Salomatoy Boymatova: O’zbekiston va Irlandiya.  Majburiy mehnat va bolalar majburiy mehnati bo’yicha kuzatishlarim

Spread the love

bolalar-mehnati, Inson Huquqlari, majburiy-mehnat,maqolalar, o’ihj 

Iyul 18  2014

Mening o’quvchilik va studentlik davrlarim 1967-81 yillarga to’g’ri kelgan. Farg’ona viloyatining qishloqlaridan birida tug’ilganman, maktabning 5-6 sinfidayoq  men va boshqa o’quvchilar qishloq xo’jaligi ishlariga majburiy chiqarilgan edik.  Bahorda yagana, chopiq, agar yomg’ir ko’p yog’ib yerlar qatqaloq bo’lib qolsa g’o’za taglarini yumshatish ishlariga va may oyining oxirlarida  pilla terishga ham olib borar edilar.  Kuzda o’z-o’zidan hamma yoppasiga paxta terimiga jalb etilardi. To’g’ri o’sha davrlarda dalada qilgan mehnatimizga ma’lum miqdorda haq to’lashardi, lekin oziq-ovqat har bir o’quvchining o’zini hisobidan bo’lar edi, uydan non, pechen’e shunga o’xshagan mayda-chuydalarni o’zimiz bilan olib borar edik va ovqat pishirish uchun masalliqlarni har bir o’quvchi har kuni navbati bilan olib borar edi va bir oshpaz hamma uchun tushlik ovqat tayyorlar edi. 

O’rta maktabni tugatib, Marg’ilon shahridagi tarbiyachilar tayyorlash bilim yurtida bolalar bog’chasida tarbiyachi mutaxassisligi bo’yicha ikki yarim yil (1978-81-yillarda) tahsil olganman.  Studentlik davrida ham Marg’ilon atrofidagi Toshloq rayonidagi kolxozlarga paxta terishga olib borgan edilar,haqiqiy ishimiz bo’lgan o’qish bir chekkada qolib , ikki – uch oylab paxta dalasida majburan ishlatilganmiz.

Aslida maktab o’quvchilari va studentlarning asosiy ishi sifatli bilim olish , haqiqiy sifatli bilim olgan o’quvchi kelajakda  o’z kasbini chuqur o’rgangan mutaxassis bo’lib etishadi va jamiyat shu yo’l bilan rivojlanadi.

Mana O’zbekiston o’z mustaqilligiga erishganidan beri 23 yil vaqt o’tibdi, lekin shu yillar ichida majburiy mehnat kamaymadi. Lekin shuni men alohida ta’kidlab o’tmoqchimanki, maktab o’quvchilarini ommaviy paxta terimi ishlariga jalb qilish keskin kamaydi.

Kollejlarning student-o’qituvchilari, vrachlar, barcha korxona va tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish tobora ko’payib borayotganini internet-saytlardagi xabarlar, Ozodlik, BBС va Amerika ovozi radiolariga kelayotgan xabarlardan bilishimiz mumkin.

O’zbekiston hukumati tomonidan va O’zbekiston ommaviy axborot vositalarida esa umuman bolalar va o’smirlar majburiy mehnati qo’llanilmaydi deb ta’kidlab kelinadi. Quyida misol tariqasida Jahon” axborot agentligining 06.09.2012 yilgi tarqatgan xabariga e’tibor qiling. Bu erda butunlay boshqacha fikrlar keltiriladi:

O’zbekiston respublikasi mustaqillikka erishganining dastlabki kunlaridanoq, bolalar va o’smirlarning huquqlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilgan,  29 milliondan ortiq O’zbekiston aholisining 10 mln.dan ortig’ini bolalar va o’smirlar tashkil etadi.  1992 yilning 9 dekabridan O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar huquqi to’g’risidagi konventsiyasiga qo’shilgan, bolalar va o’smirlar huquqlarini himoyasiga katta e’tibor beriladi.

