Azimjon Asqarov O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlarga oid ma’lumotlar…

Spread the love

Jalol-Oboddagi hibsxonadan Bishkekka ko’chirilgan o’zbek faoli sudga tortilishi mumkin

Foto © 2010 Nurbek Toktakunov

Azimjon Asqarov qamoqda qiynoqqa solinayotgani haqida aniq ma’lumotlar bor, deydi huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyev

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston huquq himoyachilarining mintaqaviy tarmog’i Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayevadan hibsdagi huquq faoli Azimjon Asqarovga nisbatan qiynoqlar to’xtalishini, uning ishi yuzasidan shaffoflik ta’minlanishini talab qilmoqda.

Azimjon Asqarov O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlarga oid ma’lumotlar yig’ayotgan paytda qamoqqa olingan edi. U “Vozdux” inson huquqlari tashkiloti rahbari. Huquq-tartibot organlari Azimjon Asqarovni etnik nizo qo’zg’atganlikda ayblamoqda.

Jalol-Obod viloyati Bozorqo’rg’on tumanidagi hisbxonada saqlanayotgan faol, so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Bishkek qamoqxonasiga ko’chirilgan.

Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston huquq himoyachilaridan iborat guruh Azimjon Asqarov ishi bo’yicha Qirg’iziston prezidenti va Bosh prokuroriga yo’llagan murojaatini boshqa ko’plab davlatlar va xalqaro miqyosdagi inson huquqlari tashkilotlari yoqlab chiqqan va bu harakatga qo’shilgan.

O’zbekistonlik huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyevning aytishicha, murojaatdan asosiy maqsad Asqarov ishini oydinlashtirish va unga nisbatan qo’llanilayotgan qiynoqlarni to’xtatishdir.

“Birinchi ko’rsatmoqchi bo’lgan yordamimiz bu ishni fosh etish, jarayonda ochiqlikka, shaffoflikka erishish. Uni ikki oydan buyon hibsxonada saqlashadi. Oldiga biror himoyachini kirishi ham qiyin bo’ldi. Bir iloj qilib kirgan advokatning aytishicha, Asqarov badanida aniq va ravshan ko’rinib turgan qiynoq izlari juda ko’p. Avval uni tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblashdi, keyinchalik esa uning bu voqealarga daxli yo’qligi aniqlandi”, – deydi Shuhrat G’aniyev.

Azimjon Asqarov O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlar paytida o’ldirilgan odamlar, zo’ravonlik qurbonlari, yoqib yuborilgan uylar haqida ma’lumot to’plagan kam sonli faollardan biri.

Huquq himoyachilarining aniqlashicha, Asqarov Bozorqo’rg’ondagi hibsxonadan Bishkekka ko’chirilib, u yerda sud jarayoni o’tkazish rejalanmoqda. Maxsus sudyalar tanlanayotgani haqida xabarlar bor.

“Bizdagi ma’lumotga ko’ra, uni O’sh va Jalol-Oboddagi tartibsizliklar ortida turgan asosiy shaxs, buzg’unchi sifatida sud qilishmoqchi”, – deydi Shuhrat G’aniyev.

Markaziy Osiyo huquq himoyachilari Asqarov ishi bo’yicha  o’z kengashini tuzib, unga yurist va advokatlar jalb qilingan.

Roza Otunbayevaga qilingan murojaatda bu mutaxassislar Asqarov ishi bilan tanishish imkoniyatini talab qilmoqda.

O’sh va Jalol-Obod qirg’inida yuz mingdan oshiq o’zbek Qirg’izistondan qochib chiqishga majbur bo’ldi. Ular O’zbekistonda vaqtinchalik boshpana topib, 27 iyundagi referendum arafasida yana vataniga qaytdi.

Shundan keyin, deydi ular, Qirg’izistonda huquq-tartibot organlari tomonidan o’zbek aholiga nisbatan tazyiqlarning yangi to’lqini boshlandi.

Jamoatchilik nazarida qirg’iz hukumati qirg’inda o’zbeklarning o’zi aybdor deb chiqib, ularni javobgarlikka tortish harakatida. Hozirgacha 800 ga yaqin jinoiy ish ochilgan, aksariyatida o’zbeklar – ayblanuvchilar.

“Yagona bir millatda iborat bo’lgan tergov komissiyasi hech qanchon bu voqealar yuzasidan adolatli, xolis xulosa chiqarmaydi. Bu yerda xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi kerak. Aks holda, bundan yigirma yil avval bo’lgani kabi aybning hammasi o’zbeklarga qo’yiladi. Ular yordamsiz qoladi, hech kim jazolanmaydi. O’zbeklarga nisbatan tazyiqlar hamon davom etayapti ”, – deydi mahalliy jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Qirg’iz hukumati O’sh va Jalol -Obodda komendantlik soatini bekor qilgach, o’zbek aholi orasida xavotir yanada kuchaygan. Ular nafaqat qirg’iz millatchilari, balki hukumat tomonidan ham bosim o’tkazilayotganini, tinimsiz tintuvlardan to’yganini aytadi. Xavfsizlik kuchlari to’satdan bostirib kirib, xonadonlarni ag’dar-to’ntar qilayotgan, yigitlarning qo’lini bog’lab hech qanday hujjat ko’rsatmay olib ketayotgan hollar juda ko’p.

Qirg’izistonda shu yilning 10 oktabrida parlament saylovlari o’tishi e’lon qilingan.

Ta’qib va tazyiq ostida yashayotgan o’zbeklar siyosiy hayotdan chetlatilgani va hukumatga nisbatan ishonchi butunlay yo’qolgani, imkoniyat topsa  Qirg’izistondan chiqib ketishga tayyor ekanini yashirmaydi.

http://www1.voanews.com/uzbek/news/Azimjon-Asqarov-Kyrgyzstan-International-Appeal-100344809.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.