BMT Inson huquqlari qo’mitasi O’zbekistonga tub muammolarni eslatmoqda

Spread the love

 

Navbahor Imamova

24.07.2015 19:32

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlat xalqaro majburiyatlarni o’z bo’yniga oladi va bu borada vaqti-vaqti bilan turli qo’mita va agentliklarda hisobot berib turishi kerak. 8-9-iyul kunlari Jenevada BMT Inson huquqlari qo’mitasida kechgan muhokama xulosalari 23-iyul kuni keng ommaga bayon etildi.

Qo’mitada nafaqat O’zbekiston rasmiylari balki xorijdagi huquq faollari ham so’zladi. BMT xulosalarida ular ko’targan masalalar ham aks etgan.

Xulosa va tavsiyalar

Avvalo BMT Inson huquqlari qo’mitasi hukumatdan O’zbekiston Inson huquqlari milliy markazi va Ombudsman idorasi qonunan va amalda mustaqil ishlay olishi uchun sharoit yaratib berishni talab qilmoqda. Fuqaro huquqlari buzilsa, odamlar shikoyat qiladigan idoralar hech qanday bosim va cheklovlarsiz ularga javob bera olishini ta’minlang, deya murojaat qilmoqda BMT.

Iyun oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo’ylab safar qilganida O’zbekistonda ham to’xtab o’tgan. Huquqni e’zozlang va qonun ustuvor bo’lishi uchun harakat qiling, deya undagan edi u.

BMT Inson huquqlari qo’mitasi har bir davlatga beradigan tavsiyalaridan biri shuki, hech bir fuqaro kelib chiqishi, dini, elati, jinsi yoki iqtisodiy ahvoli sabab kamsitilmasligi kerak. O’zbekiston gomoseksual hayot jinoyat deb hisoblanadigan jamiyat va BMT hukumatdan bu yondashuvni o’zgartirishni so’ramoqda. Gomoseksual shaxslarni tahqirlash, ularga nisbatan nafrat urug’ini sochish, ajratish singari hollar vaqtida tergov qilinsin va javobgarlar jazosini olsin, deyiladi 20-iyul kuni e’lon qilingan tavsiyanomada.

Jahon tashkiloti nazarida qishloq joylarda xotin-qizlar hayoti og’ir. Qizlarni erta erga berish, ko’p xotinlilik, kelinlarni azoblash singari hollarga e’tibor qaratilib, O’zbekistonda mavjud qonunlarga nega amal qilinmayapti degan savol o’rtaga tashlanadi. Chunki aslida o’smir qizlarni erga berish taqiqlangan, erkaklar bir vaqtning o’zida bir xotinga ega bo’la oladi xolos. Biroq amalda bu cheklovlarga ko’z yumiladi.

Jamiyatda ayollar mavqeini ko’tarish uchun ularga sifatli ta’lim berish kerak, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish lozim, deya bildiradi BMT Inson huquqlari qo’mitasi. Adliya, qonun chiqaruvchi va ijroiya organlarida, qaror qabul qiluvchi pog’onalarda ularning sonini ko’paytirish, eng muhimi ayollarga ko’tarilish uchun imkoniyat yaratib berish zarurligi eslatilmoqda.

Oilaviy zo’ravonlik ham O’zbekistonda keng tarqalgan muammo. BMTda bu masala ilk bor ko’tarilayotgani yo’q. O’tgan yillarda hukumat bu borada ancha chora-tadbirlar ko’rgani e’tirof etiladi. Biroq xotinni urish, qizlarni do’pposlash ko’p hollarda tabiiy hisoblanib, na oila a’zolari va na mahalla-ko’y unga qarshi chiqadi. Hukumat buni o’zgartirishi, ayollarni azoblagan shaxslar sud oldida javob berishini ta’minlashi shart, deya undamoqda BMT.

BMT Inson huquqlari qo’mitasida Andijonda 2005-yilning 13-may kuni ro’y bergan qonli voqealar haqida ham gap ketdi. Talab nima?

O’zbekiston hukumati pozitsiyasi shuki Andijon ishi allaqachon yopilgan, fojia tergov qilinib, javobgarlar sudlangan va jazosini o’tamoqda. Biroq BMT nazarida voqea mustaqil va izchil tekshirilmagan. Qurolli kuch ishga solingani chuqur tergov qilinishi va adolat qaror topishi shart. Fuqarolarga qarshi davlat qurol bilan javob bergani xalqaro qonunlarni qo’pol ravishda buzish sanaladi va haqiqat mavhum ekan, bu mavzu kun tartibidan olinmaydi, deydi BMT rasmiylari.

