Turonzamin qahramonlari: Do’stim fenomeni

Spread the love

Sep 30 2014

Turonzamin qahramonlari

Do’stim fenomeni

Turonning ildizi

Mulki Turonning tarixini bag’ri xun Afg’onistondan qidirmoq kerak. Hirotga boring, so’z mulkining jahongirlari Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy yotishibdi. Sharq she’riyatining lutfi Lutfiydan buyuk musavvir Behzodga qadar, sulton Husayn Boyqarodan pirlar piri Abdulla Ansoriygacha Hirotda.

Shohrux Mirzoning sevimli rafiqasi,   olimu shoh, sarkardai davr Ulug’bek Mirzoning volidasi Gavharshodbegim ham o’sha erda.

G’aznaga o’ting, Abu Rayhon Beruniy, Kobulga boring, bobomiz Bobur shoh, Balxga qayting Boborahim Mashrab…

Xullaski, Turon chinorining o’q ildizi Afg’oniston zaminida. Shuning uchun ham biz bot-bot bu zamin haqida gapiramiz, yozamiz, u erdagi taqdirimizning suratini chizamiz.

Buyuklik

Kimdir istaydi, kimdir istamaydi, lekin Afg’onistondagi turkiy qavlarning 20 va 21 asrdagi tarixi haqida gap ochilarkan, birinchi bo’lib Abdu Rashid Do’stimning nomi tilga olinadi. Kimdir uni turonchi deydi, kimdir kommunist deb bilar, boshqalar kuchli sarkarda, yana birov fenomen – hodisa deydi…

Buyuklar ziddiyatli bo’ladilar. Balki buyuk bo’lish uchun ziddiyatli bo’lish kerakdir?

Ikki marta Abdu Rashid Do’stim bilan yuzma-yuz uchrashish nasib etdi. Birinchi gal. 1988 yilda “Sovet O’zbekistoni”(“O’zbekiston ovozi”) gazetasining yo’llanmasi bilan Afg’onistonga borganimda uchrashgandik. Bu haqda ko’p yozganman. “Shahidlar xiyoboni” kitobimda ham bor.

Ikkinchi marta – 1997 yil may oyida Anqarada ko’rishdik. U o’z qavmidan chiqqan Abdu Malikning orqadan urgan xanjari bilan engilib, Toshkentga qochgan va u yerdan Anqarga kelgandi.

Siyosatchining qudrati uning har qanday sharoitda ham o’z maydonida qola bilishidir. U maydondan vaqtincha chiqishga majbur bo’lishi yoki buni manyover uchun qilishi mumkin. Natija esa uning maydonga qaytishi va u yerda so’z sohibi bo’lib turishi bilan o’lchanadi. Xuddi mana shu narsa juda ko’p siyosatchilarga imkonsiz. Gap ana shu imkonsizlikning imkonini topishda. Buyuklik ham mana shunda.

O’zbekning o’g’loni

Do’stim bizdan bir yoshlar chamasi ulug’. Asli oddiy dehqon oilasidan chiqib, ishchi bo’ldi. U paytlarda dehqonga nisbatan ishchi bo’lish ham mansab edi. Keyin harbiyatga o’tdi. Tezda qo’mondon sifatida tanildi. Uning davrida Afg’oniston obrazli qilib aytganda, kun ora o’zgardi. Tepasiga kelmadi kimlar? Hali Moskvaning, hali Pokistonning, hali Eronning, hali Amerikaning tarafdorlari… Nur Muhammad Tarakkiy, Hafizulloh Amin, Babrak Karmal, Najibullo, Burhoniddin Rabboniy, Mulla Umar, Hamid Karzay… Orada yana ikki-uchtasi bor… Ulardan tashqari Hikmatiyor, Shoh Masud, general Fahm kabi mintaqaviy liderlar… Har biri o’jar…

Buning ustiga bari bir-biriga dushman, qarama qarshi mafkuradan, kin, adovat, qasos ruhi, muhitida ulg’aygan va yashagan odamlar.

Biri ketib unga mutloq zid bo’lgani maydonga chiqar ekan, Do’stim har birini o’zi bilan hisoblashishga majbur qila oldi. Bu mo’jiza.

Bir qilichdan chekinsa, bosh ustida ikkinchisi. Qamoqdan qamoqqa, surgundan surgunga o’tdi. Lekin bosh egmadi. Olovdan olovga sakradi-yonmadi, suvdan suvga sho’ng’idi-cho’kmadi, shamoldan shamolga otildi-yiqilmadi! O’zbekning nomini ko’tarib, olg’a ketaverdi.

O’zbeklar diviziyasini tuzdi, turkiylar mintaqasini qad rostlatdi, maktablar ochdi, o’zbek tilida radio-televidenielar ishga tushirdi, gazeta-jurnallar chiqardi.

U nafaqat Kobulni, balki shimolda injiq Toshkentu ayyor Anqarayu pixini yorgan Tehronni, tullak Islomobodu manfaatparast Moskvani ham o’z yo’liga yurita oldi.

