Abdujalil Boymatov: Mening O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatidagi prezidentlik muddatim tugadi

Spread the love

2009-yilning 6-mayida Fransiyaning Angers shahrida O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining (O’IHJ) chet eldagi birinchi qurultoyi bo’lib o’tgan edi.[1] Qurultoyda men prezident bo’lib saylanganimdan keyin  qurultoy ishtirokchilariga o’zbek muxolifatida, O’zbekiston hokimiyatida ma’lum muddatda rahbarlar almashishi yo’lga qo’yilmaganligini aytdim.  Qurultoydagi tajribali fransuz huquqbonlaridan shu masalada o’z fikrini aytishini so’radim.

Fransiyadagi huquq tashkilotining rahbari (yoshi 70 larga borib qolgan) har 2 yilda qurultoyda prezident qayta saylanishi, eng ko’pi bilan to’rt marta sakkiz yil bo’lishi kerak deb taklif kiritdi.  Bu taklif qurultoy qatnashchilari tomonidan to’la qo’llab quvvatlandi.  Men ham murojaatim ijobiy hal bo’lganidan juda xursand bo’ldim.

Lekin u paytda bu demokratik yutuq tashkilotning ikkiga bo’linishiga va mening Milliy Xavfsizlik Xizmati agenti deyilishimga, tuhmatda ayblanishimga olib kelishini xayolimga ham keltirmagan edim.[2].

Men rahbarlarning ma’lum muddatda almashib turishini ijobiyligini ikki sabab bilan asoslayman: 

Birinchidan: tashkilotga yangi rahbar saylanishi bilan yangi rahbar tashkilotni yangicha boshqara boshlaydi, yangi g’oyalarni hayotga tadbiq qila boshlaydi.  Yangi g’oyalarni hayotga tadbiq qilish davomida ijobiy natijalarga erishiladi yoki erishilmaydi.  G’oya amalga oshsa jamiyat tomonidan qoniqish paydo bo’ladi, agar amalga oshmasa jamiyat tomonidan qiziqish susayadi.  G’oya ijobiy amalga oshsa yoki oshmasa ham keyinchalik jamiyatda yangi g’oyaga, yangi rahbarga ehtiyoj paydo bo’ladi.

Ikkinchidan: rahbarlik faoliyati davomida tashkilot a’zolari bilan, boshqa tashkilot rahbarlari bilan ancha-muncha achchiq-tirsiq gaplar, kelishmovchiliklar, janjallar bo’lib o’tadi.  Buning natijasida bu rahbardan charchash paydo bo’ladi.  Yangi rahbar kelishi bilan charchash yo’qoladi, yangi umidlar paydo bo’ladi, jamiyatda jonlanish kuzatiladi.

 

Qurultoydan keyin O’IHJining prezidenti sifatida Ozodlik muxbiri Mehribon Bekievaga interv’yu berdim[3].  Interv’yuda o’zbek muxolifatida demokratiya yo’qligi, Abdurahim Po’latov Birlik Xalq harakatini 20 yildan beri, Muhammad Solih esa Erk demokratik partiyasini 19 yildan beri boshqarib kelayotganligini, lekin bu rahbarlar o’rnini yoshlarga berish to’g’risida o’ylamayotganlari haqida va hattoki, kommunistik Xitoyda ham siyosiy byuro a’zolari  har 10 yilda almashishini aytgan edim.

 

Keyin yarim yillar davomida Yangi Dunyo veb-saytining muharriri Yusuf Rasul bilan O’zbekiston hokimiyatida, o’zbek muxolifatida rahbarlar almashishi, demokratiya haqida ko’p suhbatlar uyushtirgan edik[4,5,6,7].  O’sha paytda bu suhbatlar jamoatchilikda katta qiziqiish uyg’otdi, lekin muxolifat yetakchilari Abdurahim Po’latov va Muhammad Solih tomonidan tanqidga ochiq munosabat bildirilmadi va hozirgacha ham ochiq munosabat bildirilgani yo’q.

