AQSh sobiq elchisi: Gulnora Karimova vaziyatdan shikoyat qilolmaydi

Spread the love

 

Dushanba, 24-fevral, 2014 Toshkent vaqti: 13:28

Dasturlar

AQSh-Markaziy Osiyo

AQSh sobiq elchisi: Gulnora Karimova vaziyatdan shikoyat qilolmaydi

O’zbekistonda 2000-2003 yillarda elchilik qilgan Jon Xerbst fikricha Gulnora Karimovaga qarshi kampaniya otasining buyrug’i bilan olib borilayotgani tayin.

Gulnora Karimova, Pekin moda sahnasida, 30-oktabr, 2012

Gulnora Karimova, Pekin moda sahnasida, 30-oktabr, 2012

Navbahor Imamova

24.02.2014

VASHINGTON — Amerikaning iste’fodagi diplomati, O’zbekistonda 2000-2003 yillarda, Ukrainada esa 2003-2006 yillarda elchilik qilgan Jon Xerbst (John E. Herbst) bugungi kunda Vashingtondagi Milliy mudofaa universitetida faoliyat yuritadi. Harbiy mutaxassislar bilan ishlaydigan Murakkab amaliyotlar markazi direktori.

Xerbst O’zbekistonda elchi bo’lgan payt o’ziga xos murakkab bir davr edi. O’zbek tilida gapirib mezbon davlat fuqarolarini o’zga rom etgan diplomat 2001-yilning 11-sentabr voqealari ketidan jadallashgan aloqalarni tebratgan. O’zbekiston-AQSh hamkorligi avjiga chiqqan palla edi u.

Bu davrga xos yana bir voqea – prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning amerikalik eri Mansur Maqsudiy bilan ajrashishi, rishtalarni taranglashtirgan siyosiy-biznes mojaro. Toshkentda Maqsudiylar oilasi va ular boshqargan kompaniyalarga qarshi jinoiy tergov. Nyu-Jersi shtatida ajralish va ikki farzand taqdiri yuzasidan sud. O’zbekistonda o’nlab odamlarning qamoqqa olinishi, Gulnora Karimovaga ishlagan bir necha kishining Maqsudiylar tomoniga o’tib, vatanni tark etishga majbur bo’lishi. Jon Xerbst bu ishlar haqida yaxshi biladi va Toshkentdagi munozara va muzokaralarni yaxshi eslaydi. Bugungi manzaraga ham befarq emas.

Sobiq elchini Vashingtonda suhbatga tortdik:

“Gulnora mashmashasi” – Amerika arboblari nima deydi? – Sobiq elchi Jon Xerbst
Uzbekistan-Gulnara-Karimova-Scandal-Interview with Amb. (ret.) John Herbst-Navbahor Imamova, VOA
  • Ayni damda O’zbekistonda prezident oilasi atrofidagi mojaroni qanday izohlagan bo’lardingiz? Siyosiy drama bu degan fikr keng tarqalgan. Siz nima deysiz? 


XERBST: Birinchidan, biz aynan nima bo’layotganini bilmaymiz. Buni tan olish kerak. Chunki siyosat asosan yopiq eshiklar ortida olib boriladi. Shunisi aniqki, Toshkentda prezident oilasi a’zolari bir-biriga qarshi. Qizi Gulnora hukumat tomonidan nishonda. Uning bizneslari, nomaqbul ravishda qo’lga kiritilgan boylik, tekshirilmoqda.

  • Siz elchilik qilgan davrdan beri O’zbekiston qanchalik o’zgardi? O’sha-o’sha rahbar lekin boshqaruvda biror o’zgarish ko’zga tashlanadimi?


XERBST: Toshkentni tark etganimga 10 yildan oshdi. Lekin vaziyatni tashqaridan kuzatib boraman. Boshqaruv uslubi va rahbarlar ko’p jihatdan o’sha-o’sha. Islom Karimov hamon prezident. Qaror qabul qilish hamon yopiq jarayon, xalqqa tushuntirish va zarur axborot berilmaydi. Mening nazarimda yangilik shuki, O’zbekistonda elita ancha uyg’unlashgan. Aytmoqchimanki, elita yetakchilari prezidentga sodiqdek. Qirg’izistonda manzara albatta boshqacha, lekin O’zbekistonga o’xshab ketadigan Qozog’istonda yillar davomida turli siyosiy arboblar prezident Nursulton Nazarboyevga ochiq qarshi chiqa oldi va ochiqchasiga jazolandi. Lekin O’zbekistonda bunga guvoh emasmiz. Vazirlar ishdan olinadi. Ulardan keyin umuman darak yo’q… 

  • O’zbekistonda bu misli ko’rilmagan jarayon: prezidentning qizi, yillar davomida istaganini qilib, o’z biznes imperiyasi va tashkilotlarini tuzib, mamlakatda otasidan keyingi eng qudratli shaxs deya qaralgan Gulnora Karimova bugun shu hukumat nishonida. Gulnora Karimova bunda Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov, onasi Tatyana Karimova va singlisi Lolani ayblaydi. “Mendan qutulishmoqchi” deyapti. Vaziyat qanchalik izdan chiqib ketishi mumkin deb o’ylaysiz?   