Toliblar davrida Afg’onistondan Toshkentga chekinar ekan, uning siyosiy umri tugaganini bashorat qilishgandi. Ammo u Toshkentning qafasida qolmadi. Tezda Anqaraga o’tdi. Turkiya hukumatini ot qilib minib, o’z eliga qaytdi.

Amerika kirib kelar ekan, uning kuni tugadi, dedilar. Uni sanoqsiz toliblarni qatl etishda aybladilar. Surgunga ma’ruz qoldi. Xalqaro tergovlarga tutildi. Sudlarga berildi. Baridan oq yuz bilan chiqdi va Mozori Sharifdan Kobulga ham ot ustida keldi. Mudofaa qo’shinlarining sarkori bo’ldi. Dustum_xalqoarsidajpg

Xalqning do’sti

Do’stimning fenomenini ko’rsatadigan bir misol. 1997 yil u Anqarada Turkiya hukumati ajratgan mehmonxonada turgandi. Biz u bilan uchrashishga bordik. Uni qo’riqlayotgan turk zobitlari Afg’oniston ag’dar-to’ntar bo’layotgani, u Turkiya va boshqa mamlakatlar rahbarlari bilan tinimsiz muzokaralarda ekani, u bilan uchrashish imkonsizligini aytdilar. Biz unga ism-shariflarimizni (Abdurahim Po’lat bilan birga borgandik-JM) Do’stimga yetkazishni so’radik.

Bir zumda u bizni mehmonxonaga taklif qildi. Eski qadrdonlarini, do’stlarini ko’rgandek bag’riga bosdi. Toliblardan emas, balki toliblarga sotilgan ba’zi qavmdoshlaridan nolidi. Toliblarga qo’shilib unga nayza urganlardan shikoyat qildi.

Do’stim bilan suhbatim “Turkiya” gazetasining 1997 yil, 30 may sonida chop etildi. Unga Do’stimning ”Afg’onistonga qaytaman” degan so’zlarini sarlavha qilib qo’ygandim.

Biz ham “Vatanga qaytamiz” deb ko’p aytdik. Ammo qaytolmadik, qaytmadik. Do’stim esa urushlar, olovlar ichiga, o’lim uvillab turgan joyga qaytdi. Farqimiz mana shunda.

Turkiya” gazetasida chiqqan suhbatimizdan parcha keltirmoqchiman.

dustim_suhbat“-Abdumalik nega isyon qildi? Buning sababi nima?

-Abdumalikning qardoshi Rasul Pahlavon suyukli do’stlarimdan biri edi. O’tgan yili o’z qo’rimasi tomonidan otildi. Bu ishning ortida Tolibon va Pokiston razvedkasi turganini bilardik. Shu orada yana bir necha sarkarda otildi. Shimolda go’yo ularni men otganim haqida mish-mishlar tarqatishdi. Faryobda Abdumalik bilan dushmanlarimiz til topishdilar. Shu zayl Abdumalik hayotining xatosini qildi.

-Siz nega Mozori Sharifni tark etdingiz?

-Afg’oniston ham katta o’yinlar ichida. Biz toliblar ortida Pokiston va Saudiya Arabistoni turganini aytsak, bizni kommunist deb aybladilar…Men Anqaraga qay tarzda kelgan bo’lsam, Mozori Sharifga shu tarzda qaytaman. Xalqimga ikki do’sting bor bo’lsa, bittasi menman, bitta do’sting bor bo’lsa, o’sha ham menman” deganman. Hayotim va o’limim halqim bilan birgadir”

dustim_suhbatDo’stim Abdumalikning xatosi va xiyonatiga qaramay u bilan yarashishga ham tayyorligini aytgandi. Lekin u quloq solmadi. Engildi. Ayni shaklda voqealar shimoliy qo’mondonlardan biri Muhammad Ato bilan ham bo’lgandi. Undan ham Do’stim g’olib chiqdi.

Do’stimning yodda qoladigan gaplari ko’p:

Dunyo juftlik bilan boqiy. Men xalqimni sevdim, xalqim ham meni sevdi. Ikki sevgi bir bo’lib, katta kuchga aylandik. Abdumalik isyon qilganda besh ming odam men uchun jon berdi. Bu aytishga oson! Besh ming inson, besh ming taqdir. Yuragim uv-uv yig’laydi. Shunday ekan, jonim bu xalqqa fido bo’lsin!”

Unga bir necha marta suiqasd qildilar, uni yaraladilar, xiyonatlarga uchradi. Lekin oyoqda qoldi. Bu ham aslida bir mo’jiza.

Xalqning sevgisi meni oyoqda saqladi!” deydi u.

