AQShda o’zbek milliy me’morchiligi asosida universitet quriladi.

Spread the love

 

 

Shanba, 13-aprel, 2013 Toshkent vaqti: 21:28

Dasturlar

 

Markaziy Osiyo

AQShda o’zbek milliy me’morchiligi asosida universitet quriladi (1-qism)

Kaliforniya shtatida qurilishi rejalanayotgan xalqaro universitetning umumiy ko'rinishi (Loyiha chizmasidan)

Kaliforniya shtatida qurilishi rejalanayotgan xalqaro universitetning umumiy ko’rinishi (Loyiha chizmasidan)

Behzod Muhammadiy

07.04.2013

Kaliforniya shtatida dunyoning bir qator nufuzli oliy o’quv yurtlari joylashgan. Yaqinda ular safi yana bittaga ko’payadi. Xalqaro Ming yillik universiteti deya nomlanayotgan bu dargohning o’ziga xos jihatlari bor. Masalan, u AQShda mahalliy musulmonlar tomonidan qurilayotgan birinchi yirik universitetdir. Bu yerda islomiy fanlar bilan birga, dunyoviy mutaxassiliklar bo’yicha ham ta’lim beriladi. Qizig’i, ushbu universitetning dunyoga kelish tarixi O’zbekistonga borib taqaladi.

Xalqaro Ming yillik universiteti, Behzod Muhammadiy (1-qism)


Kaliforniyada qurilishi mo’ljallanayotgan bu oliy o’quv yurti, bir tomondan qaraganda, boshqa ta’lim dargohlaridan ko’p farq qilmaydi. Loyiha saytida yozilishicha, bu yerda aniq fanlar, tibbiyot, farmasevtika, muhandislik va ijtimoiy yo’nalishlarda bakalavr, magistratura va doktorlik darajalarini olish mumkin. Ta’lim tizimi to’la AQSh talab va standartlariga asoslanadi. Ammo o’qitish ruhi, binolar arxitekturasi va shaharchaning qurilishi to’la islomiy va sharqona ko’rinishda bo’ladi, deydi loyiha asoschilari.

Keng qamrovli zamonaviy universitetni bunyod etish uchun nafaqat yillar, balki katta mablag’ zarur. Xalqaro Ming yillik universitetining poydevoridan tortib o’quv dasturigacha hammasi yangidan bunyod etilmoqda.
Bunday ulkan loyihani amalga oshirish g’oyasi qanday tug’ildi? Uning ortida kimlar turibdi, homiylar kim? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida loyiha mutasaddilari bilan bog’landik.

Xalqaro Ming yillik universiteti bosh maydoni (Loyiha chizmasidan)Xalqaro Ming yillik universiteti bosh maydoni (Loyiha chizmasidan)

Suhbatimiz davomida mavzu kengayib, universitet ortida nafaqat amerikalik musulmonlar, balki o’zbekistonliklar ham turganini aniqladik. Loyiha rahbari Zohir Ahmadning aytishicha, uni barpo etish g’oyasi O’zbekistonda tug’ilgan. Buning qanday ro’y berganini u quyidagicha hikoya qiladi:

“Men islom haqida hujjatli filmlar qilaman. Rossiyaning Qozon shahrida o’tgan kinofestivalda Ibrohim alayhissalom haqida olgan filmim mukofot bilan taqdirlandi. U yerda o’zbekistonlik kinochi Abzal G’ulomov bilan tanishib qoldim. O’sha yerda Afzal meni Toshkentga taklif qildi. Bu orada Qozondan menga Rossiya musulmonlari haqida film yaratishimni taklif qilishdi. O’rgansam, Rossiyaga islom O’zbekistondan kelgan ekan. Keyin Abzalga qo’ng’iroq qilib, kameralarimni ko’tarib men Toshkentga kelyapman, dedim. Undan menga yordam berishini so’radim”, – deya hikoya qiladi Zohir Ahmad.

Zohir Ahmad asli hindistonlik. O’qish bilan Amerikaga kelib, shu yerda qolib ketgan. Kasbi bo’yicha, kosmik tadqiqotlar injeneri. Uzoq yillar AQShning “NASA”  fazo tadqiqotlar agentligida ishlagan. Nil Armstrongning oyga uchish loyihasida men ham ishtirok etganman, deydi bugun nafaqada bo’lgan sobiq injener.

