advokat Sergey Mayorovning qiynoqlar bo’yicha sud-tibbiy ekspertiza tayinlash so’rovini qondirdi [1].

Aslida sud 5-mart kuni o’tkazilishi rejalangan edi, lekin bu ilk mahkama “prokuror yetib kelmadi” degan asosda 7-martga qoldirilgan edi.  5-martdagi mahkamada jurnalist Bobomurod Abdullayev, blogger Hayotxon Nasriddinov, shuningdek tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar ishi ko’rilishi kerak edi [2]..

Advokat Sergey Mayyorovdan iqtibos: “Avvaliga MXX xodimlari, Bosh prokuror va vazir bo’yicha ma’lumot talab qilishgan. Natijada Bobomurodni, Bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev ma’lumotlarni Ravshan Salayevga, Ravshan esa Bobomurodga bergan deb yozishga majburlashgan. Xuddi shunday, vazir Po’lat Bobojonov ma’lumotlarni Ollayorovga bergan, u esa o’z navbatida Bobomurodga bergan, deb yozdirishgan. Bosh prokuror va vazirga qarshi kompramatlar shunga asoslangan.  Iqtibos tugadi.

Yana advokat Sergey Mayorovning yozishicha, tergovchilar Nodir To’raqulov va Aleksandr Veselevlar jurnalistdan Muhammad Solihning talabi bilan 2013-yildan boshlab “Usmon Haqnazarov” nomi ostida yozishni boshladim, deb ko’rsatma berishga majburlashgan [1].

 

Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar O’zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi bo’yicha ayblanmoqda.

159-modda.

O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish.

 

To’rt sudlanuvchi ustidan o’tkazilayotgan ish, shartli ravishda Bobomurod Abdullayev ishi prezident Shavkat Mirziyoyev davrida boshlangan ko’p shov-shuvlarga, keng jamoatchilik nazariga tushgan ish bo’ldi.  Birinchi marta mening bilishim bo’yicha, va ko’pchilikning e’tirof etishi bo’yicha birinchi marta sudlanuvchilarga MXX tergovchilari tomonidan qiynoqlar qo’llanilganligi, noinsoniy munosabatlarga duchor qilinganligi sud’ya Zafar Nurmatov tomonidan tan olindi va sud- tibbiy ekspertiza tayinlandi.

Jamoatchilikda O’zbekistonda konstitutsiya ishlay boshladi degan ijtimoiy fikr paydo bo’lganday.  Aslida shundaymi? Men shunga batafsilroq to’xtalib o’tmoqchiman. Menimcha, Bobomurod Abdullayevning ishi bo’yicha kamida O’zbekiston konstitutsiyasining 10ta moddasi oyoq osti qilingan va qilinmoqda [3]:

1.Bobomurod Abdullayev 2017-yilning 27-sentyabrida yo’qolib qolgan edi va ikki kundan keyin uning Gvardeyskaya ko’chasida joylashgan MXX tergovxonasida ekanligi, daragi chiqqan edi.  Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 25-moddasi oyoq osti qilingan.

25-modda.

Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

2.Bobomurod Abdullayev MXX tomonidan o’g’irlab ketilgan va ikki kechayu-kunduz davomida oilasiga xabar berilmagan [4].  Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 30-moddasi oyoq osti qilingan.

30-modda.

O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.

3.Agar Bobomurod Abdullayevga nisbatan jinoiy ish qonunan ochilganda uning oilasi bundan xabardor bo’lib Bobomurod Abdullayev himoyasi uchun advokat yollanardi.  Bobomurod Abdullayev advokat himoysisiz qolgan.

Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 26-moddasi oyoq osti qilingan.

26-modda.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

4.MXX tergovchilari Bobomurod Abdullayevga nisbatan qiynoq qo’llashgan[5,6].  Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 26-moddasi yana oyoq osti qilingan.

26-modda.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

5. Bobomurod Abdullayevga nisbatan davlat organlari tomonidan zo’ravonlik, nohaqlikka va adolatsizlikka uning oila a’zolari, yaqinlari, jamoatchilik norozilik bildirish huquqiga ega, lekin O’zbekistonda vatandoshlar o’z noroziligini konstitutsion huquqlaridan foydalanib bildirmoqchi bo’lsalar ular amalda jazolanadilar.  Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 33-moddasi oyoq osti qilingan, qilinmoqda.

33-modda.

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

6.Bobomurod Abdullayevning o’g’irlanib ketilishi, uning qiynoqlarga duchor qilinishi va boshqa barcha davlat organlarining zo’ravonliklari O’zbekiston ommaviy-axborot vositalarida yoritilmadi. (Eslatma, Ozodlik, BBC, Amerika ovozi, facebook, youtube larda yoritildi) Jamoatchilik ob’yektiv ma’lumot (informatsiya) izlash, olish, tarqatish konstitutsion huquqidan mahrum. Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 29-moddasi oyoq osti qilingan.

