Konstitutsiya yoki shariat? Erkin, demokratik jamiyat yoki vatandoshlar urushi?!

Spread the love

O’tgan haftada 16-17- fevral kunlari O’zbekistonda katta shov-shuvlarga sabab bo’lgan ikki voqea bo’lib o’tdi.  2018-yilning 16-fevral kuni O’zbekistondagi Zo’r TV kanali bahslarga sabab bo’lgan Turkiyaning “Sevgi Iztirobi” teleseriali namoyishini to’xtatdi [1].

 Ikkinchi voqea 17-fevral kuni O’zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o’rinbosari Aydarbek Tulepov ishdan olindi [2].

Bu katta shov-shuvga sabab bo’lgan voqealarga batafsilroq to’xtalib o’taman.  Ozodlik radiostantsiyasi xodimlarining yoritishlari bo’yicha Zo’r TV kanali uch yarim oydan buyon namoyish etilayotgan “Sevgi iztirobi” seriali juma kuni to’xtatilganini e’lon qildi.  16-fevral kuni ushbu serialning o’zbekchaga o’girilgan 120- qismi namoyish qilinib, film so’nggida birinchi fasl tugadi degan yozuv berildi.

O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro’yhatga olingan azon.uz axborot portalida 14 fevral kuni e’lon qilingan maqolada “ZO’R-TV” kanalida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztirobi” filmini turkchadan o’zbekchaga dublyaj qilgan aktyorlar guruhi tahdid nishoni bo’lgan.

Maqolada dublyaj xizmati xodimlarining ishi “haromligi”, ularning “bolasiga harom luqma yedirgani” haqida yozilib, aktyorlarning sazoyi qilishga chaqirilgan edi.

 Ayni nashr keyingi 10 kun ichida turk serialining sof islomiy ahloq normalariga zid ekani aytilgan bir nechta maqola e’lon qilgan.  Yana shuni qo’shimcha qilishni lozim ko’rdimki, O’zbekistonda namoyish qilinayotgan “Sevgi iztiroblari” filmi bundan oldin Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligining telegram kanalida ham “tavqi-la’nat” qilingan edi [1].

Endi ikkinchi bo’lib o’tgan voqeaga o’tsak, O’zbekiston Musulmonlar idorasi raisi Aydarbek Tulepov Milliy Xavfsizlik Xizmatining bu tashkilotdagi kurator vazifasini bajarib kelgan.  Bundan tashqari, toshkentlik bir nechta diniy xizmatchi MXXning masjidlarga biriktirgan kuratorlari ham chaqirib olinganini aytmoqda.

 Diniy idora Toshkent shahar vakilligida ishlaydigan mulozimning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Tulepov MXXning idoradagi vakili bo’lgan.  MXXning O’zbekiston bo’ylab masjidlardagi kuratorlari ham ishini to’xtatgan.[2].

Sevgi iztirobi” teleseriali dublyaji aktyorlarining sazoyi qilinishi va tavqi-la’natga uchratishga chaqirilishi mening yodimga Buxoro amirligi, Xiva xonligi, Qo’qon xonligi davrlarini eslatdi.

Bu davrlarda madrasalarda faqat qur’on va hadis o’qitilgan.  Dunyoviy fanlar: fizika, matematika, ximiya, biologiya va boshqa ijtimoiy va tabiiy fanlar mutlaqo o’qitilmagan.  Ilm-fan taraqqiyoti degan tushunchaning o’zi ham bo’lmagan.  Jamiyat jaholat botqog’iga ko’milgan va bu xonlar o’rtasida o’zaro feodal urushlar muntazam bo’lib turgan.

MXX kuratorlarining ishdan olinishi esa menda bir tomondan ijobiy umidlar uyg’otgan bo’lsa, boshqa tomondan katta bir xavotirlik tug’dirdi.  Ijobiy umid tug’ilishiga sabab bo’lgan narsa shuki, din davlatdan ajratilgan, davlat din ishlariga aralashmaydi degan printsiplar tiklanganday bo’ldi.  O’zbekiston respublikasining konstitutsiyasi 61,31,57-moddalariida aytilganidek [3].

61-modda.

Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.

31-modda.

Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

57-modda.

Konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’lig’i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.
Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi.

MXX ham SSSR davridagi KGBning ommaviy ta’qib-tayziq, repressiyalarini davom ettirdi.  SSSRning ommaviy ta’qib-tayziq, repressiyalar simvoli Gulag bo’lgan bo’lsa, O’zbekistonda diktator Islom Karimov davrida Jasliq qamoqxonasi bo’ldi.