O’zbekistonda paxta yetishtirish asosan xususiy sektor ya’ni oilaviy fermerlar tomonidan yetishtiriladi, paxta hosilini yig’ib-terib olish fermerning oila a’zolari ishtirokida yig’ib olinadi,tabiiy bolalar ham qo’shimcha kuch sifatida ota-onalariga dala ishlarida yordam beradilar. Bu faqat ota-onalariga oilaviy yordam sifatida qaraladi, bu erda hech qanday bolalarning xalqaro mehnat huquqlari buzilishi holati yo’q”,-deyiladi.(http://www.jahonnews.uz/rus/rubriki/obshestvo/o_merax_po_nedopusheniyu_ispolzovaniya_detskogo_truda_v_uzbekistane009.mgr)

O’zbekiston 1992 yildan buyon Xalqaro Mehnat Tashkiloti(MOT)ga a’zo va hozirgacha 13ta muhim konventsiyalarni ratifikatsiya qilgan, shulardan №138-”Bolalarni ishga qabul qilishning o’rtacha yoshi”, №182-”Bolalar mehnatining har qanday og’ir ko’rinishdagi turlarini taqiqlash”.

Irlandiyaga kelganimizga shu yil oktyabrda to’rt yil bo’ladi, shu yillar davomida o’g’lim Dublin shahridagi o’rta maktabning yuqori sinflarida uch yil tahsil oldi va bir yil davomida tahsilni kollejda  davom ettirdi, shu yillar davomida bir marta ham yo sinf xonasini tozaladik yoki maktab hovlisini tozalashga borishim kerak deganini eshitmadim.  Lekin bir gapni aytdiki, eshitib juda hayron qolgan edim: 2013 yili yozda o’g’lim maktabda bitirish imtihonlari topshirayotganda, o’sha maktabning quyi sinfida o’qiydigan ikkita o’quvchi imtihon topshiruvchilarning sumkalari, telefonlari qoldirib ketilgan xonada navbatchilik qilgan ekan va shu o’quvchilarga tushgacha navbatchilik qilgan bo’lsa taxminan 6 evrodan, agar tushdan keyin bo’lsa 8 evrodan haq to’lashgani to’g’risida aytib qoldi.  O’g’lim bu gaplarni o’sha paytda navbatchilikda turgan bolalar bilan gaplashganda bilganini aytdi. 

Men o’zim ham  majburiy mehnat degan narsaga duch kelmadim, bu erda boshqacha hal qilinganining guvohi bo’lib turibman. Ya’ni har kim o’z mutahassisligi bo’yicha, faqat o’zining sohasi bo’yicha faoliyat olib boradi, ishdan bo’sh paytlarida ko’ngilli tashkilotlarga a’zo bo’lib, boshqa  har xil ishlarda qatnashishi mumkin.  Buni har bir kishi o’z imkoniyati va qiziqishlariga qarab tanlab oladi.Ko’ngilli ishlarning har xil turlari bor, masalan bir guruh yosh bolalar bilan ishlaydi, boshqasi katta yoshdagi yolg’iz yashaydigan insonlarga yordam ko’rsatadi, kimdir nogironlar bilan ishlaydi va yana kimdir bog’ ishlarini tanlashi mumkin,bular hammasi ishdan bo’sh paytida haftasiga ikki yoki uch soat shug’ullanish mumkin bo’lgan ishlar.

2011 yil Dublin shahridagi bir ish yarmarkasiga borgan edim, u paytda hali endigina ingliz tili o’rganish kurslariga qatnashni boshlagan paytim, shuning uchun haqiqiy, oylik to’lanadigan ishlarda ishlashga ruhan tayyor emas edim va shuning uchun  ko’ngillilar tashkilotiga a’zo bo’lgan edim.  Shu yillar davomida ko’ngillilar tashkilotining har xil tadbirlarida qatnashdim, bir yildan buyon ko’ngillilar guruhi bilan birga men yashab turgan uyimga yaqin joydagi kanal atrofini tozalash ishlariga qatnashib yuribman.