XERBST: Gulnora Karimova uchun bu albatta dahshatli hol lekin O’zbekiston xalqi uchun emas. Gulnora Karimova otasining prezidentligidan, uning qudratidan foydalanib, ulkan boylik va kuch orttirdi. Bu jarayonda, mening bilishimcha, u ko’plab odamlarni g’azabga keltirdi. Undan nafaqat oddiy o’zbekistonliklar norozi bo’ldi balki kuchli tomonlarning ham nafratiga uchradi. Hozir uni mana shu ishlari uchun jazolash harakati ketayotgandek. Albatta biz ko’p narsa bilmaymiz. Lekin mening fikrimcha Inoyatov hokimiyat uchun kurashayotgani yo’q. Inoyatov Gulnoraga qarshi otasining, o’z rahbarining, ruxsatisiz hech narsa qilmagan bo’lardi. Shunday ekan, siz to’g’ri aytdingiz, bu misli ko’rilmagan voqea. Lekin, shunisi ham aniqki, hukumat har doimgidek ishlayapti. Hokimiyat, organlar faoliyati o’zgarmagan. Organlarning kuch ishlatishi afsuski O’zbekistonda yangilik emas. Lekin Gulnora Karimova shikoyat qila olmaydi chunki uning o’zi bu tuzum orqali kuchaygan shaxs va uzoq yillar davomida uni o’z manfaatlari uchun qo’llab kelgan.

Prezident Islom Karimov nima qilayotganini biladi, deydi Xerbst

  • AQSh shu paytgacha mojaro yuzasidan munosabat bildirmadi. Rasmiylar bu borada ochiq gapirishni istamaydi va vaziyatga aralashish niyati yo’qligini aytadi. Lekin Gulnora Karimovaga bosim davom etmoqda. Vaziyat tarang. Gulnora Karimova farzandlarining otasi Amerikada. [15 yoshli qizi Iman AQSh pasportiga ega; 20 yoshli o’g’li Islomda yo’q] Ular himoya so’rashi mumkin. Mana shunday ehtimoliy holatda AQSh aralashishga majbur bo’lmaydimi? Elchixona nima qilishi mumkin? Masala, sizning nazaringizda, qanchalik murakkab tus olishi mumkin?


XERBST: Savolingiz ehtimoliy holatga, tasavvurga asoslangan, ya’ni agar shunday bo’lsa,  deb so’rayapsiz. Ist’efoda ekanman, javob berishga harakat qilaman. Birinchidan, hozir Amerika hukumati aralashishi uchun umuman hojat yo’q. Bu inson huquqlari bilan bog’liq muammo ham emas. Ikkinchidan, Gulnora xavfsizlik organlari qo’pol muomala qilayapti deya shikoyat qila olmaydi chunki uning o’zi bu tuzum mahsuli va uning ortida turgan odam. Mabodo, Gulnora Karimova siyosiy boshpana so’rasa, gumanitar sabablarga ko’ra balki uning iltimosi qondirilishi mumkin. Lekin Gulnora bir paytlar, men elchilik qilib yurgan davrimda, Amerika bilan ham olishgan. Bu yerda ham o’ziga xos salbiy tarixga ega. Shuning uchun unga bu davlat eshiklari ochilishi oson bo’lmaydi.

  • Siz O’zbekistonda elchilik qilgan davrda inson huquqlari bobida bir necha jiddiy qadamlar tashlangan. Ulardan biri BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus elchisi respublikaga kiritilgani. Yana biri esa “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining, mustaqil tashkilotning, ro’yxatga olingani.  Amerika siyosati qanday ediki, mana shunday o’zgarishlar qila olgansiz? Qanday saboq olish mumkin o’sha davrdan?

