Abdujalil Boymatov: O’zbek fuqarolik jamiyati chuqur inqirozda

Spread the love

O’zbekistonda iqtisodiy inqiroz va korruptsiya.

2015-yilda O’zbekiston iqtisodiyotining inqirozi kuchaydi.  O’zbekistonning eksport mahsulotlari paxta, gaz, oltinning narxi kamaydi.  Rossiyada sotiladigan o’zbek avtomobillarining savdosi keskin qisqardi.[1 ] Rossiya, Qozog’istondan keladigan pul o’tkazmalari ham keskin qisqardi.[2]

2014 yili o’zbek so’mi qora bozorda 3000 so’m bo’lgan bo’lsa, 2015-yilning oxirlarida hattoki 6000 so’mgacha qadrsizlandi, hozirgi kunda 5500 so’m atrofida.[3]   O’zbekistonda shu paytgacha erkin konvertatsiyaning yo’qligi, Rossiya, Qozog’iston va boshqa mamlakatlarda millionlab o’zbekistonliklarning mehnat muhojirlari bo’lib yashashlari, o’zbek so’mining tinmay qadrsizlanib borishi (1994-yilda 1 AQSH dollari 6 so’m bo’lgan bo’lsa, hozirgi kunda 5500 so’m) iqtisod inqirozdaligini ko’rsatadi.

O’zbekistonda svet, gazning taqchilligi yanada chuqurlashdi,  maoshlar, pensiyalar va bolalar nafaqalarining o’z vaqtida berilmasligi miqyosi kengaydi. Bular Islom Karimovning siyosiy-iqtisodiy rivojlanish modelining yaroqsizligini ko’rsatadi.

Afsuski, muqobil rivojlanish modelini taklif qiladigan iqtisodchilar ham yo’q hisobi.  Men masalan, shu paytgacha O’zbekistonda birorta iqtisodchining muqobil model taklif qilganini bilmayman.  O’zbekistonda bir necha institutlarda iqtisodchilar etishtirilib chiqariladi, lekin afsuski, ular muqobil iqtisodiy rivojlanish modelini taklif qilish salohiyatiga ega emas.


Islom Karimov rejimining ham inqirozi kuchaydi.  Bu inqirozning birinchi belgisi iqtisodiy inqiroz bo’lsa, ikkinchisi Islom Karimov oila-a’zolarining o’rtasidagi munosabatlarini yomonlashuvidir. 

2015-yilda Gulnora Karimovaga nisbatan Evropa Ittifoqining o’ntacha mamlakatida va AQSHda tergov ishlari davom ettirildi.  Lola Karimova-Tillayevaning AQSHda bir emas to’rtta qasr sotib olganligi ma’lum bo’ldi.  Bu haqda New York Timesda maqola chop etildi. [4]

Rossiyada Aleksey Navalniyning Korruptsiyaga Qarshi Kurash Fondi(Фонд борьбы с коррупцией ) Rossiyadagi yuqori darajadagi amaldorlarning korruptsiya botqog’iga botganligini fosh qilgan bo’lsa[5], O’zbekistonda Gulnora Karimova, Lola Karimova-Tillayevalarning milliardlab pul o’marganligini Evropa Ittifoqi va AQSH fuqarolik jamiyati fosh qildi. 

2014-yilda chet elda O’zbekistonda Korruptsiyaga Qarshi Kurash Fondi tuzilgandi, lekin bu fond yuqori doiralardagi korrutsiyani fosh qilish darajasiga yetgani yo’q.[6]

O’zbek muxolifati inqirozi.

O’zbekistondagi chuqur iqtisodiy-ijtimoiy inqiroz, Karimov rejimining inqirozi O’zbek muxolifatining hokimiyatga kelishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Afsuski, o’zbek muxolifati ham chuqur inqirozda.  Abdurahim Po’latov Birlik Xalq Harakati va shu nomdagi partiyani  26 yildan beri boshqarib kelyapti.  Muhammad Solih esa ERK demokratik partiyasini 25 yildan beri boshqarib kelyapti.  Birdamlik Xalq Harakati 2014-yilda partiyaga aylangandan keyin o’z faoliyatini to’xtatdi.