Ochiq munosabat bildirilmasa ham, tuhmat va fitnalar tarzida dushmanona munosabat bildirildi.  Bu dushmanona munosabatlar to’g’risida juda qisqa yozaman, batafsil ma’lumot olishni xohlaganlar foydalanilgan adabiyotlarga murojaat qilishlari mumkin[2].  Erk Demokratik partiyasining veb-saytida Samandar Samarqandiyning meni o’zbek muxolifatini obro’sizlantirish uchun MXXining agenti sifatida o’zbek muxolifatiga kiritilgan degan 2 maqola chop etildi. [8,9].  Birlik Xalq Harakati raisi Abdurahim Po’latov tomonidan “O’zbekiston Inson Huquqlari jamiyati qurultoyi” o’tkazilib, O’IHJning Qashqadaryo viloyati bo’yicha yangi “rais”i saylandi[10].

Eng katta fitna, mojaro O’zbekiston Xalq Harakatining (O’XH) 2011-yildagi ta’sis qurultoyida ro’y berdi.  Qurultoyda Hazratqul Xudoyberdi mendan vakolat olmasdan, meni xabardor qilmasdan O’IHJi O’XHiga muassis sifatida qo’shilishini aytdi.  Men bu haqda Ozodlik, BBC, Amerika ovozi radiolarini eshitib bilganimdan keyin O’IHJi prezidenti sifatida O’IHJga nisabatan Hazratqul Xudoyberdi, Tolib Yoqubov, O’XHi tomonidan tashkilotimizga nisbatan fitna uyushtirilganligi to’g’risida O’IHJ a’zolari tomonidan bayonot berildi. Bu fitna bo’yicha bayonotdan keyin Tolib Yoqubov va Abdulla Abdurazzoq tomonidan meni MXXinig agenti degan ayblov bilan tuhmat  maqolalar chop qilindi.  Bu fitna va mojarolar oqibatida O’IHJi ikkiga bo’linib ketdi.[2]


Shu yerda men bir fikrni aytib o’tishni muhim deb hisoblayman.  O’zbekiston uchun bitta Xalq Harakati yetarli, bu xalq harakatida rahbar 5 yoki 10 yilda almashishi kerak.  Lekin O’zbekistonda 3 ta xalq harakati tuzildi.  Birlik Xalq Harakati Abdurahim Po’latov va Muhammad Solihning o’zaro amal talashishi bilan ikkiga bo’linib ketdi.  Bu ikkiga bo’linish 1989-yilning 28-mayida Abdurahim Po’latovning rais bo’lib saylangandan keyin 2-3 oy o’tmasdan Muhammad Solih tomonidan yangi rais saylash kerak degan fitnasi bilan amalga oshgan edi.

2004-yilda ikkinchi xalq harakati Birdamlik Xalq Harakati tuzildi. Bahodir Choriyev 2014 yilda Birdamlik Xalq Harakatinining qurultoyini AQSHning Sent Luis shahrida (Saint Louis) o’tkazib, yana BXHning raisi etib saylandi.[11].  Negadir Muhammad Solih 2011-yilda O’XHini tuzdi.  Bu harakat nizomiga ko’ra rais har yilda almashishi kerak edi, lekin hanuzgacha bu harakatning raisi, ya’ni 6 yildan beri Muhammad Solihdir.  

Birlik Xalq Harakati uzurpator Abdurahim Po’latov tomonidan 26 yildan beri, Erk Demokratik Partiyasi Muhammad Solih tomonidan 27 yildan beri, O’XHi uzurpator, jihodchi Muhammad Solih tomonidan 6 yildan beri boshqarilmoqda[12,13, 14, 15]. 

 O’IHJining qurultoyi 3 marta: 2009, 2011,2013-yillarda bo’lib o’tdi.  2015-yilda moliyaviy sabablar tufayli qurultoy bo’lib o’tmadi.  O’IHJi 1992-yilning 2-fevralida tashkil qilinganidan beri Islom karimov rejimi tomonidan 2 a’zosi o’ldirildi (Shovriq Ro’zimurodov, Saidmurod Qo’chqorov), 31 a’zosi soxta ayblar bilan qamaldi, 3 a’zosi zo’ravonlarcha ruhiy shifoxonaga yotqizildi, 19 a’zosi ta’qib va tayziqlar tufayli O’zbekistonni tark etishga majbur bo’ldi.  Hozirgi kunda O’IHJining 7 a’zosi qamoqda:  A’zam Farmonov, G’aybullo Jalilov, Cho’yan Mamatqulov,Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova, Zafar Rahimov, Yo’ldosh Rasulov.[16]