Tozalash ishlari har oyning ikkinchi shanbasida soat 11.00 dan 13.00 gacha bo’ladi. Bu to’g’risida har bir kishi elektron pochtasi orqali, Facebook ijtimoiy tarmog’i orqali xabar topadi , unda yozishadiki, “shanba kuni  soat 11.00da shu manzilda tozalash ishlarini qilamiz, hohlovchilar bo’lsa marhamat, ob-havoga moslab kiyinib kelinglar,kerakli ish jihozlari beriladi”,- deb e’lon tarqatadilar, har kim vaqtiga, imkoniyatiga qarab boraveradi.  Har doim e’tibor bersam, 30-40 odam ko’ngilli bo’lib ishlashga kelgan bo’ladi, ko’pchiligi har xil tashkilotlarda ishlaydiganlar,bu ular uchun ishdan tashqari paytdagi ish hisoblanadi.   Ko’ngillilar ishiga borganimizda ishlash uchun kerakli jihozlarni ishni tashkil qiluvchilar beradilar, ya’ni har bir kishiga qo’lqop, salafan qopcha va chiqindi, qog’ozlarni olish uchun uzunligi bir metrlar bo’lgan tayoqcha (litter picker) berishadi.

Kanalning ikki qirg’og’iga  bo’linib ishlash kerak bo’lsa, tashkilotchilar aytadiki, kim qaysi tomonni hohlasa o’sha tomonga o’tishi mumkin, masalan o’n kishi bir tomonga yigirma kishi bir tomonga deb aytadi, bittalab siz bu tomonga siz u tomonga o’ting deb buyruq berib taqsimlamaydi. Lekin biz tozalashga boradigan joy chiqindiga to’la joy emas, lekin shunga qaramasdan ikki soat davomida   ko’ngillilardan kimdir yarim qopcha, kimdir undan ko’proq chiqindi to’plagan bo’ladi, qog’oz, shisha butilkalar,  kola, boshqa har xil ichimliklardan bo’shagan tunuka idishlar va hokazolar. Ishni tugatganimizdan so’ng, maxsus mashina kelib biz to’plagan chiqindilarni olib ketadi, shundan so’ng ishlagan territoriyamizning yaqinidagi kafega kirishga, taklif qilishadi, bunda ham hohlovchilar kafega kirib choy, kofe ichib suhbatlashib, hordik chiqaradi, keyin hamma uy-uyiga tarqaladi. 

Hamma joylarda bo’lgani kabi Dublin shahrida ham chiqindilarni maxsus qutilarga emas to’g’ri kelgan joyga tashlab ketadiganlarni ham uchratish mumkin.  O’zbekistonga taqqoslasak: O’zbekistonda 10-20% odam chiqindini maxsus qutiga tashlasa, Irlandiyada 80-90 %  odam chiqindini maxsus qutilarga tashlaydi. (Bu rasmiy ma’lumot emas, mening kuzatishlarim)

 Men 2011 yil 10 yanvaridan haftaning har dushanba kunlari ayollar guruhiga qatnashni boshlaganman.  Bu guruh asosan chet davlatlardan kelgan qochqinlar oilasidan bo’lgan ayollar va muhojir  ayollardan tashkil topgan. Har dushanba ingliz tili, Irlandiya tarixi va hayotini o’rganishga yonaltirilgan har xil mashg’ulotlar tashkil qilingan, muzeylarga borganmiz, yozda esa  Irlandiyaning boshqa shaharlariga, dengiz bo’yiga sayohatlarga chiqdik.

Ikki haftalar oldin ayollar guruhi avvalgi binodagi xona mashg’ulotlar o’tkazishga  torlik qilib qolgani uchun bir binodan boshqa binoga ko’chdi. Yangi binodagi xonaga kirganimizda ancha tartibsiz va tozalash zarur edi, shunda guruh rahbarimiz aytsa “kelinglar birgalikda tozalaymiz va tartibga keltiramiz”,- desa barcha ayollar rozi bo’lishimiz mumkin edi,  lekin unday bo’lib chiqmadi, guruh rahbarimiz qaysi xonadan foydalanishimiz mumkinligini ko’rsatib chiqdi va keyingi dushanbada kelaveringlar deb bizga ketishimizga ruxsat berdi, keyingi dushanba borganimizda esa xonalar ozoda va tartibga keltirilganini ko’rdik.

