…hech kimga da’vom yo’q deb yozib berasan” deb qiynoq o’tkazgan.

Spread the love

Yusuf Jumaning ayoli Amerika va butun dunyodan yordam so’ramoqda

Navbahor Imamova | Vashington 14 may, 2010

Gulnora Oltiyeva, Vashington (VOA)

Foto VOA

Gulnora Oltiyeva, Vashington

Boshqalar bilan ulashing

Shu mavzuda

“Obama janoblariga xat yubordim. Qo’limdan kelgan hamma ishni qilayapman. Yusuf akamning ahvoli og’irligi haqida butun dunyoga jar solayapman, yordam so’rayapman”.

O’zbek ayoli Amerika poytaxtini kezib, O’zbekistonning borsa kelmas zindonlaridan birida saqlanayotgan erining ozod etilishi uchun kurashmoqda.

Gulnora Oltiyeva ingliz tilini bilmaydi, yonidagi yo’lboshchisi esa 11 yoshli o’g’li Javhar.

Amerikaga u ham onasi bilan o’tgan yili kelgan. Akalaridan biri Bobur otasi singari hukumatni haqoratlaganlikda ayblanib 2007 yilda qamoqqa olingan, keyinroq ozod etilgan. Hozir u Missuri shtatida yangi hayot boshlashga urinmoqda. Oila AQShdan siyosiy boshpana olgan.

Ota isyonkor, o’tkir qalami bilan tanilgan adib Yusuf Juma, tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, besh yilga kesilgan. Hozirda Qoraqalpog’istondagi Jasliq qamog’ida.

G’arbdagi yetakchi tahliliy nashrlardan biri, “Tashqi Siyosat” (Foreign Policy) jurnali Yusuf Jumani dunyoda panjara ortida o’tirgan eng muhim muxolifatchilardan biri deb qayd etmoqda. O’zbekiston rasmiylari esa bu inson taqdiri haqida og’iz ochmaydi.

“Turmush o’rtog’imning yagona aybi – hukumatni savolga tutgani, xalqi uchun adolat talab qilgani”,- deydi Gulnora Oltiyeva.

“Amerikaga kelganimga bir yil bo’layapti. Shundan beri Yusuf akamning ahvoli, qiynoqqa solinayotgani to’g’risida Amerikaning barcha nufuzli idoralarini xabardor qilayapman. Hammadan yordam so’rayapman. Obama janoblariga xat yubordim. Qo’limdan kelgan hamma ishni qilayapman. Yusuf akamning ahvoli og’irligi haqida butun dunyoga jar solayapman, yordam so’rayapman”, – deya bildiradi onaxon.

Yusuf Juma

Xalqaro Qizil Xoch Jamiyati xodimlari O’zbekiston turmalarini tekshirishga borganida Yusuf Juma Jasliqdan olib chiqilib, Nukusdagi qamoqxonaga yetkazilgan. U yerda ham qiynoqqa solishgan uni, deydi ayoli.

“Ximikatlar bilan zaharlangan xonaga tashlab qo’yishgan. “Mening hech kimga da’vom yo’q deb yozib berasan” deb qiynoq o’tkazgan. Butun dunyoga jar solayotganimning foydasini hozircha bilmayman. O’zbekistonda shaxsga sig’inish alomatlari hali ham juda kuchli ekani sabab hozircha mening harakatlarining samarasi ko’rinmayapti. Yusuf akam jinoyatchi emasligini O’zbekiston hukumatidagilarning hammasi biladi. U shoir, erkin so’z sohibi ekanini hammasi biladi. Shu erkin so’zi uchun, uni ochiq aytgani uchun qamoqda yotganini ham hammasi biladi. Bu zo’ravonliklar, shu kecha-kunduzda Yusuf akamga o’tkazilayotgan qiynoqlarni men terror deb bilaman. Ular mening turmush o’rtog’imni terror yo’li bilan ushlab turibdi. Men butun dunyoga jar solayapmanki, nima uchun O’zbekistondagi terrorga hech kim e’tibor bermayapti”.

AQSh Kongressida 535 a’zo bo’lsa, Gulnora Oltiyeva har bir vakil va senatorning idorasida bo’lib, o’z dardi bitilgan xatlarni ulashadi. Vashingtonda joylashgan xalqaro tashkilotlar, siyosiy maskanlar, qolaversa, Amerika tashqi aloqalari uchun mas’ul Davlat departamentiga borib, yordam so’ragan.