O’zbekiston Xalq harakati 2015-yilning yozida qurultoy o’tkazishi kerak edi, lekin o’tkazmadi.  O’zbekiston Xalq Harakati tuzilgan paytda uning nizomiga har yilda rais almashishi kiritilgan edi.  Bir yil o’tgandan keyingi qurultoyida har uch yilda rais almashishi kiritildi.  Muhammad Solih O’XHining shu paytgacha yagona raisi bo’lib qolmoqda.

Islom Karimov, Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih va Bahodir Choriyevlarning O’zbekiston konstitsiyasiga, partiya, harakat nizomlariga tinmay o’zgartirish kiritishdan maqsadlari, ularning umrbod o’z rahbarlik kusilarini saqlab qolishidir.  Bu yetakchilar tinmay erkin, demokratik jamiyat quramiz deganlari bilan ularning amaliy harakatlari buning aksi ekanligini ko’rsatib turibdi.  Nahotki, o’zbeklar demokrat bo’lmagan rahbar bilan erkin, demokratik jamiyat qura oladi.[7,8]

Men o’zbek muxolifatining inqirozida Islom Karimov rejimining tinmay muxolifatga o’tkazilgan, o’tkazilayotgan ta’qib va tayziqlarini asosiy omil sifatida ko’rgan holda, muxolifat yetakchilari Abdurahim Po’latov, Muhammad Solih va Bahodir Choriyevlarning o’z tashkilotlarining rahbarlik kursisini boshqalarga berishni xohlamayotganliklarini ikkinchi sabab deb o’ylayman. Bu yetakchilar 10-20 yillardan beri Turkiya va AQSHda faoliyat olib bormoqdalar.

2015-yilning 19-20-dekabr kunlari Rossiyada “Yabloko” partiyasining s’ezdi bo’lib o’tdi.  Partiya s’ezdida partiya raisi har 4 yilda saylanishi belgilab qo’yildi.Partiya raisi ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas, ya’ni Yabloko partiyasining raisi 8 yildan ortiq rais bo’la olmaydi.[9]  Partiya raisi etib Emiliya Slabunova saylandi.[10].

Yabloko 1993-yilda jamoat tashkiloti sifatida tuzilgan edi va 2001 yilda partiyaga aylantirilgan edi..  Partiyaning birinchi raisi Grigoriy Yavlinskiy(1993-2008), ikkinchi raisi Sergey Mitroxin (2008-2015) edi.

Hozirgi kunda O’zbek muxolifat partiyalari O’zbekistonda hattoki, piket o’tkazish salohiyatiga ham ega emas, ular asosan chet elda faoliyat ko’rsatyapti. 

Inson huquqlari himoyachilari va noroziliklar.

O’zbekistonda tashqi bosim ta’sirida ayrim o’zgarishlar yuz beryapti.  Masalan bolalar mehnatidan foydalanish 2014-2015-yillarda keskin qisqardi.  Bunga bir necha inson huquqlari tashkilotlari uyushmasi Cotton Campain, Xalqaro mehnat tashkiloti (International Labour Organisation) va 150 dan ortiq AQSHning chakana va tekstil savdo kompaniyalarining o’zbek paxtasini boykot qilishi faoliyati natijasida ro’y berdi. O’zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanishni yo’q qilish bo’yicha kampaniya davom etyapti. 

Biroq, Jahon banki O’zbekistonga yarim milliard AQSH dollari creditini beradigan bo’ldi.  Jahon Banki O’zbekistonda majburiy mehnat keng qo’llanilgan bo’lsada, uni ko’rmaslikka olyapti.[11].