 SSSR davrida O’zbekistonda dunyoviy fanlar o’qitilishi yo’lga qo’yildi, ilm-fan taraqqiyotiga erishildi, texnika, sanoat rivojlandi.  20-asrga mos keladigan zamonaviy ta’lim, zamonaviy tibbiyot yo’lga qo’yildi, sport, teatr, adabiyot, kino san’ati, ma’daniyat rivojlandi.  Lekin shunga qaramasdan, sovet tuzumida insonlarning huquqlari, erkinliklari oyoq osti qilingan.

 O’zbekiston mustaqil bo’lganidan keyin dinga erkinlik berila boshlandi, masjidlar soni bir necha baravar ko’paydi, qur’on, hadislar chop qilindi.  Lekin, shu bilan bir qatorda o’n minglab rasmiy diniy idoraga bo’ysunmaydigan, boshqacha fikrlaydigan diniy faollar ekstremism, terrorizmga qarshi kurash niqobi ostida soxta ayblar bilan qiynoqlarga, noinsoniy munosabatlarga duchor qilinib ( tergov jarayonida,suddan keyin qamoqxonalarda) , ozodlikdan mahrum qilindi.

 Mustaqil O’zbekiston konstitutsiyasining 26, 27, 29 moddalari [3]:

26-modda.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

27-modda.

Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.

29-modda.

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Afsuski, sobiq kommunistlar va dindorlar uchun konstitutsiya bir parcha qog’oz.  O’zbekiston konstitutsiyasi bo’yicha O’zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklari hurmat qilinishi kerak.  Lekin O’zbekistonni boshqarayotgan sobiq kommunistlar uchun va siyosiy islom uchun O’zbekiston konstitutsiyasi bir parcha qog’oz.

 Shu sababli O’zbekistonni boshqarayotgan sobiq kommunistlar va siyosiy islomchilar o’rtasidagi kurash ayovsiz, shafqatsiz bo’ladi.  Chunki, sobiq kommunistlar va siyosiy islomchilar ham totalitar g’oyani, ideologiyani tashuvchi kishilardir.  Bu kurash natijasida O’zbekistonda Tojikistonda bo’lib o’tgan fuqarolar urushi, Afg’oniston, Iroq, Suriya, Misr, Liviyadagi fuqarolar urushi kelib chiqish ehtimoli bor.

Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham o’rta asrlar, SSSR, diktator Islom Karimov davridagiday jamiyatda qo’rquv va yolg’on hukmron.  O’sha davrlardan meros bo’lib qolgan majburiy mehnat, korruptsiya [4] va yangilari:ishsizlik, maoshlarning kamligi, suv, elektr energiyasi taqchilligi, Rossiya, Qozog’iston va dunyoning boshqa ko’plab davlatlaridagi millionlab mehnat muhojirlari va boshqa muammolar bisyor.

O’rta sinf va fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun sharoit yaratish, bu asosiy muammo.

 Bu muammolarning bartaraf qilinishiga O’zbekistonda siyosiy raqobatning yo’qligi, so’z erkinligi, yig’ilishlar erkinligi, tashkilotlarga uyushish erkinligi, erkin harakatlanish, e’tiqod erkinligining cheklanganligi, hokimiyatni boshqarayotgan rahbarlarda, muxolif harakatlar, partiyalar, inson huquqi tashkilotlarida rahbarlarning almashishi yo’qligi, o’zbekchasiga aytganda amal kursisiga jon-jahdi bilan yopishib olishi, muammolarni bahslashib hal qilish o’rniga bir-birini haqoratlab, janjallashib ketishi, tanqidiy fikrni tosh otish deb tushunish, o’zaro raqobatda g’olib chiqish uchun tuhmatdan keng foydalanish kabilar katta to’siq bo’lgan, bo’lmoqda.

Maqolamning yakunida millati, dini turlicha bo’lgan mamlakatlar, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Korea, Isroil, Evropa Ittifoqi mamlakatlari, Hindiston va hattoki musulmon mamlakatlari: Indoneziya, Malayziya,Tunis va boshqa ko’p mamlakatlar erkin, demokratik va boy (Hindiston, Indoneziya, Tunis boy emas) mamlakatlarligini ta’kidlab o’tmoqchiman..

Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati vitse prezidenti

25-fevral, 2018-yil

Dublin, Irlandiya.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. ZO’R TV “Севги изтироби” сериали намойишини тўхтатди. 17.02.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/uzbek-uzbekistan-serial-terkiya-zor-tv-sevgi-iztirobi/29045467.html ).

2. Диний идора ва масжидлардаги МХХ кураторлари иши вақтинча тўхтатилди. 20.02.2018. ( https://www.ozodlik.org/a/diniy-idora-va-masjidlardagi-mxx-kuratorlari-chaqirib-olindi/29050783.html ).

3. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (http://constitution.uz/oz/clause/index#section33 ).

4. Corruption Perceptions Index 2017.(https://www.transparency.org/news/feature/corruption_perceptions_index_2017 ).

Leave a Reply

Your email address will not be published.