O’sha kezda meni hayratga solgan narsa shu bo’ldiki, u Karimov bilan ham muzokara jarayonida edi va Afg’onistonga qaytish yo’li Toshkentdan o’tishini bilardi. Oilasi Toshkentda. Karimov bizning Turkiyada qolayotganimizdan noroziligini ochiq bildirib, ta’qib qilib yurgan, ustimizdan katta ish ochgan kezlar.

Ammo Do’stim biz bilan uchrashishdan chekinmadi. Kamina bilan suhbati “Turkiya” gaztasida chop etilishidan cho’chimadi. Bu ham uning haqiqiy generallarga xos qo’rqmas, jasoratli ekanini ko’rsatadigan kichkina bir voqea. Ko’rinishdan kichkina, ammo juda oz insonlargina hokim bo’ladigan qudrat.

Mustaqil sarkarda

Amerika Ovozi”da ishlaganimda u bilan bir necha marta telefonda suhbatlashdim. Bir kuni u:

-“Shahidlar xiyoboni” degan kitobingizni o’zbek va turkiya lahchalarida Istanbulda mingta-mingta chop qildirib keldik, o’qidim, zo’r yozilgan,-dedi.

Xayolimdan o’qimagan bo’lsa kerak, ko’nglim uchun aytdi-qo’ydi, degan bir gap kechdi. Ortidan “Uning gapini Islom Karimov eshitib qolmasin” degan xavotir ham aylandi. Chunki u kitob SSSR yiqilib, o’rnida bosh ko’targan diktator va diktatorchalarni, ajdarhoning boshi kesilib, o’rnidan o’sib chiqqan boshlarni fosh etishga yo’nalgan edi.

-Toshkentga borganda bu gaplarni aytib yurmang, tag’in,-dedim unga.

-Biz Toshkanga hisob bermaymiz, Islom akam ham buni biladilar,-dedi u bamaylixotirlik bilan.

Shundan tushundimki, u kitobni varaqlab chiqqan.

Bu voqea ayni paytda Do’stim “Karimovning kuklasi” deydiganlarga ham javob. U birovga “kukla” bo’ladigan xarakterga sohib emas. U birov bilan hisoblashadigan emas, balki boshqalarni o’zi bilan hisoblashtiradigan kuchga molik. Bu fenomendir. Fenomenni esa har kim ham tushuna olmaydi.

O’zbek generali

Bugunga kelib, butun dunyo o’zbek generali deganda Abdurashid Do’stimni o’ylaydi. Chunki “Abdurashid Do’stim” degani “O’zbek generali” degan iboraning sinonimiga aylandi. Hali yaqindagina oltmishni olqishlagan Do’stim jahon siyosat sahnasining shaxsiyatlaridan biri bo’ldi.

Kechagina Afg’onistonda terisi shilingan o’zbekning…

Maktabi yondirilgan o’zbekning…

Tili kesilgan o’zbekning…

Kamsitilgan, odam o’rnida ko’rilmagan o’zbekning…

Qo’lidan ishi, noni olib qo’yilgan o’zbekning…

Boshqa tilda gapirishga majburlangan o’zbekning…

Mashrabning she’rlaridan boshqa o’qiydigan narsasi qolmagan o’zbekning…

Bolasi zo’rlangan yoki ayoli tahqirlangan o’zbekning… nomini, ko’ksini, sharafini baland ko’tara olgan O’zbek generali!

Katta minbarda

Afg’onistonda 2014 yil prezidentlik saylovlari boshlanar ekan, u bir necha nomzod ichidan birini tanladi. Ha, uni emas u birini tanladi. Do’stimni istaganlar ko’p edi. Ammo u “qartasini” chiroyli o’ynadi va g’olib bo’ldi. Afg’onistonning keyingi 200-300 yillik tarixida ilk bor bir o’zbek mamlakatning ikkinchi odami darajasiga ko’tarildi. Uni xalq sayladi, xalq bu darajaga ko’tardi. U bugun Afg’oniston vitse-prezidenti!

U bir necha kishilik guruh tuzgan ilk paytlaridayoq safdoshlari unga “Do’stim” deb nom berishgandi. Mana qirq yildir uni shu nom bilan chaqirishadi. Chunki u Afg’onistonda o’zbeklar, umuman turkiy qavmlarning do’sti ekanligini isbotlay oldi.

Do’stimning fenomeni har qanday sharoitda har qanday odam bilan kurasha olish, tillasha bilish va g’alaba qilishdir. Hamma narsa inkor etilsa ham bu inkor etilmas haqiqat.

Kamchiliksiz insonning o’zi yo’q bu dunyoda. Do’stimda ham bordur. Ammo u bugun “Hamma bir-birini kechiradigan zamon” deya qo’lini ko’ksiga qo’yib, minbarga chiqdi, baland minbarga. Bu minbarda Do’stimning omadini bersin!

Jahongir Muhammad.

Vashington, 30 sentyabr, 2014 yil.

 

http://turonzamin.org/2014/09/30/turonzamin-qahramonlari/

Leave a Reply

Your email address will not be published.