29-modda.

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

7.Bobomurod Abdullayevning oila a’zolari unga nisbatan zo’ravonliklarga chidolmasdan o’zbek muxolifatiga, O’zbekistondagi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga murojaat etishlari mumkin edi, biroq O’zbekistonda muxolif partiyalar Birlik Xalq Harakati partiyasi, Erk demokratik partiyasi, Birdamlik xalq harakati, O’zbekiston xalq harakati va inson huquq tashkilotlarining ko’pchiligi(shu jumladan O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati ham) ro’yxatga olinmagan.   Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 34-moddasi oyoq osti qilingan, qilinmoqda.

34-modda.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

8.O’zbekiston konstitutsiyasiga ko’ra, O’zbekiston davlat organlari o’z vatandoshlarining huquq va erkinliklarini ta’minlashlari kerak, lekin O’zbekistonda vatandoshlarning huquq va erkinliklari davlat organlari tomonidan oyoq osti qilinyapti.   Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 43-moddasi oyoq osti qilingan, qilinmoqda.

43-modda.

Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.

9.Bobomurod Abdullayevning onasi Gavharjon Madaminova O’zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaatlar bilan chiqdi [7]. Bu murojaatlar Ozodlik, BBC, Amerika Ovozi, Youtube, Facebooklarda e’lon qilindi.  Shunday murojaatlar bilan Hayotxon Nasriddinovning onasi Sobira Tolipova ham prezident portaliga murojaat qilgan va bir oydan keyin Hayotxon Nasriddinovni qayerdaligini aniqlashga muvaffaq bo’lgan. Sobira Tolipova o’g’lini besh oydan keyin birinchi marta 7-mart kuni bag’riga bosishga erishgan [8,9].

Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 93-moddasi oyoq osti qilingan.

93-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti:

1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir; …

10.O’zbekistonda erkin demokratik saylovlarda hokimiyat almashishi ro’y berganida edi O’zbekiston vatandoshlari o’zlarining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlari oyoq osti qilinganligidan norozi bo’lib saylovlarda muxolifatdagi partiyalarga ovoz bergan bo’lar edi.  Shu yo’l bilan davlat organlarining zo’ravonligi jazolanardi, barham berilardi. Lekin, O’zbekistonda erkinlik yo’q, demokratiya yo’q, erkin demokratik saylovlar yo’q. Bu yerda O’zbekiston konstitutsiyasining 13,43-moddalari oyoq osti qilingan.

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

43-modda.

Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.

Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda konstitutsiya ishlayabdi deyishga hali juda erta. O’zbekistonda vatandoshlarning huquq va erkinliklari kafolatlangan deyish uchun O’zbekiston vatandoshlari ko’p kurashishlari kerak. O’zbekistonda konstitutsion tuzumning o’zi yo’q. O’zbekiston Vatandoshlarini konstitutsion tuzumni ag’darishda ayblashning o’zi be’manilikdir, absurddir.

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

11-mart, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Бобомурод Абдуллаев ишида қийноқлар бўйича суд-тиббий экспертизаси ўтказилади. 07.03.2018. ( http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-43317247 ).

2. Журналист Бобомурод Абдуллаев устидан суд 7 мартга қолдирилди. 05.03.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29079118.html ).

3. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (http://constitution.uz/oz/clause/index#section23 ).

4. Журналист Бобомурод Абдуллаев, пропавший в среду нашёлся в изоляторе спецслужб. 02.10.2017. ( https://www.anhor.uz/news/zhurnalist-bobomurod-abdullaev-propavshiy-v-sredu-nashyolsya-v-izolyatore-specsluzhb ).

5. “Нодир Тўрақулов гуруҳи Бобомурод Абдуллаевни 38 кун тинимсиз қийнаган!” 05.03.2018.

( https://www.ozodlik.org/a/bobomurod-abdullayev-muhammad-solih-mxx-tergov-qiynoq/29079638.html ).

6. AI қийноқ қўллаганликда гумонланган МХХ подполковниги ҳибс қилинганини олқишлади. 09.02.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29028958.html ).

7. МХХ қамоғидаги Абдуллаевнинг онаси Мирзиёевдан ўғлини ҳимоя қилишда ёрдам сўради. 05.01.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/ozbekiston-miliciya-zoravonlik/28956755.html ).

8. Abdujalil Boymatov. Videoblog. Chaqirtikanak. 24 Bobomurod Abdullayev sudi oldidan videoreportaj. 3. 07.03.2018. ( https://www.youtube.com/watch?v=D3qJPCXUFKo ).

9. 12та халқаро ташкилот Бобомурод Абдуллаев, Ҳаёт Насриддинов ва Акром Маликовни озод этишни талаб қилди. 14.02.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/29038797.html ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.