O’zbekistonga 3 yo’nalish bo’yicha bosim o’tkazilyapti:

1. Majburiy mehnat;

2. Siyosiy mahbuslarni ozod qilish;

3. Qiynoqlar.

O’zbekistonda sanoqli inson huquq himoyachilari faol kurash olib borishyapti.  Bular Yelena Urlaeva, Malohat Eshonqulova, Shuhrat Rustamov, Dmitriy Tixonov, Vasila Inoyatova, Abdurahmon Tashanov, Sur’at Ikromov,Gulshan Qorayeva, Dildora Boymurodova.

O’zbekiston tashqarisida esa Mo’tabar Tojiboyeva, Umida Niyozova, Nadejda Atayeva, Hazratqul Hudoyberdi, Gulbahor To’rayeva va kamina Abdujalil Boymatov.

O’zbekistonda fuqarolarning o’z huquqlari uchun kurashi 2015-yilda ancha sezilarli bo’ldi.

26 yanvar kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumani Mirzo Ulug’bek dehqon fermerlar uyushmasi hududida yashovchi ellikka yaqin ayol elektr energiyasi taqchilligidan norozilik bildirib, Xatirchi-Zarafshon yo’lini to’sib qo’ydi.[12].

Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi paxta tozalash ochiq hissadorlik jamiyatining ellikka yaqin ishchisi 27 mart kuni besh oydan beri maosh berilmayotganiga norozilik bildirib,ish tashladi.[13].

Farg’ona viloyatining Uchko’prik tumanidagi bir necha qishloq aholisi kollektiv xat bilan gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan shikoyat qilib,Toshkentdagi “O’zbekiston huquq himoyachilari alyansi”ga murojaat qildi.

Alyans rahbari Yelena Urlayeva uchko’priklarning talabi bo’yicha Toshkentdagi Hukumat uyi oldida piket uyushtirdi va ularning talabi bajarilmaydigan bo’lsa, 27 iyun kuni Toshkent-Qo’qon avtoyo’li to’silishi haqida ogohlantirdi.[14].

18 dekabr kuni kechki payt Farg’ona shahrining Qirgulidagi Marg’ilon ko’chasida istiqomat qiladidan 200ga yaqin odam avtomobil yo’lini to’sib olgan. Odamlar gaz yo’qligiga norozilik bildirib, rasmiylardan gaz yetkazib berishni talab qilgan.

Odamlarning ko’chaga chiqib norozilik bildirishi Qirgulida uch kundan beri davom etgan.[15].

Farg’ona viloyati Marg’ilon shahrining “Saxovat” mahallasi ahli 4 kundan (18-dekabrdan) beri gaz va elektr quvvati uzib qo’yilganidan norozilik bildirib ko’chaga chiqqan. “Saxovat” mahallasi ahli talablarini tinglagan Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev boshchiligidagi prokuratura, gaz idorasi va boshqa mutasaddilar Marg’ilonga borganiga qaramasdan, 22 dekabr kuni ma’lum bo’lishicha, marg’ilonlik norozilar talabi bajarilmagan.[16].

Shunisi quvonchliki, 2015-yilda norozilarning aktsiyalari kuch bilan bostirilmasdan ularning talablari bajarildi. O’zbekiston fuqarolari ijtimoiy, iqtisodiy talablar bilan norozilik bildira boshlashdi. Biroq ular inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga, partiyalarga, harakatlarga a’zo bo’lib ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy huquqlari uchun kurashish darajalariga yetganlaricha yo’q. 

Murod Jo’rayev 21 yildan keyin ozod etildi, O’ktam Pardayev esa soxta ayblar bilan hibsga olindi.  Soxta ayblar bilan O’ktam Pardayevni sud qilishmoqchi ?!