Jahon tashkiloti tavsiyasi shuki, O’zbekistonda terrorizm va terroristik faoliyat nima ekani oydinlashtirilishi kerak. Terrorizmga qarshi qonunlar qayta ko’rib chiqilsin, ayblanuvchilarning huquqlari buzilmasin, ular qiynoqqa solinmasin va ularga nisbatan noinsoniy munosabatda bo’linmasin, deyiladi xulosalarda.

Hibs yoki qamoqda o’lganlar taqdiri yuzasidan ham qizg’in bahs-munozaralar davom etmoqda. BMT talabi – O’zbekiston hukumati oxirigacha tekshirib, marhumlarning oilalarini boxabar qilsin va adolat ta’minlansin. Qiynoq hollariga nisbatan ham shu talab qo’yiladi. Xalqaro huquq normalarini qo’pol ravishda buzganlar yengil jazolar oladi yoki amnistiyaga tushib, qutulib ketadi, deya xavotir bildirmoqda BMT. O’zbekiston hukumati qiynoqlarga qarshi xalqaro qonunlarga imzo chekkan va ularga amal qilishi shart, deyiladi tashkilot hujjatlarida.

Respublikaga berilayotgan boshqa tavsiyalar: mahbuslarni azoblash va majburan iqror qildirishga qarshi keskin chora ko’ring; shikoyat qilingan taqdirda uni vaqtida ko’rib chiqing; fuqaro so’roq qilinayotganini audio va video shaklda yozib oling; erkinlik va huquqlarni poymol etmang; fuqaro hibsga olingach 72 soat emas, 48 soat ichida uni sud oldiga olib boring; o’zi istagan advokat bilan ta’minlang, bunga qurbi yetmasa, davlat tomonidan salohiyatli himoyachi bering; mahbuslarning yaqinlarini vaqtida xabardor qiling; ekstremizm aybi bilan qamalganlarning jazo muddatini asossiz, sudsiz va yopiq tarzda uzaytirmang; mustaqil va xolis insonparvarlik tashkiloti bo’lmish Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi mamlakat hibsxona va qamoqlariga to’siq va cheklovlarsiz kira olsin.

BMT Inson huquqlari qo’mitasida O’zbekistonda majburiy mehnat masalasi hamda propiska, diniy erkinlik, matbuot va fikr erkinligi, yig’ilish va uyushish erkinligi, siyosiy faollik haqida ham to’xtab o’tildi.

O’zbekiston paxta va pillachilik sohasida hech kim, bolalarmi yoki kattalar, majburan ishlatilmasin; jarayon mustaqil tashkilotlar tomonidan kuzatilib, hisobot berilsin, degan chaqiriqlar yangradi.

BMT hukumat fuqarolarning qayerda yashay olishi va chet elga chiqa olishini cheklashi yuzasidan ham norozilik bildirib keladi. Xorijga safar qilish uchun davlatdan ruxsat olish kerak, biror joyga ko’chib yashash uchun ro’yxatdan o’tish amri mahol. Bu fuqaro erkinligiga to’siq qo’yish deb hisoblanadi.

Jahon tashkiloti nazarida O’zbekistonda adliya mustaqil organ emas. Sud adolatli hukm chiqarishi uchun unga hech bir tomon yoki shaxs ta’sir o’tkaza olmasligi shart, deyiladi BMT hujjatlarida.

Andijon fojiasi BMT Inson huquqlari qo'mitasi e'tiboridan tushmagan

Andijon fojiasi BMT Inson huquqlari qo’mitasi e’tiboridan tushmagan

Fuqaro o’zi istagan dinga e’tiqod qilishi, buning uchun jazolanmasligi yoki bosimga olinmasligi kerak; BMT qonunlariga mos ravishda ish ko’rilmog’i lozim, deya ta’kidlanadi xulosalarda.

Jurnalistlar, muxolif fikrlovchilar, huquq himoyachilari va faollarga nisbatan tazyiqlar bas qilinsin; fuqaro erkin fikri uchun jazolanmasin; axborot oqimiga to’siq qo’yilmasin va odamlar erkin ma’lumot ola bilsin.

Shuningdek, fuqaro o’zi xohlagan tashkilotga a’zo bo’lib, istasa o’z partiyasini tuzsin, odamlarni birlashtirib, mushtarak g’oyalarni targ’ib qila olsin, siyosatga ta’sir qila olsin, saylovlar adolatli o’tishi va jamiyat o’zini erkin boshqarishi uchun bular o’ta muhim talablar, deyiladi BMT tavsiyalarida.

Xullas, O’zbekiston rasmiylari respublikada progress bor, islohotlar jadal tarzda kechmoqda, deya ishontirishga qanchalik urinmasin, BMT e’tibori bu davlatda azaliy va tub muammolarda qolmoqda.

http://www.amerikaovozi.com/content/un-human-rights-committee-uzbekistan-conclusions/2876959.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.