 Hozirgi kunda tashkilotimizda asosiy muammo menga qaraganda ancha yosh, tajribali rahbar topish. O’zbekistondagi ro’yxatga olinmagan inson huquqi tashkilotlari, muxolifat harakat va partiyalar katta talafotlar tufayli, tajribali huquqbonlar, muxolifatchilar vafot etishi yoki yoshi o’tishi bilan faoliaytini to’xtatishi tufayli kuchsizlanib, saflari kamayib qoldi. Yoshlarning inson huquqi tashkilotlari va muxolifat saflariga juda oz sonda kelib qo’shilganligi ahvolni biroz yaxshiladi, biroq yanada og’irlashishni to’xtata olmadi.

 Bildirishnomaning so’nggida men O’IHJining a’zolari: Gulshan Qorayeva, Nodir Axatov, Nosir Zokir, Zohidjon Zakirov, Bashorat Eshova, Gulbahor To’rayeva, Salomatoy Boymatova,Yusuf Rasul, Hayitboy Qo’ziyev, Saida Qurbonova, Ma’mir Azimovlarga jamiyat faoliyatiga qo’shgan mardonavor, sermashaqqat, samarali hissalari uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman.


Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huqulari jamiyatining bugundan boshlab sobiq prezidenti.

6-may, 2017-yil

Dublin shahri, Irlandiya.


Foydalanilgan adabiyotlar:

1. ЎИҲЖ Францияда ўз Қурултойини ўтказди. 08.05.2009. (http://himoyachi.at.ua/news/2009-05-08-62).

2. Ўзбек мухолифати етакчилари Абдужалил Бойматовнинг танқидига қандай жавоб беришди!?. 21.08.2011. (http://uz.hrsu.org/archives/2403#more-2403).

3. Ҳуқуқ ҳимоячилари янги раҳбар сайлади.10.05.2009.(http://www.ozodlik.org/content/article/1625211.html).

4. Ўзбекистон жамияти учун мухолифат сув ва ҳаводек зарур. 02.07.2009. (http://himoyachi.at.ua/news/2009-07-02-209).

5. Мухолифат фаоллари нималарга эътибор беришмади? 07.08.2009. (http://himoyachi.at.ua/news/2009-08-07-334).

6. “Истеъфо”га муносабат. 31.08.2009. (http://himoyachi.at.ua/news/2009-08-31-382).

7. Ўзбек жамиятининг олтин даври

Ёхуд ҳукумат нега “Бирдамлик” Қурултойига йўл қўймади? 30.11.2009.(http://himoyachi.at.ua/news/2009-11-30-642).

8. Янги прeзидeнтнинг “ғoялaри“.25.10.2009.(http://uz.hrsu.org/archives/2362#more-2362)

9. РЕЖИМ МАЛАЙЛАРИ (2).03.03.2010.

(http://uzbekistanerk.com/uzb/?p=423)

10. Қашқадарёдаги сохта Конференция ҳақида. 12.01.2009.(http://yangidunyo.com/?p=9388#comments).

11. Баҳодир Чориев демократми?! 04.05.2014. (http://uz.hrsu.org/archives/6770).

12. Мухолифат етакчилари Мухаммад Солиҳ ва Абдураҳим Пўлатов ёшларга йўл беришсин. 29.04.2012. (http://uz.hrsu.org/archives/3498).

13. Абдужалил Бойматов: Ўзбек мухолифатининг етакчиларига.Очиқ хат. 22.10.2012. (http://uz.hrsu.org/archives/4454#more-4454).

14. Абдужалил Бойматов: Ўзбек мухолифатининг етакчиларига. 2-ОЧИК ХАТ. 29.10.2012. (http://uz.hrsu.org/archives/4506).

15. Абдужалил Бойматов: Ўзбек мухолифатининг етакчиларига. 3-ОЧИҚ ХАТ. 04.11.2012. (http://uz.hrsu.org/archives/4535).

16. Абдужалил Бойматов: ЎИҲЖ, Орол денгизи, мажбурий меҳнат, болалар меҳнати, қийноқлар, Андижон қирғини, коррупция. (http://uz.hrsu.org/archives/7645#more-7645), (https://www.youtube.com/watch?v=Ao_tu10__o8).

Leave a Reply

Your email address will not be published.