Hujjatli filmlar yaratish uning bo’sh vaqtida shug’ullanadigan sevimli mashg’uloti. Havaskor kinochi hatto Rossiyada o’tgan xalqaro musulmon filmlari kinofestivalida g’oliblikni qo’lga kiritib, Rossiyada islom mavzusida film yaratish uchun buyurtma olishga ham muvaffaq bo’lgan. Uning O’zbekistonga safari ana shu filmdan boshlandi.

Universitet asosiy darvozasi (Loyiha chizmasidan)Universitet asosiy darvozasi (Loyiha chizmasidan)

Safarim davomida Toshkent, Buxoro va Samarqandga tashrif buyurib, ulkan va go’zal islomiy arxitektura namunalarini, katta masjidlarni ko’rdim. Toshkentdagi ulkan jome masjidi ichida o’tirib Abzalga, Amerikaga kelib biz uchun shunday  masjid qurib bera olasizlarmi, dedim. Chunki bizda bunday go’zal masjidlar yo’q. Loyihamiz ana shu tariqa tug’ildi”, – deydi Zohir Ahmad.

Amerikada masjid qurish haqida tug’ilgan g’oya keyinroq kengayib, universtitet loyihasiga aylanadi. Ko’p o’tmay Zohir Ahmad Abzal G’ulomov va arxitektor Qobiljon Muhammadjonovni Amerikaga taklif qiladi. O’zbekistonliklar delegatsiyasi Kaliforniyada bir oy mehmon bo’lib, bu yerdagi arxitektura, qurilish hamda o’quv binolariga oid shart-sharoitlar bilan tanishadi. AQShdagi nufuzli o’quv dargohlariga tashrif buyurib, universitet qurilishiga doir barcha masalalarni chuqur o’rgangan Qobiljon Muhammadjonov universitet qurilishi uchun Los-Anjeles shahri tevaragidan qariyb 55 gektar bo’sh maydonni tanlab beradi.

Amerika safaridan Toshkentga qaytgach, arxitektor Toj Mahal modeli asosida universitet maketini tayyorlaydi.

“Toj Mahal dunyoning eng go’zal obidasi. U Hindistonda joylashgan. O’zbekistonda islomiy arxitekturalarga qarasam, aksariyati Toj Mahalga o’xshashini sezdim. Keyin tushundimki, Toj Mahal arxitekturasining bir qismi, aslida, O’zbekistondan kelgan ekan”, – deya miyig’ida kuladi Zohir Ahmad.

Los-Anjeles shahri yaqinidagi qurilish uchun tanlangan maydonLos-Anjeles shahri yaqinidagi qurilish uchun tanlangan maydon

Mingyillik Universiteti qurilishida Kaliforniya Politexnika davlat universiteti, Stenford universiteti va San Diegodagi Kaliforniya universiteti yordam bermoqda. Loyihani amalga oshirayotgan jamoa tarkibiga tajribali professorlar jalb etilgan.

Ayni paytda qurilish uchun homiylar qidirilmoqda. Qatar qirollik oilasi, xususan, Turkiya prezidenti Abdulla Gul universitetga katta qiziqish bilan qarab, homiylik qilish istagini bildirgan. Ahmad Zohirning aytishicha, qurilishning dastlabki bosqichi uchun 100 million dollar kerak bo’ladi. Shu yilning noyabridan ishni boshlaymiz, deydi u.

“Qatar, Turkiya hukumatlari va mahalliy aholi yordami bilan shu yilning noyabrigacha 10 million dollar jamg’arishni niyat qilyapmiz. Biz bu yerda Stenford, Massachusets Texnologiya instituti kabi buyuk va go’zal universitet qurmoqchimiz. Bu uzoq vaqt va mablag’ talab etadi”, – deydi u.

Uning ta’kidlashicha, yetarli mablag’ yig’ilsa, butun universitetni uch yil ichida qurib bitkazish mumkin. Ta’lim tizimini yo’lga qo’yishni ham hisobga olsak, uzog’i bilan 5 yil ichida universitet to’liq ishga tushadi.

Universitet bosh arxitektori va ish boshqaruvchisi O’zbekistondan. Ular loyihada ishtirok etayotganidan xursand.

Xalqaro Ming yillik universiteti bosh arxitektori Qobiljon Muhammadjonov hamda loyiha boshqaruvchisi Abzal G’ulomov bilan suhbatimiz – keyingi maqolamizda.

