Xalqaro Mehnat Tashkiloti yig’inida O’zbekistondan delegatsiya qatnashdi

Spread the love

iyun 03, 2016

O’zbekiston delegatsiyasi Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) Jenevadagi yillik anjumanida ishtirok etgan. Ushbu anjuman arafasida dunyo bo’ylab qullikka mahkum etilganlar soni keskin oshib borayotgani haqidagi hisobotlar e’lon qilindi.

Bu muammo keng tarqalgan mamlakatlar orasida O’zbekiston ham bor. “Global qullik indeksi” nomli izlanishda o’tgan yili 47-o’rinni band etgan O’zbekiston yangi hisobotda majburiy mehnatga jalb etilganlar soni bo’yicha Shimoliy Koreyadan keyingi, ikkinchi o’rinda qayd etiladi.

O’zbekistonda 1 million 200 mingdan oshiq odam qullik sharoitida mehnat qilishga mahkum, deyiladi Avstraliyada asoslangan “Walk Free Foundation” jamg’armasi chiqargan hisobotda.

Izlanish xulosalari XMTning Jenevadagi yillik konferensiyasi arafasida e’lon qilindi. Unda O’zbekiston tomonidan bu tashkilot bilan muzokara yuritayotgan uchlik – mehnat vaziri, Kasaba Uyushmalar federatsiyasi va Savdo-sanoat palatasi vakillaridan iborat delegatsiya qatnashgan.

Delegatsiyaning konferensiya doirasidagi uchrashuvlari haqida ham, “Global qullik indeksi” ko’rsatkichlariga munosabati bo’yicha ham ma’lumotlar yo’q. Ammo xalqaro jamg’arma qullikka mahkum deb ko’rayotgan qatlam – millionlab o’zbekistonliklarning har yili paxta terimiga majburan safarbar etilishi masalasi XMT va shu uchlik ishtirokida muhoma etib kelinmoqda.

XMT O’zbekistondagi majburiy mehnatga oid vaziyatni rasman monitoring qilishga ruxsat berilgan yagona tashkilotdir. Huquq himoyachilari va mustaqil kuzatuvchilar bu monitoringdan va Jenevadagi muzokaralardan natija bo’lishiga ishonmaydi.

O’zbekiston inson huquqlari jamiyatining ayni paytda xorijda yashayotgan faoli Abdujalil Boymatov deydiki:

Mana hozir bahordan o’qituvchilarni, vrachlarni paxta chopig’iga jalb qila boshlashdi. Majburiy mehnatni kuzatayotgan huquq himoyachilari esa muttasil tazyiqqa olinmoqda. [Huquq faoli Yelena] Urlayeva yaqinda shifoxonadan chiqarildi. O’ktam Pardayevni uch yil shartli qamoq bilan jazolashdi. [Dmitriy] Tixonov esa mamlakatni tark etdi. Shunday ekan, hukumat yanada ko’proq odamlarni qullikka jalb qilmoqchi. O’zbekiston hukumati o’tgan yil XMT vakillari bilan majburiy mehnat bo’yicha intervyular o’tkazdi, bu juda ijobiy qadam sifatida ham baholandi. Lekin majburiy mehnat masalasida hech narsa o’zgargani yo’q. Qolaversa, O’zbekistonda mustaqil kasaba uyushmasining o’zi yo’q. Hukumatni qo’llaydigan qo’g’irchoq tashkilot bor, xolos”.

Fuqarolarni qullik sharoitiga mahkum etuvchi tomon sifatida mahalliy hukumat ko’riladi.Hisobotga ko’ra, majburiy mehnatga jalb etilgan o’zbekistonliklar soni keskin oshgan. Ular faqat paxta terimiga safarbar qilinayotganlardan iborat emas. Bu qatlam o’z yurtida ham, xorijda ham qullikka tenglashtirilgan sharoitlar bilan to’qnash keladi.

O’zbekistonliklar Qozog’istonda, Rossiyada ham qullikka tushmoqda. To’g’ri, bu holat boshqa mamlakatlarga tegishli, lekin O’zbekiston hukumati o’z fuqarolarining qullikdagi bu holatiga ham ko’z yumib kelmoqda”, – deydi Boymatov.

Global qullik indeksi” ko’rsatkichiga ko’ra, Rossiyada haq-huqularidan mahrum qilingan millionlab odamlar qullarcha ishlatilmoqda. Ularning aksariyatini o’zbekistonlik menhat muhojirlari tashkil etishi shubhasiz ko’riladi.

Moskvada ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev:

Hukumat nafaqat O’zbekistonda, balki xorijda ham o’zbeklarning qullikka tutilishiga turtki berdi. Mamlakatda ish topmagan odamlar Rossiyaga oqib kela boshladi. Shaxsan o’zim bu yerda yillar davomida qullikda ushlab ishlatilgan ko’plab o’zbekistonliklarni bilaman. Bundan Rossiya davlati ham yaxshi xabardor va manfaatdor. Moskvadagi minglab binolarni o’zbeklar, tojiklar, qirg’izlar sariq chaqa evaziga qurib berishdi. Rossiya muhojirlar mehnati evaziga ham qomatini tikladi. O’zbekistondan kelib, qullikka tutilayotgan muhojirlar tarixi esa oddiy. Avvalo Rossiyadagi murakkab qonunlar, ma’muriy bosimlar ularni noqonuniy sharoitga, qullik tomon burmoqda. Buni Rossiya hukumati ham yaxshi biladi”.

O’zbekistonda majburiy mehnat azaldan keng qo’llangan. Yaqingacha paxta terimiga maktab o’quvchilari safarbar etilar edi. Xalqaro bosimlar, chaqiriqlar, muzokaralar natijasida hukumat bolalar mehnatidan voz kechdi.

Ikki yildirki, O’zbekiston hukumati paxtani kattalar, korxona va tashkilot ishchilarini majburan safarbar qilish orqali terib oladi. Odamlar o’z xohish-irodasiga qarshi majburan ishlatilayotgani, bu jarayonda tahdid va bosimlar ishlatilayotgani zamonaviy qullikning bir ko’rinishi deya baholanadi.

http://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-forced-labor-ilo/3360307.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.