“Men Amerikada hamma vaqt yaxshi munosabat ko’rayapman. Ular bilan gaplashganimda Yusuf akamning kimligini tanishlarini, turmush o’rtog’im ularning diqqat-e’tiborida ekanligini aytishayapti. “Yusuf Jumani ozod qilish uchun qo’limizdan kelgan hamma harakatni qilamiz” deb umid bildirishayapti. “Biz Yusuf Jumani hech qachon e’tibordan qoldirmaymiz” deyishayapti”.

“Hozir Yusuf akam to’g’risida senatorlardan xatlar olayapman. Menga “Rahmat”, “Bizga bu borada ma’lumot berganingiz uchun rahmat” degan xatlar yo’llashayapti. Yangiliklar bo’lsa, Yusuf akam haqidagi ma’lumotlarni mendan so’rab olishayapti”,- deydi onaxon.

Yusuf Jumaning qizi Feruza otasini har oy ko’rishga boradi. “Hukumat Feruzaning har bir qadamini kuzatadi. Kim bilan gaplashayapti, kimdan yordam olayapti. Qizim “dadamni ko’raman” deb haftalab Jasliq eshigida o’tiradi”, – deydi Gulnora Oltiyeva.

“Dadasining oldiga oxirgi marta borganida “Dod, ona, uning ahvoliga chidab bo’lmaydi. Dadamga juda azob berishibdi. Tishlari tushib ketgan. Og’zi shishib ketgan. Yana dadam menga “bir og’iz gapingni ham o’ylab gapir” deb turdilar. “O’ylab gapir, o’ylab gapir” deb ogohlantirib turdilar. “Dada menga ayting, nima bo’layapti” deb zo’rg’a uncha buncha gapni so’rab oldim. Ikki soatlik uchrashuvni bir hafta kuttirib, atigi 20 minut gaplashishga imkon berishdi”, – deyapti qizim”.

Onaxon Amerikaga ancha o’rganib qolganini aytadi. Bu xalqdan minnatdor. Unga madad berayotgan insonlarni “Dildosh do’stlarim” deb atab, she’r bitganini ham eslatadi. Amerikaliklar, deydi u, yordamini minnat qilmas ekan.

“Xudoga shukur, xudo haq yo’lda, adolat izlab yurgan odamning yo’lini ochar ekan. Amerikalik do’stlarimiz bizni hamma vaqt qabul qiladi, dardimizni eshitadi, kulsak kuladi, yig’lasak yig’laydi. Men bu yerda muhojir qiyinchiligini ko’rdim deb aytolmayman, chunki ko’rmayapman”,- deydi u.

Amerikadagi o’zbeklardan biror ko’mak olayapsizmi? – degan savolga esa Yusuf Jumaning rafiqasi shunday javob beradi:

“Yo’q, men hech kimdan hech qanday ko’mak olayotganim yo’q. Nimaiki olsam, amerikaliklardan olayapman. Shu kungacha biror odamdan moddiy yordam olmadim. So’ramayapman ham. Faqat ma’naviy, ruhan yordam…”.

“Yakka o’zim, ana o’g’lim bilan harakat qilayapman. Amerikada to’rt oy maktabga qatnagan 11 yoshli o’g’lim meni Amerika ko’chalarida olib yuribdi. Katta-katta nufuzli idoralarda o’z gapini topib, gapirib, menga tarjimonlik qilib yuribdi. Bu Amerikaning yoshlarga bo’lgan e’tibori deb bilaman. Qaniydi O’zbekistonda ham shunday bo’lsa deb niyat qilaman. Bir o’ylab ko’rsam, mening (katta) o’g’lim Bobur dadasini ajdarholarning og’zidan olib qochgani uchun qamoqqa olinib, to’rt oy qiynoq o’tkazilib, butun sog’lig’ini yo’qotib, 10-15 kasal orttirib chiqdi. Qaysi bola otasini ajdarhoning og’ziga tashlar edi? Amerikaga rahmat. Amerika uchun emas, O’zbekiston uchun, o’zbek xalqi uchun maydonga chiqqan bolam vatanda orttirgan kasalidan bu yerda davolanayapti. Hozir, xudoga shukur, ancha yaxshi”

http://www1.voanews.com/uzbek/news/usa/Yusuf-Juma-Gulnora-Oltiyeva-5-14-10-93804699.html

Leave a Reply

Your email address will not be published.