G‘aybullo Jalilov tutqunlikda o‘ziga ko‘rsatilgan shafqatsiz…

Spread the love

‘Qiynoqlar hibsdagi G‘aybullo Jalilovni suiqasdga majbur qilgan’

Yaqinlariga G‘aybullo Jalilov bilan 17 oydan keyin ilk bor uchrashishga izn berilgan

2009 yil sentyabrida hibsga olingan inson huquqlari himoyachisi G‘aybullo Jalilov bilan ilk bor uchrashishga izn berilgan rafiqasi Muqaddas Temirovaning aytishicha, eri ular bilan vidolashgan.

Norasmiy O‘zbekiston Inson Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat faoli G‘aybullo Jalilov bilan rafiqasi Muqaddas Temirova hamda farzandlari 24-25 yanvar kunlari Toshkentga yaqin Zangiota tumanida joylashgan jazoni ijro etish muassasasida ko‘rishishga muvaffaq bo‘lganlar.

Muqaddas Temirova turmush o‘rtog‘i bilan u Qarshi shahrida hibsga olinganidan 17 oy o‘tib birinchi marta uchrashishga ruxsat berishganini aytadi.

46 yoshli G‘aybullo Jalilov erkin nafas ololmayotganidan, eshitish qobiliyatini yo‘qotganidan shikoyat qilgan, o‘zining sog‘ligini yo‘qotayotgani yaqinlari bilan yana yuzma-yuz ko‘rishishga imkon bermasligi mumkinligini aytgan.

“Balki bu meni oxirgi ko‘rishlaringdir. Bolalarim mendan rozi bo‘linglar! Men hech qachon hech kimga yomonlik qilmaganman. Erta mendan bir kun davr o‘tsa, “dadam shunday yomon bo‘lgan” deb xafa bo‘lmanglar! Men sizlarga ham, farzandlarimga, oilamga ham, yurtimga ham xiyonat qilmaganman, dedi”, deydi G‘aybullo Jalilovning rafiqasi.

O‘zining yaqinlari bilan birinchi ko‘rishishida G‘aybullo Jalilov tutqunlikda o‘ziga ko‘rsatilgan shafqatsiz munosabatlar haqida gapirib bergan.

G‘aybullo Jalilov aytishicha, 2009 yil sentyabrida uni Qarshi shahriga yaqin Beshkentdagi muvaqqat hisbxonada saqlaganlar, militsiya xodimlari qo‘yilayotgan ayblarga iqror bo‘lishni talab qilganlar.

Terrorchilikka aloqadorligi haqidagi ayblarni tan olmagan G‘aybullo Jalilovni qiynoqlarga solishgan, bu qiynoqlarga chiday olmagan inson haqlari faoli o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan.

Ayolining aytishicha, G‘aybullo Jalilovning qo‘lida qon tomirlari kesilgani va tikilgani joylari bilinib turadi.

Mahkama qarori chiqarilganidan keyin G‘aybullo Jalilov Qarshi shahri yaqinidagi “Shayxali” nomi bilan hamda mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatlar tufayli tanilgan qamoqxonada saqlangan.

“Shayxali”da G‘aybullo Jalilov qulog‘iga rezina to‘qmoq bilan urishgan, oqibatda bugunga kelib u eshitish qobiliyatini yo‘qotgan.

G‘aybullo Jalilov rafiqasiga o‘zini sovuq kunda hayvonlar saqlaydigan qafasda saqlashganini aytgan.

Inson huquqlari faolini Qarshi shahri aeroporti va “Xonobod” harbiy bazasini portlatishga til biriktirish singari ayblovlar bilan 13 yillik qamoq jazosiga hukm etishgan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti G‘aybullo Jalilov hukmini qoralagan, “soxta ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan G‘aybullo Jalilovning aybi isbotlanmagani uchun u zudlik bilan ozod etilishi kerak”ligini aytgan.

Sho‘rolar armiyasida xizmat qilgan paytida G‘aybullo Jalilovning bir o‘pkasi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan.

?? ???? ?????? G’aybullo Jalilovning rafiqasi Muqaddas temirova bilan suhbat

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/02/110201_latin_gaybullo_jalilov.shtml