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir necha marta so’rovlariga qaramasdan 11 ta maxsus ma’ruzachilar O’zbekistonga taklif qilinmayapti.  Bu degani O’zbekiston BMTning a’zosi bo’lib turib BMT oldidagi majburiyatlarini bajarishdan bosh tortyapti.

AQSH va Yevropa Ittifoqi asosiy e’tiborni Ishid, Tolibonga qarshi kurash (Iroq, Suriya, Afg’oniston), Ukrainaga, Rossiyaga va Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlaridagi moliyaviy, iqtisodiy inqirozga qaratmoqda.


Abdujalil Boymatov

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati prezidenti
Dublin, Irlandiya

3-yanvar, 2016-yil.

Foydalanilgan maqolalar va xabarlar:

1. РФда ўзбек автомобиллари савдоси 11ой давомида 47 фоизга тушиб кетди. 10.12.2015(http://www.ut.uz/uz/iqtisodiyot/rfda__ozbek__avtomobillari_savdosi_11oy_davomida_47_foizga_tushib__ketdi).

2. Россиядаги ўзбекистонлик меҳнат муҳожирларининг ватанларига пул жўнатмалари 2,5 баробарига, тожикистонликларники эса деярли уч баробарига камайди. 15.12.2015.(http://uzbek.fergananews.com/news.php?id=10511&mode=snews).

3. Ўзбек сўми сўнгги 10 ойда 45 фоизга, 21 йил ичида 900 баробарга қадрсизланди. 14.10.2015. (http://www.ozodlik.org/content/article/27305507.html).

4. NYT Лола Каримованинг Лос Анжелесдаги тўртта кўп миллион долларлик қасрга алоқадорлигини айтмоқда. 17.12. 2015. (http://www.ozodlik.org/content/article/27433360.html).

5. Фонд борьбы с коррупцией.Некоммерческая организация, созданная Алексеем Навальным. Фонд расследует и обнародует хищения из государственного бюджета. Цель ФБК – ликвидировать коррупцию. (https://fbk.info/).

6. Ўзбекистонда коррупцияга қарши кураш Фонди. (http://uzcorruption.org/),(https://www.facebook.com/Uzbekistan.Anti.Corruption).

7. Ўзбек мухолифати етакчилари Абдужалил Бойматовнинг танқидига қандай жавоб беришди!?. 21.08.2011.(http://uz.hrsu.org/archives/2403#more-2403).

8. Баҳодир Чориев демократми?! 04.05.2014. (http://uz.hrsu.org/archives/6770).

9. “Яблоко” ограничило срок пребывания на посту лидера партии 8-ю годами. 19.12.2015.(http://www.svoboda.org/content/article/27437530.html).

10. Партию «Яблоко» возглавила Эмилия Слабунова. 20.12.2015. (http://lenta.ru/news/2015/12/20/slabunova/).

11. Жаҳон банки Ўзбекистонда мажбурий меҳнат йўқ деган хулосага “ишонди”. 18.12.2015. (http://www.ozodlik.org/content/article/27435773.html).

12. Хатирчида 50 аёл чироқ йўқлигидан норози бўлиб автойўлни тўсиб қўйди. 04. 02.2015. (https://www.youtube.com/watch?v=XuAJ0ZgtYoI).

13.Президент сайлови арафасида Жиззахда пахта заводи ишчилари иш ташлади. 27.03.2015. (http://www.ozodlik.org/content/article/26924019.html).

14. Фаоллар ҳаракати билан Учкўприкда газ-свет таъминоти яхшиланди. 01.07.2015. (https://www.youtube.com/watch?v=KBd3nT1xNHI)

15. Фарғонада газ йўқлигидан норози одамлар кўчага чиқди. 18.12.2015.

(http://www.ozodlik.org/content/article/27436125.html).

16.Марғилонлик норозилар 4 кундан бери газ-светсиз кўчада ўтирибди. 22.12.2015. (http://www.ozodlik.org/content/article/27442959.html)

Leave a Reply

Your email address will not be published.