Sarhisob: 2017-yil O’zbekiston uchun qanday kechdi?

Spread the love

dekabr 30, 2017

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT minbarida, Nyu-York, AQSh, 19-sentabr, 2017-yil.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT minbarida, Nyu-York, AQSh, 19-sentabr, 2017-yil.

 

2017-yil O’zbekistonda Mirziyoyevning to’lqinlantiruvchi bayonotlari bilan yodda qolmoqda. Ochiq, ayovsiz tanqid bilan kuzatilgan bu chiqishlar oddiy aholining olqishlariga loyiq ko’rilmoqda. O’zbekistondagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotga o’zgarishlar olib kirgan 2017-yil jamoatchilikni larzaga solgan voqealarga ham, odamlarni umidlantirgan jarayonlarga ham boy bo’ldi.

O’zbekistonliklar 2017-yilni qasamyodga keltirilgan yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita jonli tabriki bilan qarshilashgan edi. Chorak asr davomida Karimov tabrikining televideniye orqali o’qib eshittirilishiga o’rganib qolgan aholi uchun bu qutlov kutilmagan yangilik bo’lgan va Mirziyoyevning kibrdan uzoq, xalqparvar, keskin o’zgarishlar qiladigan prezident bo’lishi haqidagi qarashlarni shakillantira boshlagan edi.

2017-yil yakunlanar ekan, Prezident Mirziyoyevga nisbatan shakllangan bu qarashlar deyarli o’zgarmagan, yil davomida Mirziyoyev tomonidan davomli qilingan keskin bayonotlar xalq ko’zida islohotchi prezident qiyofasini yanada mustahkamlab keldi.

Prezidentning so’nggi chiqishi, parlamentga qilingan to’rt soatlik murojaati hozirgacha bo’lgan bayonotlar orasidagi eng muhimi deb ko’rilmoqda. Matbuot bu chiqishni mamlakat hayotida yangi sahifa ochgan tarixiy nutq sifatida, muallifni esa millat yetakchisi maqomida taqdim etayotgani kuzatiladi.

Mirziyoyevni yil odami sifatida e’lon qilgan “Ijtimoiy fikr” markazi o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, 90 foizdan oshiq aholi yakunlanayotgan yilni faravonlik, ijobiy o’zgarishlar yili sifatida qayd etgan.

Chorak asrlik turg’unlikdan qutilgan mamlakatda o’zgarishlar jarayoni ketayotgani seziladi, “xalq bilan muloqot” shiori bilan boshlangan 2017-yilda asosiy diqqat xalq va davlat o’rtasidagi aloqalarni tiklashga qaratildi.

Mamlakat bo’ylab safar boshlagan Mirziyoyev oddiy aholi bilan muloqotga kirishdi, odamlarni eshita boshladi. Xalq bilan muloqotni tiklash uchun ochilgan Prezidentning virtual qabulxonasi mamlakatdagi eng mashhur murojaat markaziga aylandi.

Davlat organlari va xalq o’rtasidagi ishonchni tiklash 2017-yilning eng dolzarb vazifasi bo`lib qoldi, Prezident “xalq davlat organlari uchun emas, davlat organlari xalq uchun xizmat qiladigan vaqt kelganini” e’lon qilganiga qaramasdan ishonch to’liq tiklandi deyish qiyin.

Sud, prokuratura, ichki ishlar, moliya tizimi Mirziyoyev muntazam nishonga olayotgan sohaligicha qolyapti. Prezidentning tanqidlari ortidan O’zbekiston sudyalari nomidan xalqqa rasman murojaat ochiqlanishi, sudyalarning xalqdan kechirim so’rashi ham tizimda keskin o’zgarishlar qilgani kuzatilmaydi.

2017-yil jamoatchilikda katta qiziqish uyg’otgan voqealardan yana biri O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi faoliyatidagi o’zgarishlar bo’ldi. Vazir Abdulaziz Komilov bilan bevosita muloqot uyushtirildi, o’z fuqarolariga bepisand munosabat bilan tanilgan elchixonalar, konsulliklar faoliyatida ayrim o’zgarishlar kuzatildi.

Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi fuqarolariga ko’mak ko’rsatishga urina boshladi. Qozog’istondagi yo’l-transport hodisasida halok bo’lgan bir guruh mehnat muhojirlarining jasadi maxsus samolyotda o’z vataniga olib kelindi. Bu O’zbekiston tarixida ilk bor kuzatilgan amaliyot bo’ldi.

Inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatda ham amalga oshirgan ayrim qadamlar fuqarolik jamiyati vakillarini ruhlantirdi, uzoq yillik siyosiy mahbuslarning qamoqdan ozod qilinishi, matbuot ayrim ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiqa boshlagani jamiyatda o’zgarishlar mavjudligi haqidagi taassurotlarni hosil qildi.

O’zbekistonliklarning ommaviy olqishlari, prezidentning ijtimoiy siyosiy vaziyatga doir ochiq bayonotlaridan qat’i nazar, Mirziyoyev boshqaruvidagi bir yildan kutilgan umidlar oqlanmagani haqida gapirayotgan tanqidchilar ham ko’p.

Jurnalist Ulug’bek Haydarov nazarida 2017-yil amalga oshirish mumkin bo’lgan imkoniyatlarning boy berilishi bilan kuzatildi.

Matbuotda ozgina o’zgarish bor, avval yozilmagan mavzular ko’tarilmoqda. Karimov davrida buni tasavvur qilish qiyin edi. Agar hamma narsa quyidan, eng pastdan sekinlik bilan boshlanadi, deb qaraladigan bo`lsa, bu to’g’ridir. Lekin bizdagi 27 yillik turg’unlikdan so’ng shiddat bilan o’zgarishlar qilish mumkin edi, chunki xalq juda charchagan diktaturadan. Shuning uchun 2017-yil amalga oshishi lozim, lekin amalga oshmay qolgan o’garishlar yili bo`ldi. Masalan, kadrlar sohasida prezident atrofidagilarning hammasi Karimov davridan qolgan amaldorlar, parlament ham o’sha eski, vaholanki, parlament tarqatib yuborilishi, yangi saylov e’lon qilinishi kerak edi”, – deydi jurnalist.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov nazarida O’zbekistonda Mirziyoyevni dohiylashtirish harakati boshlangan:

Prezidentning chiqishlaridan boshqa o’zgarishlar yo`q, Mirziyoyev ikki kuyovini, qizini lavozimga olib keldi yaqinda. Ammo o’zi korrupsiyaga qarshi kurash haqida gapirmoqda. Haqiqiy o’zgarishlar bo`lishi uchun birinchi navbatda matbuotga erkinlik berilishi kerak, muxolifat ro’yxatga olinishi kerak. U minbarda turib demokratiya, ochiq jamiyat qilman deyapti, ammo hech narsa yo`q, odamlar esa olqishlash bilan ovora. Iqtisodiy hayotda ham keskin bir o’zgarishlar yo’q, aksincha, narx-navolar oshib bormoqda, inflyatsiya kuchaygan”, – deydi Boymatov.

Iqtisodchi Saparboy Jubayev fikricha, konvertatsiya ochilishi 2017-yilning eng muhim o’zgarishlardan biri, O’zbekiston Karimov davrida bunday siyosiy iroda ko’rsata olmagan bo’lardi.

Yaxshimi, yomonmi, tanqidiymi, yo’qmi, o’zgarishlar ketayapti, bundan ko’z yumib bo’lmaydi. Karimov davrida konvertatsiya ochilishini tasavur qilib bo’lmasdi, mana so’nggi paytda moliya sohasida ham islohotlar qilinyapti, masalan, banklarga kredit berish majburiyat qilib qo’yildi, men bunday siyosatni yoqlamayman, ammo bu ham moliya siyosatidagi o’zgarish. Qo’shni davlatlar bilan savdo aloqalari jonlandi, buni hamma sezib turibdi, gapirsa, o’zgarishlar ko’p”, – deydi Jubayev.

Siyosatshunoslar 2017-yil, mintaqaviy vaziyatda, ayniqsa, tashqi siyosatda shiddatli o’zgarishlar davri bo’lganini e’tirof etishadi.

O’zbekistonning qo’shni davlatlar bilan ziddiyatli munosabatlarini tez suratlarda iliqlashtirishga erishgan Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreyaga qilgan davlat tashriflari davomida milliardlab dollarlik shartnomalarni imzolab qaytdi.

Prezident AQShga safar uyushtirdi, Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida O’zbekistonda kutilayotgan islohotlar haqida, bundan buyon mamlakatda inson huquqlari kafolatlanishi haqida gapirdi.

U safari doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ham uchrashdi, Amerikadagi o’zbekistonliklar bilan muloqot qildi, tajribali mutaxassislarni vatanga qaytishga chaqirdi. Dekabr oyida Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyev o’rtasida o’tgan telefon orqali muloqotda Mirziyoyevning G’arbga ilk safari AQShdan boshlanishi mumkinligi ham ehtimol qilindi.

https://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-2017/4185664.html

16x9 Image

  • Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O’zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O’zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. “Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published.