O’zbekistonda bu yilgi paxta terimi davomida 17 kishi o’lgan

Spread the love

 

Malik Mansur

15.11.2014 22:16

O’zbekistonda majburiy mehnatga barham berish uchun kurashayotgan “Paxta kampaniyasi” (Сotton Campaign), Amerikada asoslangan xalqaro koalitsiya, o’zining so’nggi hisobotida qayd etadiki, O’zbekiston hukumati paxta terimi davomida halok bo’lganlar uchun javob berishi kerak. Bu yilgi mavsumda 17 kishi o’lgan.

O’zbekistonda bu yilgi paxta terimida 17 kishi o’lgan/Malik Mansur

Bu yili ham yuz minglab odamlar paxta terimiga majburlandi. Baxtsiz hodisalar va favqulodda holatlar tufayli odamlar halok bo’ldi.

Maktab o’quvchilarini terimdan ozod qilishga qaror qilgan hukumat kattalarni terimga majburlash hisobiga arzon ish kuchi to’plagan.

Сotton Campaign” guruhining 2014-yilgi paxta mavsumi bo’yicha asosiy xulosasi shuki, hukumat bolalarni terimga jalb qilish tizimidan voz kechgan, biroq majburiy mehnat ko’lami kengayib borayapti.

Hisobot mualliflalaridan biri, Inson huquqlari uchun O’zbekiston-Germaniya forumi (Uzbek-German Forum for Human Rights) rahbari Umida Niyozova deydiki:

Bu yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnatidan deyarli foydalanilmadi. Ammo kattalarga bo’lgan bosim oshib bormoqda. Soddaroq qilib aytganda, bolalarning o’rnini kattalar bilan to’ldirishmoqda. Masalan, o’tgan yili bitta tashkilotning 16-17 foiz xodimi paxtaga chiqarilgan bo’lsa, bu yili bu ko’rsatkich 30-40 foizni tashkil etmoqda. Maktablarda esa bu ko’rsatkich 70 foizgacha borgan, ya’ni bo’lalar paxtaga chiqmadi, ammo o’qituvchilar yoppasiga terimga chiqarildi. Bu esa o’quvchilar dalaga chiqmasa-da, baribir paxta paytida o’qish bo’lmaganidan darak beradi”.

O’zbekiston hukumati uchun paxta milliy boylik. Terimga umumxalq safarbarligi sifatida qaraladi. Bolalar majburiy mehnatdan ozod qilinishi ortidan safarbarlikka jalb qilinayotganlar qatlamini asosan talabalar, korxona va tashkilotlar xizmatchilari tashkil etmoqda.

Har yili paxta mavsumida turli favqulodda holatlar, xavfsizlik choralari ko’rilmagani bois yoki jismoniy, ruhiy bosim ostida o’lim hollari yuz beradi. Hisobotga ko’ra, bu yil paxta kampaniyasi qurbonlari 17 kishini tashkil etgan. Buning uchun O’zbekiston hukumati javobgar, deyiladi hujjatda.

Turli nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bu yilgi paxta mavsumida  kamida 17 kishi o’lganini aniqladi. Paxta terimi bilan bog’liq bu o’lim holatlarining har biri surishtirilishi, aybdorlar jazolanishi kerak. Buni esa faqat hukumat amalga oshirishi mumkin. Muammo ham shunda: hukumat bu holatlarni tekshirishni istamaydi yoki o’lim holatlari paxta kampaniyasi bilan bog’liq emasligi haqida biror raddiya ham bermaydi. Terimni tashkillashtirish boshida turgan hukumat har bir o’lim holati uchun javobgar”, – deydi Umida Niyozova.   

O’zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan paxta kampaniyasi ruhiy va ma’naviy bosim ostida qo’l urilgan suiqasdlardan ham xoli emas. 

Ko’p hollarda suiqasd qurboni paxta planini bajara olmay hokim bosimiga uchragan fermer yoki terim rejasini bajara olmagani uchun dashnomlarga chiday olmagan o’smir qizlardir.

O’lim holatlarining bir nechtasi suiqasd. Mahalliy hokimiyat tomonidan haqoratlangan, kaltaklangan fermerlar o’z jonlariga qasd qilishni ma’qul ko’rishgan. Umuman, fermerlar vaziyati, ularga nisbatan munosabat bu alohida bir mavzu. Fermerlar paxta siyosatining asosiy qurbonlaridan. Agar ular yomon ishlaydigan bo’lsa, xuddi qadimda hayvonlarni urib ishlatishgani kabi fermerlarni ham haqoratlashlari, ko’pchilik oldida izza qilishlari, kaltaklashlari mumkin. Albatta, ruhiy va psixologik jihatdan zaifroq kishi bunga dosh berolmaydi va hayot bilan vidolashishni lozim ko’radi. Odamni o’z joniga qasd qilish holatiga yetkazish bu og’ir jinoyat, ammo hozirgacha birorta hokim buning uchun jazoga tortilmagan”, – deydi Umida Niyozova.

Paxtaning milliy boylik ekani haqidagi shiorlardan farqli ravishda, mahsulot eksporti, uning oldi-sotdisi va daromadi mavhum bir tizim.

Hukumat qaroriga ko’ra, paxta yetishtirgan fermer o’z mahsulotini erkin sotish huquqidan mahrum, bu huquq hokimiyatga yaqin bir necha hissadorlik jamiyatlariga berilgani aytiladi. Ular kimligi, qanday vakolatlar asosida bunday huquqqa egaligi jamoatchilikka ma’lum emas.

 

http://www.amerikaovozi.com/content/uzbekistan-cotton-campaign/2521647.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.