Jon Xerbst bugun AQSh Milliy mudofaa universitetida Maxsus amaliyotlar markazi direktori

XERBST:  Juda o’rinli savol. Avvalo, bugun inson huquqlari bilan bog’liq ahvol juda og’ir. Minglab insonlar siyosiy mahbuslar. Ular orasida mutaassib qarashdagi odamlar borligi rost. Lekin buning uchun ularni jazolay olmaysiz. Jinoyat qilmagan odam jazolanmaydi. Yana bir muhim fakt: Amerika diplomatlari hamisha huquq va erkinlikni targ’ib qilgan va qilib keladi. Men ham elchi sifatida shunday qilganman. Ishimning ajralmas qismi edi bu. O’sha paytda Islom Karimov bilan ayrim sohalarda kelishganmiz, bu to’g’ri. Karimov AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilishga chin dildan bel bo’g’lagan edi va biz uchun nima muhim ekanini yaxshi tushungan va tan olgan. Siyosiy iroda bor edi shunday qilishga. Lekin boshqa masalalarda kelisha olmaganmiz, masalan, fuqarolarga nisbatan kuch ishlatish, ularning huquqlarini qo’pol ravishda buzish. Bu tuzum bir narsani tushunmaydi: odamlarni jinoyatdan saqlash uchun zo’ravonlik qilish shart emas. Xavfsizlikni ta’minlashning boshqa yo’llari bor. Fuqarolarni jinoyat qilmoqchi deb hibsga olish va qiynoqqa solish noto’g’ri. Kimdir mutaassib fikrda bo’lsa, u qo’liga qurol olib, kimnidir o’ldiradi degani emas. Mana shu jihatlarini O’zbekiston hukumatining yuqori pog’onalarida o’tirgan odamlar tushunmagan, mening paytimda ham, hozir ham. Aloqalarimizning rivojlanishida bu muhim bir to’siq. Men Toshkentdan ketganimdan keyin aloqalar taranglashdi va inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yanada og’irlashdi. Tomonlar bir-birini umuman tushuna olmay qoldi. Prezident Karimov Amerikadan ko’p narsa xohlagan edi lekin buning uchun muayyan shartlarni bajarishi kerakligini anglamadi, ularni bajarishni lozim topmadi. Yana bir omil – Gruziya, Ukraina va Qirg’izistondagi inqiloblar. Karimov AQSh va unga aloqador tashkilotlar va ularning ta’siri mana shunday to’ntarishlarga yetaklashi mumkin degan xayol bilan bosimni kuchaytirdi. Amerikadan uzoqlashdi. Xonoboddagi qo’shinlarimizni chiqarib yubordi. Yillar o’tib, Amerika uning hokimiyatiga tahdid solmayotganini tushunib, yana yaqinlasha boshladi. Afg’oniston yuzasidan hamkorlikka kirishdi. Shimoliy Ta’minot Tizimi, qo’shinlarga yuk tashiladigan yo’nalish O’zbekiston hududidan ham o’ta boshladi. Lekin tub muammolar o’sha-o’sha – O’zbekistonda inson huquqlari hurmat qilinmaydi.

  • Hozirgi ishingiz vaziyat o’ta og’ir, davlat sifatida parokandalikka yuz tutgan mamlakatlar bilan bog’liq. Parokandalik ortidagi sabablar nima?


XERBST: Bunday davlatlarda hukumat xalqqa zarur xizmatlarni ko’rsata olmay qoladi va hudud ustidan nazoratni boy beradi.

  • Masalan?


XERBST:  Somali, Kongo Demokratik Respublikasi… Afg’oniston hozircha bu holatga tushmadi lekin tushish ehtimoli bor.

  • Markaziy Osiyo davlatlarida bunday xavf yo’qmi?


XERBST: Parokanda demagan bo’lardim, lekin Tojikistonda bunday xavf bor. Qirg’izistonda ham beqarorlik ehtimoli kuchli. Qolgan uch davlat beqaror yoki unga yuz tutayapti demagan bo’lardim.

  • AQSh Afg’onistondan chiqib ketish arafasida ekan, O’zbekiston va qo’shni davlatlar bilan aloqalarda ashington aynan qay sohalarga ko’proq e’tibor qaratishi kerak deb hisoblaysiz?


XERBST: Hozirgi strategiyani ma’qul deb bilaman. Pozitsiyamizni tushunaman. Besh respublika bilan aloqani bir maromda olib borish muhim. Xavfsizlik bobida O’zbekiston bilan hamkorlik qilishni muhim deb hisoblayman chunki bundan manfaatdormiz. Terrorizm va qoradori kontrabandasiga qarshi kurashda birga bo’lishimiz kerak. Inson huquqlari, siyosiy erkinliklar va islohotlar masalasida ham muzokaralarni davom ettirishimiz va oldinga intilishimiz kerak.

  • Katta rahmat suhbat uchun!


XERBST: Rahmat, arzimaydi.

http://www.amerikaovozi.com/content/ambassador-herbst-uzbekistan-interview/1856747.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.