(Davomi bor)

http://www.amerikaovozi.com/content/millennium-university/1635901.html

 

 

 

Shanba, 13-aprel, 2013 Toshkent vaqti: 21:17

 

Dasturlar

 

AQSh-Markaziy Osiyo

 

AQShda o’zbek milliy me’morchiligi asosida universitet quriladi (2-qism)

 

Universitet asosiy darvozasi (Loyiha chizmasidan)

Universitet asosiy darvozasi (Loyiha chizmasidan)

Behzod Muhammadiy

 

08.04.2013

 

Avvalgi maqolamizda Kaliforniya shtatida qurilishi rejalanayotgan Xalqaro Ming yillik universiteti haqida ma’lumot berib, loyiha boshida turganlar orasida o’zbekistonliklar borligini qayd etgan edik. Bugun shu mavzuni davom ettirib, universitetning o’zbekistonlik arxitektori Qobiljon Muhammadjonov va loyiha boshqaruvchisi Abzal G’ulomov bilan o’tkazgan suhbatimizni e’tiboringizga havola etamiz.

 

 

Xalqaro Ming yillik universiteti, Behzod Muhammadiy (2-qism)

 

 

 


Arxitektor Qobiljon Muhammadjonov Toshkentda
«UNIQUE ARH PROJECT» nomli xususiy loyihalash ustaxonasiga ega. O’zbekistonda tarixiy obidalarni qayta

 

rekonstruksiyalash va milliy arxitektura asosida yangi binolar qurish bo’yicha ko’plab loyihalarda ishtirok etgan. Usta respublika bo’ylab 100ga yaqin masjid binolarini qurgan va ta’mirdan chiqargan. Uning aytishicha, Zohir Ahmadga aynan O’zbekistondagi islomiy obidalar bo’yicha chizgan loyihalari ma’qul kelgani uchun Kaliforniyadagi Xalqaro Ming yillik universitetini ham unga ishonib topshirishgan.

“Zohir Ahmad Toshkentda mustaqillikdan keyingi tarixiy yodgorliklarni qayta tiklash, masjid binolarini qurish borasidagi ishlar bilan tanishdilar. Ularga bizning qurgan masjidlarimiz, binolarimiz juda ma’qul bo’ldi. Ayniqsa, Samarqand shahridagi tarixiy yodgorliklar ularga juda ma’qul keldi. Haqiqiy islomiy arxitektura O’zbekistonda ekan, degan xulosaga keldilar. Shu sababli ular keyin menga bog’landilar”, – deydi o’zbekistonlik me’mor.

 

Arxitektor Qobiljon Muhammadjonov Kaliforniya shtatida universitet qurilishi uchun tanlangan yer maydoni oldidaArxitektor Qobiljon Muhammadjonov Kaliforniya shtatida universitet qurilishi uchun tanlangan yer maydoni oldida

 

2009-yilning noyabr oyida Zohir Ahmad Qobiljon Muhammadjonov yetakchiligidagi ustalarni AQShga taklif qildi. Bir oy davomida mehmonlar Kaliforniya shtatida universitetlar, masjid binolari va boshqa qurilish obyektlarini o’rgandi.

“Masalan, Kaliforniya universitetida bo’ldik. Uning butun arxitekturasi, laboratoriyalari, o’quv korpuslari, sport inshootlari va boshqa qulayliklari bilan tanishdik. Maqsadimiz ularda universitetlar qanaqa tashkil etilgan, masjidlar qanaqa qurilgan, shu haqda tasavvur hosil qilish edi”, – deydi u.

 

Abzal G'ulomov (o'ngda) loyiha rahbari Zohir Ahmad bilan, Kaliforniya, AQSh.Abzal G’ulomov (o’ngda) loyiha rahbari Zohir Ahmad bilan, Kaliforniya, AQSh.

 

Usta Muhammadjonov AQSh universitetlaridagi talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ayniqsa, unga juda ma’qul bo’lganini aytadi.

“Kaliforniya universitetidagi talabalar uchun yaratilgan sharoit bizga nihoyatda hayron qolarli darajada ma’qul bo’ldi. Sport inshootlari, talabalar markazi, tibbiyot markazlari, fakultet binolari, hammasida juda yaxshi sharoitlar yaratilgan ekan”, – deydi u.

 

Hamkorlar universitet qurilishini muhokama qilmoqda, Kaliforniya, AQSh.Hamkorlar universitet qurilishini muhokama qilmoqda, Kaliforniya, AQSh.

 

Toshkentga qaytgach, Muhammadjonov loyiha chizmalari ustida ishlashni boshladi. Zohir Ahmad universitet masjidining zamonaviy islomiy arxitektura asosida bo’lishini, boshqa o’quv binolari esa Amerikaning eng so’nggi qurilish andozalariga mos kelishini istadi. O’zbekistonlik arxitektor bu vazifani oliy darajada bajardi.