Ayollar guruhimizning yangi binoga ko’chishi bilan bog’lik duch kelganim yana bir holatni aytib o’tmoqchiman, guruhimiz foydalanadigan ayrim kitoblar, magnitofon va shunga o’xshash mayda-chuydalarni yangi binodagi xonaga olib borish kerak bo’ldi, shunda guruh rahbari taklif qildi, kimda transportda tekin yurish huquqiini beruvchi hujjati bo’lsa, shular yordamga kelsa yaxshi bo’lardi, dedi. (Irlandiyada 65 yoshdan oshganlar ya’ni pensionerlar, nogironlar transport vositalaridan tekin foydalanish huquqini beruvchi hujjatga ega). 

 

Guruhimizdan shunday hujjati bor ayollardan uch-to’rttasi bu taklifga roziligini bildirdi va yordamga keladigan bo’ldi. Bir ukrainalik ayol va men transportda tekin yurish huquqini beruvchi hujjatimiz bo’lmasa ham, bizning ham hissamiz qo’shilsin deb o’zimiz yordamga borish taklifini kiritdik va bordik.  Lekin guruh rahbarimiz yo’l haqini o’z hisobimizdan to’lashga yo’l qo’ymadi va bizga fondning pulidan bilet olib berdi, manzilga etgandan so’ng biletni qaytarishimiz kerakligini  va u biletni hisobot topshiradigan hujjatlarga qo’shib qo’yishini aytdi .

Mana sizga  fuqarolik jamiyati,erkinlik va demokratiya kuchli bo’lgan davlatdagi holatlar. Irlandiya erkin, demokratik davlat bo’lganligi uchun majburiy mehnatning hech qanaqa ko’rinishini uchratmaysiz, har kim o’z vazifasini bajarishga odatlangan.  

Vikipediyadan olingan ayrim ma’lumotlar:

Jahon banki ma’lumotlarida 1960-2003 yillar davomida dunyo bo’yicha bolalar mehnati 25 foizdan 10 foizga kamaygani aytiladi. 

 YUNISEF va Halqaro Mehnat Tashkilotiga ko’ra umumiy bolalar mehnatidan foydalanish yuqoriligicha qolmoqda,

2013 yilda 168 million 5 yoshdan 17 yoshgacha bo’lgan bolalarning majburiy mehnati qayd etilgan.


2012 yilgi ma’lumot bo’yicha  bolalar majburiy mehnati Afrika davlatlarida 32 %, Osiyoda 22 %, Latin Amerikasida 17%, AQSh, Kanada, Evropa va boshqa rivojlangan davlatlarda 1 %ni tashkil etar ekan.

O’zbekistonda 2006 yilda 2.7 million bola mehnati qo’llanilgan.

Vikipediya ma’lumotlariga qaraganda dunyo bo’yicha 5 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalarni ota-onalar tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinishi 3 foizdan kamroqni tashkil etar ekan. (http://en.wikipedia.org/wiki/Child_labour)

O’zbekistonda fuqarolik jamiyati kuchsiz bo’lgani uchun, O’zbekiston aholisi  majburiy mehnat va bolalar majburiy mehnatini bartaraf qilishga qodir emas, lekin O’zbekistonda xalqaro tashkilotlarning bosimi bilan bolalar majburiy mehnati bo’yicha ayrim ijobiy o’zgarishlar ham bor: birinchisi 2013 yilgi paxta mavsumida Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarini  O’zbekistonga majburiy mehnat bo’yicha kuzatishlar olib borishiga ruxsat berildi, ikkinchisi bolalarning davlat tomonidan ommaviy majburiy mehnatga jalb qilishi kamayishiga erishildi. 


18-iyul’, 2014-yil

Salomatoy Boymatova

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati a’zosi

Dublin, Irlandiya.

 

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.