O’zbekistonda muxolif fikrdagilarning ovozini o’chirish kampaniyasi avjida

Spread the love

 

Dasturlar

Markaziy Osiyo

O’zbekistonda muxolif fikrdagilarning ovozini o’chirish kampaniyasi avjida

Malik Mansur

 

 

O’zbekistonda muxolifat faollariga nisbatan bosim yanada kuchaygan. Tazyiqlar xorijdan turib faoliyat yuritayotgan huquq himoyachilarini ham chetlab o’tmayapti.

O’zbekistonda muxolif fikrdagilarning ovozini o’chirish kampaniyasi avjida/Malik Mansur


Muxolifat vakillari nazarida respublikada tanqidchilarni “tozalash” kampaniyasi avjida. Asossiz qamashlar, adolatsiz sudlashlar, ayblanuvchining huquqlarini sistematik tarzda poymol etish keng tarqalgan. Tizim o’zini hech kimning oldida javobgar his etmaydi.

O’zbekistondagi hozirgi vaziyat mahalliy faollarga nisbatan jinoiy ishlar uyushtirilishi davom etayotgani bilan emas, balki bunday siyosiy ishlar muntazamlashgani bilan diqqatni tortadi.

Mahalliy faollarga ko’ra, hozirda turli ayblovlar bo’yicha sud hukmi chiqishi kutilayotgan uch ish ortida aniq siyosiy sabablar yotibdi.

Buxoroda odam savdosida ayblanayotgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Bobomurod Razzoqovning ishi sudga ko’chgan. Fransiyadagi “O’t yuraklar” klubining Jizzaxdagi faollaridan biri Nabijon Jo’raboyevning tovlamachilikda ayblanishi ortida uning inson huquqlari borasidagi faoliyati yotgani ta’kidlanmoqda.

Qashqadaryoda esa jinsiy tazovuzda ayblanayotgan 71 yoshli Hasan Choriyev ustidan mahkama ishi deyarli yakunlangan. Muxolifatdagi “Birdamlik” harakatining yetakchisi Bahodir Choriyevning otasi bo’lmish Hasan Choriyevning sud ishi yopiq o’tgan.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Hasan Choriyev 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq sud ishini yaqindan kuzatib borayotgan “Birdamlik” harakatining O’zbekistondagi faoli Malohat Eshonqulovaning aytishicha, hukm haqida aniq bir gap aytish qiyin.

“Sudning ajrimi qo’limizda bo’lmasa, yoki bizning oldimizga sud kotibimi, boshqasimi chiqib, hukm o’qildi, shuncha jazo tayinlandi deganda ham, aytish mumkin edi aniq bir narsa. Qanday qilib mish-mishlarga tayanib bir narsa deyish mumkin. Bu mish-mishlarda balki haqiqat bordir, lekin toki sudning hukmi qo’limizga tegmaguncha hech narsa deb bo’lmaydi”, – deydi Eshonqulova.

Hasan Choriyevning ishi uning o’g’li xorijda tashkil etgan “Birdamlik” harakatining rahbari Bahodir Choriyevning siyosiy faoliyati bilan bevosita bog’liq ko’riladi. Malohat Eshonqulovaga ko’ra, Hasan Choriyev bu haqda bir necha bor ogohlantirilgan.

“Bu Bahodir Choriyevning muxolifatdagi faoliyati bilan bog’liq. Birinchidan, hozirgacha O’zbekistonda 60 yoshdan oshgan birorta chol nomusga tegish gumoni bilan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinmagan. Ikkinchidan, suhbat paytida viloyat prokurorining o’rinbosari u kishiga AQShdagi o’g’lingiz tinch bo’lsa, siz ham tinch bo’lasiz degan ishorani qilgan. Qolaversa, bizni hayratda qoldirgan yana bir holat, Hasan Choriyev qamoqqa olingandan 17 kun o’tib yana 4 kishi aynan o’sha qizni nomusiga tegish aybi bilan qamoqqa olingan. Bu faktni qanday tushinish mumkin”, – deydi Eshonqulova

Iyul oyida O’zbekiston sudi Fransiyada joylashgan Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva va uning otasi sobiq vazir Olim Atayevaga nisbatan 13 yil avval ochilgan jinoiy ishni ko’rib chiqqan. Talon-taroj va iqtisodiy jinoyat bo’yicha chiqarilgan hukmga ko’ra, Nadejda Atayeva sirtdan olti yil qamoq jazosi hukm qilingan.

“Nazarimda, faollarga nisbatan so’nggi jarayonlar hukumatda inqiroz bo’layotganidan darak beradi. Masalan, bizning ishimizni olaylik, muddati 2014-yilda tugashi kerak edi. Biroq hukumatda haligacha o’z lavozimlarini saqlab turgan amaldorlarning ham aloqasi bo’lgan bu ishni bugun ko’rib chiqishni ma’qul ko’rishgan. Umuman, bu ish yuzasidan qo’limda birorta rasmiy hujjat yo’q, ish mutlaqo himoya tomoni ishtirokisiz ko’rilgan. Hukm faoliyatimga biror tasir o’tkazmaydi. Aksincha, men O’zbekistonda sudlov qanday o’tishi, kimga va nimalaga xizmat qilishi haqida bir hisobot hozirlash ustida ishlamoqchiman. Biz O’zbekistonda turli ayblovlar orqali jinoiy ish uyushtirayotganlarning o’zlarini ham javobgarlikka tortishga erishishimiz kerak”, – deydi Nadejda Atayeva.

“Birdamlik” faoli Malohat Eshonqulova so’nggi paytda faollarni jinoiy javobgarlikka tortish muntazamlashgani sababini ko’proq mamlakatdagi siyosiy muhitda ko’radi.

“Mamlakatda saylovlar yaqinlashyapti, aynan shuning munosabati bilan huquq himoyachilari va muxolifat a’zolariga nisbatan tazyiqlar nihoyatda kuchaydi, qama-qamalar avj oldi. Bunga misollar ko’p. Hukumat hozirdanoq saylov jarayonidagi nohaqliklar haqida gapirishi mumkin bo’lgan odamlar ovozini o’chirmoqda, jamoatchilik shunday jur’atli kishilardan “tozalanmoqda”, – deydi Eshonqulova.

2014-yil oxirida parlament saylovlari, 2015-yil boshida esa prezident saylovlari o’tishi kerak. O’zbekiston prezidentligi uchun saylovlarda muxolifat vakillari, jumladan “Birdamlik” harakati yetakchisi ham nomzod sifatida qatnashish niyatida.

http://www.amerikaovozi.com/content/uzbek-human-rights/1727397.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.