“Tarixiy arxitekturani zamonaviy arxitektura bilan uyg’unlashtirish ancha murakkab masala hisoblanadi,  – deydi Qobiljon Muhammadjonov. – Biz shuni bajarishga harakat qildik. Ishimiz ularga juda ma’qul bo’ldi. Zohir Ahmad janoblari bizdan juda minnatdor bo’ldilar. Men o’ylagandan ham ortiq darajada bo’libdi, deb bizga ko’p minnatdorchilik bildirdilar”.

 

Me'mor Qobiljon Muhammadjonov (o'ngda) va Abzal G'ulomov qurilish uchun tanlangan maydonni ko'zdan kechirmoqda, Kaliforniya, AQSh.Me’mor Qobiljon Muhammadjonov (o’ngda) va Abzal G’ulomov qurilish uchun tanlangan maydonni ko’zdan kechirmoqda, Kaliforniya, AQSh.

 

Xalqaro Ming yillik universiteti qurilishiga bosh-qosh bo’layotgan jamoa a’zolaridan yana biri o’zbekistonlik Abzal G’ulomov. Zohir Ahmadning AQShdan Toshkentga tashrif buyurishida va hatto universitet qurish g’oyasining paydo bo’lishida bu insonning hissasi katta.

Abzal G’ulomov asli kinoshunos. 25 yil “O’zbekfilm” studiyasida ishlagan. Zohir Ahmad bilan shu kasbi orqali Rossiyada o’tgan musulmon filmlari festivalida tanishgan. Hammasi Zohir Ahmadning Toshkent safaridan boshlandi, deydi u.

 

Qurilish tugallangach, Kaliforniyadagi Xalqaro Ming yillik universiteti shunday ko'rinishga ega bo'ladi.Qurilish tugallangach, Kaliforniyadagi Xalqaro Ming yillik universiteti shunday ko’rinishga ega bo’ladi.

 

Toshkent, Samarqand, Buxoro – har birida ikki kundan, jami bir hafta shu odam O’zbekistonda mehmon bo’ldi. Toshkentga kelganimizda, bizning uyda ham bir piyola choy iching, deb uyimizga taklif qildim. Biznikida o’tirganimizda kechqurun bir kichkina sayohat qilaylik, dedim-da, Toshkentdagi “Ko’kcha” masjidiga olib bordim. O’sha yerda namoz o’qidik birga. Namoz o’qigandan keyin hamma tarqab ketdi, lekin biz o’tirdik chordona qurib”, – deya hikoya qiladi toshkentlik Abzal G’ulomov.

Uning aytishicha, AQShda O’zbekiston islomiy arxitekturasi asosida yangi universitet qurish g’oyasi aynan Toshkentdagi mana shu “Ko’kcha” masjidida tug’ilgan.

“Toshkentdagi ulkan “Ko’kcha” masjidida o’tirib, shu odam bir niyat qildi, – deya hikoyasini davom ettiradi G’ulomov. – Qani endi bizning Amerikada, Kaliforniyada, mana shunday ulkan masjidlar bo’lsa edi, deb niyat qildi. Taqsir, gap bo’lishi mumkin emas, hozir 10 minutda tashkil qilamiz, dedim-da, telefonda arxitektor tanishim Qobiljon akani taklif qildim. O’n besh minutda yetib keldi. Orzular shunaqangi oshib ketdiki, buni so’z bilan ta’riflab bo’lmaydi. Shunda Zohir Ahmad bir og’iz so’z aytdi. Men dunyo ko’rgan odamman, dunyoning hammasini aylanib chiqqanman, dedi. Lekin men O’rta Osiyo islom arxitekturasini ko’rib qoyil qoldim, tan beraman va tiz cho’kaman, dedi”.

Qobiljon Muhammadjonov ham, Abzal G’ulomov ham loyihada ishtirok etayotganidan xursand.

“Agar shu loyiha ijobat topib, qurilish boshlanib ketsa, biz juda xursand bo’lardik. Men bir dona g’ishti O’zbekistondan ekanligiga xursand bo’lardim. Ikkinchi g’ishti arxitektor Qobil akadan bo’lgani uchun xursand bo’lardim”, – deydi Abzal G’ulomov.

Loyiha rahbari Zohir Ahmadning aytishicha, universitet qurilishi shu yilning noyabr oyidan boshlanadi. O’zbekistonliklar ham AQShga yetib kelib, qurilishda faol ishtirok etishi kutilmoqda.

 

 

http://www.amerikaovozi.com/content/millennium-university-part2/1636929.html

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.